Jamiyatining ijtimoiy tuzilmasi


Download 39.79 Kb.
Sana21.04.2020
Hajmi39.79 Kb.
#100625
Bog'liq
11-мавзу


11-MAVZU: FUQAROLIK JAMIYATINING IJTIMOIY TUZILMASI
Reja:

1. Jamiyat sotsial strukturasiga doir talqinlar.

2.Fuqarolik jamiyatining shakllanishida xususiy mulk, o‘rta qatlamning o‘rni

3.Fuqarolik jamiyatida xususiy mulkchilik va ijtimoiy munosabatlar

4.O‘rta qatlam mulkdorlar qatlamining shakllanishi va davlat instituti
Tayanch so‘zlar: Fuqarolik jamiyati, iqtisodiy omil, huquqiy davlat, xususiy mulk, iqtisodiy qadriyatlar, umumjamoaviy manfaat, o‘rta qtlam, mulkiy munosabatlar, iqtisodiy elita, bozor munosabatlari, ishchilar, mulkdorlar, fuqarolik jamiyatining strukturasi, fuqarolik jamiyati institutlari, nomarkazlashtirish, huquqiy davlat, o‘zini o‘zi boshqarish, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlar, elita, o‘rta qatlam (sinf), quyi qatlam, erkinlashtirish, huquq.


  1. Jamiyat sotsial strukturasiga doir talqinlar

Jamiyatning sotsial strukturasi dastlab qadimgi yunon mutafakkirlari Platon (er.av.427-347 yy.) va Aristotel (er.av. 384-322 yy.) tomonidan tadqiq etilgan. Olimning fikricha, sotsial strukturani faqat erkin tug‘ilgan, ijtimoiy ahamiyat kasb etadigan rolni bajarayotgan kishilar tashkil etadi. Insonning qalbi uchta asosga ega: «idrok» (intellektuallik), «jasurlik» (irodalilik) va «istak» (sezgi, tuyg‘uga ega bo‘lish). Odamlar o‘z qalbidagi asoslardan qay birining ko‘pligi yoki ozligiga qarab jamiyatda uchta ijtimoiy qatlam mavjud bo‘ladi: donishmandlar – «faylasuflar», harbiylar – «qo‘riqchilar», ishlab chiqaruvchilar – «dehqonlar» va «hunarmandlar». Boshqaruvchilar yuksak ma’lumotli, iste’dodli, xususiy mulkka ega bo‘lmagan, zohidlik turmush tarzini kechirayotgan, 50 yoshga etgan faylasuflar ichidan tayinlanishi lozim. Boshqaruvchi bo‘ladigan odamlarni falsafa va san’at vositasida tarbiyalash zarur. Boshqaruvchilar qonunlarni o‘rnatadi, ijtimoiy ishlarni adolatli tarzda boshqaradi. «Qo‘riqchilar» davlatni himoya qiladi va jamiyatda tartibni izga soladi. «Dehqonlar» va «hunarmandlar» o‘z mehnatlari bilan fuqarolarni barcha hayot uchun zarur bo‘lgan narsalar bilan ta’minlaydi. Ko‘rinib turibdiki, Platon tomonidan ilgari surilgan jamiyatning sotsial strukturasi oliy darjada donishmand-faylasuf turgan qattiq ierarxiyani nazarda tutgan edi.

Aristotel  «Siyosat» kitobida jamiyatning tabiiy kelib chiqishi, uning sotsial stratifikatsiyasi va sotsial adolat kabilarga doir qarashlari tadqiq etildi. Aristotelning fikricha, inson tug‘ilishdan boshlab instinktiv ravishda boshqalar bilan birgalikda hayot kechirishga intilpdigan mavjudotdir. Odamning boshqa mavjudotlardan farqi, uning ijtimoiy va shaxsiy munosabatlardagi ezgulik, adolat, «umumiy foydani tuShunib etganligi»dir. Aristotel jamiyatda bir-birini izchillik bilan bir-biriga almashib boruvchi insoniy ijtimoiy hayot shakllarini bir-biridan ajratib ko‘rsatib berdi: oila – yashash manzili (qishloq va boshq.) – polis (shahar-davlat). Unga muvofiq, fuqarolar uchta sotsial qatlamga bo‘linadi: kambag‘al, o‘rta qatlam va boy. Mutafakkirning fikricha, davlatda qanchalik o‘rta qatlam ko‘proq bo‘lsa, u Shunchalik qudratli bo‘ladi, gullab-yashaydi.
Antik yunon falsafasini yanada rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan, SHarq uyg‘onish davrining mutafakkiri Abu Nasr Forobiy insoniy jamiyatni puxta o‘rgangan olimlar jumlasiga kiradi. Forobiy «Fozil shahar odamlari qarashlari» asarida jamiyat («inson jamoasi»)ning kelib chiqish sabablarini ilmiy jihatdan asoslab beradi: «Har bir inson o‘z tabiati bilan Shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi etuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, uning bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish kishilik jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi... Shu sababli yashash uchun zarur bo‘lgan, kishilarni bir-biriga etkazib beruvchi va o‘zaro yordamlaShuvchi ko‘p kishilarning birlaShuvi orqaligina odam o‘z tabiati bo‘yicha intilgan etuklikka eriShuvi mumkin. Bunday jamoa a’zolarining faoliyati bir butun holda ularning har biriga yashash va etuklika erishmoq uchun zarur bo‘lgan narsalarni etkazib beradi. Shuning uchun inson ko‘paydi va erning aholi yashaydigan qismiga o‘rnashdilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi»1. Mutafakkir nazdidagi inson jamoasi – bu kishilik jamiyati hisoblanadi.

Forobiy jamiyatning ijtimoiy tuzilmasi (sotsial strukturasi) sifatida jamiyatdagi turli ijtimoiy tabaqalarni chuqur tahlil etadi. Abu Nasr Forobiyning fikricha, mukammal jamiyatda har bir tabaqa, yaxlit ijtimoiy organizmning ajralmas qismi sifatida, o‘zining muayyan funksiyalariga ega bo‘lib, go‘yoki Shu vazifalarni bajarish uchun ixtisoslashganlar. U orzu qilgan ideal davlatda ijtimoiy tabaqalar o‘rtasidagi farqlanishlar saqlanadi. Tabaqa martabasining baland yoki past bo‘lishi uning hukmdorga yaqin yoki uzoq bo‘lishiga bog‘liqdir. Hukmdorga yaqin yoki undan uzoq bo‘lishning belgisi har bir tabaqa vakillarining aqliy (intellektual) va ma’naviy kamolot darajalarining yuksakligiga bog‘liqdir. Aqliy va ma’naviy kamolot darajalari yuksak bo‘lgan tabaqa vakillari, ya’ni hukmdorga yaqin odamlar yuqori lavozimlarni egallab, hurmatga sazovor bo‘lgan ishlarni bajaradi, ularning qo‘l ostida ishlovchilar esa pastroq lavozimlardagi ishlarni bajaradi.

Ko‘rinib turibdiki, Forobiyning ideal davlat tuzumiga asoslangan jamiyatda (fozil shahar-davlatlarda) kishilarning ijtimoiy tabaqalarga bo‘linishi va ularning imtiyozlari saqlanadi. Mutafakkir biron-bir tabaqaga mansub odamlarning vazifalari va majburiyatlari o‘rtasida tafovutlarning saqlanishi, har bir odamning o‘z kasbini yaxshi bilishi va o‘z vazifalarini bajarishi jamiyatning sobitligi hamda adolatning yuzaga chiqishi uchun zarur bo‘lgan omildir, deb qaraydi: har bir odamning o‘z kasbiga tegishli vazifalarini to‘g‘ri bajarishi - jamiyatda adolatning saqlanishi va uni barqarorligini ta’minlash asosidir.

Mutafakkir o‘zining «Talxisi navomisi Aflotun» («Platon qonunlari mohiyati») asarida ilohiy qonunlarni doimo adolatli ekanligini ilgari suradi.2 Fozillar jamiyatining adolatli bo‘lishi va tabaqalar o‘rtasida tavofutlarning saqlanishida adolat huquqiy kategoriya vazifasini bajaradi. Ana Shu jihatlardan yondashganda, Forobiyningadolatg‘oyasiga nisbatan ishlatgan ta’rifi Platon talqinlariga yaqindir. Lekin Forobiy qarashlaridagi adolat g‘oyasi kishilar o‘rtasida axloqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni, moddiy boyliklarni taqsimlash va o‘zaro almaShuv munosabatlarini ham o‘ziga qamrab oladi. Mana Shu erda Forobiyning qarashlari Platon talqinlaridan farqlanadi. Forobiy o‘zidan oldingi barcha o‘tmishdoshlaridan farq qilib, adolat haqidagi quyidagi ta’rifini keltiradi:«Adolat - avvalambor butun shahar ahli tomonidan yaratilgan ne’matlarni (to‘g‘ri) taqsimlash hamda kishilar o‘rtasida bu ne’matlarni taqsimlash qoidalarini saqlash demakdir. Bunday ne’matlar qatoriga (kishilarning) farovonligi, boylik (mol-mulk), turli unvonlar va jamiyatda tutgan o‘rni hamda odamlarning moddiy-iqtisodiy va ma’naviy hayotiga oid boshqa ko‘pgina ne’matlar (narsalar) kiradi. Jamoa a’zolarining har biri o‘zining xizmatiga yarasha bu ne’matlardan tegishli hissasiga egadir. Agar ne’matlar bir odamga nisbatan kamroq taqsim etilsa, bu holda u odamga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi. Aksincha, o‘sha odamga ne’matlar ko‘proq taqsim etilsa, unda boshqa fuqarolarga nisbatan adolatsizlik sodir qilingan bo‘ladi.3


Xulosa qilib aytganda, adolat kishilar va turli tabaqalar o‘rtasida o‘zaro iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarda to‘g‘ri taqsimlashning belgisi vazifasini bajaruvchi kategoriyadir.«Adolatsizlikning sodir bo‘lishi, - deb yozadi Forobiy, - Shunda ifodalanadiki, ne’matlarning tegishli hissasi berilmay qoladi».4 Mutafakkirnnng fikricha, sotsial strukturalarning yashash mezoni – bu sotsial tabaqalar o‘rtasida, Shuningdek davlat bilan tabaqalar o‘rtasidagi munosabatlarda adolat prinsipiga qilishdir.
“Jamiyat” deganda barcha insoniy munosabatlar (aloqalar) yig‘indisi tuShuniladi. YAna bir manbada “jamiyat” tuShunchasi ma’lum bir hududni egallagan, oz yoki ko‘p darajada o‘zining boshqalardan farqlanuvchi madaniyati va institutlariga ega bo‘lgan odamlarning o‘zini o‘zi abadiylashgan yig‘indisi, deyiladi.5
Jamiyatni o‘ziga xos belgilari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: 1) sotsiallik; 2) jamiyat a’zolari (insonlar) o‘rtasida o‘zaro ta’sir va bog‘lanishlarning mavjudligi; 3) ma’lum bir hududga ega bo‘lish (sotsial makon); 4) sotsial zamonning (vaqtning) mavjudligi; 5) o‘zini o‘zi boshqarishi va muvofiqlshtirishi, o‘zini o‘zi namoyon qilishi, sotsial jarayonlarni o‘z-o‘zidan anglashi; 6) sotsial institutlarning mavjudligi; 7) odamlarning ongi, irodasi va faoliyatini har qanday o‘zgarishlarga ta’sir etib turishi; 8) sotsial strukturaning mavjudligi.6

«Ijtimoiy» tuShunchasi lotincha (socialis) «sotsial» ma’nosini bildirib, u odamlarning jamiyatdagi o‘zaro munosabatlari va hayot kechirish tarzi tufayli bir-birlariga bog‘liq ekanligini anglatadi.Jamiyat keng ma’noda – bu umumiy manfaatlar, qadriyatlar va maqsadlarga ega bo‘lgan odamlarning birlashish shaklidir. Insoniy jamiyat insonlararo munosabatlar (sotsial munosabatlar) modeli (jamiyat sub’ektlari o‘zaro munosabatlari yig‘indisi) sifatida tavsiflanadi.



Bu tuShunchalar o‘zaro birlashtirilganida, “jamiyatning sotsial strukturasi” ma’nosini beradi. Bu tuShuncha jamiyatning (birlikning, guruhlarning) ichki tuzilishini ifodalaydi; bu - tartibga solingan sotsial birliklar, sotsial institutlar va ularning o‘zaro aloqalari yig‘indisi demakdir. Umuman, jamiyatning sotsial strukturasi barcha jamiyatlar uchun xos bo‘lib, ularning shakllari, funksiyalari, ta’siri natijalari turli jamiyatlarda fuqarolarning milliy qadriyatlari, tarixiy rivojlanish tajribasi, siyosiy va huquqiy madaniyatga bog‘lik holda turlicha bo‘lishi mumkin.

2. Fuqarolik jamiyatining shakllanishida xususiy mulk va o‘rta ijtimoiy qatlamning o‘rni

Fuqarolik jamiyatini to‘laqonli anglash uchun uning iqtisodiy asoslarini atroflicha tuShunish talab etiladi. Ma’lumki turli shakldagi mulkchilikka asoslangan ishlab chiqarish munosabatlari huquqiy davlatning iqtisodiy asosini tashkil etadi. Huquqiy davlatda mulk moddiy boyliklarni ishlab chiqaruvchi va iste’mol qiluvchilarga bevosita tegishli bo‘lib, yakka holdagi ishlab chiqaruvchi o‘z mehnati mahsulining egasi sifatida maydonga chiqadi. Ishlab chiqarish munosabatlarining tengligi, barcha sohalarda huquqning ustuvorligi, jamiyat farovonligining muttasil oshib borishi davlatning huquqiyligini namoyon etadi.

Fuqarolik jamiyatining rivoj topishi uchun butun jamiyat uchun umumiy bo‘lgan qadriyatlar shakllanishi talab etiladi. Bunday holatda jamiyat a’zolari umumjamoaga xos qadriyatlarga tayanadilar va ular o‘rtasida o‘zaro ishonch hissi shakllanadi, natijada jamiyatda yagona ma’naviy asos vujudga keladi. Bu borada Prezident I.Karimov jamiyat hayotini har tomonlama erkinlashtirish borasidagi strategik vazifalar O‘zbekistonda uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan izchil siyosat natijasi, demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish, bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barcha siyosiy va ijtimoiy kuchlarni birlashtirish prinsipial vazifa ekanligini ta’kidlaydi.

Ma’lumki, iqtisodiy taraqqiyot uchun ham fuqarolik jamiyati uchun ham xususiy mulk va o‘rta qatlamning ahamiyati yuksak ekanligini olimlar inkor etishmaydi. Boshqacha aytganda bu qatlamsiz to‘laqonli fuqarolik jamiyati bo‘lishi mumkin emasligi ko‘pgina manbalarda keltiriladi. Aynan O‘zbekiston sharoitida bunday qatlamning shakllanishi jarayoni bilan fuqarolik jamiyatining rivojini qiyosiy tahlil etish talab etiladi.

Erkin bozor munosabatlariga asoslangan demokratik jamiyatning asosini xususiy mulkdorlar tashkil etadi. Garchi xususiy manfaat individlarga xos bo‘lib, yakka holdagi manfaatlarni ifoda etsa-da, aynan ana Shu xususiy manfaatlarning o‘zaro va davlat bilan munosabatalarida yuzaga kelgan hodisalar asnosida umumiy qadriyatlar namoyon bo‘ladi.

Jamiyatning asosini o‘rta va mayda qatlam vakillari tashkil etar ekan, bu kesim vakillarining daromad manbai va oilalar hayotining asosiy vositasi xususiy mulkchilikka asoslangan iqtisodiy faoliyatdan iborat. Bu sanoat, savdo-sotiq, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va hokazo yo‘nalishlardagi xususiy korxonalar, ijaraga beriladigan er, ko‘chmas mulk, daromad keltiradigan qimmatli qog‘ozlar, foiz keltiradigan pul vositalari, yozuvchilar, shoirlar, kompozitorlar, kashfiyotchilar, ilmiy tadqiqotchilar va hokazolarga oid intellektual mulk asosida amalga oshiriladigan faoliyatdan iborat. Bu kesim o‘zining asosiy faoliyatidan mahrum bo‘lgan taqdirda nafaqat daromad, balki hayotiy muhim manbadan ayriladi. Shuning uchun mulk egalari o‘z mulkini himoya etish uchun barcha zaruriy tashkiliy va huquqiy faoliyatni amalga oshirishadi. Ana Shu nuqtai nazardan xususiy mulk fuqarolik jamiyati vujudga kelishining asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘rsatiladi. Aynan xususiy mulk asosida ijtimoiy munosabatlar jadallashadi, natijada esa jamiyat o‘z-o‘zini tashkil etadigan qudratli tizimga aylanadi.

Xususiy mulk shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish bilan mamlakatning umumiqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Buni dalillash uchun o‘zbek olimi M.SHarifxo‘jaev quyidagi omillarni ko‘rsatib o‘tadi:

Birinchidan, xususiy mulk mulkni oqilona boshqarishni rag‘batlantiradi. Boshqacha aytganda mulkdorlar o‘z mulklarini asrash va uni ko‘paytirish, daromad olish uchun muntazam faoliyat yuritishlari, doimo izlanishda bo‘lishlari talab etiladi. Aks holda, mulkning qadrsizlanishi va oxir oqibatda mulkdorlar inqirozga yuz tutishlari mumkin. Agar mulkka nisbatan e’tibor yuqori bo‘lib, u muntazam rivojlantirilsa daromadni yuksaltirish imkoni kengayib boradi.

Agar mulk davlatga daxldor bo‘lsa yoki unga katta bir guruh birgalikda egalik qilsa, uni to‘laqonli asrash imkoniyati susaya boradi. Sobiq tizim davrida davlat mulkiga nisbatan xo‘jasizlikni bunga misol keltirish mumkin. Buni rivojlangan mamlakatlarda davlatga tegishli bo‘lgan uy-joylarning ayanchli holatidan ham guvoh bo‘lish mumkin.

Ikkinchidan, xususiy mulk odamlarni o‘z moddiy imkoniyatlarini oshirish va undan samarali foydalanishga rag‘batlantiradi. Xususiy mulkni rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoj odamlarni o‘z malakalarini oshirish, samarali ishlashga undaydi. Aynan Shuning uchun iqtisodiyotni, xususan biznesni boshqaruvga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari rivojlangan mamlakatlarda eng yuksak darajadagi ta’lim dargohlari bo‘lib, ularda tahsil olish ulkan miqdordagi moliyaviy mablag‘larni talab etadi. Bunday oliy dargohlarni bitirgan mutaxassislar uchun hamisha ish o‘rinlari mavjud va tajriba oshgani sari maoshlar ham muttasil ko‘tarila boradi.

Uchinchidan, xususiy mulkdorlar o‘z resurslarini boshqalarning manfaatiga xizmat qildirish uchun harakat qilishadi. Zero, boshqalarga samarali xizmat qiladigan mulk daromad keltiradi. Mulkning boshqalar uchun foydali ekanligi uning qadrini va mulk egasining mavqeini oshiradi. Shu nuqtai nazardan mulkdor tomonidan amalga oshiriladigan xatti-harakat iste’molchilar tomonidan ma’qullansa mulkning qadri oshadi, aksincha bunday xatti-harakat maqullanmasa, mulkning qadrsizlanishi ro‘y beradi. Ko‘rinib turganidek, mulkning holati fuqarolik jamiyatida o‘ziga xos mezon vazifasini ham o‘tamoqda. Aslida har qanday mulkdor garchi o‘z daromadini oshirish uchun faoliyat yuritsa-da, fuqarolik jamiyati sharoitida tadbirkor birinchi inavbatda o‘zining ana Shu asl niyatini emas, balki jamiyatga sifatli xizmat ko‘rsatishni birlamchi ekanligini namoyon etadi. Tom ma’nodagi fuqarolik jamiyatida daromad topish niyati ikkilamchi ahamiyat kasb etadi. Tadbirkorlikning fuqarolik jamiyati uchun muhim va zaruriy ekanligini mulkdorlar ham, davlat ham jamiyat ham teng darajada anglab etishi bu erda muhim bo‘lgan jihatdir.


To‘rtinchidan, xususiy mulk resurslardan kelajak uchun oqilona foydalanish va ularni asrash imkonini beradi. Mulkdorlar nafaqat bugungi kun, balki istiqboldagi o‘zgarishlar va daromadni o‘stirishni nazarda tutgan holda bugungi kun va kelajakdagi manfaatlarni muvofiqlashtirishga harakat qilishadi.7

Fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari deganda, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarda muhim o‘rin tutgan xususiy mukchillika asoslangan iqtisodiy munosabatlar nazarda tutiladi. Tarixda aynan xususiy mulk va mulkdorlar qatlami fuqarolik jamiyatining rivojiga hissa qo‘shgan. Bugungi kunga qadar aynan aa Shu mulkdorlar qatlami nafaqat iqtisodiyotning, balki ijtimoiy munosabatlarni jadallashtiruvchi muhim omil bo‘lib qolmoqda.

3. Fuqarolik jamiyatida xususiy mulkchilik va ijtimoiy munosabatlar
Inson erkinligi uning moddiy farovonigi bilan uzviy bog‘langan. Ochlikdan, kambag‘allikdan aziyat chekadigan odamni to‘laqonli erkin deyish mushkul. Shaxs erkinligi xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikning kafolatlanganligi sharoitida to‘liq namoyon bo‘ladi. Bunda xususiy mulk nafaqat fuqarolik jamiyatini iqtisodiy asosini tashkil etadi, balki siyosiy, axloqiy, madaniy yangilanishlarga ham asos bo‘ladi. Fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy ongining o‘sishida xususiy mulk:

insonning xususiy hayot tarzini belgilab beradi;

tashabbuskorlik va ishbilarmonlikni o‘zaro bog‘laydi;

mulkdorda o‘ziga ishonch paydo qiladi;

insonga mehnatga ijodiy yondashish va vatanga muhabbatni uyg‘otadi;

insonlarga o‘troqlikni o‘rgatib, ijtimoiy madaniyatni o‘stiradi;

oilani jamiyatning xo‘jalik “yacheyka”si sifatida mustahkamlab, uni mulkiy munosabatlarga jalb qiladi;

insonda davlatga nisbatan hurmat hissini oshiradi;

insonning huquqiy ongi va madaniyatini shakllantiriadi;

insonda fuqarolik mustaqillik hissini tarbiyalaydi;

siyosiy erkinlikka bo‘lgan to‘g‘ri yondaShuvni tarbiyalaydi.8

Xususiy mulk instituti shaxs erkinligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, u fuqarolarning o‘zini o‘zi anglash hissini shakllantiriadi.



Sho‘ro tizimini boshidan kechirgan mamlakatlarning aksariyatida fuqarolik jamiyati rivojlanishining asosiy muammolaridan biri – ishlab chiqarish vositalariga egalik qiluvchi mulkdorlar qatlamini tezlik bilan shakllantirish va rivojlantirishdan iborat. Zamonaviy dunyoqarash, xorijiy etakchi tajribaga ega bo‘lgan mulkdorlar qatlamigina o‘z mamlakatida ishlab chiqarishni rivojlantirar ekan, yangicha milliy an’ana va ko‘nikmalarni shakllantirgan holda sanoati rivojlangan mamlakatlarda mulkdorlar qilgan ijobiy ishlarni amalga oshiradilar. Boshqacha aytganda, ular amalga oshiradigan asosiy vazifa davlat bilan paritetga erishish va iqtisodiyotni rivojlantirishdan iborat.

Ayni vaqtda xususiy mulkning mutlaqlashtirilishi ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday holatda o‘tish davriga xos bo‘lgan hodisa ro‘y bersa, ya’ni davlat nazoratining susayishi kuzatilsa, jamiyatda bir yoqlama tabaqalaShuv, o‘ta boylardan iborat bir guruh oliy tabaqa va kambag‘allardan iborat ulkan xalq massasi shakllanadi. Bunday holatda xususiy mulk jamiyatni birlashtirishga qaratilgan vazifasini bajara olmay qoladi.

Bizning jamiyatda ijtimoy tabaqalaShuvning kuchayishiga qarshi davlat tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xalqningmilliy qadriyatlari, bag‘rikengligi ham ijtimoiy zaif qatlamlarni qo‘llab quvvatlashga xizmat qilmoqda. Demak, huquqiy davlatchilik rivojlangani sari fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari o‘z o‘rnini topa boradi. Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti jadallashgan o‘tish davrida davlat, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida keliShuvga ehtiyoj kuchaya boradi. Bu mumtoz tadqiqotlarda ta’kidlangan jamoaviy shartnoma nazariyasining zamonaviy ko‘rinishidir. Bugungi kunda mamlakatimizda ro‘y berayotgan islohotlarga nazar tashlansa quyidagi manzara ko‘zga tashlanadi. Masalan, davlat bosh islohotchi sifatida maydonga chiqar ekan, imkon qadar o‘rta mulkdorlar qatlamini shakllantirishning huquqiy va tashkiliy zaminini yaratishga intilmoqda.

- o‘rta mulkdorlar qatlamining shakllanishi jamiyatda o‘zinng yaratuvchilik salohiyatiga ishongan iqtisodiy qatlamning shakllanishiga olib keladi;

- o‘rta qatlamning shakllanishi bilan iqtisodiy sohada faoliyat yuritadigan fuqarolik institutlarining roli kuchayib boradi;

- fuqarolik jamiyati institutlari bilan xususiy mulk egalari o‘rtasida manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi;

- jamiyatda mavjud, mamlakat taraqqiyoti uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan, ammo qo‘llanilmay kelayotgan ko‘plab imkoniyatlar fuqarolik jamiyatining rivojlanishi bilan ishga solinadi.

4. O‘rta mulkdorlar qatlamining shakllanishi va davlat instituti
Fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslarini yaratish uchun davlat oldida bir qator muhim masalalarni hal etish vazifasi turibdi.

Birinchidan, mamlakatda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish barobarida qonuniy asosda faoliyat yuritishga qodir bo‘lgan o‘rta mulkdorlar qatlamini shakllantirishni kuchaytirish zarur. SHo‘ro tizimini boshidan kechirgan mamlakatlarning aksariyatida, tadbirkorlik firibgarlik bilan hamohang tuShunilgan edi. Aslida bozor munosabatlari rivojlangan, ayniqsa sanoatlashgan mamlakatlarda jamiyatga eng ko‘p foyda keltiruvchi, ayni vaqtda eng durust qatlam aynan mulkdorlar qatlami bo‘lgan. Bu sharoitda davlat erkin faoliyatga sharoit yaratish bilan bir vaqtda ularni faqat va faqat qonun doirasida ish yuritish ko‘nikmasini shakllantirish kerak.

Ikkinchidan, jamiyatda erkin bozor munosabatlarini rivojlantirish barobarida ijtimoiy tabaqalaShuvning qutblaShuviga yo‘l qo‘ymaslik ham kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish davlat oldida turgan murakkab masalalardan biridir. Bunga borada O‘zbekistonda davlat tomonidan “kuchli ijtimoiy himoya” tamoyili muvaffaqiyatli qo‘llinilib kelinmoqda.

Uchinchidan, davlat ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga mas’ul bo‘lgan yagona institut bo‘lish bilan bir qatorda bosh islohotchi sifatida erkin bozor munosabatlarini ham rivojlantirish vazifasini ham ado etishi zarur. Erkin bozor munosabatlari yangi sharoitdagi iqtisodiy faoliyatda turli noqonuniy xatti-harakatlarga ham yo‘l ochishini nazarda tutadigan bo‘lsak, davlat oldida qanchalik murakkab vazifa turganligini anglash mumkin.

To‘rtinchidan, mamlakat iqtisodiy strategiyasini amalga oshirishni o‘z zimmasiga olish darajasida qudratli, ayni vaqtda fuqarolik jamiyatining negizini tashkil etadigan xususiy sektorni shakllantirish ham davlat oldida turgan ulkan vazifalardan biridir.

Ko‘rinib turganidek, fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari o‘ta murakkabligi bilan turli savollarni yuzaga keltiradi. Bu esa avvalo erkin bozor munosabatlari borasida yuzaga keladigan munozaralarga borib taqaladi. Fuqarolik jamiyati nuqtai nazaridan bozor sharoitida davlatning ahamiyati alohida e’tibor talab etadi.

Davlat hamisha mustaqil, qudratli institut bo‘lib, kichik tadbirkorlik sub’ektlaridan tortib yirik korxonalarga qadar bo‘lgan tuzilmalarni tashkil etadi. Albatta, jamiyat va davlatning birlamchiligi haqida gap ketganda albatta davlatning etakchiligi e’tirof etiladi. O‘tish davrida faqat davlatgina ulkan islohotlarga bosh bo‘lgan holda jamiyatda tub burilish yasashga qodir.

Albatta, jamiyatda ro‘y beradigan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar islohotlarning pishib etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo davlat har qanday islohotni jadallashtirish yoki aksincha, unga to‘siq bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston sharoitida davlat barcha sohalardagi islohotlarga boshchilik qilmoqda. Ammo xususiy sektorni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan mustaqil o‘rta qatlamning shakllanib bo‘lganligini e’tirof etish mushkul. Jadallik bilan shakllanib kelayotgan o‘rta mulkdorlar qatlamida uyushmalarga a’zolik madaniyati, fuqarolik jamiyati institutlariga birlashgan holda faoliyat yuritishga qodir mustaqil kuchga aylanganligini ta’kidlash qiyin.

Ba’zi mamlakatlarda erkin bozor iqtisodi shakllanish jarayonida davlatning ahamiyati pasayib xususiy soha ommabop bo‘la borgani sari, ijtimoiy tabaqalanish kuchaygani holda odamlarning aksariyati butunlay xususiy sohaga o‘tib ketishi ro‘y berganligi kuzatilgan. Xususiy sohaning o‘ta rivojlanib ketishini fuqarolik jamiyati sifatida talqin etish noo‘rin. Boshqacha aytganda, xususiy soha qanchalik rivoj topmasin, fuqarolik jamiyati institutlariga birlashgan holda o‘z manfaatlarini davlat oldida himoya qilish ko‘nikmasi shakllanmas ekan, bunday jamiyatni fuqarolik jamiyati deyish mumkin emas. Bundan tashqari, jamiyat a’zolarida aynan bozor qonuniyatlari negizida yangicha mohiyatga ega bo‘lgan umumiy ko‘nikmalar shakllanishi maqsadga muvofiq. O‘z manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyat yuritayotgan fuqaro davlat organlari oldida o‘ziga xos tarzda siyosat yuritadi. Bu ma’noda fuqaro o‘zining xudbin manfaatlari yo‘lida emas, balki jamiyatda ko‘pchilikni tashkil etgan xususiy mulkdorlar manfaatlarining ifodachisi sifatida maydonga chiqadi. Bu erda fuqaroning siyosatchiligi uning professional ma’nodagi faoliyatidan emas, balki jamiyat manfaatlarini ifodalashga qaratilgan fuqarolik burchidan kelib chiqadi.

Ma’lumki fuqarolik jamiyati kishilarning umumiy maqsadlari va vazifalari borasida o‘zaro munosabatga kirishishlari va bu munosabatlarni tartibga solish zaruratidan vujudga kelgan hodisadir.U bozorqonuniyatlari tufayli ham emas, hokimiyatning buyrug‘i bilan ham emas, balki jamoatchilikning tashabbusi asosida, erkin fuqarolardan tashkil topgan turli guruh va birlashmalarning mustaqil faoliyati natijasi sifatida pishib etilgan. Kishilar aynan ijtimoiy foydali faoliyat yuritish qobiliyatiga ega bo‘lganliklari uchun ham fuqaro deb nomlanishadi.

Fuqarolik jamiyati rivojida so‘zsiz bozorning ham, davlatning ham ahamiyati yuksak bo‘lsa-da, ularni aralashtirib yuborish maqsadga muvofiq emas. Zero davlat fuqarolik jamiyatisiz ham mavjud bo‘la oladi, biroq fuqarolik jamiyati sharoitida davlat o‘zgacha ko‘rinish va usullarga ega bo‘lgan institut sifatida namoyon bo‘ladi.

Shundan kelib chiqqan holda ta’kidlash kerakki, bozor munosabatlariga o‘tish bilan fuqarolik jamiyatini barpo etish ikki xildagi masala bo‘lib, o‘z maqsad va vazifalari nuqtai nazaridan ular bir-biriga aynan mos kelmaydi. Avtoritar boshqaruv bilan ham bozor munosabatlariga o‘tish mumkin bo‘lsa, bunday boshqaruv usuli bilan fuqarolik jamiyatiga o‘tish aslo mumkin emas. Bu ikki vazifani bir-biri bilan aralashtirish iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga ham, demokratlashtirish jarayoniga ham xalaqit beradi. Demokratik islohotlar hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni erkin bozor munosabatlariga o‘tish bilan umumlashtirish xudbinlikka yo‘g‘rilgan xususiy mulkchilik hissiyoti bilan fuqarolik hissiyotini aralashtirishni anglatadi. Aslida esa, bu masalada jiddiygina aniqlik talab etiladi. Har bir kishining xususiy mulkka egalik qilish huquqi, ko‘pgina hollarda xususiy mullka ega bo‘lishgina fuqarolik jamiyatini shakllantirishga asos bo‘ladi, deya tuShuniladi. Aslida esa xususiy mulkka ega bo‘lmagan, ishchi kuchidan iborat aholi jamiyatning aksariyat qismini tashkil etadi. Demak, bu borada faqatgina xususiy mulk emas, balki mulkdor bo‘lmaganlarning manfaatlarini ifoda etuvchi fuqarolik jamiyati institutlarining mavjudligi ham fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslarini tashkil etadi. Xususiy hayotning mutlaqlashtirilishi nafaqat fuqarolik jamiyatiga to‘sqinlik qiladi, balki avtoritar xarakterdagi boshqaruvga qaytishni taqozo qilaveradi.

Fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari erkin bozor iqtisodiyoti bilan chambarchas bog‘liqdir. Demokratik jamiyat boshqa erkinliklar barobarida o‘z qonuniyatlari bilan taraqqiy topadigan xo‘jalik tizimini taqozo etadi. Faqat ana Shu qonunlar asosidagina muvaffaqiyat bilan tadbirkorlik faoliyatini yuritish mumkin. Eng muhimi yakka holda bozor qonunlariga qarshi kurashish mushkul. Tadbirkorlarning turli xil uyushmalari, ya’ni fuqarolik jamiyati institutlari bu masalalarni hal etishni osonlashtiradi.

Fuqarolik jamiyati mavjud bo‘lmagan sharoitda bunday bozor davlatning qattiq nazorati bilangina tartibga solinishi mumkin. Davlat organlarining korrupsiyaga aralashib ketishi ehtimoli yuksakligini hisobga oladigan bo‘lsak, erkin bozorning shakllanishi sharoitida ko‘pgina mansabdorlarning jinoiy to‘dalar ta’siri ostida tom ma’nodagi erkin bozorni shakllantirishga to‘sqinlik qilishini kuzatish mumkin.

Ko‘rinib turganidek, fuqarolik jamiyati mavjud bo‘lmagan holatda bozorda beshafqat qonunlar hukm surishi kuzatiladi. Korrupsiya domiga tortilgan davlat mansabdorlari ko‘pgina hollarda qonunbuzarliklarga qarshi kurashga bardosh bera olmay qoladi. Davlat bunday boshboshdoqlikka qarshi kurashga intilar ekan, odatda fuqarolik institutlaridan foydalanmaydi va qaytadan avtoritar usul hamda qog‘ozbozlikka duchor bo‘ladi. Bu esa bozor munosabatlarining ko‘psonli ishtirokchilarining faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Erkin bozor munosabatlariga o‘tishda kuchli hokimiyatga tayanish zarurligi haqida fikrlar mavjud. Kuchli hokimiyatning bozor munosabatlarini tartibga solishi turli talqinlarga ham sabab bo‘ladi. Zero, fuqarolik jamiyatida erkin bozor, siyosiy erkinliklar va demokratiya hamda jamiyatda yuzaga keladigan muammo va mojarolarni mustaqil sudlar vositasida hal etish nazarda tutiladi. Ma’lumki, bozorning erkinligi tabiiy ravishda yakkahokimlikka olib keladi va o‘z-o‘zini boshqarish qonuniyatini buzadi. Ba’zi mamlakatlarda bozorda yakkahokimlikka erishgan kompaniyalar davlat apparati bilan birlashgan holda fuqarolik jamiyatiga qarshi turishgan. Natijada bunday mamlakatlarda o‘tgan asrning birinchi yarmida sotsializmga nisbatan “yumshoqroq” bo‘lgan totalitar tizimlarning shakllanishi ro‘y bergan (Italiya, Germaniya). O‘z-o‘zini boshqarish qobiliyati kuchli bo‘lgan jamiyatlarda esa davlat fuqarolik jamiyati tarafiga o‘tib, yakkahokim kompaniyalarga qarshi harakat qilgan. G‘arbiy Evropaning ko‘pgina mamlakatlari tarixidan ma’lum bo‘lishicha, erkin bozor munosabatlari sharoitida ko‘zga tashlangan boshboshdoqlikka barham berish zarurati davlat tomonidan anglab etilgan. Natijada an’anaviy mazmundagi erkin bozor munosabatlariga barham berilgan va davlat rang-barang ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini himoya etish maqsadida, bozorni muvofiqlashtirish yo‘liga o‘tgan. Biroq, Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlat tomonidan tartibga solinadigan bozor muvaffaqiyatga erishishi uchun mamlakatda ilgaridan erkin bozor munosabatlari mavjud bo‘lgan bo‘lishi zarur. Boshqacha aytganda, erkin bozor munosabatlari tajribasini boshidan o‘tkazmagan, xususiy mullka asoslangan bozor sharoitida erkin raqobatga asoslangan tadbirkorlik an’ana va ko‘nikmalariga ega bo‘lmagan mamlakatlarda davlat tomonidan bozor tartibga solinadigan bo‘lsa, tom ma’nodagi bozor munosabatlarini rivojlantirish mushkul bo‘ladi. Bunday mamlakatlarda tom ma’nodagi iqtisodiy elitaning shakllanishi ehtimoli juda kam bo‘lib, iqtisodiy taraqqiyot to‘laligicha davlatning zimmasida qolib ketadi. Bunday sharoitda mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini o‘z elkasiga oladigan mulkdorlar jamiyatning aksariyatini tashkil eta olmaydi. Uning o‘rniga davlat hokimiyati tomonidan boshqariladigan o‘ziga xos yarim erkin bozor munosabatlari shakllanadi.

Shunday qilib fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asosini xususiy mulkka tayanadigan ko‘p ukladli bozor iqtisodiyoti tashkil etadi. Shunday ekan fuqarolik jamiyatini barpo etishga intilgan har qanday mamlakatda o‘rta mulkdorlar qatlamini shakllantirish jarayonini jadallashtirish zarur. Zero, o‘tish davrida davlatning zimmasida bo‘lgan ko‘plab vazifalarni fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan aynan o‘rta qatlam o‘z zimmasiga oladi. Bu esa ixtiyoriy va ko‘ngilli uyushmalar yordamida rivojlanadigan, sog‘lom raqobatga tayanadigan bozor qadriyatlari ustuvor bo‘lgan tom ma’nodagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga asos bo‘ladi.
Nazorat savollari:

  1. Fuqarolik jamiyatining shakllanishida xususiy mulk qanday ahamiyat kasb etadi?

  2. Fuqarolik jamiyatining shakllanishida o‘rta qatlamning o‘rni

  3. Fuqarolik jamiyatida xususiy mulkchilik o‘rni qanaqa?

  4. Fuqarolik jamiyatida ijtimoiy munosabatlar qanday amalga oshiriladi?

  5. O‘rta qatlam mulkdorlar qatlami qanday shakllanadi?



1Forobiy Abu Nasr. Fozil odamlar shahri. -Toshkent: A.Qodiriy nom. Xalq merosi nashriyoti. 1993. -B.18-19.

2O‘sha joyda.

3Farabi. Sotsialno-eticheskie traktatы. -Alma-ata: Nauka, 1975. -S.224.

4O‘sha joyda.-B.226.

5Djeri Dj., Djeri Dj. Bolshoy tolkovыy sotsiologicheskiy slovar. Tom 1. –Moskva:VeChe.AST, 1999.-S.508.

6O‘sha joyda.-S.160-163.

7 Sharifxo‘jaev M. O‘zbekistonda ochiq fuqarolik jamiyatining shakllanishi. “Sharq”, 2003. 51-52 - betlar.

8Isupov K., Savkin I. Русская философия собственности (XVII-XX вв.). - СПб.: СП "Ганза", 1993. - 512 bet.


Download 39.79 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling