Jinoyat va jazo


Download 174.65 Kb.
bet11/15
Sana05.01.2022
Hajmi174.65 Kb.
#207756
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   15
Bog'liq
“jinoyat va jazo” romanida psixologizm

Chechanlik – insonga xos ruhiy holatlardan biridir. Romanda qahramonlar nutqiga singdirilgan “Allada aziz, to`rvada mayiz” (65-bet) iborasi, “Ikkita quyonni quvlasang, bittasini ham tuta olmaysan” degan rus maqoli (228-bet), “Xom xayoldan holva yaxshi!” (663-bet), “Yuzta quyon yig`ilib bir ot bo`lmas, yuzta shubha yig`ilib, bitta dalil o`rniga o`tmas”, degan inglizlarning maqoli (696-bet), “Yomonning bir qilig`i ortiq” (711-bet), “Eshovidan tushovi qimmat” (702-bet), “Bu qurol ma'lum narsa, maqtov” (736-bet), “Pashsha uchibdi, fil köribdi!” (419bet), “Hamma narsaning ikkita uchi böladi” (553-bet) singari maqol va aforizmlar bu jihatdan alohida e’tiborni tortadi.

Xullas, “Jinoyat va jazo” romanida qahramonlar hayotidagi tinimsiz tashvishlar, ruhiy bezovtalik, notinchlik, ruhiyatning ikki uchi, qotillik va o’lim muammosi, bu haqda eshitganda odamning tizzalari qaltirab, oyoqlaridan mador ketishi, yelkasigacha muzlab, yuragi urishdan to’xtab qolganday bo’lishi, keyin yuragi xuddi qarmoqdan siltanib tishib ketgan baliqday pitirlay boshlashi, har qanday jinoyat sodir bo’lgandan keyin o’sha zahoti butunlay xususiy hodisaga aylanishi, bunda boshqalar nima derkin, deb o’tirish ojizlikning birinchi belgisi ekanligi badiiy bo’yoqlarda ishonarli aks ettirilgan.




XULOSA
Jahon adabiyotida shoh asarlar, deya tan olingan «Xo’rlangan va haqoratlanganlar» (1861 yil), «Qimorboz» (1866 yil), «Jinoyat va jazo»(1865-1866 yillar), «Telba» (1868 yil), «O’lik uydan maktublar», «Aka-uka-Karamazovlar» (1879-1880 yillar) singari nodir adabiy obidalarning muallifi sifatida shuhrat qozongan adib F.M.Dostoyevskiy hayoti nihoyatda qiziqarli, ziddiyatli, aytish mumkinki, fojeali bo’lgan.

Rus adabiyotining ulkan namoyandasi Fyodor Dostoyevskiy hayotining so’nggi damlaridagina mashhurlikka erishgan bo’lsa, olamshumul shuhratga o’limidan so’ng erishdi.

F.M.Dostoyevskiy asarlarida, asosan, ijtimoiy adolatsizlikka duchor bo’lgan «kichkina odamlar»ning qismati hikoya qilinadi. Uning aksariyat asarlari ijtimoiy mavzuda.

Adib hayotidagi uzoq muddatli tutqunlik va surgun uning ijodida o’z ifodasini topadi, tushkunlik ustuvor mavzuga aylanadi. Asarlarida jaholat botqog`iga botib, insoniy qiyofasini yo’qotgan kishilar hayotini aks ettiradi.

«Jinoyat va jazo» (1866) romanida rus xalqining ma’naviy muammolari badiiy bo’yoqlarda yaqqol aks ettirilgan. Odamlar orasida ma’naviy qashshoqlik, xudbinlik kabi illatlar chuqur ildiz otgani ko’rsatilgan, ichki muammolarni boshqalar hisobiga hal etib bo’lmasligi e’tirof etilgan.

Romanda yana jamiyat va shaxs o’rtasidagi chuqur ziddiyat, ruhiy inqiroz va fojia o’z ifodasini topgan.

F.M.Dostoyevskiy ijodi, garchi ziddiyatli bo’lsa-da, rus va jahon adabiyotiga katta ta’sir ko’rsatgan. U XIX asrdagi realistik hamda psixologik roman janrlarini yangi o’ziga xos tomonlar bilan boyitdi. Adib to’laqonli badiiy obrazlarda nafaqat voqealar oqimini, insonlar taqdirini, qalb kurashini, balki jamiyat ma’naviy hayotidagi fojiaviy konfliktlarni ham bera oldi.

F.M.Dostoyevskiyning taniqli tarjimon Ibrohim G`afurov tomonidan o’zbek tiliga o’girilgan «Jinoyat va jazo» romani – psixologik romanning yorqin namunasi bo’lib, unda fikrlarning keskin kurashiga, g`oya va dunyoqarashning fojiaviy to’qnashuviga duch kelish mumkin.

Ushbu roman vazmin tasvir uslubi, keskin ruhiy dramatik holatlar tasviriga boyligi, liro-publististik pafosi bilan ajralib turadi.

Adib asar bosh qahramoni bo’lgan R.Raskolnikovni qotillikka nosog`lomligi uchun qo’l urganini ta’kidlashga urinadi, shuning uchun uni ayblamaydi.

Romanda yurakni hapqiratadigan holatlar, nozik hissiyotlar, qalbni zabt etadigan tuyg`ular, hayajonli kechinmalar, ko’zni o’ynatadigan go’zal hodisalar, aksincha, ko’ngilni aynitar darajadagi xunuk jihatlar, insonlarga xos tajanglik, jizzakilik, sirkasi suv ko’tarmaydigan fe’l-atvor, qiliqlar, odamning joniga tegib ketadigan vaziyatlar, xo’rlanish turlari, haqoratlar iskanjasi va boshqalar badiiy tadqiq etilgan.

Romanning asosiy mavzusi qotillik, o’lim mavzusiga bag`ishlangan. Unda aytilishicha, “hayotning butun sir-asrorlari ikki taboq hajmli kitobcha ichiga bemalol sig`ib ketadi!”.

Romanda tabiat qonunlariga ko’ra, odamlar umuman ikki toifaga bo’linishi, shuningdek, ularning xarakter-xususiyati ham ikki xil: ijobiy va salbiy bo’lishi ochib berilgan.

F.M.Dostoyevkiy – o’ziga xos yozuvchi. Uning asarlarida zaiflik, telbalik, kambag`allik, ilohiylik, haqiqatning ayanchli qiyo­fasi shu qadar qo’r­qinchli tasvirlanadiki, uning ko’ziga tik boqishga uncha-muncha odamning yuragi dov bermaydi. Adibning haqiqatni tasvirlash usulini Turgenev asarlaridagi manzara, Tolstoydagi harbiy sahna tasvirlari bilan qiyoslash mumkin. Shundagina ularning ta’sirliroq va go’zalroq ekanligini fahmlasa bo’ladi.

F.M. Dostoevskiy jahon adabiyotining cho’qqilaridan biri sanaladi. Uning sermashaqqat hayoti qanchalik qiziqarli bo’lsa, sermahsul ijodi undan ham ahamiyatli va qadrlidir. Adibning “Jinoyat va jazo” romani – jahon adabiyotining shoh asarlaridan biri deya tan olingan.

Romanda turli xil fojialarga to’la xarakterlar yaratgan Dostoevskiyning o’z hayoti ham fojialarga limmo-lim edi. U 27 yoshdayoq Petroshevskiyning siyosiy to’garagida qatnashganligi uchun chor hukumati tomonidan osib o’ldirishga hukm qilingandi. Hukm, ijro etilish arafasidagina, surgun jazosi bilan almashtiriladi. To’rt yillik katorga, olti yillik Sibir surguni jabri... Adib 1859 yilda surgundan ozod bo’lib, Peterburgga qaytib keladi. U surgundagi yillarida “Nahotki endi qo’limga qalam ushlamasam, agar yozmasam o’lib qolaman-ku. O’n besh yilga qamalsam ham qo’limda qalam bo’lgani yaxshi edi”, deb zorlanadi. Uning bu ruhiy kechinmalari esa “Jinoyat va jazo” romanidagi Raskolnikovning ichki ruhiy iztiroblarini yodga soladi.

Yana F.M. Dostoyevskiy qo’liga pul tushsa, orqa-oldiga qaramasdan xarj qilib yuboraverardi. Go’yo madaniyatdan uzoq odamday tuzukroq kiyinishni ham bilmasdi. Jahli hamisha burnining uchida turadigan, buning ustiga qashshoqlik balosi ezib yuborgan, qarzlari anchagina, horg`in, hayot azob-uqubatlari ezib qo’ygan, norozi qiyofadagi adibning qiyofasi, xarakter-xususiyati Raskolnikov tabiati bilan o’xshashligini sezish qiyin emas.

Umuman aytganda “Jinoyat va jazo” romanida ruhiy ezilishlar, dilxiraliklar tafsilotlari, ayanchli ijtimoiy voqealar bayoni, obrazlar tadqiqi, o’ziga xos batafsil tasvir uslubi, mavzuni ichdan yoritish, uning tub-tubidagi noma’lum mo’’jizalar bilan kitobxonni oshno qilish usuli etakchilik qiladi.

F.M. Dostoevskiyning “Jinoyat va jazo” romani uning boshqa asarlari singari insonni yashashga o’rgatadi, xatolardan saboq chiqarishga undaydi. Inson qudrati va fojiasi haqidagi g`amgin qo’shiq kabi yangraydigan bu bebaho durdona asar hali asrlar osha odamlarga naf keltirishiga shubha yo’q.




Download 174.65 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   15




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling