Algoritm – berilgan natijaga erishish uchun qilinishi kerak boʻlgan aniq koʻrsatmalar ketma-ketligi. Algoritm keng maʼnoda faqat kompyuterga oid atama boʻlmay, balki unda berilgan koʻrsatmalarni bajara oluvchi har qanday narsaga oiddir.
Algoritm, algoritm – maʼlum bir turga oid masalalarni yechishda ishlatiladigan amallarning muayyan tartibda bajarilishi haqidagi aniq qoida (dastur). Kibernetika va matematikaning asosiy tushunchalaridan biri. Oʻrta asrlarda oʻnli sanoq tizimi boʻyicha toʻrt arifmetik amal bajariladigan qoidani Algaritm deb atashgan. "Bu qoidalarni matematikaga 9-asrda al-Xorazmiy tomonidan kiritilgan. Yevropada bunday qoidalar uning tug'ilgan yurtiga nisbatan lotinchalashtirilgan (Algoritmus yoki Algorithmus shaklida "algorizm" deyilgan), keyinchalik "algoritm"ga aylangan" (akademik A. N. Kolmogorov). Fanga "Yevklid algoritmi", "Gʻiyosiddin Koshiy algoritmi", "Laure algoritmi", "Markov algoritmi" deb ataluvchi algoritmlar maʼlum. Algoritm tushunchasi tobora kengayib borib, kibernetikaning nazariy va mantiqiy asosi hisoblangan algoritmlar nazariyasi paydo boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasida bir necha ilmiy tadqiqot muassasalari va hisoblash markazlarida Algoritmdan foydalanish sohasida samarali ishlar olib borilmoqda. Masalan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi "Kibernetika" ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida, Oʻzbekistondagi barcha universitetlarda, Toshkent davlat texnika universitetida, Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisod va statistika vazirligi qoshidagi Hisoblash markazi va boshqa muassasalarda olib borilayotgan ishlar bunga misol boʻla oladi.
Yuqorida qayd qilganimizdek, qo‘yilgan biror masalani EHMda yechish uchun, avval uning matematik modelini, keyin algoritmini va programmasini tuzish kerak bo‘ladi. Bu uchlikda algoritm bloki muhim ahamiyatga ega. Endi algoritm tushunchasining ta’rifi va xossalarini bayon qilamiz.
Algoritm bu oldimizga qo‘yilgan masalani yechish zarur bo‘lgan amallar ketma-ketligidir.
Algoritm so‘zi va tushunchasi IX asrda yashab ijod etgan buyur alloma Muhammad al-Xorazmiy nomi bilan uzviy bog‘liq. Algoritm so‘zi Al-Xorazmiy nomini Yevropa olimlari tomonidan buzib talaffuz qilinishidan yuzaga kelgan. Al-Xorazmiy birinchi bo‘lib o‘nlik sanoq sistemasining tamoyillarini va undagi to‘rtta amallarni bajarish qoidalarini asoslab bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |