4. Jinoyat huquqining vazifalari (funksiyalari)
Jinoyat huquqining vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida aniq belgilangan bo‘lib, kodeksning 2-moddasiga ko‘ra, jinoyat huquqining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qo‘riqlash, shuningdek, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
Ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun kodeks javobgarlik asoslari va prinsiplarini, qanday ijtimoiy xavfli qilmish jinoyat ekanligini aniqlaydi, ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralarini belgilaydi.
Bizga huquq nazariyasidan ma’lumki, har bir huquq sohasi o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni ma’lum bir o‘ziga xos funksiyalar orqali amalga oshiradi.
Yuqorida jinoyat qonunida ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar jinoyat huquqining quyidagi:
Tartibga solish (regulyativ).
Muhofaza qilish (negativ).
Oldini olish (profilaktik).
Tarbiyaviy funksiyalari orqali bajariladi.
Jinoyat huquqi o‘zining tartibga solish funksiyasi orqali jinoyat qonunida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilish maqsadida jinoyat huquqiy normalar orqali shaxsning xatti-harakatlariga ta’sir etadi. Bu funksiya orqali ma’lum bir xatti-harakatlar taqiqlab qo‘yiladi ("o‘g‘ri-lik qilma", "bosqinchilik qilma").
Tartibga solish funksiyasi orqali jinoyat huquqi jinoyat sodir etilganidan keyin vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |