Chili asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari
Chili Kommunistik partiyasi, 1922-yil tuzilgan; Demokratiya uchun kurash partiyasi, 1988-yil tashkil etilgan; Milliy yangilanish partiyasi, 1987-yil tuzilgan; Chili radikal sotsialdemokratik partiyasi; Chili sotsialistik partiyasi, 1933-yil tashkil etilgan; Xristiandemokratik partiya, 1957-yil tuzilgan; Chili birlashgan sotsialistik partiyasi. Chili mehnatkashlari birlashgan kasaba uyushma markazi, 1988-yil Chili mehnatkashlari yagona kasaba uyushmasi markazi (1953) negizida tashkil etilgan.
Chili iqtisodiyoti
Chili Lotin Amerikasidagi iktisodiy jihatdan nisbatan rivojlangan mamlakatlardan biri. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligi va baliq ovlash ulushi 6,4%, sanoatniki 38,8%, xizmat koʻrsatish tarmogʻiniki 54,8% ni tashkil etadi. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi dehqonchilik. Bugʻdoy, arpa, makkajoʻxori, kartoshka, dukkakli don ekinlari ekiladi. Bogdorchilik (olma, sitrus mevalar, shaftoli) va tokchilik rivojlangan. Qand lavlagi, zigir, tamaki, zaytun yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, qoʻy, echki, choʻchqa, yilqi boqiladi. Yirik shaharlar atrofida sut chorvachiligi rivojlangan. Dengizdan baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi. Oʻrmonda yogʻoch tayyorlanadi.
Chili sanoat
Chili mis qazib olish boʻyicha dunyoda oldingi oʻrinlarda turadi (yiliga oʻrtacha 2488 ming t). Shuningdek, tabiiy selitra, molibden, neft, temir rudasi, oltin, kumush, tabiiy gaz, toshkoʻmir qazib olinadi. Yiliga oʻrtacha 25,2 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Sanoatning oziq-ovqat va yengil sanoat tarmogʻi rivojlangan. Mashinasozlik, qora va rangli metallurgiya, kimyo, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, sellyulozaqogʻoz sanoati rivojlanmoqda.
Chili transporti
Mamlakat ichkarisida yuk tashishda avtomobil transporti yetakchi oʻrinda. Avtomobil yoʻllari uz. 79,8 ming km. Transport yoʻlining uzunligi 6,6 ming km. Tashqi savdo aylanmasining asosiy qismi dengiz transportiga toʻgʻri keladi. Muhim dengiz portlari: Uasko, Valparaiso, Tokopilya. Santyago shahrida xalqaro aeroport bor. Chili chetga mis, baliq va dengiz mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, selitra, qogʻoz, yod chiqaradi; chetdan neft, kimyo buyumlari, elektron va mashina jihozlari oladi. Tashqi savdoda AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Argentina, Braziliya, Yaponiya,Meksika bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi – chili pesosi.
Do'stlaringiz bilan baham: |