Jinoyat va jazo


II BOB. “JINOYAT VA JAZO” ROMANI – PSIXOLOGIK ROMAN


Download 174.65 Kb.
bet9/15
Sana05.01.2022
Hajmi174.65 Kb.
#207756
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   15
Bog'liq
“jinoyat va jazo” romanida psixologizm

II BOB. “JINOYAT VA JAZO” ROMANI – PSIXOLOGIK ROMAN
II. 1. Romanning g`oyaviy-badiiy mundarijasi
Atoqli rus yozuvchisi Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» romani 1866-yilda yozilgan. Ammo inson kechinmalarining eski va yangisi bo’lmaganidek, roman qadri ham eskirmagan. Kitob o’zbek tilida bundan avval 1977-yilda chop etilgan. Qariyb 40 yildan keyin asar 2015-yilda qayta nashr etildi. Bundan maqsad: bugungi kitobxonlarni o’z davrida shuhrat qozongan asar – talaba hayotidan ayanchli drama bilan tanishtirish.

«Kambaballik ayb emas, biroq yo’qchilik – illat. Birinchisida inson tug`ma olijanob fazilatlarni saqlab qola oladi, ammo yo’qchilikda ularni hech qachon va hech kim saqlab qola olmaydi», asardagi personajlaridan biri bosh qahramonga bu gapni hayotiy misollar asosida izohlab beradi. Universitetning sobiq talabasi bo’lgan Raskolnikov esa bu gapdan tegishli xulosa chiqara olmaydi. Natijada, yo’qchilikdan qutulish, tezda boyib ketish va yuqori mavqeiga ega bo’lish maqsadida aql bovar qilmaydigan jinoyat sodir qiladi.

Fojiali jihati – qahramon o’z jinoyatini oqlaydi. Ammo hayot qonunlari adolatli – jinoyatning jazosiz qolishiga imkon bermaydi. Ruhiy jazo jinoyatchini o’z aybiga iqror bo’lishga majbur etadi. Romanda shu mudhish qotillikning uzluksiz uqubatlari bilan birga go’zal muhabbat tasviri ham borki, u kitobxon qalbini beixtiyor junbishga keltiradi.

Bu romanda adib izlanishlarining murakkab va ziddiyatli yo’li bor bo’y-basti bilan namoyon bo’lgan. Asar markazida jinoyat, mafkuraviy qotillik g`oyasi yotadi. Unda universitetning studentlari safidan chiqarilgan, nihoyatda qashshoq bir yigitning yomon niyatli kishilar ta’siriga berilib, yengil hayot kechirish yo’llarini izlashi aks ettiriladi. Raskolnikov jinoyat yo’lida topilgan pulni ezgulik yo’lida sarflamoqchi bo’ladi. Yozuvchi bu asarida jinoyatning ruhiy qirralarini badiiy tadqiq eta olgan. Shuning uchun bu asar adib ijodining yangi, yuqori bosqichga ko’tarilganligini namoyon etadi.

«Jinoyat va jazo» romani olti qism va epilogdan tashkil topgan. Asar voqealari ijarada yashovchi, universitetning sobiq talabasi bo’lgan Raskolnikovning qarzdorligi sabab hujrasidan yashirincha chiqishga urinishi tasviri bilan boshlanadi. Voqealar iyulning boshlarida yuz berayotgani ta’kidlanadi. Yana bu voqealar ro’y berayotgan joy nomi S – ko’chasi, K – ko’prigi deya mavhum ko’rsatiladi.

Harflar orqali ob’ekt va sub’ekni bu tarzda nomlash esa bevosita F.Kafkaning “Jarayon” romani syujetini yodga soladi.

Romanda Raskolnikovning portreti shunday chizilgan: “U juda kelishgan yigit edi, ko`zlari qora va chiroyli, mag`zi qorato`roq, bo`ydor, xushbichim, qomati sambitday edi.... U shunchalar nochor kiyingan ediki, hatto uvada-suvada engil-boshiga o`ranib, ko`zi qotib ketgan odam ham kuppa-kunduz kuni bu ahvolda ko`chaga chiqqani uyalgan bo`lar edi...”.

Asarda yigitning xarakter-xususiyati haqida shunday ma’lumot beriladi: “... yuragi g`azabdan shunchalar qotib tosh bo`lib ketgan ediki, aslida oriyati kuchli, nomusli bo`lishiga qaramasdan ko`chada o`z kiyimlaridan or qilmay qo`ygandi. (5-bet).

Raskolnikov tabiatan odamovi va kamgap edi. Unga xos ana shu eski odati muhtojligi sabab yana uni zabt eta boshlaydi. To’g`ri, u yuragi siqilib ketganda, og`ir ruhiy vaziyatini biroz bo’lsa-da unutish maqsadida eski tanish-bilishlarini ko’rgisi, ular bilan hasratlashgisi kelardi. Shunday paytlarda ba'zan u “tanish-bilishlari yoki ilgarigi yor-birodarlari bilan uchrashib qolsa, boshqa gap, lekin ular bilan uchrashib, ko`rishib turishni umuman jini yoqtirmay qolgandi... Garchi bundan sal ilgariroq nima bo’lmasin, bir zum u kim bilandir gaplashgisi kelgan bo`lsa ham, hozir chindan o`ziga qarata murojaat qilganlarida to`satdan yana o`zining eski odamoviligiga qaytdi, u begona odamlar o`zini bezovta qilishlarini yomon ko`rar, bundan uning g`azabi qaynar, nafratlanar, darhol o`zini chetga tortardi”. (18-bet).

Romanda odamlarni bilish muammosi vlohida yoritilgan. Unda aytilishicha: “Umuman, biron odamni bilmoqchi bo`lsang, xato qilib qo`ymaslik, oldindan noto`g`ri xulosaga kelmaslik uchun uning ko`ngliga sekin yo`l solib ko`rish kerak, bo`lmasa xatoni keyinchalik tuzatish va o`rniga qo`yish juda qiyin bo`ladi”. (53-bet).

Ko’rinyaptiki, odamning ko’nglini topish uni bilishning muhim sharti sanaladi. Bu haqiqat romanning 53, 63-sahifalarida qayta-qayta ta’kidlab o’tilganiga guvoh bo’lish mumkin. Jumladan, “Hm, rostdan ham, – deya kallasida g`ujg`on o`ynagan fikrlarini davom ettirardi u, – rostdan ham odamni “bilish uchun uning ko`ngliga sekin qo`l solib ko`rish kerak”, lekin janob Lujinning qandayligi tayin”. (63-bet).

Ikkinchi tomondan, odam o’zi yaxshi bilmaydigan kishilarning oldida qancha jim, sukut saqlab tursa, gapirmay turib, sheriklarini tinglasa, avvalo, o’z sirini saqlab qoladi, boshqa jihatdan so’zchi holini bilib oladi. Begonalar oldida ko’p gapirib qo’ygan kishilar esa ilmagan holda o’z tilini qisiq qilib qo’yadilar.

Ba’zan bir odamni boshqa odamga bildirib qo’yish, tanishtirish uchun uni yaxshi bilganlar maqtovga berilib ketishadi. Shuni e’tiborga olib, yozuvchi F.M. Dostoyevskiy o’z romanida shunday parchani keltirgan: “Dunya unga sen haqda juda maqtab gapirganda, u har qanday odamni yaxshi bilib olish uchun uni o`z ko`zing bilan ko`rishing, yaqindan bilishing kerak, shuning uchun u kishi haqida tanishib olganimdan keyin o`zim bir xulosaga kelaman, degan gapni qildi”. (57-bet).

Odatda, odamlar bir-biriga “Sen menga do’stingni ayt, men senga kimligingni aytaman” deyishadi. Raskolnikovning yaqin do’sti Razumixin edi. Razumixin “bag`oyat quvnoq va odamga tez el bo`lib ketadigan, soddadil, ko`ngli ochiq yigit edi. Darvoqe, soddadil bo`lib ko`rinsa-da, lekin buning tagida teranlik va o`z izzatini bilish yashirinib yotar edi. Uning eng yaqin dostlari buni sezishardi, hammalari uni yaxshi ko`rishardi”. (79-bet).

Romanda insonlarga xos ayrim ijobiy va salbiy xususiyatlar tabiati haqida ham fikr bildirib o’tilgan. Jumladan, asarda qanoat to’g`risida shunday deyiladi: “Taslim bo`l, qaltillagan banda qanoat qilib yasha, chunki qanoat qilmasang, o`zingga yomon bo`ladi, boshqasi bilan sening ishing bo`lmasin!..” (422-bet).

Shuningdek, romanda yaxshi muomala, shirinsuxanlik e’tirof etiladi. Bunga Svidrigaylovning odamlarga muomalasi misol qilinadi. “Svidrigaylov mening oldimda kishilarga yaxshi muomala qilardi, odamlar garchi uni Filippning o`limiga sababchi bo`ldi, deb ayblashsa ham, lekin yaxshi ham ko`rishardi” (457-bet).

Asarda uddaburonlik, o’z-o’ziga ishonch g`oyalari ulug`lanadi. Bu to’g`rida asarda shunday e’tiborli satrlar uchraydi: “Mana, ikki yildirki, u noshirdan bu noshirga yugurganim-yugurgan, ularning butun nozik tomonlarini bilib olganman: ishoning, odam qilgan ishni odam qiladi!” (477-bet).

Inson yaxshi ishni ham, yomon ishni ham qilishi uchun aqlini ishga solishiga to’g`ri keladi. Bu haqiqatni adib Raskolnikovning qotillikka qo’l urishdan oldin qanchalik ko’p o’yga berilgani, aqlini ishga solishga uringani, puxta rejalar tuzishga shaylangani misolida ochib berishga urinadi. Adibning fikricha, odam har qancha aqlli bo’lmasin, “lekin aqlli ish qilish uchun quruq aqlning o`zi yetmaydi”. .. Mantiq bilan hodisaning uch tomonini korish mumkin, inson tabiati esa millionlab ko`rinishlarga ega! ... Aql axir hirsga xizmat qiladi” (358-, 392-, 429-betlar).

Aqlli odamlardan doimo yangi fikrlar tug`iladi. Asarda ta’kidlanganidek “yangi fikrli odamlar va hattoki, jindak bo’lsa-da yangi gap ayta oladigan, shunga qobil bo’lgan odamlar kamdan-kam bo’ladi, hayron qoladigan yeri shundaki, ular juda kam tug`iladilar” (402-bet).

Ma’lumki, aqlki hirsga xizmat qilsa, bu “aqllilik balosi”ga aylanadi. Endi kimdir buni “aqlsizlik” deb hisoblaydi. Yana kibr, manmanlik aql-idrokni emirishi, undan ustun kelib, insonni sharmandalik sari eltishi ta’kidlanadi: “Bu yerda o`zi haqida yaxshi taassurot qoldirib ketgisi bor edi, nihoyat, manmanlik balosi aql-idrokdan ustun chiqdi (231-bet)”.

“Jinoyat va jazo” romanida aqldan ozish va bu kasallikka chalingan insonlarni davolash yo’llari xususida ham yo’l-yo’lakay fikr bildirib o’tilgan. Jumladan: “... Parijda aqldan ozganlarni faqat mantiqan ishontirish yo`li bilan davolash bo`yicha jiddiy tajribalar o`tkazilganidan xabaringiz bormi?” – (655-bet) deyiladi romanda. Yoki yana: “Uning bosh g`oyasi shundan iboratki, aqldan ozgan kishilarning a'zolarida alohida nosozlik yo`q, aqldan ozishlik – bu aytaylik, mantiqiy xato, tafakkurdagi xatolik, narsalarga noto`g`ri qarash xolos” (655-bet), – deydi adib mazkur kasallik tashxisi xususida.

Romanda aldoqchilik haqida ham tavsif keltirilgan. Unda yozilishicha: “Aldoqchilik insonni boshqa barcha mavjudotlardan ustun qilib turadigan birdan-bir narsa. Aldasang, haqiqatga yetib borasan!”

Asar qahramoni Raskolnikov o’z aldoqchiligi haqida shunday deydi: “Men aldoqchilik qilganim uchungina odamman. Oldindan o`n to`rt marotaba aldamasdan turib bironta haqiqatga yetib bormaganlar, balki bir yuz o`n to`rt marotaba aldangandirlar, bu esa o`z navbatida, ancha faxrlansa arziydigan narsa; biz bo`lsak, o`z aqlimiz bilan aldashni ham bilmaymiz!”

Romanda aldoqchilik haqida alohida to’xtanilgani bejizga emas. Chunki aldoqchilik har kimning qo’lidan kelavermaydi. Aldash uchun odamdan aql talab qilinadi. Aqlli odamgina birovni alday oladi, laqillata biladi. Shuni inobatga olib, romanda: “Sen meni alda, lekin aldaganda o`z aqling bilan alda, ana o`shanda men seni balkim o`pib qo`yaman. O`z aqling bilan aldash bu boshqalarning aqli bilan haqiqatni so`ylashdan ming karra yaxshiroq; o`z aqling bilan aldasang, sen odamsan, bo`lmasa sen parrexta parrandasan! Haqiqat qochib ketmaydi, hayotni esa boy berib qo`yish mumkin; ko`rganmiz” kabi o’gitlar keltirilgan. (307-bet).

Asarda aldoqchilik bilan bir qatorda aldanib qolish haqida ham fikr yuritilgan. Aldoqchilik tufayli birovga zarar yetkazilsa, aldanishdan odamning o’ziga zarar yetishi ma’lum. Aldagan odam zavq va qoniqish hissini kechirsa, aldangan odam alam va xo’rlanish hissini tuyadi. Shundan kelib chiqib, romanda muhabbat va nikohdagi aldanish xususida so’z yuritilganiga guvoh bo’lish mumkin: “Aldanish – men sizga aytsam, har qanday qonuniy nikohning tabiiy natijasidir, nima desamikin u nikohga kiritilgan tuzatish, norozilikdir, shunday bo`lgandan keyin bu jihatdan aldanish kishiga haqorat bo`lib tuyilmasligi lozim...” (581-bet).

Romanda yolg`on so’z, yolg`on gap (yolg`onchilik) xususida shunday deyiladi: “Yolg`on gapni har doim ham kechirib yuborish mumkin; yolg`onchilik shirin narsa, chunki u to’g`ri gapni topib beradi”.

Ma’lumki, roman qahramoni Raskolnikov sodir etgan mudhish jinoyati – qotillikni yashirish uchun ko’p yolg`on izlaydi, lekin u yolg`onchilikka o’rganmagaligi sababli ko’p qiynaladi. Shunda o’z sirini berkitishdan toliqqan qotil yigit: “Berkitadigan narsasi bo’lmagan kishilar o’zlarini baxtli deb bilsalar arziydi” degan xulosaga keladi.

Raskolnikov aslida vijdonli bo’lgani uchun xatosini anglaydi va cheksiz azob tortadi. Bu jazo uning uchun katorgadan ham battar edi. Shunda u sevgilisi Soniyaga deydi: “Men o`ldirganimda, pul uchun o`ldirganim yo`q, Sonya, pulning menga keragi yo`q edi; pul emas, menga ko`proq boshqa bir narsa kerak bo`lgan shekilli... O’shanda men bitmanmi yoki odammanmi, degan narsani tezroq bilgim kelgandi. Men chegaradan chiqa olamanmi, yo`qmi? Egilib ola bilamanmi yoki yo`qmi? Qaltiragan qumursqamanmi yoki haqim bormi... Yana qanday qilib o`ldirganimni qara? Shunaqa ham odam o`ldiradimi? Mening ahvolimda bo`la turib odam o`ldirgani boradimi hech kishi... Men kampirni o`ldiribmanmi? Men kampirni emas, o`zimni o`ldirdim!.. Biryo`la, sira, abadiy bosh ko`tarmaydigan qilib o`ldirdim!.. Kampirni iblis o`ldirdi, men emasman... Bo`ldi, bo`ldi, Sonya, bo`ldi! Meni tinch qo`y, – deya qichqirib yubordi Raskolnikov titrab-qaltirab alam bilan, –meni tinch qo`y!” (647-648-betlar).

Qotillikka qo’l urgan Raskolnikov o’zini gunohkor jinoyatchi va qattol qotil sifatida shaxsan tan olmasligiga sabablardan biri shu ediki, u sudxo’r kampirni “iflos, odamning qonini so`radigan bit” deb hisoblardi. Shuning uchun uni odam o’rnida ko’rmay, o’limiga ham achinmasdi. Mana shu sabab qilgan ishini gunoh sanamasdi. “Gunoh? Qanday gunoh? – deya qichqirib yubordi birdan allaqanday quturib ketgan Raskolnikov, – men iflos, odamning qonini so`radigan bitni, hech kimga keragi bo`lmagan o`sha sudxo`r kampirni o`ldirgan bo`lsam, bunaqangi kambag`alning qonini so`radigan odamni o`ldirganning qirqta gunohi bo`lsa, hammasi to`kiladi, buning nimasi jinoyat ekan? Men buni jinoyat deb o’ylamayman va bu gunoh ekan, deb yuvishni xayolimga ham keltirmayman. Nega menga to`rt tarafdan turib: “Jinoyat, jinoyat!” deb qo`llarini niqtalayveradilar. Mana endi yuraksizlik qilib qanchalar be'manilikka yo`l qo`yganligimni bilib turibman, nega ham sharmisorlikni bo`ynimga olib, u yerga bormoqchi boldim, hech keragi yo`q edi buning! Pastkashligimdan, uquvsizligimdan shunday qilib o`tiribman, yana anavi... Porfiriy aytgancha yengilroq bo`ladimi, degandirman... Boshqalar nima derkin, deb o`tirish ojizlikning eng birinchi belgisidir!.. (803-804-betlar).

Shu tariqa Raskolnikov qilmishidan pushaymon qilmasdi (840-bet), qilgan ishini na ifloslik, na gunoh, na qotillik sanardi.

Ifloslik mohiyati, unga eltuvchi yo’l xususida romanda shunday deyiladi: “Sen asabiy, ojiz, irkit bolasan, mazaxo`rak bo`lib qolgansan, sen juda semirib ketgansan, shuning uchun ko`nglingga kelganini qilishga o`rgangansan, men xuddi mana shu narsani ifloslik deb bilaman, chunki u to`g`ri ifloslikka olib boradi”. (316-bet).

Romanda yana insonga xos boshqa salbiy xususiyatlar: manmanlik, takabburlik, ifloslik kabilar tavsifi uchraydi. Masalan, romanda “Manmanroq, takabbur bir yigit uchun shuning o`zi juda og`ir sharmandalik, ayniqsa, bizning davrimizda...” (761-bet) degan ta’kid orqali manman va takabbur yigitning muhtojlik sababli qotillikka qo’l urgani, o’z-o’zini sharmanda qilgani ochib beriladi.

Roman bilan bog`liq yana bir e’tiborli jihat shundaki, unda rus adibi F.M. Dostoyevskiy tomonidan islomiy qadriyatlar hayotiy tajriba va tafakkur orqali o’rganilganligi kuzatiladi. Bu esa adib yashagan o’sha vaqt uchun noyob hodisa edi. Shu narsani esdan chiqarmaslik kerakki, o’sha davrda hatto rus madaniyati ta’sirida shakllangan yoki boshqa yevropalik bo’lgan ilmli odamlar ham Islom to’g`risida to’g`ridan-to’g`ri ma’lumotga ega bo’lmaganlar – Qur’on tarjimalari nomusulmonlar tomonidan “imperiyaviy-missionerlik” maqsadida amalga oshirilgan, Sunnat va Siyrat (Rosululloh SAV hayot yo’llari) esa shar’iy adabiyotlar va Islom tarixi kabi umuman tarjima qilinmagan.
Aslini olganda, yangi mingyillik boshida ko’z o’ngimizda rusiyzabonlar uchun Islom asoslari to’g`risidagi bilimlarni o’rganish imkoni tug`ildi. U vaqtlarda esa ko’pchilikda “uxlovchi Sharq” madaniyatini sehrli ertaklar va “arabeska”largina saqlaydi, diniy hayot esa faqat bid’at-u xurofotlardan iborat, degan qat’iy tushuncha bor edi.

Shunisi hayratlanarliki, F.M. Dostoyevskiy Alloh elchilarining uzluksizligi va Islom Payg`ambariga (SAV) bo’lgan ijobiy yondoshuvi bilan o’z zamonasiga nisbatan ilg`or fikr sohibi bo’lgan.

“Jinoyat va jazo” romanida Raskolnikovning Allohning Rasuli Muhammad (SAV) haqida quyidagi so’zlari bor: “Eh, men Payg`ambarni otda qilich bilan tasuvvur qilaman! Alloh buyuradi, va itoat qil, titroq jonzot”.

Agar ahamiyat berilsa, Raskolnikov ongida zolim Payg`ambar obrazi shakllanadi – bunday qarashga musulmon inson qo’shila oladimi? Albatta, yo’q. Chunki musulmonlar uchun “Magomet” (XIX asrda Rossiyada Muhammad payg`ambarni shunday atashgan, lekin F.M. Dostoyevskiy uning haqiqiy ismi “Muhammad” ekanini bilgan) – komil inson,  ayni xristianlar uchun Iso Masih kabi.

Bunda adabiy qahramon Payg`ambar timsolini noto’g`ri talqin etadi va u qo’pol diniy xatoga yo’l qo’yadi. Muallif esa uni to’g`rilaydi. U o’z qahramonining Iso va Muhammad (SAV) – bir-biriga qarama-qarshi ideal degan qarashlariga qo’shilmaydi. Bunday qarama-qarshilik – faqat Raskolnikov ongida edi.

Roman oxirida payg`ambarlik qatori birligi, ya’ni avval Iso, so’ng Muhammad (SAV) kelishi haqiqati tiklanadi.

“Jinoyat va jazo” xotimasida Avraam yoki arabchadan Ibrohim haqida eslatma keladi. Raskolnikov sibir daryosi (bu albatta, Irtish) bo’yida o’tirib, uzoqdagi qirg`iz cho’liga tikilib qoladi. Uning ko’z o’ngida – quyosh nuriga g`arq bo’lgan oltin cho’lning keng sarhadlariga (qozoqlar bu holatni “sari arka” – oltin, sariq cho’l deb ataydilar) nazar soladi. Shunda uni qandaydir g`am ezadi va qiynaydi. Albatta, bu o’z ideali g`ami. Uning fikricha, hanuz “Ibrohim zamoni va uning podalari davri o’tmagan”. Mana o’sha parcha: “Kun yana ochiq va iliq edi. Erta tongdan, soat oltilarda, ishga bordi, daryo bo’yidagi omborxonada alebastrni kukunga aylantirish uchun kuydirish pechi  o’rnatilgan edi. Vaholanki, u yerga bor-yo’g`i uch kishi borgan edi. Bir mahbus soqchilardan biri bilan qo’rg`onga qandaydir asbob olgani ketdi, boshqasi esa o’tin tayyorlab, pechga tashlay boshladi. Raskolnikov omborxonadan qirg`oq bo’yiga chiqib, taxlangan to’nkalar ustiga o’tirdi, keng va cheksiz daryoga tikilib qoldi. Qirg`oqning yuqori qismida yaslangan keng yalanglik ko’rinardi. Uzoqdagi boshqa qirg`oqdan ashula ovozi elas-elas eshitilardi. U yerda, quyosh nuriga cho’milgan hududsiz cho’lda ko’chmanchi yurtalar nuqta kabi ko’rinardi. U yerda ozodlik bor edi va bu yerdagiga o’xshamagan boshqa odamlar yashardi, xuddiki vaqt to’xtab qolgandek, Ibrohim zamoni va uning podalari davri o’tmagandek. Raskolnikov qimirlamay va nazarini bir nuqtadan uzmay o’tirardi: uning xayollari orzuga, tafakkurga aylanar; u hech narsa haqida o’ylamas, lekin qandaydir g`am uni ezar va qiynardi”.

Qandaydir suratda ushbu qirg`iz-qozoq cho’li unga qadimgi Falastinni eslatadi. Bu yerlarda  qachonlardir Ibrohim (a.s.) faoliyat yuritgan, ya’ni barcha semit xalqlarning otasi, shuningdek, arab va yahudiylarning ham. Va Ibrohim (a.s.) – u “umum inson”. U Injildagi umum inson, birdek yahudiylar, xristianlar va musulmonlar tomonidan hurmatlanadi. Ibrohim (a.s.) haqida eslash bu ramziy ma’no kasb etadi. U Raskolnikov o’z ma’naviy-ahloqiy chanqog`ini qondirish uchun qaytayotgan ma’naviy manbaga ishora qiladi. Xullas, bular adibning ilg`or qarashlari edi.

Asarda e’tiborni tortadigan yana bir jihat, unda tibbiyot xodimlari ruhiyati bilan bog`liq ayrim qirralar xususida ham o’qish mumkin. Jumladan, ...endigina bemor qaray boshlagan biz qatori yosh doktorlar qo`llariga tushgan kasallarni xuddi o`z farzandlariday yaxshi ko`radilar, ba'zi birlari, hatto ularni yer-ko`kka ishonmay qoyadilar” (341-bet), “Tibbiyot sohiblari sil zorayganda aqliy qobiliyatlarning susayib ketishini ta'kidlaydilar” (584-bet) kabi ta’kidlar bevosita tibbiyot xodimlarining bilim va tajribasi, psixologiyasi bilan bog`liq fikrlardir.

Xulosa qilib aytganda, “Jinoyat va jazo” romani psixologik roman bo’lib, unda jamiyat va shaxs o’rtasidagi chuqur ziddiyat, ruhiy inqiroz va fojia badiiy tahlil qilingan. Xudbinlik, ma’naviy qashshoqlik tufayli insoniy qiyofasini yo’qotgan kishilar hayoti aks ettirilgan. Romanda fikrlarning keskin kurashiga, g`oya va dunyoqarashning fojiaviy to’qnashuviga, odamlarga xos ijobiy va salbiy xususiyatlarning badiiy tadqiqiga duch kelish mumkin.




Download 174.65 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   15




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling