Xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xalq ta’limi muassasa va tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari (keyingi o‘rinlarda — jamg‘arma) mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2. Ushbu Nizom xalq ta’limi tizimidagi barcha davlat ta’lim muassasa va tashkilotlariga nisbatan tatbiq etiladi.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish
3. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
xalq ta’limi muassasa va tashkilotlarining ko‘chmas mol-mulkini ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy organlari huzuridagi Davlat mulkini ijara berish markazi davlat unitar korxonalariga to‘langan bir foizi va elektron savdo maydonchasi operatoriga to‘lovdan tashqari);
o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha qo‘shimcha ta’lim berishdan olingan daromadlar;
xalq ta’limi muassasa va tashkilotlari faoliyat ixtisosligi bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
vaqtincha bo‘sh turgan milliy valyutadagi mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
muassasa va tashkilotlarning ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xodimlarining lavozim maoshiga belgilangan qo‘shimcha haqni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘larning moliya yili yakuniga qadar ishlatilmay qolgan budjet mablag‘lari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
Do'stlaringiz bilan baham: |