Jinoyat va jazo


Download 174.65 Kb.
bet7/15
Sana05.01.2022
Hajmi174.65 Kb.
#207756
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   15
Bog'liq
“jinoyat va jazo” romanida psixologizm

Ishning sinovdan o’tishi. Ushbu bitiruv malakaviy ishi Buxoro davlat universiteti O’zbek adabiyoti kafedrasining yig`ilishida muhokama etilib, tugallangan tadqiqot sifatida himoyaga tavsiya qilindi.

Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi. Mazkur bitiruv malakaviy ishi kirish, ikki asosiy bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan tashkil topgan.

I BOB. BADIIY ADABIYOTDA PSIXOLOGIZM MASALASI
I. 1. Badiiy asarlarda ruhiy tahlil mezonlari haqida
Ruhiy tahlil, ya’ni psixoanaliz yetakchilik qilgan asarda qahramonlar ruhiyati, psixologiyasi bo’rttib turadi. Bunday asar matnida psixologik tasvir elementlari yaqqol ko’zga tashlanib turadi.

XIX asr oxirlari – XX asrning boshlarida shakllanish bosqichiga kirib, butun yuz yil davomida dunyoni ta’sir doirasida tutib kelayotgan psixoanaliz avstriyalik vrach-psixoanalitik Zigmund Freyd (1856-1939) nomi bilan bog`liq. Z.Freyd o’zining ko’p yillik amaliy faoliyati, izlanishlari natijasi o’laroq «Ruhiy bezovtalik tadqiqi» (1895), “Tushlar talqini» (1900), «Kundalik hayot psixopatologiyasi» (1904), «Chechanlik va uning ongsizlikka munosabati» (1905), «Seksuallik nazariyasi xususida uch ocherk» (1905), «Leonardo da Vinchi psixoseksuallik nazariyasiga chizgi sifatida» (1910), «Totem va tabu» (1913), «G`ayriodatiy lazzatlanish tamoyili», «Omma psixologiyasi va inson «men»i tahlili» (1921), “Men va U» (1923), «Tamaddun va undan norozilar» (1929), «Muso va yakkaxudolik” (1939) kabi qator kitoblarni yozgan. U bu asarlari orqali psixoanalizning markaziy konsepsiyalarini ishlab chiqqan, asoslashga uringan va amaliyotda qo’llagan. Shu bois Z.Freyd tom ma’noda psixoanaliz amaliyoti va nazariyasining asoschisi hisoblanadi. Psixoanaliz falsafasi va nazariyasiga tatbiqan freydizm istilohining qo’llanishi ham shu sabablidir.

Adabiyot psixoanalizga nisbatan ham ob’ekt, ham sub’ekt vazifasini bajaradi. Adabiyotga psixoanalizning ob’ekti sifatida qaraganimizda, psixoanaliz nazariy adabiyotshunoslikning bir tadqiq usuli o’laroq uning tarkibiy qismiga aylanadi. Aksincha bo’lganda, psixoanaliz adabiyotshunoslikning ob’ekti o’laroq namoyon bo’ladi.

Psixoanaliz hech qachon obrazli tafakkursiz ish ko’ra olmaydi. Qolaversa, freydizm nazariyasining asos konsepsiyasini tashkil etuvchi “Edip kompleksi” ham bevosita obrazli tafakkur namunasiga tayanadi. Hatto, aytish mumkinki, obrazli tafakkur Freydga psixoanaliz usulini ishlab chiqish uchun xamirturush vazifasini o’tagan. Shuningdek, Z.Freyd, K.Yung, E.Fromm, A.Adler, J.Lakan kabi mashhur psixoanalitiklar ijodida bevosita adabiy asarlar tahlili o’laroq yuzaga kelgan tadqiqotlar talaygina.

Z.Freyd o’z nazariyasining o’ta nozik nuqtalarini talqin etish, asoslashga urinar ekan, albatta, biror adabiy asarga murojaat qiladi. Uning tadqiq usulidagi bu jihat bir paytning o’zida ikkita vazifa bajaradi: avvalo, Freyd isbot etmoqchi bo’lgan fikrga dalil vazifasini bajarsa, ikkinchi tomondan, shu asarning insonshunoslik nuqtai nazaridan tutgan darajasini namoyon etadi. Masalan, Z.Freydning «Kundalik hayot psixopatologiyasi» nomli tadqiqotida Shiller «Vallenshteyn» asarining 1-parda 5-ko’rinishidan bir misol keltiriladi. Bunda asar qahramoni Oktavio o’z suhbatdoshi Kvestenbergga «Ketdik. Gerstogning oldiga!» deyish o’rniga, «Uning oldiga!» degan so’zni ishlatib qo’yadi. Freyd talqinicha, bunday hardamxayollik tasodifiy emas, balki Oktavio ongi ostidagi yashirin istakning hardamxayollik tarzida namoyon bo’lishidir.

Ikkinchidan, qahramon bunday chuqur psixologizmda ochilishi asar muallifi Shillerning yuksak mahoratidan dalolat beradi. Shuningdek, ayni tarzdagi nomantiqiy, tushunarsiz ifodalar mohiyatini anglamay turib, yozuvchining ifoda uslubiga to’g`ri baho berib bo’lmasligini Freyd alohida ta’kidlaydi.

«Chechanlik va uning ongsizlikka munosabati» Freydning bevosita adabiy manbalar, ijodiy jarayonlar tahlili orqali yozilgan muhim tadqiqoti hisoblanadi. Mazkur asar chechanlikning estetik vazifasini ruhiy omillar tizimi sifatida asoslashga qaratilgan. Chechanlik va uning genezisi, chechanlikning ongsizlik bilan munosabati, chechanlik va komizm turlari masalalari psixoanalitik usulda tahlil etilgan. Z.Freyd chechanlikning «favqulodda sub’ektiv komizm», “mulohazalar o’yini», «g`oyalar bilan o’ynashish», «tasavvurlar ziddiyati», «ma’nisizlik ichidagi ma’ni», «anglanmagan ma’nining bir lahzalik anglovi» kabi ta’riflarini asosan inkor etadi. Uningcha, chechanlik so’zning ifoda usuli va an’ana-xotiraning mushtarak vazifasi o’laroq namoyon bo’ladi. Bunda, albatta, aytuvchi bilan eshituvchi munosabati bo’lishi shart. Mushtarak vazifa mohiyati ham shundagina reallashadi. Z.Freydga ko’ra, chechanlikning ifoda usuli quyidagi shakllarda namoyon bo’ladi:

I. Zichlash: a) qorishiq so’zlar yasash bilan; b) modifikatsiya yo’li bilan.

II. Ayni bir so’zni takror ishlatish: a) butun va qism; b) o’rin almashtirish; s) kichik modifikatsiya; d) boshlang`ich ma’nosiga tamoman zid bo’lgan ma’noda qo’llash.

III. Ikki ma’nolilik: a) xususiy ot ma’nosining predmetga o’tishi; b) istioraviy va predmetlik ma’nosi; s) xususiy ikki ma’nolilik (so’z o’yini); d) ikki ma’noli talqin; e) ishora orqali anglashiladigan ikki ma’nolilik.

Zigmund Freydning yana bir fikricha, mazkur usullarning barchasi so’z iqtisodi, zichlash deb ataluvchi asosiy nuqtada umumlashadi. Chechanlikning o’z aytuvchisi va tinglovchiga ko’rsatadigan ta’sir kuchi ham, avvalo, gapning ifoda shakli bilan bog`liq. Ayni paytda, aytuvchi uchun nozik lutfning kulgili joyi yo’q. Uni o’z lutfining boshqa birov tomonidan qabul qilinishi qiziqtiradi. U shundan lazzat oladi. Uning lutfidan ta’sirlanib kuluvchi kishi esa lutfning ma’nosidan emas, balki bu lutf xotirasi qatida yashirin nimanidir eslatgani uchun kuladi. Mana shu «nimanidir» esa aynan an’ana-xotira hisoblanadi.

Z.Freyd fikriga ko’ra, insonning qachonlardir taqiqlangan istak va intilishlari chechan aytgan lutf orqali ozodlikka chiqadi. Bundan olingan lazzat, qoniqish kulgini yuzaga keltiradi. Bir so’z bilan aytganda, Freyd chechanlikning mohiyatini kulgidan olinadigan qoniqish hissida emas, balki kulgi orqali yuzaga chiqadigan ong osti istaklarining g`alaba qilishida, deb tushuntiradi.

Chechanlik va tush munosabatidagi umumiylik ularning har ikkisida ong osti motivlarining mavjudligida ko’rinadi. Tushda inson ongi ostidagi istaklar, ramzlar vositasida yuz ko’rsatsa: «Chechanlik assosiativ munosabatda haqiqiy mohiyat kasb etadi. Ular ko’pincha bizning xotiramizga bo’ysunmaydi. Biz ularni xotira qatlaridan izlaganimizda topa olmaymiz. Kutilmagan o’rinlarda esa, favqulodda paydo bo’ladiki, ularning nega yuzaga qalqib chiqqanini anglay olmaymiz. Bunday arzimas jihatlarning o’zi ham chechanlikning ongsizlikdan kelib chiqishini ko’rsatadi», – deb yozadi Freyd. Shuningdek, chechanlikda ham tushdagi kabi ma’nisizlik va ziddiyatlilik hukm suradi. Buni tushunish uchun uzum o’g`irlashga kirgan Afandining uzumzor egasiga nisbatan qilgan chechanligini eslash kifoya. Bu mashhur latifaga ko’ra, birovning bog`iga uzum o’g`rilikka tushgan Afandini bog` egasi tutib oladi va unga: «Nega birovning uzumini o’g`irlayapsan?» – deya o’shqiradi. Shunda Afandi bog` egasiga: «Nega o’zing xotiningga kalish olib bermading?» – deb javob beradi. Bu o’rinda Afandi­ning javobida ma’no yo’q. Ammo ayni bema’ni javob orqali u o’zini himoya qila oladi. Favqulodda kontrast, garchi haq bo’lsa ham, bog` egasini bir lahza dovdiratib qo’yadi.

Psixoanaliz chechanlik va komizmni aynan bir narsa emas, balki insonga qoniqish beruvchi ikki hisning ketma-ket keladigan bosqichlari sifatida talqin etadi. Ya’ni chechanlik bevosita ongsizlik psixologiyasining mahsuli bo’lsa, komizm anglatish arafasidagi ongsizlikdir. Shu ma’noda: «Chechanlik – bu komizmga ongsizlik hududidan ko’rsatilgan ta’sir» hisoblanadi.

Psixoanalitik talqindagi komizm insonning bolalik davri xotiralari bilan bog`liq. Bola kattalar bilan o’zini qiyoslaganida o’zida ularga nisbatan ustunlik sezsa, kula boshlaydi. Masalan, bir odam ko’chada yiqilib tushsa, bola kuladi. Bunday kulgiga sabab, “U yiqildi – men esa yo’q» degan avtomatik xulosadan lazzatlanishdir. Komizmning assosiativ xarakteri ham aynan shu bilan izohlanadi. Agar katta kishi katta kishining ustidan kula boshlasa, unda bolaga xos harakat va holatlarni ko’rgan bo’ladi. Kulgi ob’ektining bolalarcha harakati uni bolalikka qaytaradi. Endi o’zining bola emasligini anglagan kishi shu haqiqatni anglamagan kishi holatidan zavqlanadi va kuladi.

Z.Freyd ushbu holatni yuzaga keltiruvchi uch jihatni alohida ta’kidlaydi: «Birinchi holatda o’zga odam menga bola bo’lib ko’rinadi, boshqasida u odam o’zini boladay tutadi, uchinchisida esa, o’zimda bolaga xos holatni kuzataman”.

Z.Freyd yumorni chechanlik va komizmdan farqli o’laroq «himoya mexanizmi», deb ta’riflaydi. Uningcha, yumor – insonni iztirobdan himoya qiluvchi avtomatik vosita. «Yumor iztiroblar qurshovida turib, lazzatlana olishdir», – deb yozadi bu haqda Z.Freyd.

Yumorga xos ushbu spesifik jihat o’zbek adibi G`afur G`ulomning «Shum bola» asarida o’z ifodasini topgan. Asarda pochchasining zotdor, qimmatbaho qushlarini tasodifan o’ldirib qo’ygan Qoravoy o’z qilmishini «zotdor qushlar ana shunaqa yotadi» degan so’zlar bilan izohlaydi. Mushkul vaziyatdan yumor vositasida chiqib ketadi. Shu yo’l bilan o’ziga taskin beradi.

Umuman, Zigmund Freydning chechanlik, komiklik va uning turlari haqidagi qarashlari sof psixoanalitik talqinga ega. U adabiy asar haqida fikr yuritar ekan, muallif, qahramon va o’quvchiaro munosabatda ham, muallifning badiiy talqin usullarida ham o’zining psixoanalitik nazariyasiga xos ong osti jarayonlari tizimini ko’rishga harakat qiladi. Aniqrog`i, badiiy tafakkur Z.Freydga psixoanaliz metodini asoslash uchun bir vosita bo’lib xizmat qiladi. Adabiyotga psixoanaliz metodi asosida yondashish Z.Freydning bir qator izdoshlari, shogirdlari ijodida ham uchraydi. Xususan, Erix Fromm psixoanalizga doir qator qarashlarini adabiy manbalar vositasida talqin etgan. Masalan, u inson tabiatidagi nekrofillik holati haqida fikr yuritayotib, ingliz yozuvchisi Richard Xyuz (1900-1976)ning «Chordoqdagi tulkinisa» asariga murojaat etadi. Ushbu asardan fashizmning asoschisi bo’lgan Adolf Gitlerning tushiga doir bir epizod keltiradi. Bunga ko’ra, tushida talvasa ichra cho’kib ketayotgan Gitler suv yuzida onasining yuzini, ko’zlarini ko’radi. Gitlerning endigi holati Xyuz tomonidan shunday tasvirlanadi: «Shundagina u qarshilik ko’rsatishni bas qildi. Tirsaklarini iyagi tomon ko’tardi va homila-bola holatida tek qotdi: cho’kishmi – cho’kadi, vassalom». Erix Fromm «Bu kichik iqtibosda «inqiroz sindromi»ga xos barcha unsurlar tajassum topgan. Bunday tasvir faqat buyuk yozuvchiga munosib bo’lib, biz ayni tasvirda Gitler tabiatidagi narstissizmni ko’ramiz. Shuningdek, unda uyg`ongan cho’kish istagi uning o’limni sevishidan dalolat. Suv bu o’rinda Gitlerning vafot etgan onasi bo’lib, uning o’limni, jonsiz narsalarni sevishini ifoda etadi. Suvda cho’kayotgan Gitlerning tana tuzilishi, iyak tomon tortilgan tirsaklar, ona qorniga qaytish istagini bildiradi».

Nekrofil odam hayotni emas, o’limni sevadi. Taraqqiyotdan inqirozni ustun qo’yadi. Ona qorni nekrofil odam uchun yer osti – qabr yoki xaotik dunyo ramzi. E.Fromm R.Xyuz asaridagi tasvir orqali Gitler shaxsiyatidagi nekrofillik sindromini asoslab berishga urinadi. Uning butun faoliyatini nevroz holati, deya talqin etadi.

E.Fromm Franst Kafkaning «Jarayon» romanini ham psixoanalitik usulda tadqiq etgan. Roman qahramoni Yozef K. faoliyatida tushga xos ramzlar tili yetakchilik qilishini asoslashga uringan. «Bu romanni tushunish uchun uni uzun va murakkab tush kabi qabul qilish lozim», – deb yozadi bu haqda EFromm. Uning talqinicha, hibs Yozef K. hayotidagi turg`unlik, bosib o’tilayotgan, ammo yashalmayotgan umr uchun berilayotgan mavhum (ong osti) jazo. Yozef K.ning butun fojiasi o’zi yashab kelgan odatiy hayotiga qaytishga urinishida, shu hayotini himoya qilishida ko’rinadi. Umuman, E.Fromm yozuvchi F.Kafkaning «Jarayon» romanidagi har bir obraz, voqea va detallarni ramzlar, deb hisoblaydi. Xuddi shu bois asarga Z.Freydning tush talqiniga doir nazariy qarashlari asosida yondashadi. Asardagi hibs, sudgacha bo’lgan jarayonlar va boshqa talay detallar tizimini Yozef K. ongi ostida kechayotgan murakkab va chigal psixologik jarayon, degan xulosaga keladi.

Fransiyalik psixoanalitik Jan Lakan va uning zamondoshlari M.Fuko, A.Greymas, R.Bart, Levi-Stroslar ijodida til hodisalariga nisbatan psixoanalitik yondashuv yetakchilik qiladi. Bunday talqin metodi Yevropada «Yangi tanqid» nomini olgan. J.Lakan «Yangi tanqid»ning asoschilaridandir. Tadqiqotchilar «Yangi tanqid»ga freydizm nazariyasi asos bo’lganini ta’kidlaydilar.

J.Lakanning «Matnlar» asari struktural psixonalizning namunasi hisoblanadi. U inson shaxsiyatini chuqur anglashning eng samarali usuli sifatida nutq tahlilini ko’rsatadi. O’zining psixoanalitik tadqiqotlari natijasiga suyanib, nutq elementlarini individuum mohiyatini aks ettiruvchi ramzlar tizimi, degan xulosaga keladi. Insonning nutqi, uningcha, inson tomonidan boshqariladigan jarayon emas, aksincha, boshqaruvchi vazifasini bajaradi. Ayni shu jihat insonni bilishda, uning faoliyatiga emas, tiliga asoslanishni taqozo etadi. Agar tadqiqotchi nutq kodlarini to’g`ri yecha olsagina, individuumning ong osti olamiga yo’l topishi mumkin.

J.Lakan nutq tahlili jarayonida anglangan individuum mohiyatini uch qatlamli tizim, deb tushunadi: a) real; b) tasavvurdagi; v) ramziy. Uningcha, til fenomenisiz shaxs mohiyatini anglash mumkin emas. J.Lakan o’zining struktural psixoanaliz metodi haqida shunday yozadi: «Biz til hodisalarini ishlashda o’ta murakkab va chuqur ketamiz. Chunki shu yo’l bilan ijodkor ruhiyati va ijod asoslariga tayanmay turib ham poetika qonunlarini yarata olamiz».

«Lakan psixoanalitik kursining o’ziga xosligi shundaki, u faqat til hodisalari bilan cheklanmaydi, balki o’z-o’zidan adabiyotshunoslikka ham daxl qiladi», – deb yozadi bu haqda rus olimi L.Filippov.

Umuman, ma’lum cheklanishlariga qaramasdan, psi­xoanaliz metodi jahon adabiyotshunosligida qo’llanib kelinyapti. Z.Freyd. E.Fromm, J.Lakan, K.Yung, A.Adler kabi mashhur psixoanalitiklar tadqiqotlari esa bevosita adabiyotni o’rganishga emas, balki psixoanali­tik nuqtai nazarni asoslashga qaratilganini ta’kidlash joiz.

Yuqorida qayd etganimizdek, adabiyot psixoanalizga nisbatan nafaqat ob’ekt, balki sub’ekt hamdir. Sababi, adabiyot qanchalik adabiy-estetik, ijtimoiy-falsafiy hodisa bo’lsa, shunchalik psixologik hodisa ekani ma’lum. Shubhasiz, aytish mumkinki, psixoanaliz badiiy jihatdan yuksak har qanday badiiy asarga nisbatan sub’ekt bo’la oladi. Bunda badi­iy asarning qaysi adabiy metodga daxldorligi u qadar ahamiyat kasb etmaydi. Shu ma’noda, adabiyotning antik davridan bugungi kungacha yaratilgan yuzlab asarlarni sanash mumkin.

Xullas, psixoanaliz qo’lga kiritgan yutuqlar inson tabiatida mavjud murakkab holatlarni – ong osti (ongsizlik)ni ma’lum ma’noda kashf etaroq o’zini oqlaydi. Ammo ayni holatlar sababini tushuntirib berishda boshi berk ko’chaga kirib qoladi. Holbuki, inson mohiyati biologik nuqtai nazardan to’la namoyon bo’lishi mumkin emas. Shu ma’noda, psixoanaliz metodi doimiy tanqidiy yondashuvni taqozo etadi.





Download 174.65 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   15




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling