Kirish Asosiy qism: Esse janriga oid ilmiy- nazariy qarashlar tahlili


Esse ­­­– inson qalbiga yo’l (Abdusaid Ko’chimov esselari misolida)


Download 39.13 Kb.
bet6/6
Sana21.02.2023
Hajmi39.13 Kb.
#1219158
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
Dilafruz adabiyotshunoslik

Esse ­­­– inson qalbiga yo’l (Abdusaid Ko’chimov esselari misolida)
Taniqli yozuvchi Abdusaid Koʻchimovning “Safar” essesini oʻqib, “Yozuvchining asarida uning ichki dunyosi, boshqa hech kimnikiga oʻxshamaydigan “men”i aniq koʻrinib turishi kerak”, degan ustozlar fikri xayolimga keldi.
“Bahor” toʻplamiga kiritilgan ushbu essening mavzusi oddiy: bir guruh ijodkorlar Qoraqalpogʻistonning Mangʻit tumaniga safar qilishadi, kuzning yengil izgʻirinida olov yoqib, choʻpon-choʻliqlar, baliqchilar bilan koʻl boʻyida, daryo qirgʻogʻida dilkash suhbatlar qurishadi. Hazil-mutoyiba avjiga chiqadi. Muhimi bu emas, bahs-munozara, begʻaraz tortishuvlar, gap kelganda otangni ham ayama deganday, bir-birlarini “ezib” qoʻyishlar rasmiy uchrashuvlar chogʻidan koʻra, koʻproq sayohatchilar oʻzlari qolib, gapning indallosiga oʻtishganida sodir boʻladi. Gurungni oʻzlari qizitishadi. Choʻlning yoqimli havosi, suvning mavjlanib, orolanib oqishi, qushlarning chugʻuri, jiyda daraxtlarining yoqimli epkini shaharda ancha dimiqib qolgan mehmonlarning dil qulflarini ochib, favqulodda “sayratib” yuboradi, koʻngil tubiga choʻkib yotgan qayroqi, tishli-tirnoqli, goh ehtirosli fikrlar yuzaga qalqib-boʻrtib chiqadi.
Esse muallifi bu holatlarning har lahzasini, suhbatlar chogʻi aytilgan aytim, ibora, qochirma-yu uchirmani butab-taramay, silliqlamay, gʻadir-buduri bilan qogʻozga tushirgan. Shu bois, “Safar”ni mutolaa qilgan kishi beixtiyor sayohatchilar safiga qoʻshilib ketganini, bahs ichida yurganini bilmay qoladi. Koʻnglida oʻzini koʻl boʻyida chordana qurib, gapni gapga, maqolni matalga, olis moziyni bugunga, kelajakka ulayotgan safardoshlar safida koʻrish istagi uygʻonadi.
Esse – publitsistikaning taʼsirchan janrlaridan biri. Shu maʼnoda u jurnalistika va badiiy adabiyotning oʻrtasida turadi, birini ikkinchisiga bogʻlaydi, fikrni charxlab, yozilajak yangi asarlarga xamirturushlik qiladi. Romanlari, qissalari bilan jahonga tanilgan adiblar kutilmaganda publitsistik asarlar yozgani va, aksincha, suyagi jurnalistikada qotganlar vaqti kelib, badiiy asarlar ijod qilgani sababi shunda. Olimlar soʻnggi yuz yillikda inson ruhiy-ijtimoiy olamini tadqiq etish bilan bogʻliq yangi “uygʻonish” faslining yuzaga kelishida esse oʻziga xos rol oʻynaganini, XXI asr boʻsagʻasiga kelib, “mediaborliq essechilik dardiga chalinganini”, bu janr olam va odamni anglashning gʻoyat samarali vositasi ekanini taʼkidlashadi.
Chindan ham, qator mashhur esselarda, masalan, Onore de Balzakning XIX asr fransuz yozuvchilariga maktubi, Jon Golsuorsining “Adabiyot va hayot”, Lev Tolstoyning “Jim turolmayman”, “Iqrornoma”, Yuxan Borgenning “Yozuvchi boʻlmoq nima degani?”, Gogolning “Al Maʼmun”, Yan Parandovskiyning “Soʻz kimyosi”, Fitratning “Sharq siyosati”, Ismoilbek Gʻaspiralining “Ovrupo madaniyatiga betarafona bir nazar” asarlarida taraqqiyotning beqiyos shiddati bois, odamlar ong-shuurida yuz berayotgan oʻzgarishlar, voqea-hodisalar mohiyatini toʻgʻri anglash, tarixiy adolatni yuzaga chiqarish bilan bogʻliq muammolar gʻoyat taʼsirchan, ayni chogʻda badiiy nazokat bilan talqin etilganini koʻrish mumkin.
Publitsistik asarda, xususan, esseda muallif badiiy talqin va ifoda usullaridan unumli foydalanadi: ijodkorning obrazli mushohadasi, hissiy, emotsional tuygʻulari, ijtimoiy-estetik qarashlari, konkret voqelikka nisbatan ijobiy yoki tanqidiy munosabati bu janrda oʻzining tiniq ifodasini topadi. Chinakam publitsistik asar oʻquvchini fikrlashga, ijtimoiy faollikka, bahs-munozaraga daʼvat etadi, muallifning ichki “men”i yana-da jurʼat kasb etadi.
“Sayohat”da shu xususiyatlar bormi? Bor, albatta. Esse voqeligi bir qarashda joʻngina, odmigina voqea: taniqli adabiyotshunos olim Pirmat Shermuhamedov doʻstlari bilan oʻzi tugʻilib oʻsgan qadrdon yurtiga keladi, “piligi baland” mehmondorchilik, hayajonli uchrashuvlar, sheʼrxonlik boshlanadi. Buning nimasi yangilik? Yangiligi shundaki, “Oʻynab gapirsang ham, oʻylab gapir” deganlariday, sayohatchilar, garchi gapni hazil-huzuldan, qochirim-uchirimdan, shaharda timirskilanib yuravermay, shunaqa havo almashtirib turishning zarurligidan boshlashsa-da, tez jiddiylashib ketishadi. Millat, maʼnaviyat, tarix, taʼlim-tarbiya, ajdodlar merosi, ijodkorning burchi, soʻz masʼuliyati, ilmiy pokizalik kabi mavzularda ayovsiz bahs boshlanadi. Bahs shiddat oladi, sayohat, mehmondorchilik ikki-uch qavat parda ostida qolib ketadi.
Muallif esseni qogʻozga tushirar ekan, kengfeʼllik yoʻlidan boradi. Safardoshlarining fikr-mulohazalarini, aytgan-deganlarini, havaskor ovchilar sifatida oʻqni qayoqqa qarab otishganigacha toʻla, haroratini sovutmay, zavqini pasaytirmay keltiradi. Bu usul ortiqcha mufassalikka oʻxshab ketsa-da, oʻzini oqlaydi, oʻquvchi har fikr, har izoh yoki eʼtirozdan oʻziga yarasha saboq oladi.
Bir davrada bugungi adabiy tanqidning gʻoyat sustkashligi, kelishuvchanligi haqida soʻz ketayotgan edi. Faol tanqidchilarimizdan biri, bor gapni borligicha aytishga oʻzida jurʼat topayotgan Yoʻldosh Solijonov davramiz oqsoqoli edi. Davradoshlardan biri u kishini “Fargʻonaning maʼnaviy ovozi” degandi, mening tilim qichib, “akamiz nainki Fargʻonaning, bugungi oʻzbek adabiy tanqidining ham ovozi” deb yuboribman. Kulgi koʻtarildi. Men u kishining ovozi biroz xastalanib qolganiga ishora qilgandim.
Yoʻldosh aka xafa boʻlmadi, bir oʻzim eshitadigan qilib, asta: “Olasizda-a” dedi-qoʻydi. Soʻng: “Har holda, kimdir vaqti-vaqti bilan boʻlsa-da, shunaqa “olib” turishi ham kerak”, deya bahsga yakun yasadi.
Esseni oʻqir ekansiz, safardoshlar choʻl bagʻriga yurish qilishganida, dam olish, tabiat moʻjizalaridan zavqlanishdan koʻra bugungi adabiyot, sheʼriyat, tanqidchilik, ijodkor masʼuliyati haqida bahslashib yuraklarini bi-ir yozib olishni niyat qilishganday tuyuladi. Bir gapdan boshlangan suhbat koʻp oʻtmay, Amudaryodek qirgʻoqlarni yuvib, oʻyib, oʻzanini oʻzgartirib yuboradigan darajada jiddiylashadi, bir-birlariga yovqarash qiladilar, ayab oʻtirmaydilar, ammo muhim, taʼsirchan soʻzlarni, chin haqiqatlarni aytadilar.
Pirmat aka vazmin mulohaza yuritadi, safardoshlariga Sadriddin Ayniyning, yozuvchi asarlarida “aft-angori” koʻrinib turishi kerak, degan fikrini eslatadi. Abdulla Qodiriyning “asar yozuvchining oʻzigagina tushunarli, boshqalarga esa tushunarsiz boʻlishi katta ayb”, degan fikrini keltirib, “Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Boburlar oʻz zamonida qanday sevib oʻqilgan boʻlsa, hozir ham shunday! Demak, asar jumboqqa aylanib ketmasligi kerak”, deydi.
Muhammad Ali bugungi yoshlar sheʼriyati yutuq-kamchiliklaridan bahs ochadi: “Bir kuni yosh yigit bir daftar sheʼrini oʻqib koʻring, deb menga berdi. Oʻqisam, hammasida nuqul “Oʻlolmayapman, dunyo koʻzimga tor koʻrinyapti”, degan yigʻi-sigʻi. Bu – moda, kasallik. “Oʻlayapman, oʻlimni yaxshi koʻraman”, degan shoir goʻyoki beqiyos talant egasi, oʻzini adabiyotga fido qiluvchi qalamkash. Shundaylarni maqtab, yoʻldan adashtiradigan tanqidchilarimiz ham bor. Kulgili emasmi”, deydi.
Qozoqboy Yoʻldosh bahsga kirishadi: “E, adabiyot – bir tirik vujud. Kamol topishi uchun uning formalari, uslublari oʻzgarib turmogʻi, koʻhnalari oʻlib, yangilari paydo boʻlmogʻi tabiiy hol”. Muhammad Ali bu fikrga qoʻshilgan holda, unga muhim “tuzatish” kiritadi: “Forma aybni yashirmasligi kerak, birodar”. Qozoqboy qoʻlidagi chalachoʻpni yonayotgan kundaga urib, kutilmaganda Adhambek Alimbekovga tashlanib qoladi: “Siz nima uchun oʻtirishi tulkiday, oʻt jiyishi jilqiday boʻlib yalpayib oʻtiribsiz? Toʻqmoqday oʻshakchi edingiz, doʻppiga toʻrt kun, telpakka toʻqqiz kun gapiradigan chechanligingiz bor edi, xaltangizni ochib, taqimlashmaysizmi?”.
Adhambek boʻsh keladigan anoyilardan emas, Qozoqboyga javob qaytarish oʻrniga kutilmaganda oʻrtaga savol tashlaydi: “Qani, aytinglarchi, ilhom parisining ramzi boʻlmish qanotli farishta kimdan qolgan?”.
Hech kimdan sado chiqmaydi. Adhambek gʻolibona iljayib, psixologik zarbani davom ettiradi: “Bilmaysiz, shoirman, olimman deysiz-u, xabaringiz yoʻq. Zardushtlardan! Begʻubor farishtalar singari yuksak maʼnaviyat bilan yoʻgʻrilgan bu noyob asarda ozodlik va olijanoblik kabi insoniy kechinmalar qoyillatib berilgan. Shuning uchun ham qanotli farishta obrazi bora-bora Sharq poeziyasida soflik, muhabbat, goʻzallik va ilhom timsoliga aylanib ketgan. Xoʻsh, zardushtlar vaqtni qanday aniqlashgan? – yana davraga savol tashlaydi Alimbekov. – Buni ham bilmaysiz. “Avesto”ni oʻqish kerak, “Avesto”ni. Unda aytiladiki, xoʻrozning birinchi qichqirigʻidan keyin otashxona xizmatchilari, ikkinchi qichqirigʻidan keyin qoʻshchilar, uchinchisidan keyin boshqa odamlar uygʻonadi…”.
Bu gapdan keyin bahs hovuri yonib boʻlayozgan gulxanday biroz bosiladi.
Poytaxtlik mehmonlarga hamrohlik qilgan Nukus universiteti oʻqituvchisi, yozuvchi Fayzulla Salayev bahsga qoʻshiladi: “Makedonskiy yurtimizga bostirib kelgan kezlari Xorazm davlatining hududlari Volga va Oʻrol boʻylaridan tortib, Dnepr va Qora dengiz qirgʻoqlarigacha choʻzilgan edi. Bu yerlarda qipchoqlar, mojorlar, xazarlar, oʻgʻizlar, pecheneglar kabi turkiy qavmlar yashar edi. Kiyev Rusi endi yuzaga kelgan paytda Xorazm davlatining qudrati beqiyos boʻlgan. Bu vaqtlarda hatto knyaz Vladimir Svyatoslavich islom dinini qabul qilish niyatida oʻzining toʻrt kishilik vakilini Xorazmga joʻnatgan. Rus elchilarini hurmat bilan kutib olgan Xorazmshoh javob tariqasida mashhur imomlardan birini Rus davlatiga yuborgan, shu voqea sabab, ayrim ruslar oʻsha yillari islom diniga kirishgan…”.
Bahs qizigandan qiziydi, Pirmat aka joʻshib boradi: “Bundan bir necha ming yillar avval Amudaryo Uzboy orqali oʻtib, Kaspiy dengiziga quyilgan. Keyinchalik daryo oʻz yoʻlini gʻarb tomonga burgan va, natijada, Orol dengizi hosil boʻlgan. Serunum togʻ jinslari – mineral oʻgʻitlar choʻkib-oʻrnashib qolganidan boʻlsa kerak, tumanimiz yerlari serhosil”.
Esseni oʻqir ekansiz, Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot, Shohtemir kabi shaharlar, daryo va koʻllar, tepaliklarning noyob tarixi, “Yedige”, “Kublon”, “Qirq qiz”, “Shahriyor”, “Masposhsho”, “Sayotxon va Hamro”, “Yusuf Ahmad”, “Qirq minglar”, “Xirmon dali” kabi mashhur xalq dostonlariga doir qiziqarli maʼlumotlar bilan tanishasiz. Bu noyob asarlarni oʻz vaqtida qoyillatib aytib yurgan Osovbiy ovulilik Ahmad baxshi esa shoir va tarjimon Muzaffar Ahmadning bobosi boʻlib chiqadi. Japaq baxshi, Bekjon bola, Xoʻjamurod baxshi, Xudoybergan baxshi, Yoʻldosh baxshi, Yusuf masxaraboz, Toʻraboy dorboz, Karim dorboz haqidagi hikoyatlar. Tabiat manzaralari. Birgina choʻl jiydaning taʼrifiga eʼtibor bering: “Jiyda shoʻrni shimadi, ichketarga, qorin, tomoq ogʻrigʻiga davo, guli tana salqishini yoʻqotadi, gijjani haydaydi, bronxit, qulunj, yurak xastaliklarida, bodning oldini olishda, jarohatlarning bitishida unga teng keladigani yoʻq. Mevasi nonga qoʻshilsa, shoʻrvaga solinsa, taomning xushxoʻrligi oshadi, ildizida azot koʻp, sharobi zoʻr boʻladi. Jiyda isteʼmol qilib yuradigan bolaning boʻyi tez oʻsadi, kamqonlikni davolaydi, qazgʻoqni ketkizadi. Jiydadan yelim tayyorlansa, yopishgan narsasini oʻlsa ham qoʻyvormaydi. Yogʻochi temirday mustahkam, jiyda gulining asali jonning rohati…”.
Esseda maqolu matal, oʻxshatishu sifatlash, orttirishu boʻrttirishlar shu qadar koʻpki, jamlansa, chogʻroq ilmiy tadqiqotga bemalol yetadi: “Moʻrining achchigʻini tutun biladi”, “Mehmon kelsa et pishar, et pishmasa bet pishar”, “Qoraqalpoq – toʻgʻri toʻqmoq”, “Toshbaqa tuxumiga mahliyo boʻlganday”, “Uyning issiq-sovugʻi qish tushganda bilinar, doʻst-dushmanning kimligi ish tushganda bilinar”, “Shishani toshga urasanmi yo toshni shishaga urasanmi, baribir”, “Sher qutursa oyga sapchir”, “Chumolining ajali yetsa qanot chiqaradi”, “Echkifahm odam”, “Toʻqmoqday boboy”, “Shaharlik soyaki”, “Changal ham joyida gurillaydi”, “Ahmoqlik ayb emas, ahmoqligicha oʻlib ketish yomon”, “Itdan yorugʻlik, bitdan chorugʻlik chiqmaydi”, “Miltiq koʻtargan bilan ovchi boʻlmas, dagʻdagʻa solgan bilan dovchi boʻlmas”, “Etik yechma otim yoʻq deb, tomdan kechma shotim yoʻq deb”, “Tuhmat tosh yoradi, tosh yormasa bosh yoradi”, “Tomdan tarasha tushdi, boʻynimga yarasha tushdi”, “Turqi buzuqdan xulqi buzuq yomon”, “Singan qoʻlning ogʻirligi boʻyinga tushadi”, “Tirsak yaqin boʻlgani bilan tishlab boʻlmaydi”, “Tovus tanasiga qarab yayraydi, oyogʻiga qarab yigʻlaydi”, “Toyni toy qilguncha, egasi it boʻladi”, “Tandirning isi ham qashshoqqa non”, “Sigir suv ichganda buzoq muz yalaydi”, “Kuya talagan telpakday”, “Xom qolip gap”, “Yollangan goʻyandaday”, “Ham oʻt yoqadi, ham suv sepadi”, “Gapi durust, ammo yaxshilab qaynatsangiz, yarmi koʻpikka chiqib ketadi”.
Abdusaid Koʻchimov qalamiga mansub esselarda xalqning jonli, jozibali tili oʻzining bor nafosati, maftunkor nazokati bilan koʻrinib, qoʻr tashlab turadi. Badiiy asarlarda tobora kamyob boʻlib borayotgan soʻz va iboralar shodasi oʻquvchini oʻziga rom aylaydi. Muallif esse qahramonlarining xarakterini ochishda, Shukur Xolmirzayev kabi bir qarashda joʻn, ammo gʻoyat samarali yoʻldan boradi, har kimning xarakteri sopini oʻzidan chiqaradi. Ishonchli, munozaraga oʻrin qoldirmaydigan usul. “Safar” essesining bosh qahramoni Pirmat Shermuhamedov. Uning xarakterida boshqalarda kam uchraydigan noyob “oʻziga xos”lik bor. Ayni shu holat juda tiniq ochib berilgan. Qozoqboyni, Adhambekni, Oʻrozboyni, Abduholiqni har holda, bilamiz. Ammo, essedan keyin, yaqinroqdan tanish uchun ular bilan uch-toʻrt kunga Moʻynoqqa borib kelish kerak ekan”, degan oʻy xayoldan oʻtadi.
“Sizni oʻylayman…” essesining qahramoni Oʻzbekiston xalq shoiri Barot Boyqobilov mana qanday tasvirlanadi: “Qaddi tik, boʻyi baland, yelkalari va peshonasi keng, sochlari orqaga silliq taralgan, shoshmasdan qadam tashlab, bir nimalarni oʻylayotganday, boshini oldinga tashlabroq yuruvchi bu odamning sochi, qoshi, koʻz qorachiqlari-yu, kipriklarigacha bir-biri bilan bellashgandek, tim qora edi. Oʻzini birovlarga xor qilib qoʻymaydigan, haqini yedirmaydigan, oʻzi uchun kerak boʻlgan narsasini uzib olishni yaxshi biladigan bu kishi… uncha-munchani yoniga yaqinlashtirmas, oʻzi ham har kim bilan “elakishib”, “osh-qatiq” boʻlib ketavermasdi. Yurish-turishida ijtimoiy arboblarga xos belgilar boʻrtib turguvchi shoir hamisha sheʼriy xayollar ogʻushida yurardi, mening tasavvurimcha”.
“Hayqiriq” essesi taniqli shoir Azim Suyunga bagʻishlangan. Muallif oʻzidan kam qoʻshadi, esse qahramonini gapirtirib, koʻzlagan maqsadiga erishadi. Bir yigʻinda olimnamo bir kishi shoirdan shajarasini soʻrab qolgan ekan, Azimboy mana bunday javob qilibdi: “Mening otam Olim, Olimning otasi Suyun, Suyunning otasi Mirzaboy, Mirzaboyning otasi Norboy, Norboyning otasi Qoʻygeldi, Qoʻygeldining otasi Olloyor, Olloyorning otasi Aqad, Aqadning otasi Ashirmat, Ashirmatning otasi Suyushxoʻja, Suyushxoʻjaning otasi Churagaymirzo, Churagaymirzoning otasi Shomonmirzo, Shomonmirzoning otasi Begixiyro, Begixiyroning otasi Xolmat, Xolmatning otasi Choʻyankaltak, Choʻyankaltakning otasi Qiroshar…”.
Esseda shoirning oʻziga xos xarakteri, ichki dunyosi sahifadan-sahifaga ochilib boradi. “U zalvorli ovozi bilan sheʼr oʻqiganida boshqa shoirlarning ham havasi kelib ketadi”, “davralarga dovulday duvur bilan kirib boradi, u kirgan davralar chaqmoqday chaqnab ketadi…”
Alisher Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” asari debochasida: “Oldimga oncha dushvorliklar yuzlandi va tegramda oncha saʼb giriftorliklar aylandi va boshimgʻa sipehr oncha balo toshlarini otdi va ishq sipohining lagabkubi (tepki, zarbalari) zaif paykarim bila soʻngaklarimni oncha oyoq ostida ushotdikim, ne oʻzimdan xabarim, ne oʻzlugim bila oʻzimdin asar qoldi”, degan edi. Koʻngilni tozalash nima? Umrini irqchilikka qarshi kurashga bagʻishlagan Nelson Mandela buni shunday ifodalaydi: “Yuragingdagi nafratni quvmay turib, oʻzgalarning nafratidan xalos boʻla olmaysan”.
Abdusaid Koʻchimov esselarida qahramonlarning xarakteri, turmush tarzi, oʻy-fikrlari, maʼnaviy-axloqiy prinsiplari, ayrim “xos” jihatlari sarguzashtlari bilan birga, uygʻun holda qalamga olinadi. Ayni shu uygʻunlik yangi davr adabiyotida ijtimoiy yuki tobora ortib borayotgan esse janriga qiziqishni kuchaytirmoqda. Adabiyotimizda “esse chanqoqligi” degan zarurat yuzaga kelmoqda. Buning boisi nimada? Fikrimizcha, esse bizni juda uzoq davom etgan, qon-qonimizga singib ketgan biryoqlama tahlil qolipidan, koʻngil tubiga yetib bormaslik, yuzaki, oʻrinsiz xulosa chiqarish, hayotiy haqiqatni maʼlum maqsadga moslashtirish illatidan qutqardi. Bir qarashda bir muncha noanʼanaviy tuyuladigan, janrning eski qolipiga tushmaydigan esselar bugun oʻquvchining ijodkorni u hayotda, ijodda, tafakkurda qanday boʻlsa, shundayligicha anglashga doir chanqoqligini qondirayotir. Issiq deb sovuqdan, yutuq deb kamchilikdan, yorugʻlik deb zimistondan kechmaslik, ularni bir-biridan ajratmaslik, birini ikkinchisiga qarama-qarshi qoʻymaslik zarurligini, hayot deganlari faqat oq va qoradangina emas, yana koʻp och va toʻq ranglar jilosidan iboratligini anglashga daʼvat etmoqda.

XULOSA
O`zbek adabiyotida esse janri o`zining taraqqiyot yo`lini bosib o`tmoqda.


O`tgan yillar davomida uning turli shakllari, ko`rinishlari yaratildi. SHuni e`tirof
etish zarurki, o`zbek adabiyotida essenavislik taraqqiyotida ilmiy, badiiypublitsistik,
falsafiy esse namunalari ham yaratilganini ko`rish mumkin.
Jumladan, P.Qodirov, A.Muxtor. Zulfiya, Mirtemir, e.Vohidov, I.G‘ofurov
singari ijodkorlarimiz adabiy o`ylari ham esse janriga mansub. SH.Xolmirzaev
esse-xotiralaridai farqli ravishda P.Qodirov, I.G‘afurov esse va badialarida
yozuvchi fikri bosh qahramon sifatida zuhurlanadi (P.Qodirov "O`ylar",
I.G‘afurov "Dil erkinligi"). Ularda shaxslar emas, masala, mulohaza bosh
qahramon sifatida ko`rinish beradi. Bular ilmiy, badiiy-publitsistik esse
namunalari bo`la oladi.
SH.Xolmirzaev esa ta`kidlaganimizdek, asosan esse-xotira janrini
yuksak cho`kqiga ko`tardi. SH.Xolmirzaev 60-yillardan boshlab, o`zbek memuar
adabiyotini o`zining 20 dan ziyod esse-xotiralari bilan boyitdi.
SH.Xolmirzaevning barcha esselari mavzu jihatdan quyidagicha tasnif
qilinib, tahlilga tortildi:
1) San`at ahli haqidagi esselar.
2) Jamoat arboblari haqidagi esselar.
3) Tarixiy-ijtimoiy mavzudagi esselar.
4). Publitsistik esselar.
2. O`zbek esse-xotiralarida mashhur shaxslarning hayoti, dunyoqarashi,
fe`l-atvori, madaniy saviyasi, xarakteri yozuvchi nuqtai nazari bilan ochiladi.
SH.Xolmirzaev "Binafsha hidlang, amaki", "Ay, SHuxrat akam-a...", "Yo`llar
ayro tushdi, ammo...", "Bir oqshom suhbati yoki do`stim Ro`zi CHoriev", "Odil
aka haqida o`ylasam...", "U kishim - ustoz, men - shogird", "Abdulla Qahhorni
eslab..." singari esselarida buyuk san`atkorlar qiyofasini namoyon eta oldiAdib
O`.Umarbekov, U.Nazarov, O`.Hoshimov, A.Oripov ("Binafsha hidlang, amaki"), O.YOqubov ("Odil aka hakida o`ylasam..."), SHuxrat ("Ay, SHuxrat
akam-a"), A.Oripov ("Yo`llar ayro tushdi, ammo..."), Usmon Azim ("Kashf
etmoq zavqi"), rassom R.CHoriev ("Bir oqshom suhbati yoki do`stim Ro`zi
CHoriev"), aktyor SHukur Burhon ("Takdir bashorati"), jurnalist Rahimjon
("SHaydolik"), jurnalist va yozuvchi Z.Mamajonov ("SHimol yog‘dusi"),
arxeolog Mengziyo Safarov ("Oldi ortingga kara") sipgari san`at axllari hakida
betakror esse-xotiralar yaratdi.
3.Adib tasvirlanayotgan voqea-hodisa haqida fikr yuritar ekan, o`z ko`nglida
tug‘ilgan his-hayajoni, shaxsiy mulohazalarini bemalol bayon etish yo`lidan
boradi. essening kitobxonni qiziqtiruvchi yana bir tomoni bor: unda nafaqat ustoz
portreti (M.Qo`shjonov) yaratiladi, balki yozuvchi o`zining ham avtoportretini
chiza boradi. Ba`zi fasllarda yozuvchining shoir tabiat, erkinlikka intiluvchi fe`li
ochila boradi. Bu sahifalarni o`qib, ko`z oldingizda sevimli adibning qalbingizga
yaqin asarlari kabi samimiy qiyofasi gavdalanadi. Bu orqali kitobxon ijodkorga
yanada yaqin bo`lib qoladi.
4. esselarda chegara bilmas samimiy tasvirlar, essega xos erkinlik, ilmiy va
badiiy tafakkurning uyg‘unlashuvi, muallifning ―men‖i ayniqsa, bo`rtib ko`rinadi.
Biroq ba`zida adibning xayollari haddan ziyod cho`zilib ketadi. esseda adib
do`stlari - ijodkorlarning xarakteriga xos chizgilar beradiki, bu kitobxon bilan
yozuvchi, munaqqidlar orasidagi masofani yaqinlashtirishga yordam beradi. Asar
qahramonlarining deyarli barchasi adibga tanish, yuragiga yaqin odamlar, shuning
uchun bo`lsa kerak, uning samimiy xotiralarida bu kishilarning butun hayoti ko`z
oldimizda yaqqol gavdalanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:




  1. Abdulla Qahhor. Yoshlar bilan suhbat. Toshkent. «Yosh gvardiya». 1968.3-bet.

  2. Adabiѐtimizning yarim asri. Maqolalar to‘plami. Toshkent. G‘. G‘ulom nomidagi Adabiѐt va san’at nashriѐti. 1976.- 342 b.

3. Adabiy turlar va janrlar. 3-jildlik. 1-jild. Toshkent. «Fan». 1993.- 456 b.
4. Adabiѐt nazariyasi. Izzat Sulton. Toshkent. «O‘qituvchi» 1989.- 378 b.
5. Asqad Muxtor. Yosh do‘stlarimga. Toshkent. 1986.
6. Belinskiy V. Adabiy orzular. T. 1987.- 262 b.
7. Valixo‘jaev B. O‘zbek adabiѐtshunosligi tarixi. – Toshkent: O‘zbekiston, 1993. – 191 b.
Download 39.13 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling