Kirish Eneolit davri umumiy tasnifi, tarixwunoslik va moddiy madaniyatning o’ziga xosligi Maykop, Tripoliya va Janubiy Turkmanistonda eneolit davri jamoalarining madaniyatlari. Anov, Namozgoh va Sarazim madaniyatlari. Xulosa


Download 0.95 Mb.
bet6/7
Sana18.06.2023
Hajmi0.95 Mb.
#1575848
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
bbbbbb

Sarazm madaniyati. O’rta Osiyoning Yuqori Zarafshon vohasi tog’ va pasttekislik chegarasida tosh xom ashyosi va rudaga ishlov beruvchi qadimiy markaz bo’lgan-Sarazm yodgorligi tadqiq etilgan.Eneolit va bronza davrlariga oid bo’lgan mazkur yodgorlik qadimgi Panjikent shaxridan 15 km g’arbda Zarafshon daryosining chap qirg’og’idashu nom bilan ataluvchi qishloq yaqinida joylashgan35. Sarazm yodgorligi Tojikiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti ilmiy xodimi A. Isoqov tomonidan 1976 yili ochilib, keyingi yillarda uzluksiz tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. 1983 yildan Tojikiston Fanlar Akademiyasi bu tadqiqot 2010 yilgacha davom etgan (R.Bezenvali). 2011 yildan esa F. Bryune qazilma ishlarini amalga oshirgan. Dastlabki yillar tadqiqotlari ko’rsatishicha, Sarazm makoni mil.avv. IV ming yillikning 2-yarmi - III ming yillikka oid bo’lgan ilk dehqonchilik markazi bo’lgan. Bu xronologik davr eneolit davrining o’rta bosqichi-ilk bronza davriga to’g’ri keladi. Qazilma materiallari toshga ishlov berish, sopol hunarmandchiligi, metallurgiya va qurilish ishlari rivoj topganligini ko’rsatadi. Makon maydoni sathi kichik tepaliklar guruhi ko’rinishiga ega bo’lib, 48 gektar joyda madaniyat izlari kuzatilgan. 17 gektar maydon sathida 2-3 metrgacha qalinlikda bo’lgan madaniy qatlam o’rganilgan. Ushbu madaniy qatlamdan 4 ta xronologik jihatdan ketma ketlikda bo’lgan taraqqiyot bosqichlari ajratilgan. Bu bosqichlar radiokarbon analizlari asosida quyidagicha sanalangan: 1-bosqich mil.avv. 3400-3200 yil; 2- bosqich mil.avv. 3200-2900 yil; 3-bosqich mil.avv. 2900-2700yil; 4-bosqich mil.avv. 2700-2000 yil. Bundan ko’rinib turibdiki, Sarazm makoni eneolit davri o’rta bosqichidan boshlab ilk bronza davri jamoalari moddiy madaniyatiga tegishli ekan.36 Yaqin yillarda F.A. Razzoqov, G.R. Karimovalar tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar natijasida Sarazm jamoalari moddiy madaniyatining yangi qirralari oydinlashmoqda. Xususan, yangi radiokarbon analizlari asosida Sarazm qishlog’i mil.avv. V ming yillikning ikkinchi yarmi- IV minginchi yillik boshlari bilan xronologik jihatdan sanalanib, tadqiqotchilar yodgorlikni Namozgoh 2 xronologik davriga to’g’ri kelishini ta’kidlashmoqda37. Moddiy madaniyat. Makonda qurilish-me’morchilik ishlarining rivojlanishini turar-joylar va yirik umum jamoa binolari misolida bilishimiz mumkin. Tadqiqotlar ko’rsatishicha, makonda 4 ta qurilish taraqqiyoti bosqichi bo’lgan. Sarazm 1 qurilish bosqichi qishloqning shakllanishi jarayoni bilan bog’liq bo’lib, yonida ingichka o’lchamli dahlizlari bo’lgan 2 xonadan iborat bo’lgan uylarda odamlar yashashgan. Ular ba’zida devor to’siqlar bilan o’ralgan. Sarazm 2 qurilish bosqichiga kelib, odamlar endi ko’p xonali uylarda yashay boshlashgan. Hovlilari bo’lgan va ko’chalar orqali bir-birlari bilan bog’langan uylardan iborat yashash massivlari paydo bo’lgan. Aylana shakldagi o’choq-mehroblari bo’lgan oilaviy ibodatxonalar shakllangan. Sig’inish, topinish va ibodat qilish bilan bog’liq bo’lgan 2 ta bino qoldig’i topib o’rganilgan. Ularning biri markaziy qismida mehrobi bo’lgan va devorlari qizil rang bilan bo’yalgan bino va ikkinchisi aylana shakldagi bino bo’lgan. Sarazm 3 qurilish bosqichiga kelib, umum jamoaviy diniy urf –odatlar, sig’inish, topinish ishlari amalga oshiriladigan monumental imoratlar qurila boshlandi. Ko’p xonali aholi yashaydigan uylar ko’payadi, ularning hovlilari ham kengayadi. Uylarni bog’lovchi ko’chalar ham tizimlashgan. Sarazm 4 qurilish bosqichiga kelib, makonda aholi soni kamayganligi holati kuzatiladi. Yashash uylari chaylasimon ko’rinish olib, bu haqda yer sathidan suyri shakldagi uy-joylar hamda uylardan topilgan ustunlar qoldiqlari ma’lumot beradi. Uylar aholi vaqtinchalik yashaydigan xarakter kasb etadi. Xullas, tadqiqotlar natijasida Sarazm makoni to’rttala rivojlanish bosqichlarida imoratlarning 4 ta tipi bo’lganligi aniqlangan: turar-joylar, xo’jalik ishlari bilan bog’liq bo’lgan imoratlar, diniy e’tiqod ahamiyatiga ega bo’lgan inshoatlar va jamoaviy-ma’muriy ahamiyatga molik binolar. Mutaxassislar ta’kidlashicha, Sarazm eneolit38 davri qurilishining xarakterli jihati bir tomondan janub o’troq dehqonchilik jamoalari qurilish an’analarini, ikkinchi tomondan mahalliy neolit jamoalari qurilishi an’analarini o’zida mujassamlashtirgani bilan izohlanadi. Sopol hunarmandchiligi. Tadqiqotlar ko’rsatishicha, Sarazm makoni aholisi sopol idishlarni asosan qo’lda yasashgan. Faqatgina, Sarazm IV qurilish bosqichiga kelib, sopol buyumlar charxda yasala boshlangan. Sopol idishlar oshxona idishlari va mehmonxona idishlariga ajratib o’rganilgan. Sopollar asosan yorqin rangli bo’lib, ularning ichida qizil angobli sirli sopol, qora va kulrangli sirlangan sopol yoki aksincha sirlanmagan, biroq bir rangli hamda ko’p rangli naqshli sopollar bo’lgan. Mehmonxona sopol idishlari ko’pincha naqshli bo’lgan. 3-qurilish davriga kelib. kulrang va sayqal berilgan sopol idishlar keskin kamayib uning o’rniga qizil angob rang berilgn va ochiq rangli idishlar ko’payadi. 4-qurilish davriga kelib esa nim gulobi rangli charxda qilingan spool idishlar ko’plab ishlab chiqilgan. Idishlarni bo’yash usullari soddalashib, naqshlari e`tiborsizlik bilan idishlarga tushirila boshlandi. Ular bilan birgalikda qo’lda yasalgan andronova sopol idishlari ham uchraydi. Sarazm I va II bosqichlarning sopol buyumlari so’nggi eneolit davriga taalluqlidir. Ular orasida to’
rt xil turdagi idishlar bor: 1. Ko’p xil rangga bo’yalgan idishlar; 2. Yagona rangga bo’yalgan idishlar 3. Sopol oq sariq, gulobi rang bo’lib, yorqin angob berilgan (sirli) ranglanmagan idishlar. 4. Kul rang va qora rangli sayqal berilgan idishlar. Shunday qilib ilk va rivojlangan bironza davri sopol idishlari so’nggi eneolit davridagiday ikki xil bo’lib, bo’yalgan va bo’yalmagan sopol idishlardan iborat bo’lgan. O’z navbatida bo’yalgan sopol idishlar polixrom va monoxrom sopol idishlariga, bo’yalmagan sopol idishlar esa gulobi rang va och sariq angob berilgan kul rang sopoldan yasalgan idishlarga bo’lingan. Tadqiqotlar ko’rsatishicha, Sarazmning naqshli sopollari genetik jihatdan janubning ikki mintaqasidagi o’troq dehqon jamoalarining Janubiy-Sharqiy Turkmaniston va asosan Geoksur vohasining so’nggi eneolit davri jamoalari, shuningdek, Hindikush tog’ tizmasi janubiy sarhadlarida joylashgan Belujiston Seiston mintaqasi sopollariga o’xshash bo’lgan. Bir nechta sopollarda kaltaminor neolit sopollariga xos an’analar ham kuzatilgan. Makondan oltita sopol idishlarni pishiradigan pech topilgan. Mutaxassislar bergan ma’lumotlarga ko’ra, pechlarning ikki xil tipi bo’lgan: ochiq holatdagi aylana ko’rinishli va ikki kamerali bir yarusli pechlar bo’lgan. Xo’jaligi. Sarazm jamoalarining xo’jalik asoslarini sug’orma va lalimi dehqonchilik, chorvachilik shuningdek ixtisoslashgan ishlab chiqarish sohalari, xususan metallsozlik, metallga ishlov berish ishlari tashkil etgan. Tadqiqotlar ko’rsatishicha, mil.avv. IV-ming yillik oxiridan e’tiboran Sarazm Markaziy Osiyo miqyosida yirik metallurgiya markazlaridan biri hisoblangan39. Yuqori Zarafshon vohasi tog’ tizmalarida mineral resurslarning zanjiri joylashgan. Bu yer oltin, kumush, qalayi, bronza kabi rudalarga juda boy bo’lgan. Sarazm makonidan topilgan metall buyumlarning ximiyaviy tahliliga ko’ra ularning 89,3-96,6 % ini mis, 1,6 % ini qalayi tashkil etgan. Bunday rudali konlar makondan 40-50 kilometr chamasi atrof masofa hududlarda joylashgan. Yori, Kanchoch, Jilavi kabilar ushbu rudali konlar jumlasiga kiradi. N.A. Avanesovaning yozishicha, Sarazm makonidan 10 kilogrammli eksport uchun svins quymasi topilgan. Makonning barcha taraqqiyot bosqichida metall buyumlar ishlab chiqishi kuzatiladi va ularning turlari ham ko’payib borgan. Ular orasida mis va bronza pichoqlar, xanjarlar, bolta-teshalar, o’q-yoy uchlari, oltin va kumush buyumlar, svinsdan yasalgan muhrlar ko’pchilakni tashkil etadi. Turli materiallardan yasalgan quyish qoliplari, xususan sopoldan yasalgan qoliplar, metall quyadigan kuvshinlar mahalliy xarakterdagi metallga ishlov berish va ularning ishlab chiqarilishi haqida ma’lumot beradi Tadqiqotlar ko’rsatishicha, tosh buyumlar ishlab chiqarish ixtisoslashgan xarakter kasb etgan. Makondan tosh buyumlarning turmushda turli funksiyalarni bajaruvchi 40 ga yaqin turi aniqlangan. Bu haqda G.R. Karimova tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlarning natijalari ahamiyatli hisoblanadi40. Tadqiqotchining yozishicha, tosh buyumlarni yasashda 15 xil xom ashyo ishlatilgan. Bu xom ashyolarning asosini chaqmoqtosh, chaqmoqtoshli slanes, xolsedon, kvars kabilar tashkil etgan. Tosh industriyasini otshyepli-payraqali va qayroqtoshli element tashkil etadi. Tosh qurollar orasida teshgich, keskich, ponasimon qurollari, ikki taraflama ishlov berilgan paykonlar, o’q-yoy uchlari, ushatgich kabilar ko’pchilikni tashkil etadi. Mutaxassislar ko’rsatishicha, ikki taraflama ishlov berilgan o’q-yoy uchlari Yalong’och, Geoksur, Oltintepa o’q-yoy uchlariga o’xshashdir41. Xullas, Sarazm makoni Zarafshon vohasi miqyosida qadimgi ilk metal davriga oid yagona yodgorlik hisoblanib, o’troq dehqonchilik xo’jaligiga asoslangan jamoalar madaniyatini o’zida mujassamlashtirgan.


XULOSA
Kishilik jamiyatining iqtisodiy-xo’jalik tizimida keskin o’zgarishlarga olib kelgan voqyelik – bu metallning kashf etilishidir. Metallning mehnat qurollari yasash uchun kashf qilinishi ibtidoiy jamoa xo’jaligida ro’y bergan buyuk o’zgarishlardan hisoblanadi. Dastlabki mehnat qurollari misdan yasalgan, ammo misning yumshoq va mo’rtligi tufayli mehnat qurollarining aksariyati toshdan ishlanardi. Shuning uchun ham bu davr eneolit (mis-tosh) davri deb tarixga kirdi. Eneolit davri yer kurrasining barcha mintaqalarida bir vaqtda boshlanmay, balki har bir hududning ekologik va tabiiy imkoniyatlariga qarab, turli vaqtda boshlangan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish iqtisodiga, ya’ni dehqonchilik va chorvachilik xo’jaligiga o’tgan jamoalar birinchi bo’lib metalldan foydalanishgan. Metallurgiya ishlab chiqarishning mustaqil tarmog’i, sohasi bo’lib rivojlana borgan. Jahon miqyosida dastlabki metall buyumlar Onatoliy vohasida joylashgan Chotal-xuyuk yodgorligi (mil.avv. VII ming yillik oxiri -VI ming yillik) qazilma jarayonida topilgan. Ikki daryo oralig’i jamoalari metallni mil.avv. VI ming yillikda, Misrda esa mil.avv. V ming yillikda bilishgan. Sharqiy Yevropa hududi jamoalari ham metall buyumlarni mil.avv. V ming yillikdan o’z turmushlarida ishlatishgan. Tadqiqotlar ko’rsatishicha, mil avv. V ming yillikning 2-yarmidan e’tiboran O’rta Osiyoning janubiy sarhadlari jamoalari (Namozgoh 1) o’z turmushlarida metall buyumlarni ishlata boshlashgan. O’rta Osiyoning shimoliy tomonlarida esa bu vaqtda neolit davri – kaltaminorliklar madaniyati gullamoqda edi. Kaltaminor merosxo’rlari metall bilan faqat miloddan avvalgi III minginchi yillikning oxirlaridagina tanishdilar. Eneolit davrida insoniyat misdan ilk bor foydalana boshlagan. Ammo mis yumshoq va mo’rt edi, bu esa uni ishlatishni qiyinlashtirardi. Shuning uchun mis 100 ming yillab ishlatilib kelingan tosh qurollarni iste’moldan siqib chiqara olmadi. Shunga ko’ra, bu davr mistosh davri ham deyiladi. Eneolit davri arxeologik yodgorliklari Zarafshon quyi oqimida kaptarning qumi, katta Tuzkon makonlari, Sarazm, Namozgohtepa, Qoradepe (Turkmaniston) kabilarda qazib o’rganilgan. Bu davrda odamlar dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanganlar. Mehnat qurollari toshdan, suyakdan tayyorlangan. Kulolchilik ancha ravnaq topgan: idishlarga geometrik naqshlar solingan, odam va hayvon tasvirini solish ham odat bo’lgan. Eneolit davri yodgorliklaridan qazish paytida pishirilgan loydan yasalgan ko’plab ayol haykalchalari (ma’budalar) topilgan. Bu Eneolit davrida hali ona urug’i (matriarxat) bo’lganligidan dalolat beradi. Jahonda ibtidoiy odamlar tarqalishi jarayonidan boshlab, xalqlarning tarixida turli xil murakkab voqealar sodir bo`lgan. Ular ibtidoiy to`da davri, ibtidoiy xo`jaliklari va mehnat qurollari, urug`chilik tuzumining vujudga kelishi, xo`jalikning ishlab chiqarish shakllariga o`tilishi, binokorlik va hunarmandchilikning rivojlanishi, ishlab chiqarishda metallning ishlatila boshlanishi, ilk shaharlar va davlatlarning tashkil topishi, antik davri, o`rta asrlar me`morchiligi va moddiy madaniyatining rivojlanishi bilan birga boshqa ko`pdan-ko`p voqealar bilan bog`liq.
Talabalar qadimgi tarixni o`rganishda qimmatli arxeologik manbalarga e`tibor berishlari lozim. Jahonda tekshirilgan barcha turdagi arxeologik yodgorliklar va ularda topilgan moddiy manbalar, insoniyat toshdan yasagan oddiy qo`pol cho`qmordan boshlab, uzluksiz mehnat natijasida yuksak madaniyat darajasiga yetib kelishining asosiy qonuniyatlarini ochib beradilar.



Download 0.95 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling