Ko'makchilar, bog'lovchilar, yuklamalar, undovlar
Download 149 Kb.
|
KO\'MAKCHILAR, BOG\'LOVCHILAR, YUKLAMALAR, UNDOVLAR
KO'MAKCHILAR, BOG'LOVCHILAR, YUKLAMALAR, UNDOVLAR R e j a: 1. YOrdamchi so‘zlarning grammatik tabiati. 2. Ko‘makchilarning stilistik xususiyatlari. 3. Bog‘lovchilarning stilistik xususiyatlari. 4. YUklamalarning stilistik xususiyatlari. 5. O‘zbek tilida yordamchi so‘zlar sinonimiyasi. O‘zbek tilshunosligida ko‘makchilarning funktsional-stilistik xususiyatlari A.Pardaev tomonidan monografik yo‘nalishda o‘rganilgan va nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan. Ko‘makchilarning stilistik xususiyatlarini o‘rganishda ana shu tadqiqot materiallaridan foydalanamiz. Ko‘makchilar o‘zbek tilshunosligida ushbu tadqiqotga qadar ham o‘rganish ob`ekti bo‘lgan va buning natijasida katta-kichik maqolalardan tortib, monografik yo‘nalishdagi ishlar yuzaga kelgan. Jumladan, H.Berdiyorovning “Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilida so‘ngko‘makchilar” mavzuidagi (Samarqand, 1949), X.T.Axtamovaning “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida murakkab analitik so‘ngshakllar” nomli nomzodlik dissertatsiyalari (Toshkent,1981), A.N.Kononovning “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida so‘ngko‘makchilar” (Toshkent, 1951), SH.SHoabdurahmonovning “O‘zbek tilida yordamchi so‘zlar” (Toshkent,1953), R.Rasulovning “O‘zbek tilida yordamchi so‘zlarning semantik-grammatik xususiyatlari” (Toshkent,) T.Rustamovning “O‘zbek tilida ko‘makchilar” (Toshkent,1995), “Sof ko‘makchilar” (Toshkent,1991) monografiyalari bevosita o‘zbek tilidagi ko‘makchilarning lingvistik tabiatini o‘rganishga bag‘ishlangan. “O‘zbek tili grammatikasi, I tom. Morfologiya” (Toshkent, 1975.) akademik nashrida, A.N.Kononovning “Grammatika yazika tyurkskix runicheskix pamyatnikov.VII-IX vv.” (L.,1980), “Grammatika sovremennogo uzbekskogo literaturnogo yazika” (M.-L., 1960), S.Mutallibovning “Morfologiya va leksika tarixidan qisqacha ocherk” (Toshkent,1959), E.Fozilovning “O‘zbek tilining tarixiy morfologiyasi” (Toshkent,1965), A.M.SHerbakning “Grammatika starouzbekskogo yazika” (M.-L.,1962), G‘.Abdurahmonov va SH.SHukurovlarning “O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi” (Toshkent, 1973) singari asarlarda ham ko‘makchilar tadqiqiga doir maxsus bo‘limlar mavjud. Bundan tashqari o‘zbek tili tarixi va adabiy til grammatikasini o‘rganishga doir darslik va o‘quv qo‘llanmalarida ham ko‘makchilar borasidagi fikrlar anchagina. U.Tursunov, J.Muxtorov, SH.Rahmatullaevlarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (Toshkent,1992), SH.SHoabdurahmonov, M.Asqarova, A.Hojiev, I.Rasulov, X.Doniyorovlarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (Toshkent, 1980), G‘.Abdurahmonov, A.Rustamovlarning “Qadimgi turkiy til” (Toshkent,1982), J.Hamdamovning “O‘zbek tili tarixi. Ikkinchi qism.Tarixiy morfologiya.Ikkinchi bo‘lim” (Samarqand, 2003) singari darslik va o‘quv qo‘llanmlari shular jumlasidandir. Ko‘makchilarni o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar son jihatdan salmoqli bo‘lganligi uchun ularni ma`lum guruhlarga ajratish mumkin. A.A. Koklyanovaning “O‘zbek tilida so‘ngko‘makchilar va ko‘makchi otlar”, H.G‘.Ne`matovning “XI-XII asr yozma yodgorliklarida ko‘makchilar (“Qutadg‘u bilig”, “Devonu lug‘otit turk”, “Hibatul haqoyiq” materiallari asosida)”, G.F.Blagovaning “XV-XVI asrlar eski o‘zbek adabiy tilidagi ko‘makchilar haqida” maqolalari ko‘makchilarni diaxronik, A.G‘ulomovning “Ko‘makchili konstruktsiya haqida”, U.Tursunovning “O‘zbek tilida so‘ng ko‘makchilar” maqolalari sinxronik yo‘nalishda o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lsa, O‘.Saidovning “Hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi ko‘makchilarning o‘rganilishiga doir” maqolasida esa bu borada yaratilgan tadqiqotlarga obzor berilgan. V.Egamovning “O‘zbek shevalarida so‘ng ko‘makchili so‘z birikmalarining semantik-grammatik munosabatlari”, X.Jo‘raevning “Ko‘makchilarni sheva materiallariga taqqoslab o‘rganish”, T.Almamatovning “Xalq shevalarida “tur” ko‘makchi fe`li haqida” maqolalariga sheva materiallari asos bo‘lgan. A.Abdullaevning “Ko‘makchilar yordami bilan tarkib topgan so‘z birikmalarida ifodalangan sintaktik munosabatlar”, O.Amirovaning “Sabab hollarining ko‘makchi konstruktsiyali so‘zlar bilan ifodalanishi” ko‘makchilar sintakik munosabatlar doirasida qaralgan. Biz ularga zaruriyatga qarab kerakli o‘rinlarda murojaat qilamiz. Ammo bu sohada maxsus kuzatishlar olib borgan H.Berdiyorov va T.Rustamovlarning tadqiqotlariga to‘xtalish joizdir. Hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi ko‘makchilarni lingvistik tahlil qilishga bag‘ishlangan dastlabki ishlardan biri H.Berdiyorovning “Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilida so‘ngko‘makchilar” (Samarqand, 1949) deb atalgan nomzodlik dissertatsiyasi bo‘lib hisoblanadi. Dissertatsion ish ikki qismdan iborat bo‘lib, uning 1-qismida tanlangan mavzuning dolzarbligi, so‘z turkumlarining, jumladan yordamchi so‘zlarning kelib chiqishi, so‘ngko‘makchilarning grammatik va relivatsion ahamiyati hamda ular bilan qo‘shimchalar o‘rtasidagi munosabatlar masalasiga to‘xtalib o‘tilgan. 2-qismida esa bevosita so‘ngko‘makchilarning grammatik tabiati yoritilgan. Ular asl, ravish, ravishdosh, chog‘ishtirma so‘z va affiks so‘ngko‘makchilar tarzida guruhlarga bo‘lib o‘rganilgan. Ko‘makchi otlar keng yoritilgan. Ishning birinchi qismi so‘z turkumlarining, jumladan ko‘makchilarning kelib chiqishini o‘rganishga bag‘ishlangan. Dissertatsiya muallifi ta`kidlaydiki, XIX asrning bir qancha tilshunoslari (L.Nuare, V.Vundt, M.Myuller) so‘z turkumlarining kelib chiqishi to‘g‘risida gapirganda, fe`l turkumini kishilar tomonidan birinchi martaba qo‘llangan so‘zlar deb hisoblaydilar va fe`ldan boshqa so‘z turkumlari ajralib chiqqan deydilar. Demak, bularning fikricha, fe`l boshqa so‘z turkumlarining taraqqiyoti uchun ajralib chiqish imkoniyati bo‘lib xizmat etadi. (BH, 9). H.Berdiyorov N.YA.Marrning “Bir vaqtlar so‘z turkumlari bo‘lmagan edi. Asta-sekin gap bo‘laklaridan harakatni, ya`ni o‘timli fe`l, keyinroq o‘timsiz fe`lni hosil qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi ot ajraladi. Ot – aniqlovchi, sifat funktsiyasini bajaradi, ot (otlarning ma`lum doirasida) olmosh bo‘ladi, so‘ngra bog‘lovchi bo‘ladi va qolgan so‘z turkumlari yuqorida ko‘rsatilgan so‘z turkumlarining birontasidan hosil bo‘ladilar”. (Marr N.YA. Izbrannie raboti, t.II. – M.,1934, s.417. Tarjima H.Berdiyorovniki). (BH,11), degan fikriga tayanib, “birinchi so‘z, turmushda, ishlab chiqarish protsessida kishilik fikrlashi tomonidan ajratilgan, ya`ni predmetlarning nomini va muhit ko‘rinishlarini, hodisalarini ko‘rsatuvchi ot ekan”, degan xulosaga keladi (BH,12) va yana quyidagilarni aytadi:“Umuman biz ayta olamizki, ot, fe`l va olmosh turkumlari til taraqqiyotida sifat, son, ravish va yordamchi so‘zlarga qaraganda eng avval ajralib chiqqan so‘z turkumlaridir”. (BH,12). Muallif tadqiqotda o‘zbek tilshunosligida birinchi marta hozirgi o‘zbek adabiy tilida mavjud bo‘lgan ko‘makchilarning o‘zi qo‘shilib kelayotgan so‘zning qanday semantik ma`nolari reallishuviga hamda gapda qanday vazifalarda kelishiga oid nazariy qarashlarini bayon qiladi. Bu ko‘makchilarning o‘zbek tilida mavjud bo‘lgan ma`nodosh variantlari to‘g‘risida esa, buni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ymagani uchun, yo‘l-yo‘lakay mulohaza yuritadi. Tilshunoslikda mavjud bo‘lgan an`anaviy usullardan chiqmagan holda biz hozirda “ko‘makchilar” deb o‘rganib kelayotgan til birliklarini oldko‘makchilarga qarama-qarshi ravishda so‘ngko‘makchilar tarzida talqin qiladi. Bu qarashlar orasida so‘z turkumlarining, xususan yordamchi so‘zlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi fikrlar muhim o‘rin tutadi. Tadqiqotda o‘rni bilan ayrim faktlarning lingvostitistik tahlili berilganligi xulosalarning ilmiyligini ta`minlashda va amaliy jihatlarini ko‘rsatib berishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Dissertant ish yakunida bugungi kunda ham yordamchi so‘zlar relivatsion tabiatini o‘rganishda ahamiyatli bo‘lgan quyidagi xulosaga keladi: so‘ngko‘makchilar til taraqqiyoti nuqtai nazaridan mustaqil leksik ma`noga ega bo‘lgan so‘zlardan kelib chiqqandir. Bular hozirgi o‘zbek adabiy tilining gap qurilishida, gaplarning ma`nosini tayinlashda, so‘zlarni o‘zaro munosabatga keltirishda katta rol’ o‘ynaydi.(BH,126). So‘ngko‘makchilar gapda turli sintaksistik munosabatlarni bajarib, gapning biror bo‘lagiga bog‘langan holda qo‘llaniladi. So‘ngko‘makchilar mustaqil leksik ma`noga ega bo‘lgan so‘zlardan, mustaqil holda qo‘llana olmasligi, sintagmalarni yoki so‘zlarni birlashtirish, kengaytirish qobiliyatiga ega emasligi, morfologik tomondan ayrim semantik morfemalarga bo‘linmasligi, urg‘uni qabul qilmasligi, gapning biror mustaqil bo‘lagi bo‘lib kelolmasligi bilan ajaralib turadi. Ular gapda ishtirok etgan so‘zlarga bog‘lanib kelgandagina atash, sabab, maqsad, fazo kabi qo‘shimcha ma`nolarni ifodalab keladilar. (BH,127). O‘zbek tili, qolaversa turkologiyada ko‘makchilarni o‘rganishga oid ishlar orasida T.Rustamovning tadqiqotlari ham sezilarlidir. U ko‘makchilarni o‘rganishga bag‘ishlangan “O‘zbek tilida ko‘makchilar” (Toshkent,1965), “Sof ko‘makchilar” (Toshkent, 1991) singari monografiyalar hamda o‘nlab maqolalar e`lon qilgan. Jumladan, uning “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida ko‘makchilar” monografiyasi ko‘makchilarning hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi qo‘llanish xususiyatlari va ularning tasnifiga bag‘ishlangan bo‘lib, yordamchi so‘zlarning ushbu turi tilshunosligimizda qay darajada o‘rganilganilganligi hamda ularning grammatik xususiyatlari boy til materiali asosida tahlil etilgan. Materialni yoritishda E.D.Polivanov, I.A.Batmanov, Q.Ramazon, H.Qayumiy, O.Usmon, A.N.Kononov, SH.SHoabrurahmonov, A.A.Koklyanova, U.Tursunov, H.Berdiyorov, A.Abdullaev, V.V.Reshetov kabi olimlarning qarashlariga tayangan holda ish ko‘radi, ularga munosabat bildiradi va “ko‘makchilar gap bo‘laklarining tobelanish munosabatini yaratuvchi va turli grammatik ma`nolarni ifodalashda xizmat qiluvchi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan leksik-grammatik kategoriya” ekanligi va uning “gap qurilishidagi muhim xususiyati bilan ham boshqa so‘z turkumlaridan tubdan farqlanishi” haqida o‘z nuqtai nazarini bayon etadi (RT.HO‘ATK). Olimning “Sof ko‘makchilar” asari o‘zbek tilshunosligida ko‘makchilarni diaxronik yo‘nalishda o‘rganishga bag‘ishlangan yirik hajmdagi tadqiqotlardan biridir. Asarning yozilishiga XIII-XX asrlar yozma yodgorliklari manba bo‘lib hisoblangan va ming yilga yaqin davrni o‘z ichiga olgan materiallar uchga bo‘lib o‘rganilgan: XIII-XIV asr yozma yodgorliklari. XV-XVI asr yozma yodgorliklari. XVII-XX asrning boshlari yozma yodgorliklari. SHu asosda turkiy tillar (o‘zbek, turkman, chuvash, qozoq) va dialektolok manbalar qiyosiy o‘rganilgan. Muallif tadqiqotning kirish qismida ko‘makchilarni o‘rganish nafaqat grammatikaning, shu bilan birga, leksikologiya va semasiologiyaning ham ba`zi masalalarini hal etishga ko‘maklashishini va ko‘makchilar mustaqil ma`noli so‘zlardan kelib chiqqanligi haqidagi fikrning to‘g‘ri ekanligini ta`kidlaydi. Muallif ko‘makchilar keyingi paytlarda, asosan, ikkita katta guruhga – sof ko‘makchilar va funktsional ko‘makchilarga bo‘lib o‘rganilayotganlini, sof ko‘makchilar tarkibidagi morfologik qo‘shimchalar o‘zlarining grammatik xususiyatini batamom yoki qisman yo‘qotib, o‘zi birikib kelgan so‘zning ko‘makchi funktsiyasini bajarishi uchun xizmat qilishini, hozirgi nutqimizda ham ko‘makchi, ham mustaqil so‘z sifatida qo‘llanayotgan ko‘makchilar funktsional ko‘makchilar deb atalishini qayd qiladi. Ko‘makchilar so‘zmi, ularda leksik ma`no mavjudmi degan savollarni o‘rtaga qo‘yib, ularga aniq javoblar beradi. Jumladan, T.Rustamov ko‘makchilarning so‘z ekanligini asoslaydi, ko‘makchilarning leksik ma`nosi o‘zi birikib kelayotgan mustaqil ma`noli so‘zning leksik ma`nosiga bog‘liq ekanligini, ularning barchasi uchun umumiy bo‘lgan xususiyat sinonimlik bo‘lib, albatta, har qaysi ko‘makchining o‘ziga xos stilistik ahamiyati ham sezilib turishini misollar asosida dalillaydi. U ko‘makchilarning mustaqil ma`noli so‘zlardan farqi ko‘makchilar mustaqil leksik ma`no yo‘q ekanligidagina emas, balki ko‘makchilardagi leksik ma`no qandaydir o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, ular mustaqil ma`noli so‘zlarga birikkandagina paydo bo‘lishidadir, deb hisoblaydi. T.Rustamovning ko‘makchilarni ham diaxronik, ham sinxronik tarzda o‘rganishga, ularning taraqqiyot darajasi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishga ko‘maklashadi. Muallif yuqorida sanab o‘tilgan ko‘makchilarning turkiy tillarda, jumladan o‘zbek tilidagi amalda bo‘lish va me`yorlashuv bosqichlarini o‘rganar ekan juda katta hajmdagi tarixiy manbalardan material sifatida foydalangan. Olimning xizmatlari shundaki, ko‘makchilarni yordamchi so‘zlar sifatida tahlil etar ekan ularning grammatik ma`nolarini leksik ma`nolari bilan birgalikda kichik sintaktik qurshovda olib o‘rganadi va shu yo‘l bilan ular birikib kelgan so‘zlar va ularning leksik-grammatik ma`nolarining yuzaga kelishidagi xizmatlari, boshqa so‘zlarga birikish xususiyatlari ko‘rsatib beriladi. SHu bilan birga o‘rni bilan ayrim ko‘makchilarlarning boshqa ko‘makchilarga yoki grammatik vositalarga sinonimiyasi, frazeologik birliklar hosil qilish jarayonidagi ishtiroki xususida hamda ularning funktsional imkoniyatlari haqida ham gap boradiki, bu ushbu dissertatsionning ish mavzu e`tibori bilan ahamiyatlidir. Biz ularga o‘rni bilan murojaat qilamiz. Garchi o‘zbek tilshunosligida ko‘makchilarning grammtik xususiyatlarini diaxronik va sinxronik yo‘nalishda tekshirishga bag‘ishlangan tadqiqotlar etarli darajada bo‘lsa-da, biz qarab chiqqan manbalardan shu narsa ma`lum bo‘ldiki, o‘zbek tilidagi ko‘makchilarning stilistik xususiyatlarini o‘rganishga oid hatto maqola xarakteridagi kuzatishlar ham barmoq bilan sanarlidir. Faqatgina R.Qo‘ng‘urov va T.Qurbonovning “Ko‘makchilar sinonimiyasiga doir”, T.Qurbonov va N.Ernazarovning “YOrdamchi so‘zlar stilistikasiga doir” maqolalarida bevosita ko‘makchilar stilistikasiga doir mulohazalar bayon etilgan bo‘lsa, R.Qo‘ng‘urovning “O‘zbek tili stilistikasidan ocherklar” asarida, R.Rasulovning “Avval”, “keyin” so‘zlarining ba`zi bir stilistik xususiyatlari haqida”, S.Karimovning “YOrdamchi so‘z turkumlarining badiiy uslubdagi ko‘rinishlari” maqolalarida esa o‘rni bilan bu turkum so‘zlarning sinonimiyasi va vazifaviy chegaralanishlari haqida fikrlar bildirilgan, xolos. O‘zbek tilshunosligida XX asrning 80-yillarigacha erishilgan yutuqlarni o‘zida mujassam qilgan “O‘zbek tili stilistikasi” (Toshkent, 1983) asarida yordamchi so‘zlar uslubiyatiga oid hech narsa deyilmaganligining o‘zi ham bu masalani o‘rganishning fanimiz uchun naqadar muhim ekanligini ko‘rsatadi. Ko‘makchilar tarixan mustaqil so‘zlar hisoblanib, o‘z leksik ma`nolariga ega bo‘lgan, ammo davrlar o‘tishi bilan bu leksik ma`nolarni yo‘qotib, ularning ma`lum qismi o‘zgarmas bo‘lib, hech qanday grammatik shakllarni qabul qilmaydigan holiga kelib qolgan, o‘zidan oldin kelgan so‘zlar bilan birgalikda vosita, maqsad, sabab, vaqt, makon, ob`ekt, o‘xshatish, payt, masofa, yo‘nalish singari grammatik ma`nolarni ifoda etadigan va yordamchi vosita sanaladigan til birliklaridir. Ko‘makchilar haqidagi bu fikrdan quyidagi muhim xulosalar kelib chiqadi: -ular nutqda so‘zlarni o‘zaro bog‘lovchi grammatik vositadir; -grammatik vosita bo‘lish jarayonida ularda ma`lum grammatik ma`nolar ham shakllanadi; -bu grammatik ma`nolarni anglatish imkoniyatlari o‘zidan oldin kelgan so‘zlarga bog‘liq bo‘ladi. Buning ustiga ko‘makchilar bo‘lmasa bu oldin kelgan so‘zning o‘zi ham ana shu ma`nolarni bera olmaydi. Faqatgina ularning birikuvigina bu ma`nolarni keltirib chiqarishi mumkin; -so‘zlarning ko‘makchilar bilan birikish yo‘llari va ularning bir xil qolip va mazmunda boshqa ko‘makchilar hamda kelishik ko‘rsatkichlari bilan sinonimlik munosabatlari shu darajada turli-tuman va rang-barangki, ular o‘z-o‘zidan bu turkum so‘zlarning stilistik imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi. SHunday qilib, yuqorida nomlari sanab o‘tilgan va mazkur ishda qisman tahlil qilingan kuzatishlar natijasi o‘laroq o‘zbek tilshunosligida ko‘makchilar o‘zining nazariy bahosiga ega bo‘ldi, yordamchi so‘zlar tizimidagi o‘rni belgilandi, nutq jarayonidagi grammatik vazifalari aniqlab olindi. Bu o‘rinda shu narsani ta`kidlash zarurki, ular ma`lum ma`noda mustaqil so‘zlar bilan yordamchi so‘zlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, “yordamchi so‘zlar mustaqil so‘zlardan kelib chiqqan” degan fikrni doimo eslatib turadi. Bu nozik munosabatlarni payqagan H.Ne`matov ularga nisbatan “mustaqil-yordamchi so‘zlar” atamasini qo‘llaydi va bu atamaning mohiyatini quyidagicha tushuntirib beradi: “… morfologik qo‘shimchalarga qisman yaqinlashadigan yordamchi so‘zlar bilan mustaqil so‘zlar orasida mustaqil leksik xususiyatini yo‘qotmagan, yordamchi funktsiyada kela oladigan ko‘plab so‘zlar bordir. Bunday so‘zlar sirasiga yordamchi fe`llar, ot ko‘makchilar, ravish ko‘makchilar va boshqalar kiradi. Bu xildagi so‘zlar, birinchidan, mustaqil qo‘llanila olish va mustaqil leksik ma`no anglatishga qodir bo‘lsa, ikkinchidan, ular yordamchi so‘zlar sifatida qo‘llanilib, turli grammatik ma`nolarni ifodalashga ham xizmat qiladi; lekin shunda ham so‘z o‘zgartirish qobiliyatini yo‘qotmaydi (yordamchi fe`llarga nisbat, mayl-zamon, shaxs-son qo‘shimchalari, ot ko‘makchilarga egalik va kelishik affikslari qo‘shila oladi)”. (NH,48). “Mustaqil va sof yordamchi so‘zlardan farqlash maqsadida ham mustaqil, ham yordamchi vazifasida kela oladigan so‘zlarni mustaqil-yordamchi so‘zlar deb ataymiz. Sof ko‘makchilar funktsiyasi, morfologik o‘zgarmasligi, alohida urg‘uga ega emasligi, mustaqil so‘zlarsiz qo‘llana olmasligi bilan, qisman bo‘lsa-da, qo‘shimchalarga (kelishik affikslariga) o‘xshasa, mustaqil-yordamchi so‘zlar morfologik xususiyatlari, yakka holda qo‘llanila olishi bilan mustaqil so‘zlarga yaqin turadi. Demak, mustaqil-yordamchi so‘zlar sof yordamchi so‘zlar va sof mustaqil so‘zlar orasida oraliq o‘rinni egallaydi”.(NH,48-49). “Mustaqil va sof yordamchi so‘zlar orasidagi munosabatlarni oraliq uchinchisiz – mustaqil-yordamchi so‘zlarsiz aniqlash qiyin. SHuning uchun yordamchi so‘zlarni hech qanday mustasnosiz yo qo‘shimchalar, yoyinki so‘zlar sostaviga kiritish bir tomonlama fikrdir; yordamchi so‘z turkumlarida ularni qo‘shichalar bilan yaqinlashtiruvchi elementlar ham, mustaqil so‘zlar bilan ham yaqinlashtiruvchi elementlar mavjud”, deydi va buni til tizimidagi oraliq uchinchi hodisa sifatida belgilaydi. (NH,49-50). Ko‘makchilarning leksik ma`noga ega emasligi, ularning o‘ziga xos lingvistik birlik ekanligi bundan 55 yil muqaddam H.Berdiyorov tomonidan asoslab berilgan edi. Jumladan, olim bu haqda quyidagilarni yozgan edi: “So‘ngko‘makchilar gapda turli sintaksistik munosabatlarni bajarib, gapning biror bo‘lagiga bog‘langan holda qo‘llaniladi. So‘ngko‘makchilar mustaqil leksik ma`noga ega bo‘lgan so‘zlardan, mustaqil holda qo‘llana olmasligi, sintagmalarni yoki so‘zlarni birlashtirish, kengaytirish qobiliyatiga ega emasligi, morfologik tomondan ayrim semantik morfemalarga bo‘linmasligi, urg‘uni qabul qilmasligi, gapning biror mustaqil bo‘lagi bo‘lib kelolmasligi bilan ajaralib turadi. Ular gapda ishtirok etgan so‘zlarga bog‘lanib kelgandagina atash, sabab, maqsad, fazo kabi qo‘shimcha ma`nolarni ifodalab keladilar”. (BH,127). YAna: “So‘ngko‘makchilar gap ichida mustaqil mavqeni (holat) egallay olmaydilar, shuning uchun ham ular gap bo‘laklari bo‘lolmaydilar. Bu esa ularning qadimgi vaqtda mustaqil leksik ma`noli so‘z ekanligini va mustaqil gap bo‘lagi bo‘lib kelganligini inkor qilmaydi. Bular, o‘tmishda mustaqil so‘zlar bo‘lib, til taraqqiyotining keyingi davrlarida so‘ngko‘makchi holiga kelganligi bizga ma`lum. (BH,31). Ko‘makchilarning leksik-semantik ma`nolari mavjud emasligi haqidagi fikrni asosli deb hisoblar ekanmiz, ular ifoda etayotgan grammatik ma`nolar yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmaganligi, balki bu birliklarning qadimda mavjud bo‘lgan leksik ma`nolariga asoslangan holda vujudga kelishini ta`kidlaymiz. SHunday qilib, yuqorida aytilganlarga asoslangan holda aytishimiz mumkinki, leksik ma`no ko‘makchilar uchun xos xususiyat emas. Ammo bu fikr aytilganda faqat o‘zbek tilidagi sof ko‘makchilar nazarda tutiladi. Funktsional ko‘makchilar esa matniy xususiyatga ega. Ular bir matnda o‘zlarining mavjud leksik ma`nolarini saqlagan bo‘lishi, boshqa bir o‘rinda esa ko‘makchi vazifasini bajarayotgan bo‘lishi mumkin. H.Ne`matov “mustaqil-yordamchi so‘zlar” deb nomlagan oraliq so‘zlarning mavjudligi va ularning ko‘makchi vazifasini bajarishi bu birliklardagi leksik va grammatik ma`nolarning bir-birlariga bog‘liq ekanligidan dalolat beradi. Xullas, ko‘makchilarning nutq jarayonidagi asosiy vazifasi sintaktik munosabatlarni shakllantirishdan iborat bo‘lib qoladi. Ammo shakllangan munosabatlar shunchaki grammatik aloqadangina iborat bo‘lib qolmasdan, ularning har birida matniy holatga qarab alohida uslubiy ottenkalar namoyon bo‘ladi. Bu narsa, ayniqsa, ularni kelishik qo‘shimchalari bilan taqqoslaganda yanada yaqqol seziladi. SHuning uchun ham ular funktsional-stilistik yo‘nalishda o‘rganilishi lozim bo‘ladi. Sof ko‘makchilar stilistikasi. Milliy til rivojlanish jarayonining tarkibiy qismi bo‘lgan ko‘makchilar ham tildagi alohida kategoriya sifatida mazmunan boyib, takomillashib, davrga hamohang tarzda me`yorlashib borgan va ularning o‘zbek tilida uzoq yillar davomida quyidagi arsenali vujudga kelgan: adin, azaq, azin, ayag, ayru/ajru, al, ald/aldïda/aldïnda, alïda/alida/alig‘a/ aldig‘a/alidin/alinda, alt, anshu, ara/aramizda, arqa, aro, art, asno, asnoda, asnosida, asosan, asosida, asra, ast, atraf, atrofida/atrafïda, asha, ashnu, arasïda/arasïnda/arasïdïn, astïg‘a/ astïda/astïnda/ astïn/astïdïn; babpnda, baka/baqa, baravariga/baravarida, basa, bash, basha, bashadu, bashïda/bashïnda/ bashinta, bashlayu, bashka/bashqa, beri;, birld/ birldn, bikin,bekin/bikin, biki, bilan/bildn/ birlan/birla/ birle /birld,bila/bild/ ilan/ila/ ild/ildn/ la, binoan, bo‘y+i/ig‘a/ida/idan, bo‘yincha, bob/bobda/bobinda/bobidin, bobida, bois+i/dan(din), bola, borasida, burno, burun, burun/burna, burunroq (shevada - burnog‘i); beri/ beri/beru/ bero‘; gird; damana/ damanasïda, deb, doir, degro‘/ tegro‘, degin/ deginchä/ dego‘nchä/ teginchä; j(j)ïxatïdin; iye, ilgari/ ilgeru/ilgeri, ilgarida (shevada –ilgeri, illey), ilgida/ilkida/ilkidin, ich/ichinte/ichidä/ichindä/ ichigä/ichingä, ichra/ichre/ichrä; yavug, yaqa, yan, yanlig‘ yarasha, yir, yo‘z/ yuz, yo‘lida, yo‘sinda, yoqaru/yo‘gero‘, yuzasinde, yinaq (yingaq); kabi/kibi/ kebi/kebi, keyin keyin/kejin/kejinichä, kidin, kidirti, kiz/kez, kin/ki-, kiru/keru, kuyi, kedin, , keru, körä, ko‘ch; maqsadida, mengiz, mobaynida, muvofiq, mukäbiläsïda; naru/nari/narï/ narïg‘a, nisbatan, niyatida; odo‘nte, og‘zida/og‘zig‘a, og‘renta, og‘ur, ozga/özgä, oldida, on (ong), ongaru, oni (ongi), ora/orada/orala/orasi/ orasiga/orasida/orasidan, orqali, orqasida, ornïg‘a, orta/ortasïg‘a/ ortasïng‘a/ortasïda/ ortasïnda/ ortasïdïn, ortu, orunta, otkuru, osha, ornïda/ ornunïg‘a/ ornïg‘a/ ornïna; ravishda, robaro/ro‘para/ ro‘bäro‘jig‘a/ ro‘bäro‘jida; sabab; sajp/sajpn/sayin, sayu, sari/sarï/ sarïg‘a, singari, sifatida, so‘/so‘y/so‘yi, song/ sonïcha/son/sonra/songra/sonraraq, sonïmïzcha, soyasida, surat/ suratiga/g‘a/suratida, sinar (singar); taba/tapa, taban, tabaru, tabug‘ïda, tapuq, taraf, tash, tashqaru/tashqari/ tashkarï/tashg‘aru, teg/deg/dek, tegi, teginch/tegincha, tegri/ tegru/dekru/tekru, tegi/tegin/tekin, timin, togri, tog‘a, tomon/tomonga/tomoniga, tomondan/tomonidan,tomonda/ tomonida, tomonimizda, tono‘, tub, tubindä, tufayli/ tufayligina, tiltaqinta, tegi, tegra/tegru, tegre/tegire/tegräsigd/tegräsidä/ tegräsidin, tepe, to‘g‘ri+dan/da/ga, to‘g‘rimda, to‘g‘risi+dan/da/ga, tog‘rïsïdïn, to‘bida, tegräsingä / tegräsidä/ tog‘rpsïg‘a; uza/ uze/ o‘zä/ uzä, uzala, uzra/uzre/uzrä, ulati, usk, uskinte, ust/o‘stigä / ustinä/o‘stingä/ o‘stidä/ o‘stindä/ o‘sto‘mä/ o‘stidin; utru/otru/otro‘,/o‘tru/ utrusïg‘a, uchun/, o‘cho‘n/-chun; xizmatig‘a/ xizmatida, xusus/ xususda/xususida; chag‘lïg‘; iyin/iyin/ivin, inaru/ineru; etek; yuzasidan, yuzidin; yanglig‘/yanlig‘/ janlïg‘, yarasha/ jarasha, javukcha; o‘zga, o‘ng/o‘ngin,o‘ngdin/o‘ngdun, o‘nginda, o‘ngu, o‘rniga, o‘st, o‘tinte; qadar, qarata, qarshi/karshu, qat/katïda / katïnda/ katïdïn/ katïmïzda, qata, katïg‘a/ katïng‘a/ katïna/ katïda/ katïnda, qatorida, qash/kashïda/ kashïmda /kashig‘a/ kashing‘a/kashinda/ katïmïzg‘a, qodi, quyi, qirg‘aq; haq/haqda/haqina/haqinda/haqig‘a/haqimda, uzur+i/dan(din)/da, ga(g‘a), holda, huzurlariga. Biz ham tadqiqotlarimiz jarayonida ulardan foydalanamiz va bunda asosiy diqqatimizni bu ko‘makchilarni hozirgi adabiy tilimiz nuqtai nazaridan funktsionl-stilistik jihatdan baholashga qaratamiz. Leksik ma`noga ega emasligi va shuning uchun ham nutqda alohida ishlatilmasligi hamda so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalarni qabul qila olmasligi sof yoki asl ko‘makchilarni ajratishda asosiy o‘chlov bo‘lib xizmat qiladi. SHu nuqtai nazardan ushbu bobda asosan bilan, binoan, bo‘yicha, kabi, ora, sayin, sari, uzra, uchun, qadar ko‘makchilari va ularga sinonimik holatda bo‘lgan boshqa ko‘makchilar tahlil qilinadi. Tahlil jarayonida ko‘makchilarga murojaat qilishda takroriylikdan qochish maqsadida ularni iloji boricha bir sinonimik uya doirasida guruhlab o‘rganish maqsadga muvofiq ko‘rinadi. To‘g‘ri, ayrim ko‘makchilar ikkinchi bir ma`nosi bilan boshqa uyadagi ko‘makchilar bilan ham sinonim bo‘lishi mumkin. Bu holat tahlilda hisobga olinadi. BILAN. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida bilan shaklida qo‘llaniladigan ko‘makchi tarixan birla ko‘rinishida bo‘lgan (AG‘., SHSH, 200). H.Ne`matov birle-bile ko‘makchisining eng qadimgi ma`nosi birlikni ifodalash bo‘lsa kerak, degan fikrni bildiradi. (NH,39). Uning boshqa shakllari keyinchalik paydo bo‘lgan. Masalan: birlan, bilan, ila, ilan, -la. H.Berdiyorovning “Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilida so‘ngko‘makchilar” nomli dissertatsion ishida bilan ko‘makchisi vosita, sabab, birgalik, holat, usul, payt, miqdor, jamlik, holatning nima bilan mavjudligi, fikrning biror muhim voqeaga oidligi, tomon ma`nolarini anglatishi hamda gapda vositali to‘ldiruvchi, ravish, payt, sabab va maqsad holi vazifalarini bajarishga va shu ma`nolarning reallashuviga ko‘maklashishi tahlil qilingan. (BH,36-40). J.Hamdamov ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. (HJ,82). Bu ko‘makchida turli variantlarining yuzaga kelishiga poetik matn va poeziya talablari sabab bo‘lgan, deb o‘ylaymiz. Ilgari ham, hozirda ham she`riy asarlarda, ayniqsa aruz vaznida yozilgan matnda uning -ila, -la, birla, birlan shakllari faol ishlatilib, ular badiiy uslub va ommabop uslubning ba`zi janrlarida xoslangan: Boshim hech chiqmasa mayli, malomat birla bo‘htondan Fido jonimni qildim yo‘lingga, mayli, uvol bo‘lsam (H.Olimjon), Siz birlan biz parda ichra navo qilali (IF.73) Bu kulbaga kelganimdan bir necha yil keyin mazkur qalandarlar ila shunosa bo‘ldim. Ul buzruk adib sabablari ilan Muntazir va Gulxaniy borasida ilm paydo bo‘ldi. Ammo shoir va mutafakkir Gulxaniy bori favt bo‘lg‘on ekan (IF,12). Bu fikrni tarixiy-badiiy manbalar va ularga oid olib borilgan tadqiqotlar ham tasdiqlaydi.(RT,31). T.Rustamov bu borada statistik kuzatishlar ham olib borgan: XV-XVI asrlarda qo‘llangan ila ko‘makchisi, asosan, poeziyaga xos bo‘lib, Lutfiyning biz ko‘rib chiqqan asarida 38 marta; Alisher Navoiy asarida 59 marta uchrasa, “Bobirnoma”da ikki martagina uchraydi. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida ila ko‘makchisining qo‘llanishi yanada aktivlashadi. U Muqimiyning ikki tomlik “Tanlangan asarlar”ida 136 marta, Munisning bir tomlik she`rlar to‘plamida esa 69 marta uchraydi. A.Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asarida 3 martagina qo‘llanishi uning proza asariga emas, balki poetik asarlargagina xos ekanini bildiradi”. (RT,32). T.Rustamov bilan ko‘makchisining fonetik varianti hisoblangan birlan, birla, ila, -la hozirgi o‘zbek tilida uchrasa ham, uning uchun norma hisoblanmaydi, deydi. (RT,33). Uning fikriga to‘la qo‘shilib bo‘lmaydi. Bu fikr -la ga taalluqli emas. CHunki u hozirgi badiiy nutq uchun ham me`yor sanaladi. So‘zlashuv uslubida asosan bilan hamda sheva variantlari minan va billa qo‘llaniladi: Ukam minan keldim, kinoga billa borovuza kabi. Ilmiy, rasmiy uslublar va ommabop uslubning alohida janrlari uchun faqat adabiy shakl bilan xos. S.Mutallibov, H.Ne`matov tadqiqotlari shundan dalolat beradiki, ayrim ko‘makchilar, jumladan bilan va boshqa grammatik vositalar sinonimiyasi turkiy tillarda qadimdan shakllana boshlagan. “Bu ko‘makchi, -deb yozadi S.Mutallibov.- ba`zan joy, o‘rin kelishigi funktsiyasida qo‘llangan: Jaqruq bila uvut bo‘lmas.(DLT). Bu erda jaqruq bila – kal odamda iborasi o‘rin kelishigi ma`nosidadir. Bularning har xil funktsiyada qo‘llanishiga adabiy tilda ham misol ko‘p: Saroy-qarshi, er-suv birla yo‘q (Saroylar, katta er-suvlar sanda yo‘q. Qut.bilig)”. (MS,119-120). H.Ne`matov: “YOdgorliklar tilida birle ko‘makchili konstruktsiyalar ko‘pincha sintetik qurol-vosita kelishigi formasining (qurol, vosita, birgalik, ba`zan zamon ma`nolarida) analitik sinonimi bo‘lib keladi – tilin yarliqarda ogun birle an (Q-3960)- “(bek) til(i) bilan buyurayotganda, (sen) onging bilan uq”; sozi birle yanluq ag‘ir qildi oz (Q-207)- “odam o‘zini so‘zi bilan hurmat qildi”; chaviqsa ozun bu edgu atin – “(sening) o‘zing bu yaxshi nom bilan shuhrat qozonsang” SHuning uchun bu davr tilida qurol-vosita belishigining iste`moldan chiqa boshlash tendentsiyasi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bu hodisa esa birle k.chisining qo‘llanish doirasining kengayishiga qulay zamin yaratadi”. (NH,39-40). Ko‘makchilarning X asrlardanoq sinonimik holatlarda qo‘llanila boshlaganligi ularni qo‘llashdagi stilistik farqlanishning boshlanganligidan, binobarin turkiy til madaniyatining qay darajada bo‘lganligidan dalolat beradi. Hozirgi o‘zbek tilida bilan ko‘makchisining boshqa til vositalari bilan, jumladan, bog‘lovchilar, ko‘makchilar, kelishik qo‘shimchalari bilan sinonimik munosabatga kirish imkoniyatlari keng. Ularni ko‘rib o‘tamiz. Download 149 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling