Konstitutsiyaga taklif etilayotgan o‘zgarishlar ro‘yxat
Konstitutsiyadagi 128 ta moddaning roppa-rosa yarmi – 64 tasini o‘zgartirish va 6 ta yangi modda qo‘shish taklif etilyapti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini e’lon qildi.
Loyihada asosiy qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritish hamda 16 ta normani o‘z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo‘shish taklif etilmoqda.
Kun.uz o‘z o‘quvchilariga qulay bo‘lishi uchun 20 betdan iborat qonun loyihasini yuridik qolipdan soddaroq formatga o‘tkazib, zarur holatlarda amaldagi Konstitutsiya bilan taqqoslagan holda e’lon qilmoqda.
“Ta’kidlash lozim, qonun loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamalari portali – regulation.gov.uz saytida emas, Meningkonstitutsiyam.uz saytida pdf formatda e’lon qilindi. Bu esa fuqarolarda loyihaga moddama-modda fikr bildirish va onlayn muhokama o‘tkazish imkoniyatini cheklaydi. Avvalroq Kun.uz barcha NHH loyihalari jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish majburiy tartibda regulation.gov.uz'ga joylanishi tartibi bekor qilingani haqida xabar bergan edi”
1-moddadagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasini quyidagicha o‘zgartirish taklif etilmoqda:
O‘zbekiston – suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat.
1-modda o‘zgargach, uni boshqa hech qachon o‘zgartirmaslik belgilanmoqda. Buning uchun 127-moddaga (bu moddada Konstitutsiyani o‘zgartirish prinsiplari yozilgan) quyidagicha ikkinchi qism qo‘shiladi:
Ushbu Konstitutsiya 1-moddasining va ushbu moddasi ikkinchi qismining qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
13-modda kengaytirilib, unga xususan quyidagi qoidalar qo‘shilishi kutilyapti:
Insonga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi davlat organi tomonidan ko‘zlanadigan qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak.
Insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |