Jinoyat va jazo


I. 2. F. M. Dostoyevskiy – psixologik asarlarning mohir ijodkori


Download 174.65 Kb.
bet8/15
Sana05.01.2022
Hajmi174.65 Kb.
#207756
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   15
Bog'liq
“jinoyat va jazo” romanida psixologizm

I. 2. F. M. Dostoyevskiy – psixologik asarlarning mohir ijodkori
Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy jahon adabiyotidagi daholardan biridir. U 1821-yil 11-noyabrda Moskvada ko’p farzandli dvoryan oilasida tug`ilgan. Otasi kambag`allar uchun xizmat qiladigan kasalxonada tabib bo’lib ishlagan. Onasi F.M. Nechayeva savdogar oilasida tug`ilib voyaga etgan edi. Dostoyevskiylar oilasi 16 yilgacha kasalxona tomonidan berilgan uyda istiqomat qilishadi. Oila kam ta’minlangan bo’lishiga qaramay, otasi Fyodor va uning aka-ukalarini o’z davrida mashhur bo’lgan L.I. Chermakning pullik pansionat-maktabida o’qitadi.

Fyodor oilada o’zidan atigi bir yoshgina katta bo’lgan akasi Mixail bilan juda yaqin edi. Yigitchalarning adabiyotga muhabbati juda erta uyg`onadi. Hatto Fyodor V. Skott va A. Radklif asarlari ta’sirida «Venestiyaliklar hayotidan romanlar» yozishga kirishadi.

Bolalar otasi obuna bo’lgan jurnallar orqali chet el adabiyotining yangiliklari bilan muntazam tanishib borishgan. Ular O.de Balzak, J. Janen, E.T. Gofman kabi chet el yozuvchilarining asarlarini sevib o’qishgan. Xususan, oila a’zolari N.M.Karamzin, V.A. Jukovskiy, A.S Pushkin ijodini juda sevishgan. Otasi bolalariga kechqurunlari bu ijodkorlarning asarlarini ovoz chiqarib o’qib eshittirgan. Shuning uchun F.M. Dostoyevskiy o’n yoshida N.M. Karamzin asarlarini puxta bilganligini e’tirof etib o’tadi.

1837-yil bahorida onasi vafot etgach, otasi katta o’g`illarini Peterburgdagi injenerlar tayyorlovchi K.F. Kostomarov pansionatiga olib borib joylashtiradi. Shu voqea sabab Fyodor bilan sevimli akalari o’rtasida uzoqlashish yuz beradi. Biroq aka-ukalar Gomer, J. Rasin, I.V. Gyote, Balzak, Gyugo, F. Shiller ijodining tanqidiga bag`ishlangan maktublari orqali doimiy aloqada bo’lib turadilar.

1839-yilda bolalarning otasi ham kutilmaganda vafot etadi. Bolalar butunlay yetim bo’lib qoladilar. Hatto Fyodor bu voqeadan qattiq ta’sirlanib, asabiy zo’riqishga uchraydi. U 6 yil (1838-1843) Injenerlar tayyorlanadigan o’quv yurtida tahsil oladi. Ammo u o’qishini tugatgach, bu sohada bor-yo’g`i bir yil ishlaydi. Chunki u o’zining bu sohaga «noto’g`ri» kirib qolganligini anglab, 1844-yilda ishdan ketadi. Shundan so’ng u o’z rizqini adabiyot maydonidan qidirishga intilib, «Repertuar va panteon» jurnalida ilk ijodiy ishini e’lon qiladi. Bu ish O.Balzakning «Yevgeniya Grande» romanining tarjimasi edi.

1844-1845-yillarda yozuvchi «Bechora kishilar» nomli ilk asari ustida ishlaydi. Asar qo’lyozmasi bilan tanishgan N.A. Nekrasov va V.G. Belinskiylar undan qattiq ta’sirlanadilar. Shunday qilib, yosh yozuvchining nomi mashhurlashadi. Hatto 1846-yil 15-aprelda «naturalistlar maktabi»ning ikkinchi almanaxi «Peterburg to’plami» boshida uning shu romani beriladi. Bu to’plamda F.M. Dostoyevskiyning asari birinchi marta N.A. Nekrasov, I.S. Turgenev, I.I.Panaev, A.I. Gersten, V.A. Sollogub, V.G. Belinskiy kabi o’z davrining taniqli va yetuk ijodkorlari asarlari bilan bir qatorda e’lon qilinadi.

1846-yilda adibning «Nusxa», «Janob Proxarchin», 1847-yilda «Xo’jayin», 1848-yilda «Oq tunlar» kabi asarlari ketma-ket bosilib chiqdi.

1849-yilning 22-aprelidan 23-apreliga o’tar kechasi sotsialistlar ta’siriga berilib, ularning to’garagiga qatnagan adib boshqa to’garak a’zolari qatori qamoqqa olinadi. Petropavlovsk qal’asida mahbuslikda saqlangan adibni tergov-sud qilish jarayoni 7 oygacha davom etadi va 24-dekabrda u o’lim jazosiga mahkum etiladi. Biroq 1950-yilning yanvarida sud o’z qarorini o’zgartirib, adibni to’rt yilga Omskning chekka bir hududiga surgunga jo’natadi. Yozuvchi bu davrda o’z boshidan kechirganlarini «O’lik uydan maktublar» asarida tasvirlagan.

1957-yilda Kuznetsk shahrida F.M.Dostoyevskiy M.D.Isayeva bilan sevishib, unga uylanadi. Ayol kasalmand bo’ladi. Ular qiyin oilaviy sharoitda turmush kechiradilar. Shunday bo’lsa-da, adib bir daqiqa ham ijoddan chekinmaydi. Bu davrda yozuvchining «Kichik qahramon», «Stepanchikovo qishlog`i va uning egalari», «Tog`aning tushlari» kabi povestlari hamda qamoqxona folklori namunalaridan tuzilgan «Sibir daftari» nomli to’plami yaratiladi. 1859-yilning avgustida yaqinlari va do’stlarining qo’llab-quvvatlashi bois yozuvchi xotini va o’g`ilchasi bilan Rossiyaning Tver shahriga ko’chib o’tadi. 1860-yilning boshida esa Peterburg shahrida doimiy yashashga ruxsat olib, poytaxtdagi faol ijodiy hayotga kelib qo’shiladi.

Peterburgda F.M. Dostoyevskiy akasi Mixail bilan birga sobiq petrashevchi A.P. Milyukov to’garagiga a’zo bo’lib kiradi.

F.M. Dostoyevskiy o’z xalqining ma’rifatli bo’lishi, adolatli turmushi uchun kurashishni o’z yo’li deb bildi. Shu intilish va g`oya u yaratgan badiiy asarlar va «Vaqt», «Davr» jurnallariga yozgan publististik maqolalarning asosiy mazmunini tashkil etardi.

1864-yilning iyulida adibning akasi, maslakdoshi M.M. Dostoyevskiy tasodifan vafot etadi va u tashkil qilgan «Davr» jurnalining o’lda-jo’lda bo’lib turgan ishlarini yuritish F.M. Dostoyevskiy zimmasiga tushadi. Adibga akasining kattagina oilasini boqish bilan birga uning shu jurnalni ochish uchun olgan qarzlarini ham to’lashga to’g`ri keladi. Aksiga olib «Davr» jurnali muharririyati 1965-yilning iyuniga kelib, batamom iqtisodiy tanazzulga uchraydi. Shunda F.M.Dostoyevskiy bu iqtisodiy tanglikdan qutulishni ko’zlab, kitob savdosi bilan shug`ullanuvchi puldor tadbirkor F.T. Stellovskiy bilan uch ming rubl hajmida shartnoma tuzadi. Bu shartnomaga binoan u o’z asarlarining to’liq nashrlar to’plamini tuzib berishi hamda 1866-yilning 1-noyabrigacha yangi bir romanni yozib topshirishi kerak edi. Shu shartnomaga muvofiq yozuvchi qattiq ishga kirishadi. 1864-yil aprelida adibning xotini vafot etadi. Umuman aytganda, 1860-1864-yillar yozuvchi uchun juda qiyin kechadi. 1861-yilda «Vaqt» jurnalida uning «Xo’rlanganlar va haqoratlanganlar» romani bosiladi.

1862- va 1863-yillarning yozida adib Germaniya, Angliya, Fransiya va Italiya mamlakatlarida bo’lib, o’z taassurotlarini «Yoz kechinmalari haqida qishki qaydlar» (1863) asarida bayon etadi. 1865-yilning kuzida esa yozuvchi o’z sog`lig`ini tiklash maqsadida Germaniyaning Visbaden nomli kurort shahriga borib, shu yerda o’zining mashhur «Jinoyat va jazo» romani ustida ish boshlaydi. «Jinoyat va jazo» romani jahon romanchiligining yangi, o’ziga xos tipidir. Rus adabiyotshunosi M.M.Baxtin uni polifonik asar sifatida baholaydi.

1866-yilning noyabrida yozuvchi «Jinoyat va jazo» romani ustidagi ishlarini vaqtincha to’xtatib, F.T.Stellovskiy bilan tuzgan shartnomasiga muvofiq «Qimorboz» romanini yozishga kirishadi. Adib o’ziga stenografistka yollab, asarni unga aytib turib yozdiradi. Bir oyga qolmay (25 kun ichida) u asar ustidagi ishni yakuniga etkazadi. Oradan uch kun o’tgach, adib o’ziga juda yaqin va fidoyi do’stga aylanib qolgan stenografistka A.G. Snitkinaning qo’lini so’raydi. Yarim yildan so’ng ular turmush quradilar. Bunda F.M. Dostoyevskiy 45 yoshda, A.G.Snitkina esa 18 yoshda edi. Ular to’rt nafar farzand ko’rishadi. Biroq ikki bolasi bevaqt vafot etadi. 1867-yilda Dostoyevskiylar oilasi kreditorlar ta’qibidan qutulish uchun G`arbiy Yevropaga jo’nab ketadi. Ular Germaniya, Shveytsariya, Italiya kabi mamlakatlarda yashaydilar. Bu yillarda yozuvchining «Telba», «Iblislar» kabi asarlari yaratilgan.

1870-yilning ikkinchi yarmida F.M. Dostoyevskiy ijodi yanada yuqori bosqichga ko’tarildi. 1874-1875-yillarda adibning «O’smir», 1878-1879-yillarda «Aka-uka Karamazovlar» kabi asarlari yaratilgan.

«O’smir» asarining voqealari bosh qahramon Arkadiy Dolgorukov ismli o’smir yigitcha tilidan bayon etiladi. Unda Rossiya mamlakatining kelajak taqdiri, uning «oltin davri» haqida fikr yuritiladi.

F.M. Dostoyevskiy 1881-yilning 9-fevralida Peterburg shahrida vafot etadi. Taniqli rus adibi, jurnalist va publistist F.M. Dostoyevskiy asarlari o’ndan ortiq tillarga, jumladan, o’zbek tiliga ham tarjima qilingan. Hozirgacha adib asarlari sevib o’qiladi.

Adabiyot tarixida, ayniqsa, XX asrda shunday badiiy asarlar maydonga keldiki, ularni bevo­sita psixoanaliz nazariyasi ta’sirida yuzaga kelgan, deyish mumkin. Shunday asarlardan biri sifatida F.M.Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romanini ko’rsatsa bo’ladi.

F. M. Dostoyevskiy – psixologik asarlarning mohir ijodkori sifatida qaraladi. Sababi, adib asarlarida inson ruhiyatining nozik qirralari badiiy tekshirilgani kuzatiladi.

Yuqorida F.M. Dostoyeskiyning ijodiy merosi va shaxsiyatiga e’tibor qaratayotganimiz, uning hayot yo’li va ijodiy biografiyasiga alohida nazar tashlashimiz bejizga emas, albatta. Chunki bu hol, avvalo, adibning serqirra shaxsiyatini nafaqat yozuvchi sifatida, balki oddiy inson sifatida anglash imkonini beradi. Adib asarlarida ijtimoiy hayot murakkabliklari inson asablariga nechog`lik ta’sir ko’rsatishi, ruhiy zo’riqtirishi, ayniqsa, og`ir turmush sharoiti kishini hatto jinoyat qilishga-da undashi mumkinligi, jinoyat qilgan zotning esa nevrotik holatga tushishi, ichki azoblanishi, hatto u o’z qilmishini baholay olib, pishaymon chekishi, muayyan xulosalarga kela bilgan mutafakkir-etik sifatida bo’y ko’rsata bilishi, ayni paytda yana gunohkor sifatida ham o’z-o’zini jazolashga intilishi singari holatlar o’ziga xos badiiy mahorat bilan ruhiy tahlilga tortilgani kuzatiladi.

Dostoyevskiy o’z asarlarida ijobiy qahramonlarni emas, balki salbiy qiyofa kasb etuvchi shahvatparast, jinoyatchi, qotil, xudbin, telba shaxslarni bosh qahramon darajasiga ko’taradiki, bu bevosita uning ichki dunyosidagi yashirin istaklarini his etishga olib keladi.

Adib biografiyasi nihoyatda serqirra va murakkab bo’lgani kabi uning bosh qahramonlari taqdiri ham shu kabi chigaldir. Uning qahramonlari ko’pincha o’zi kabi doimiy asabiy vaziyatlarda namoyon bo’ladi. Adib shaxsiyatidagi qahr-u g`azab, sabrsizlik, azoblashga moyillik istaklari u yaratgan qahramonlarning xatti-harakati misolida, o’z yaqinlariga munosabatida, o’quvchi bilan ichki muloqotida yaqqol ko’zga tashlanib turadi.

F.Dostoyevskiyning otasi vafotidan so’ng kechgan talabalikdagi og`ir turmush tarzi bevosita “Jinoyat va jazo” romani bosh qahramoni Raskolnikovning turmush tarzidan o’zgacha emas edi. U xuddi Raskolnikov singari juda og`ir iqtisodiy tang ahvolga tushib qolgandi. Shu holatni boshidan o’tkazayotgan adib uchun Raskolnikov holati juda tushunarli edi. Mana shu sabab adib Raskolnikovning iqtisodiy tanglik tufayli amalga oshirgan qotilligini uning tilidan bemalol oqlayveradi. To’g`ri, Raskolnikov gunohkorlik hissidan iztirob chekadi. Iztiroblanish uni bemor qiyofasiga solib qo’yadi. Uyqusi buziladi. Uyqusida vahimali tushlarni ko’rib, cho’chib uyg`onaveradi. Odamovi bo’lib qoladi. Hatto o’z yaqinlarini ham ko’rishni istamaydi. Unda yuz bergan bunday hissiy holatlarga uning ongi ostidagi aybdorlik hissining faoliyatida namoyon bo’lishi asos yaratadi.



Xullas, yozuvchi F.M. Dostoyevskiy psixologiyasidagi murakkab va chigal holatlar u yaratgan asarlarda o’z ifodasini topganligini kuzatish mumkin. Binobarin, juda og`ir, tang iqtisodiy holatda yashayotgan adib ong ostida qiyinchilikdan qutulish maqsadida qarovsiz, kimsasiz, ojiz, hech kimga keraksiz, ayni paytda, mehr-muruvvatsiz, xudbin boy yoki boyvuchchalarni o’ldirish yo’li bilan ularning boyligini qo’lga kiritish xayoliga borganligini inkor etish qiyin. U bu istagini talaba Raskolnikov istagi sifatida tasvirlar ekan, o’z ifoda usulida aynan shu qotillikka nisbatan simpatiyasi sezilib turadi.

Adib fikricha, aslida qotil bir ijrochi, xolos. Haqiqiy qotil esa, shu vaziyatni keltirib chiqargan jamiyat, ijtimoiy sharoitdir. Shu ma’noda, Raskolnikov qotillik bilan bog`liq ichki iztiroblarini shaxsan oqlaydi.

Romanda bu haqda quyidagilarni o’qish mumkin: “Shunday bir qarash ma'lum: jinoyat ijtimoiy tuzumning adolatli emasligidan norozilik tarzida ro`yobga chiqadi – vassalom, boshqa hech gap-so`z yo`q, hech qanday sabablar tan olinmaydi – hech nima!.. (391-bet).

Yoki yana: “ ...jinoyatning sodir bo`lishida “muhit”ning roli ko`p” (393-bet).

E’tiborli jihati shundaki, F.M. Dostoyevskiy o’z qahramonlari bilan baravar iztirob chekadi. Ularning ruhiy bemorligini aynan o’z dardi sifatida chuqur ochib bera oladi. Shuning uchun muallif o’z qahramonlaridan nafaqat nafratlanadi, balki ularni o’z xaloskori deb ham biladi.

Ayni paytda aib o’z asarlari uchun tanlagan nomlar tasodifiy emas. Jumladan, uning «Nusxa», «Oq tunlar», «Bechora kishilar», «Qimorboz», “Xo’rlanganlar va haqoratlanganlar”, “Jinoyat va jazo” kabi asarlari nomidan adibning qahramonlari o’z “nusxasi” ekanligini, tunlari uyqusi qochgan ijodkor nochorlikdan, kambag`allikdan qanday qutulish haqida tonggacha o’y surib chiqqanligini, ba’zan qimorbozlik katta qarz va tanglikdan qutqarish chorasi bo’lishi mumkinligini, lekin inson jamiyatda qoralanadigan bu yo’llarga xo’rlangani sababli kirsa-da, baribir oqlanmasligini va haqoratlanishini, jinoyatlar ko’proq nochorlikdan kelib chiqishiga qaramay, jazosi muqarrarligini ta’kidlashga uringani seziladi. Ayni paytda bu adibning badiiy mahoratidan ham darak berib turadi.




Download 174.65 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   15




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling