78- va 93-moddalarga kiritilayotgan o‘zgarishlarga binoan:
O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash vakolati Oliy Majlisdan prezidentga o‘tkaziladi.
78-moddada, Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlariga quyidagilar qo‘shilmoqda:
Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzasini ko‘rib chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakilini saylash;
O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish.
80- va 93-moddalarga kiritilayotgan o‘zgarishlarga asosan, Senatning vakolatlari uchtaga ko‘paymoqda:
Prezident taqdimiga binoan Hisob palatasi va Sudyalar oliy kengashi raislarini tayinlash va lavozimidan ozod etish;
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini tayinlash hamda lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi prezident farmonlarini tasdiqlash;
O‘zbekistonning chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik vakillari faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan hisobotlarni eshitish.
83-moddada qonunchilik tashabbusiga ega sub’yektlar ro‘yxatiga quyidagilar qo‘shilyapti:
O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari;
Oliy Majlis Senati;
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman);
Markaziy saylov komissiyasi.
Bu moddaning yangi tahriri asosida Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va bosh prokurorning qonunchilik tashabbuslari doirasi cheklanmoqda: ular (shuningdek, Sudyalar oliy kengashi ham) faqat “o‘z vakolatlariga oid masalalar yuzasidan” qonunchilik tashabbusi bilan chiqishi mumkin bo‘ladi.
84-moddaning yangi tahriri bilan quyidagilar taklif etilyapti:
Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunlarni Senatga yuborishning cheklangan muddatini (qonun qabul qilingan kundan boshlab) amaldagi 10 kundan 20 kunga uzaytirish;
Senat ma’qullagan qonunlarni imzolash va e’lon qilish uchun prezidentga yuborishning cheklangan muddatini (qonun ma’qullangan kundan boshlab) 10 kundan 20 kunga uzaytirish;
Prezident Senatdan kelib tushgan qonunni imzolashi va e’lon qilishining cheklangan muddatini amaldagi 20 kundan 2 oyga uzaytirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |