Tajriba mashg‘uloti
1-ish. BaCl2 ∙ 2H2O tarkibidagi kristallangan suv miqdorini aniqlash
Kerakli asbob-uskuna va moddalar: texnik tarozi va tarozi toshlari; analitik tarozi va tarozi toshlari; analitik toza BaCl2 ∙ 2H2O; byuks; qisqich; quritish shkafi; eksikator; termometr.
Tortma analizning haydash usulidan foydalanib, kristallogidratlar tarkibidagi kristallangan suv miqdori aniqlanadi.
Ishni bajarish tartibi: diametri 3-4 sm bo‘lgan byuks oling, shlifli qismiga oddiy qalam bilan nomeringizni qo‘ying, yaxshilab yuving, distillangan suv bilan chayqab, quritish shkafida qopqog‘ini yopmasdan qirrasi bilan qo‘yib, 115— 125° С haroratda quriting. 45—60 minut o‘tgach byuksni eksikatorga qo‘ying, sovigandan so‘ng texnik tarozida, keyin analitik tarozida torting. Shundan keyin byuksga toza BaCl2 ∙ 2H2O dan 1,5-2 g atrofida soling, oldin texnik tarozida, keyin analitik tarozida torting. Byuks va byuksning modda bilan birgalikdagi massasini laboratoriya jurnalingizga yozib qo‘ying.
Byuks qopqog‘ini qirrasi bilan qo‘ying va 1,5—2 soatga 120 – 125 0C gacha qizdirilgan quritish shkafiga qo‘ying. Ko‘rsatilgan vaqt o‘tgandan so‘ng byuksni eksikatorda soviting va yana tarozida torting. Quritish va tortish ishlari byuksning ichidagi modda bilan birgalikdagi massasi o‘zgarmay qolguncha (ikkinchi tortish birinchisidan ko‘pi bilan 0,0002 g farq qilishi kerak) quritish va tortishni davom ettiring.
Olingan natijalardan foydalanib, BaCl2∙2H2O dagi kristallangan suvning miqdorini hisoblashni quyidagi jadval ko‘rinishida rasmiylashtiring.
20-jadval
BaCl2∙2H2O tarkibidagi kristalizatsiya suvining miqdorini aniqlash
Do'stlaringiz bilan baham: |