Jurnalistlar va robot jurnalistlar: raqobatmi yoki hamkorlik


Jurnalistikada o'zgarishlar natijasida zamonaviy texnologiyaning kirib kelishi


Download 1.1 Mb.
bet4/6
Sana08.03.2023
Hajmi1.1 Mb.
#1248963
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
JURNALISTLAR VA ROBOT JURNALISTLAR

1.2. Jurnalistikada o'zgarishlar natijasida zamonaviy texnologiyaning kirib kelishi
XXI asr axborotning nazariy va amaliy ijodi eng choʻqqisiga yetgan asr. Shuning uchun ham bugungi kunda XXI asrni axborot asri deb taʼkidlashmoqda. Jahon tajribasidan maʼlumki, davlat axborot infrastrukturasining rivojlanishi jamiyat va davlatning hamma jabhalarini, jumladan, odamlarning dunyoqarashini va ularning mehnat, ijtimoiy va siyosiy hayotda ishtirok etishi shartlarini oʻzgartirib, jamiyat rivojlanishini tezlashtiradi. Har xil axborot texnologiyalari, avtomatlashtirilgan sistemalar va maʼlumotlar bazasi davlat strukturalarini, iqtisodiyotni va mamlakat mudofaasini boshqarishning ajralmas qismi boʻlib qoladi. Bugungi kunda yanada rivojlanib, o’zining yangi yo’nalishlariga ega bo’lib borayotgan internet jurnalistikasi keng qamrovliligi va auditoriyasining chegara bilmasligi bilan ajralib turadi. Zamonaviy OAV turi hisoblangan internet jurnalistikasi OAV taraqqiyoti, uning vazifalarining kengayishi, ishlab chiqarish va texnika sohasidagi keskin o‛zgarishlar, jurnalistika va jamiyat o‛rtasidagi munosabatlarning murakkablashuvi jurnalistlar oldiga yangi vazifalarni qo‛ymoqda. Bir vaqtning o‛zida yangiliklar yoza oladigan, intervyu olish, rasm va videoga tushirish mahoratini egallay olgan, internet uchun materiallar tayyorlay oladigan universal jurnalistlarni yetishtirish hozirgi kunda muhim. Shu bilan birga ushbu anʼanaviy jurnalistik malakaga endilikda yana texnik xarakterdagi matematik va muhandislik kabi sohalar bo‛yicha ham malaka hamda ko‛nikmalarni hosil qilishga to‛g‛ri kelayapti. Bu, ayniqsa, internetdan foydalanuvchi jurnalistlar uchun juda zarurdir. Shunday qilib, turli sohalarning konvergensiyasi jurnalistlardan ham universallashish, ham ixtisoslashuvni talab etadi. Shu bilan birga universallashuv, to‛g‛rirog‛i, transprofessionallashuv, avvalambor, aynan bir sohani to‛liq o‛zlashtirib olishni taqozo etadi. Universal jurnalist bu muayyan bir sohani to‛liq egallagan mutaxassis ham demakdir. Aynan mana shu narsa bir-biriga yaqin bo‛lgan ixtisosliklarni tezlikda o‛zlashtirib olish imkonini beradi. Yuzaki yondashuv, barcha narsani shunchaki bajarish professional vazifani amalga oshirish uchun yetarli emas. Medialarning birlashuvi, yaʼni konvergensiya sharoitida jurnalist ijodi o‛zining ko‛p qirraligi, axborotni qisqa, faktlarga asoslangan holda, zamonaviy talablarga mos ravishda tezkor uzatishi bilan ajralib turadi. Raqamli texnologiyalar konvergensiyasi sharoitida media va axborot savodxonligiga ega bo‛lgan jurnalistlarning ijodiy faoliyati sifat bosqichiga ko‛tariladi. Shuningdek, universallashuv jarayoni jurnalistlarni quyidagilarni bajara olishlariga sharoit yaratdi:
• dolzarb, ijtimoiy axborotni yaratish;
• mavjud ijtimoiy jarayonlarni tankidiy jihatdan tahlil eta olish;
• medianing ijtimoiy jarayonlarga taʼsir etish ko‛lami va darajasini, unda axborotni namoyish etish shakllarini tushunish;
• ularning o‛zlarining faol fuqarolik pozitsiyasini namoyish etishda undan foydalanish va ijodiy jihatdan tushunish;
• har taraflama puxta va mustaqil qarorlar qabul qilish;
• atrof-muhit haqida yangi axborot olish;
• umumiylik hissiyotini shakllantirishga ko‛maklashish;
• jamiyat rivojining dolzarb masalalari bo‛yicha ommaviy debatlar va dialoglarni
taʼminlash va qo‛llab-qo‛vvatlash;
• hayoti davomida uzluksiz taʼlimni qo‛llab-quvvatlash;
• o‛z xavfsizligini taʼminlagan va ijtimoiy masʼuliyatni his qilgan holda
mediadan foydalanish;
• fuqarolik jamiyati va global axborot tarmog‛ini shakllanishi va rivojini qo‛llabquvvatlash.
Interaktiv multimedia vositalari bugungi axborot asrida ommaviy axborot vositalari tizimini o‘zgartirmoqda va uning yangi modellarini vujudga keltirmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash natijasida ommaviy kommunikattsiya vositalari deb nomlanib, ro‘y berayotgan texnologik jarayonlar uzatilayotgan axborot oqimining hudud, vaqt, hajm jihatdan chegaralanmasligiga olib kelmoqda. Natijada bugun an'anaviy axborot muhitidan farqli bo‘lgan global axborot bozori shakllanmoqda. Mazkur muhitning vujudga kelishi mobaynida bu yerda o‘ziga yarasha siyosat, iqtisod hamda ijtimoiy munosabatlar shakllanib, ular o‘z navbatida izchil va chuqur tadqiqod va alohida izlanishlarni talab etmoqda.

Shu sababdan yangi global axborot muhiti va uning tarkibiy qismlari, xususan Internet-nashrlari, reklama va on-line tartibda faoliyat yurituvchi axborot agentliklarini o‘rganish masalasi dolzarblik kasb etmoqda.
Milliy bozorimizda faoliyat yurita boshlagan dastlabki on-line nashrlardan biri bu – Uzreport.com Internet portalidir. Mazkur elektron nashrning bir necha jihatlari uni alohida o‘rganishga zamin yaratadi. Avvalo Uzreport.com - mamlakatimiz iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayoti haqida ma'lumot beruvchi, birinchi Internet sayti sanaladi. Ikkinchidan, u nafaqat davlatimizga tegishli axborotlar manbai, balki faoliyatida tashqi iqtisodiy siyosatga yo‘naltirilganlik vazifasi ham mavjud. Uchinchidan, ushbu nashr, yangi jurnalistikaning ko‘rinishi bo‘lmish, Internet yoki on-line jurnalistikani o‘z faoliyatiga asos qilib olgan, milliy nashr sanaladi.
Internetdan joy olgan media resurslarni tavsiflaganda, ularning bir-biridan farq qiluvchi bir necha jihati mavjudligini inobatga olish zarur. Ommaviy axborot vositalari veb muhitda o‘z sahifasini ochar ekan, unga bir necha funksiyani yuklashlari mumkin. Ba'zi ommaviy axborot vositalari Internetda an'anaviy nashrining elektron variantini joylashtirsa, ba'zilari tahririyat haqida ma'lumot beruvchi korporativ sahifani ochadi va u o‘ziga yarasha visit card vazifasini o‘taydi. Lekin, ayni davrda alohida e'tiborga to‘liq on-line rejimida faoliyat yurituvchi elektron resurslarga qaratilmoqda.
Nazarimda, avvalo har bir jurnalist o‘z yurti, Vatanini e’zozlash, qadriga yeta olish hissi bilan yashashi lozim. Keng va teran mushohadali, chuqur bilimli, o‘tkir nafas egasi bo‘lish istagi bizni sira tark etmasligi kerak, deb o‘ylayman. Nega? Chunki Vatan g‘ururi, Vatan mehri hissi bilan yonmasak, egallagan bilim doiramizni hamisha, har qadamda yangilab, boyitib bormasak, hayotimizda har jabhada, har onda bo‘layotgan o‘zgarishlar, islohotlarni qanday qilib anglab olishimiz mumkin? Emin-erkin hayotimizga rahna solishga urinayotgan har qanday kuchlarga o‘z aql-zakovatimiz bilan zarba bermasak, ona diyorimizni nechog‘li ardoqlab, sevib-suyganimiz, shu vatan farzandi ekanimizni izhor etib, g‘ururlanmasak, o‘zgalarga qay yo‘sinda yordam bera olamiz? Fikrimcha, bugungi kunda jurnalist oldidagi muhim vazifa u nafaqat tevarak-atrofidagi, balki chet ellardagi voqea-hodisalardan boxabar bo‘lishi lozim. Tili uzun, qalami o‘tkir, ma’naviyati boy bo‘lishi uchun esa tinimsiz izlanishi kerak. Ana shu faoliyat jurnalist bilimi, aqli bilan uyg‘unlashsa, u o‘quvchisi – xalqining ishonchini oqlay olsa, ana o‘shanda vatanparvar degan tushuncha ko‘ngilga osongina jo bo‘ladi.
Hozir jurnalist oldida turgan birlamchi vazifa o‘zining bilimi, dunyoqarashini tinimsiz kengaytirish, professional mahoratini, saviyasini muttasil oshirishdan iborat. Toki shu narsa bo‘lmas ekan, balandparvoz gaplar, dabdabali shior va da’vatlar bir pul. Bugun biz «axborot urushlari» davrida yashayapmiz. Nechog‘lik vahimali tuyulmasin, bu – ayni haqiqat. Jahon axborot maydoni zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari tufayli sarhadsiz, chegarasiz, yagona hudud bo‘lib qoldi.
Internet tarmog‘i orqali tarqalayotgan axborotlar, yer yuzining istalgan burchagidagi manzilga, xonadonga kirib bormoqda. Uning yo‘liga hech qanaqa to‘siq qo‘yib bo‘lmaydi. Ana shundan foydalangan ayrim siyosat arboblari buyuk davlatchilik iddaolarini yangi kuch, yangi to‘lqin bilan avj oldirmoqdalar. Davlatlarni, xalqlarni o‘z «ta’sir va manfaat doirasiga» kiritish uchun, oddiy qilib aytganda, qaramlikda, «axborot mustamlakasida» tutish maqsadida, jamoatchilik ongi, shuuri, fikrini o‘zlari istagan yo‘nalishda shakllantirishga urinmoqdalar. Aniqrog‘i, axborot maydonida hukmronlik uchun ayovsiz kurash bormoqda. Bu kurash davomida turli tomondan bo‘layotgan va muttasil bo‘lajak axborot xurujlariga dosh berish, munosib javob qaytarish uchun ham aql, yuksak saviya, yuqori darajadagi bilim, mahorat, hozirjavoblik, qat’iyat suv va havoday zarur. Shunga erishsak, ayni paytda rostgo‘ylik, mustahkam iymon, pok vijdonga asoslangan aniq fuqarolik pozitsiyasini egallasak, yuragimizda Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, milliy g‘urur va oriyat jo‘sh ursa, chindan ham hech qachon, hech kimga qaram ham, hech kimdan kam ham bo‘lmaymiz.
Jurnalist oldidagi mas’uliyat, vazifa ham, agar u biror bir mamlakatga, jamiyatga mansub yoki kengroq olsak o‘z vataniga ega bo‘lsa, unda yashayotgan insonlar maqsad-muddaolari bilan mushtarak keladi. Uning kasbi nuqtai nazaridan amalga oshiradigan har bir ishi yurtining ertaga bugundan ko‘ra go‘zal, to‘kis va mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi. Qachonki, jurnalist bu yo‘ldan og‘sa, maydalashib ketadi, o‘z tayanch nuqtasini yo‘qotadi. Muallaq holatdagi narsa esa faqatgina xohish-irodasiz, tashqi ta’sir izmida harakatlanadi.
Mustaqillik davrida qo‘lga kiritilgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy yutuqlarimiz salmog‘i asrlarga teng. Mening nazarimda, ana shu yutuqlarga yo‘l ochgan Istiqlol g‘oyalarini xalq ongiga singdirish eng muhim vazifadir. Bu ulug‘vor vazifani bajarilishi jurnalistdan analitik bilim, mahorat va iste’dod talab qiladi, jurnalistni Haq va Haqiqat tomonida bo‘lishini taqozo etadi. Haqiqat esa, Istiqloldan oziqlanadi. Yuragi pok, ya’ni qalbi haq tomondagi jurnalist istiqloldan ilhom oladi, hamisha haqiqatni yozadi, xalq bilan birga, Vatan ardog‘ida bo‘ladi. Hech vaqt birovlarning musiqasiga ham o‘ynamaydi, sotilmaydi. Hamkasblarimizdan biri aytganidek, bugungi dunyoni yadro jamodonidagi tugmachani bosish bilan emas, balki radio mikrofoni tugmachasini bosish bilan o‘zgartirib yuborish mumkin. Shu sababli ham, o‘zbek jurnalistlari oldida to‘g‘ri so‘zni, haqiqatni yetkazishdek muhim vazifa turibdi.
Matbuot sahifalarida o‘qigan edim, «Ulkan iste’dodlar ko‘pincha bir-biriga do‘st emas, raqib bo‘ladilar». Men o‘zini iste’dodli deb bilgan jurnalistlar bir-biriga raqib bo‘lishini xohlayman. Hozir jurnalistlarning bir gazetadan ikkinchisiga o‘tib ketishi odatiy holga aylandi. Aslida esa jurnalistning boshqa jamoaga o‘tib ketishi katta sensatsiya bo‘lishi kerak.
Jurnalist xolis, jasoratli va doimo bedor bo‘lishi, faqat haqiqat tomonda turishi kerak. Eskicha ish uslublaridan voz kechadigan vaqt keldi. Eng katta kamchiligimiz yangiliklarning muhimini nomuhimidan ajrata olish malakasi shakllanmaganidir Jurnalist ro‘y berayotgan voqea va hodisalarga xolis yondashishi, ulardan o‘z manfaat yoki ayrim guruhlar foydasi uchun mos keladigan nuqtalarni izlamasligi kerak. Aslida xolislik jurnalistikaning asosiy qonunlaridan biri sanaladi. Afsuski, bugunga kelib, jurnalist uchun suv va havodek zarur bo‘lgan ushbu xususiyat ba’zi hamkasblarimizda yetishmayapti. Jurnalist uchun xolislikning naqadar katta ahamiyatga ega ekanligi tajribadan ma’lum. Uzoqqa bormaylik, Andijon voqealarida jurnalistning noxolisligi qanday holatlarni keltirib chiqarishi ro‘y-rost ko‘rindi. Qolaversa, u o‘z fikri va so‘ziga ega bo‘lishi kerak. Ijodkor uchun birovlar manfaati yo‘lida qaram, birovlar qo‘lida qurol bo‘lishdan ko‘ra ayanchliroq holat bo‘lmasa kerak.
Bugungi shiddatli davr axborot sohasi oldiga ham yangi “xatar”larni qo‘ymoqda. Xo‘sh, ularga qanday qarshi turmoq kerak?
Buni yaqinda tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida o‘rgatishadi.
...Bundan to‘rt yil ilgari mart oyida AQSHning Los-Anjeles shahri aholisini unchalik kuchli bo‘lmagan yer silkinishi uyg‘otib yubordi.
Bir necha daqiqa o‘tar-o‘tmas, “Los Angeles Times” nashrining saytida shunday xabar paydo bo‘ldi: “AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni ertalab Kaliforniya shtatida, Uestvuddan besh milya masofada 4,7 magnitudali zilzila kuzatildi. Zilzila Tinch okeani vaqti bilan soat 6.25 da sodir bo‘ldi...” Va yana bir necha shunga o‘xshash jumlalar. Bir qarashda, oddiy xabarga o‘xshaydi. Boshqalardan farqi va yangiligi esa — uni robot yozganligida.
Muallifning ismi “Quill”, ya’ni maqola yozishning texnologik tizimi. Uning ko‘plab “hamkasblari” turli qit’alarda uchraydi. Misol uchun, Pekin universitetida “Xiao Nan” dasturini ishlab chiqishdi. U bir soniyada Yangi yil kuni ko‘chalarda yuz bergan tirbandlik haqida xabar yozib berdi. Janubiy Koreyaning “Yonhap” axborot agentligi negizida yana shunday kompyuter tizimi ishlaydiki, Angliyadagi Premyer-liga o‘yinlari to‘g‘risida yangiliklar o‘sha zahotiyoq paydo bo‘ladi. Maxsus dasturlar “Forbes” uchun matnlar tuzyapti, “Yandeks” axborot agentligida ham yangiliklarni endi robotlar yozadi.
Xo‘sh, bunday holat yaqin orada tahririyatlardagi kompyuterlar bo‘shab qolishi va gazeta-jurnallar sahifalarini, saytlarning axborot lentasini algoritmlar tayyorlagan materiallar to‘ldirishini anglatadimi? Bu savolga ekspertlar “yo‘q” deya javob berishmoqda.
Axir mikrosxema hamda simlardan yasalgan “jurnalistlar” jonli insonlardan afzal bo‘lishi mumkinmi? Faqat ish “qolip” usulida olib borilgan joydagina “sun’iy aql” bir necha soniyadayoq benuqson hisobotni tayyorlab berar balki. Ammo o‘sha matnga jon kirgiza oladimi? Hech qachon. Chunki uning o‘zida yo‘q-da.
Odamning “sun’iy aql”dan ustunligi shubhasiz. Masalan, jurnalist yozgan matn tushunarli va qiziq. Robotlar hech qachon intervyu olishni o‘rganmasa kerak. Ular mavzuni rivojlantiradigan savollarni topa olmaydi yoki kinoyani tushunmaydi-ku. Mutaxassislar fikricha, ajoyib maqola hamda reportajni yozish uchun yumor, kinoya bilan birga, ijtimoiy temperament, his-tuyg‘ular ham talab etiladi.
Oksfordlik tadqiqotchilar qaysi kasblarda robotlar kelajakda inson o‘rnini bosishi bo‘yicha ro‘yxat tuzib chiqishdi. Ro‘yxatga kirgan 366 ta kasb orasida jurnalistika 285-o‘rinni egalladi. Demak, bu musobaqada yutqazish xavfi 11 foizni tashkil qilar ekan. Ha, jurnalistlar kelgusida o‘z ishini yo‘qotib qo‘ymaydi. Shunga qaramay, kasbimizda katta o‘zgarishlar ro‘y beryapti. Tomoshabin va gazetxonning e’tiborini qozonish uchun endi nafaqat o‘zaro, balki “sun’iy aql” bilan ham raqobat qilishga to‘g‘ri keladi.
Iqtidorli jurnalist faqat gazeta yoki sayt uchun sifatli matn tuzib bera olish qobiliyati bilan cheklanmaydi. U o‘quvchisini o‘z ortidan ergashtirishga, har bir navbatdagi maqolasini kutishga majbur qilishga qodir. Ana shunday mahoratli, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan xodim axborot siyosatini to‘g‘ri anglaydi, shakllantiradi hamda ro‘y bergan voqea-hodisaning o‘zidan ham muhimroq jihatlarga, turlicha fikr va qarashlarga ahamiyat beradi. Shu kabi yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj har doim bo‘lgan va bo‘ladi. Ayni vaqtgacha bu juda o‘tkir muammo bo‘lib keldi. Amaldagi tizim jurnalist diplomi bo‘lgan yigit-qizlarni yetishtirar, afsuski, ularni ushbu nomga munosib, deyish qiyin edi. Soha bitiruvchilari tahririyatlarga ishga joylashar, ammo ularda ilmiy baza mavjudligiga qaramay, amalda maqola o‘zi qanday yoziladi — buni faqat nazariy jihatdan tasavvur etishardi, xolos. Shunday qilib, katta qiyinchiliklarga duch kelinardi. Yozishni “noldan boshlab” o‘rganishga majbur edilar. Negaki, to‘rt yillik tahsil davomida ularga darslik asosida mashg‘ulotlarni o‘tgan nazariyotchilarning o‘zlari ham ommaviy axborot vositasida deyarli ishlamaganlar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda ilm-fan hamda ijod sohasi vakillarini murabbiylik an’analarini davom ettirgan holda, yosh avlodga tajriba, mahorat sirlarini o‘rgatishga chaqirdi. Ko‘pgina tashkilot va muassasalar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar. Bizning tahririyatda ham jurnalistik mahorat maktabi tashkil qilindi. Amaliyotchi muharrir hamda muxbirlarimiz, soha mutaxassislari olib borgan mashg‘ulotlarda mavjud kamchiliklar ko‘zga yaqqol tashlandi. Ulardan eng kattasi, yuqorida aytilganidek, amaliyotdan yiroqlik ekani ma’lum bo‘ldi. Bo‘lajak jurnalistlarning ko‘pchiligi ikki-uch yil o‘qigandan keyingina tahririyatni endi birinchi marta ko‘rib turardi. Mahorat maktabini tahririyat bo‘ylab ekskursiyadan, oddiygina narsalarni, deylik, gazeta qanday tayyorlanishini ko‘rsatishdan boshlash... Bunday holatda robotlar ustidan g‘alabaga yo‘l bo‘lsin...
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilishi to‘g‘risida 24 may kuni imzolangan Prezident qarori yuzasidan hamkasblar bilan fikr almashganimizda, uning naqadar dolzarbligi ta’kidlandi. Yaqinda teleko‘rsatuvlardan birida “jurnalistni oyoqlari boqadi” degan ibora quloqqa chalingan edi. Haqiqatan ham, ilgari ayrim kishilar shunday tasavvurda edi. Endi bu ibora o‘zgaradi: jurnalistni keng bilim, zukkolik hamda iste’dod boqishiga shubha yo‘q.
Yangi ochilgan oliy ta’lim muassasasi aynan ana shunday mutaxassislarni yetishtiradi. Malakali jurnalistlar ilg‘or texnologiya va uslubiyotdan foydalangan, nazariy hamda amaliy faoliyatga jalb etilgan holda, xorijiy tajriba asosida o‘qitiladi. Qarorda ko‘rsatilganidek, ular bir nechta xorijiy tillarni egallashadi.
Universitet talabasiga aylanish nasib qiladigan yoshlar uchun ibrat bo‘lishga arzigulik ajdodlarimiz bor. O‘z ismi bilan Is’hoqxon Ibrat — milliy tiklanish davrining mashhur arbobi bo‘lgan. Qator chet tillarni o‘rgangan, turli fanlarda yutuqqa erishgan, dunyoni ko‘rgan va ilm ziyosini taratgan. Shu maqsadda ilk matbaachilardan biri sifatida Orenburg shahridan litografik mashina xarid qilib, uni Qo‘qongacha poyezdda, so‘ng To‘raqo‘rg‘ongacha tuyalarga ortgan holda olib kelgan hamda bosmaxona tashkil etgan. U yerda kitob va risolalar, gazetalar chop qilingan. Ma’rifatparvar bobomiz o‘zidan bebaho meros qoldirgan. Qani edi, shu yo‘lni davom ettirish har kimga ham nasib qilsa.
“Is’hoqiya bosmaxonasi”da birinchi bosma amalga oshganidan beri 110 yil o‘tdi. Ayni kunlarda — 2018 yili O‘zbekistonda gazetalar soni bir necha yuztadan, televideniye hamda internet foydalanuvchilari soni esa bir necha o‘n million nafardan oshib ketdi. Keyingi paytda miqdor o‘zgarishlaridan sifat o‘zgarishlariga ham o‘tildi. Ommaviy axborot vositalari bugun tiklanish bosqichida.
Jurnalistlar o‘zini ancha erkin his qilyapti. Tanqidiy materiallarning ko‘paygani ham bundan dalolat beradi. Axborot monopoliyasidan voz kechish sezildi. Turli tadbirlar munosabati bilan tuziladigan jurnalistlar guruhida taniqli hamkasblarimiz bilan birga, nodavlat OAV vakillarini ham ko‘ryapmiz.
So‘z erkinligiga yo‘l ochuvchi huquqiy tizim shakllandi va rivojlanmoqda. Fikrlar xilmaxilligi 1500 dan ortiq ommaviy axborot vositalari faoliyatida namoyon bo‘lmoqda. Ular jamiyatning turli qatlamlari nuqtai nazarini aks ettiruvchi maydonga aylandi. Media-tashkilotlar uchun teng sharoitlar yaratildi. Va nihoyat, endi yangi oliy o‘quv yurtining tashkil qilinishi bilan jurnalistlarni kasbiy jihatdan tayyorlash imkoniyati ham kengaydi. Aytish joizki, YUNЕSKOning tegishli tuzilmasi tomonidan ishlab chiqilgan OAV rivojining mazkur ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakatimizga beriladigan baholar yomon emas.
Ijodiy faoliyat yuritishga katta imkoniyatlar berildi. Biroq kelgusida hal etilishi kerak bo‘lgan o‘ta muhim va dolzarb vazifalar ham kun tartibiga chiqdi. Ularni, albatta, yangi universitetda tahsil oladigan yoshlar bajarishadi.
Bu vazifalarning eng birinchisi — yolg‘on, asossiz yangiliklar media-makonga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bugungi sharoitda OAVga bo‘lgan ishonchni qaytarish. Mazkur muammoni muhokama qilishga bag‘ishlangan alohida anjumanlar o‘tkazilmoqda. Masalan, yaqinda ana shunday tadbirlarning birida yaponiyalik media-mutaxassislar ta’kidlashicha, “yangi OAV” deb ataluvchi tarmoqlarda ishonchsiz ma’lumotlar ko‘payib ketganligi sababli ko‘pchilik o‘quvchilar ularga shubha bilan qaray boshlashdi. Kunchiqar mamlakatda keyingi o‘n yil ichida bunday nashrlarning nufuzi pasaydi. Agar ilgari ularga auditoriyaning 60 foizi ishongan bo‘lsa, endi 50 foizdan ham kamaygan. Aksincha, an’anaviy OAVga bo‘lgan ishonch ko‘rsatkichi 70 foizdan ortgan.
Albatta, so‘z media-subyektlarning turiga qarab qat’iy ajratish haqida borayotgani yo‘q. Gazeta-jurnallar ham “O‘rgimchak to‘ri” va ijtimoiy tarmoqlardan mohirona foydalanib, o‘z auditoriyasini kengaytirishi mumkin. An’anaviy ommaviy axborot vositalari esa, mumtoz jurnalistika tavsiya etganidek, faktlarni sinchiklab tekshirgan holda taqdim qilish orqali internetda sifatli media-mahsulot hajmini ko‘paytirishga hissa qo‘sha oladilar.
To‘plangan tajriba bilan bir qatorda, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining bitiruvchilari kelajakda zamonaviy iste’molchining didiga mos media-kontentni yarata oladilar.
Axborot ummoni shu qadar ulkanki, unda cho‘kish hech gap emas. Shu bois an’anaviy OAV zimmasiga nafaqat birinchi bo‘lib xabar berish, balki o‘quvchini o‘ylantiradigan, ro‘y bergan voqeaning sabab hamda oqibatlari haqida mulohaza yuritishga undaydigan, tom ma’noda jurnalistik materiallarni taqdim etishdek mas’uliyatli vazifa yuklandi. Bir tomondan, shuning uchun ham mutaxassislar jurnalistikada avtomatlashtirish jarayoniga tabiiy hodisa, deb qaramoqdalar. Rossiyalik tadqiqotchilar fikricha, kelgusida robotlarga ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash vazifasini topshirish mumkin. Bu muharrirlar hamda muxbirlar uchun yaxshi, chunki eksklyuziv maqola va reportajlarni tayyorlashga vaqtlari bemalol bo‘ladi.
Albatta, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallash muhim ahamiyatga ega. Yangi universitet talabalari, ishonamizki, bu sohada chuqur bilim olishadi. Robotlarni “qo‘lga olib”, ularning “sun’iy aqli” bilan bir musht bo‘lib ishlashga majbur eta olsak, ham ommaviy axborot vositalari, ham axborot oluvchilar uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.

Download 1.1 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling