O`ldirish bilan qo`rqitish deganda, jabrlanuvchini hayotidan mahrum qilish bilan qo`rqitish tushunilishi zarur.
Aksariyat hollarda nomusga tegish o`ldirish bilan qo`rqitib (og`zaki «o`ldiraman», «mayib qilaman», «osaman», «zaharlayman» deb) sodir etiladi, ammo do`q-po`pisa sukut saqlagan holda, nihoyatda ma`noli imo-ishoralar (quroldan foydalanib, jabrlanuvchini hayotdan mahrum qilish mumkin bo`lgan boshqa jismlarni namoyish etish vositasida va hokazo) bilan ham ifodalanishi mumkin. O`ldirish bilan qo`rqitish ishonarli, jabrlanuvchining o`z hayoti uchun xavotirlanishi uchun yetarli bo`lishi kerak.
Jabrlanuvchini boshqa usullar bilan qo`rqitish JK 118-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
O`ldirish bilan qo`rqitib nomusga tegishni 118-modda 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilishda aybdorning o`z do`q-po`pisasini amalga oshirish niyatida bo`lgan yoki bo`lmaganligi ahamiyatga ega emas.
Shaxsning o`n sakkiz yoshga to`lmaganligi aybdorga ayon
bo`lgan holda nomusga tegish
(O`zR JK 118-moddasi 3-qismi «a» bandi)
Mazkur jinoyatning obyekti voyaga yetmagan shaxslarning jinsiy daxlsizligi hisoblanadi.
16 yoshga to`lmagan shaxs bilan ixtiyoriy ravishda aloqa qilish JK 128-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini tashkil etadi.
Nomusga tegishni JK 118-moddasi «a» bandi bilan baholash uchun aybdorning 18 yoshga to`lmagan shaxs bilan zo`rlik ishlatib jinsiy aloqa qilayotganini bilmaganligi, jabrlanuvchining yoshiga nisbatan yanglishgani aniqlangan taqdirda (masalan: tashqi ko`rinishi, bo`y-basti, jabrlanuvchining xulqi va hokazolar) uning qilmishi JK 118-moddasi 3-qismi bilan o`n sakkiz yoshga to`lmaganligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsning nomusiga tegish, deb kvalifikatsiya qilinmaydi. Bunday hollarda aybdor JK 118-moddasi 1-qismi bo`yicha javobgarlikka tortiladi.
Yaqin qarindoshning nomusiga tegish
(O`zR JK 118-moddasi 3-qismi «b» bandi)
Sud-tergov amaliyotida yaqin qarindoshlarining (o`z qizlari, nabiralari, opa-singillari, o`gay qizlar va hokazolarning) nomusiga tegish hollari ham uchrab turadi.
Shak-shubhasiz, bunday jinoyatlar jamiyatimizda mavjud bo`lgan axloq normalariga zid bo`lib, g`oyat darajada axloqsizligi, uyatsizligi bilan ajralib turadi.
JKning sakkizinchi bo`limidagi atamalarning huquqiy ma`nosida yaqin qarindoshlar – qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo`lgan shaxslar, ya`ni ota-ona, opa-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan, farzandlikka olinganlar, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, aka-uka va opa-singillar – deb ko`rsatiladi.
Shu munosabat bilan zo`rlik ishlatib, qo`rqitib yoki ojizlik holatidan foydalanib, qarindoshlar bilan jinsiy aloqa qilish shaxsni JK 118-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan javobgarlikka tortish uchun asos bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |