Korporativ tuzilmalarda soliq menejmentini tashkil etish


Download 46.05 Kb.
bet1/3
Sana17.06.2023
Hajmi46.05 Kb.
#1552896
  1   2   3
Bog'liq
Mavzu-13


13-MAVZU: “KORPORATIV TUZILMALARDA SOLIQ MENEJMENTINI TASHKIL ETISH”
Reja:
1. Soliq menejmentining iqtisodiy mohiyati, vazifalari va tasniflanishi
2. Korporativ soliq menejmentining tashkiliy yoʻnalishlari
3. Korporativ soliq menejmentida soliqlarni optimallashtirish usullari


Tayanch soʻz va iboralar: soliq majburiyatlari, soliq toʻlovchilar, soliq menejmenti, soliqlarni rejalashtirish, soliq nazorati, soliq risklari, ichki soliq nazorati, soliqlarni optimallashtirish


1. Soliq menejmentining iqtisodiy mohiyati, vazifalari va tasniflanishi
Bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida davlatning iqtisodiyotga aralashuvi qisqarib boradi. Shundan kelib chiqqan holda hozirgi vaqtda davlat tomonidan iqtisodiyotni tartibga solishning muhim vositasi sifatida soliqlar koʻzga tashlanadi. Bunda soliqlar davlat tomonidan iqtisodiyotga aralashishning muhim dastagi sifatida namoyon boʻlmoqda hamda respublikamiz konstitutsiyasiga asosan «Oʻzbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal»1 qilib kelmoqda.
Davlat soliq tizimi orqali byudjet daromadlarini shakllantiradi. Boshqa tomondan soliq tushumlaridan foydalanish ishlab chiqarish bazalarini yangilashga, ijtimoiy xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi. Erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida soliqlar davlatning iqtisodiyotga aralashuvining asosiy vositasi sifatida yuzaga chiqadi. Bunda soliqlar davlat tomonidan joriy etiladi va boshqarib boriladi. Davlat soliqlar orqali iqtisodiyotga bevosita aralashishdan tashqari oʻz funksiyalarini bajarishi uchun zarur boʻlgan moliyaviy resurslarga ham ega boʻladi. Davlat tomonidan soliqlarning joriy etilishi va ularning undirilish jarayonini boshqarib borish davlat soliq menejmentini anglatadi.
Umuman, soliqlarni boshqarishga moliyaviy boshqaruvning bir qismi sifatida qaraladi. Bunda davlat hamda soliq toʻlovchilar soliqlar bilan bogʻliq munosabatlarni boshqarishdagi asosiy obyektlar hisoblanadi. Bundan oʻz-oʻzidan soliqlar va soliqqa tortishning amal qilishida davlatdan boshqa manfaatdor tomonlar ham mavjudligi namoyon boʻladi. Ya’ni, davlat tomonidan soliqlarning amal qilishini boshqarib borishiga parallel ravishda soliq toʻlovchilar tomonidan soliqlarni imkon qadar kamroq toʻlashga boʻlgan intilish ham manfaatdorlik nuqtai nazaridan kuchayib boradi. Bunda soliqlar ikkinchi tomondan, soliq toʻlovchilar tomonidan ham boshqarilib borilishini koʻrish mumkin. Bu jarayon amaliyotda soliq toʻlovchilar nuqtai nazaridan soliq majburiyatlarini boshqarish sifatida baholanadi.
Yuqorida ta’kidlab oʻtganimizdek, soliqlarning amal qilish jarayonida davlat va soliq toʻlovchilar soliqlarni boshqarish orqali oʻz faoliyat samaradorligini oshirishga intilishini anglashimiz mumkin. Yana shu oʻrinda soliqlar boʻyicha manfaatdor tomonlar sifatida investorlar, iste’molchilar, soliq organlari, davlat moliya xizmati organlari va boshqalarni ham keltirishimiz mumkin.
Investorlar uchun, avvalambor, soliq qonunchiligining barqarorligi, oʻzgarish ehtimoli, soliq risklari boʻyicha yondashuvning aniqligi asosiy e’tibor qaratiladigan jihatlar hisoblanadi. Iste’molchilar esa narx ustiga bevosita qoʻshiladigan soliqlar, xususan qoʻshilgan qiymat soligʻining qisqarishidan manfaatdor boʻladi.
Davlat soliq xizmati organlarining faoliyati soliqlarni oʻz vaqtida va toʻliq undirishni ta’minlash orqali soliq qonunchiligining ijrosini ta’minlashga qaratilganligi uchun soliq organlari ham oʻz navbatida bu jarayondan manfaatdor tomon hisoblanadi. Soliqqa tortish jarayonida soliq toʻlovchilar va soliq organlari oʻrtasida ishonchli munosabatlarni yuzaga keltirish soliq toʻlovchi uchun turli xil kutilmagan soliq tekshiruvlarining oldini olsa, soliq organlari uchun esa soliqlar va ularga tenglashtirilgan toʻlovlarning belgilangan vaqtda hamda toʻliq hajmda davlat byudjetiga kelib tushishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davlat moliya xizmati organlari esa soliqlarni undirish jarayonida xarajatlarni imkon qadar kamaytirishga harakat qiladilar. Bu holat soliqlarning arzonlilik tamoyili bilan birga soliq organlari faoliyatini moliyalashtirishni tartibga solishni anglatadi. Soliqlar boʻyicha manfaatdor tomonlarning amal qilish natijasida hukumat soliq tushumlarini oshirib borishga intilishdan tashqari, investitsiyalarni jalb qilish va mavjudlarini ushlab turishga harakat qiladi. Bu holatda investitsiyalar harakati mamalakat miqyosida ishlab chiqarishni kengaytirish bilan birga qoʻshimcha soliq tushumlari uchun xizmat qilishi bilan izohlanadi.
Soliq toʻlovchilarning soliqlarni boshqarish orqali soliqlarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlari bilan bir vaqtda davlat soliqlardan qochish holatlarini bartaraf etishga, kapitallarning koʻchishiga qarshi kurashga, kompaniyalarning boshqa davlatlarda olgan foydalarini ham soliqqa tortish boʻyicha chora-tadbirlar belgilashga intiladi.
Bizga ma’lumki, soliqlar va soliqqa tortish sohasida boshqarish tushunchasi davlat va korxonalar miqyosida oʻxshash, ham bir-biriga qarama-qarshi tushunchalar sifatida namoyon boʻlishini koʻrishimiz mumkin. Ya’ni, davlat tomonidan soliqlarni boshqarish soliq tizimini tartibga solish hamda soliqlarni belgilangan muddatlarda va toʻliq tegishli byudjetlarga tushishini ta’minlashga qaratilsa, soliq toʻlovchilar bunga qarama-qarshi ravishda soliq majburiyatlarini boshqarish orqali soliqlarni imkon qadar (qonunchilikdan chiqmagan holda) kechroq hamda kamroq toʻlashga intiladilar. Bu holatga bozor iqtisodiyoti qonuniyati sifatida yondashishimiz lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda soliq menejmenti tushunchasiga soliqlarni va soliqqa tortish jarayonini boshqarish sifatida qarash lozim va bu jarayon davlat hamda korxonalar miqyosida tashkil etilishiga e’tiborni qaratishimiz maqsadga muvofiq. Bunda soliqlarni boshqarishning xususiyatlari sifatida quyidagilarni qayd etib oʻtish mumkin:
- birinchidan, soliqlarni boshqarish – zamon va makonda uzluksiz amalga oshirib boriladigan jarayon boʻlib, “soliq makoni” tushunchasi barcha soliq munosabatlarini oʻzida aks ettiradi;
- ikkinchidan, soliqlarni boshqarish bu aniq iqtisodiy, moliyaviy, ijtimoiy natijalarga erishish uchun soliqlar va soliqqa tortishga ta’sir etadigan aniq maqsadga yoʻnaltirilgan jarayondir;
- uchinchidan, bu natijalarga erishish uchun aniq maqsad va vazifalar qoʻyilishi, rejalashtirish, tashkil etish, muvofiqlashtirish, soliq majburiyatlarining belgilangan tartibda bajarilishini ta’minlash maqsadida ta’sir choralarini koʻrish va nazorat kabilar amalga oshiriladi.
Soliqlar va soliqqa tortish doimiy harakatdagi, ya’ni iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va boshqa jarayonlar ta’siriga duch keladigan, davlat tomonidan doimiy boshqarib boriladigan rivojlanishdagi tizim hisoblanadi.
Soliqlarning koʻproq davlat miqyosidagi huquqiy tushuncha ekanligidan kelib chiqqan holda dastlab davlat tomonidan soliqlarni boshqarish haqida toʻxtalib oʻtamiz.
Xoʻjalik yuritishning bozor sharoitida davlat tomonidan soliqlarni boshqarish davlat ahamiyatiga ega ilmiy-amaliy, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda alohida dolzarblik kasb etadi. Bundan davlat miqyosida soliqlarni boshqarishning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi makroiqtisodiy darajada iqtisodiyotga oʻzining ijobiy ta’sirini koʻrsatishini koʻrish mumkin. E.N.Evstigneev asoslaganidek, «Davlat soliq menejmenti – davlatning bevosita funksiyalaridan biri va uning iqtisodiy siyosatining muhim elementidir»2. Korxonalar miqyosida soliqlar boʻyicha pul oqimlarini boshqarishning ahamiyatini soliqlar va majburiy ajratmalar boʻyicha toʻlovlarni tejash orqali xoʻjalik obyektlari moliyaviy barqarorligini oshirishida koʻrish mumkin. Bu borada ham E.N.Evstigneev ta’kidlaganidek, «Korporativ soliq menejmenti – korxona va tashkilotlar moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining ajralmas qismi boʻlib, soliq toʻlovchi tomonidan soliq yukini kamaytirishning qonuniy vositasidir»3.
Davlat tomonidan soliqlarni boshqarishning ahamiyatini oʻz boshqaruv funksiyalarini moliyaviy ta’minlash orqali mamlakat taraqqiyotiga zamin yaratishi bilan izohlash mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda davlat soliq menejmenti mohiyatini davlatning soliqlar amal qilishi boʻyicha umumiy prinsiplar, metodologik qoidalar ishlab chiqish orqali soliq munosabatlarini tartibga solish borasidagi faoliyat sifatida koʻrish mumkin.
Davlat tomonidan soliqlarni boshqarishning muhimligini soliqlar jamiyatdagi iqtisodiy munosabatlar vositasi, davlatning daromadlarini ta’minlaydigan, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlardagi takror ishlab chiqarishni tartibga soladigan manba ekanligi bilan ham bogʻlashimiz mumkin. Bundan soliqlarni davlat tomonidan boshqarib borish zarurati kelib chiqadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Davlat soliq tizimini, soliqqa tortish sohasini tartibga solib turadi va shu orqali davlat jamiyatdagi boshqa koʻplab oʻzaro bogʻliq sohalarni moliyaviy jihatdan ta’minlaydi va bundan oʻz-oʻzidan soliqlar va soliqqa tortish sohasini boshqa sohalar taraqqiyotiga hisssa qoʻshuvchi markaziy boʻgʻin sifatida koʻrishimiz mumkin. Davlat soliqlarni boshqarib borish orqali soliqlar va soliqqa tortish sohasining fan, iqtisodiyot, moliya, siyosat, huquq, ta’lim, ijtimoiy jarayonlar, madaniyat, etika yoki boshqa sohalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqligidagi ahamiyatini yanada oshiradi. Ya’ni bunda aynan davlat tomonidan soliqlarning oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini tashkil etish jamiyat miqyosidagi boshqa koʻplab sohalarning moliyalashtirilishiga va shu orqali ularning rivojlanishiga erishiladi.
Umuman olganda, davlat soliq menejmenti soliq toʻlovlarini undirishni samarali tashkil etish jarayonlariga yoʻnaltiriladi. Respublikamizda davlat tomonidan soliqlarni boshqarishni boshqaruv ta’siri koʻlamiga koʻra respublika va mahalliy darajalarga boʻlishimiz mumkin. Bunday tasniflanishni soliqlarning tegishli byudjetlarga biriktirilganligidan kelib chiqqan holda izohlash mumkin.
Soliq toʻlovlari korxona pul oqimlarida salmoqli ulushga ega hisoblanadi. Soliqlarning xoʻjalik obyektlari moliyaviy holatiga ta’sirini hisobga olgan holda qabul qilingan qarorlar biznes taqdirini belgilab berish bilan birga uning oʻsish va rivojlanish imkoniyatlarini ham belgilab beradi. Soliqlar va ularga tenglashtirilgan toʻlovlar boʻyicha davlat byudjeti bilan hisob-kitoblardagi har qanday xato yoki kamchilik korxona uchun qoʻshimcha moliyaviy hisoblashishlarni yuzaga keltirishi va jiddiy moliyaviy yoʻqotishlarga olib kelishi mumkin.
Korporativ tuzilmalar tomonidan soliqlar boʻyicha jiddiy xatolar yoki soliq huquqbuzarliklariga yoʻl qoʻyilishining oldini olish, soliqlar boʻyicha majburiyatlarni qonuniy yoʻllar va usullardan foydalangan holda maksimal darajada kamaytirishni yoʻlga qoʻyish moliyaviy barqarorlik va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunga erishish uchun korxona oʻz faoliyatini yuritish davomida soliqqa tortish jarayoni bilan bevosita bogʻliq hamda obyektiv zaruriyat boʻlgan korxonalar miqyosida soliq menejmentini samarali tashkil etish lozim boʻladi.
Koʻplab rivojlangan mamlakatlar kompaniyalari faoliyatida soliq menejeri oʻz vazifalaridan kelib chiqqan holda soliqlarni rejalashtirish va optimallashtirish bilan shugʻullanishini koʻrish mumkin. Natijada korxona rahbariyati tomonidan qarorlar qabul qilishda soliq menejerlarining soliq toʻlovlarini amalga oshirish borasidagi qarorlariga alohida e’tibor qaratiladi va yil yakunida bu qarorlarning samaradorligi baholanadi.
Shu oʻrinda alohida ta’kidlab oʻtishimiz kerakki, davlat soliq menejmenti va korporativ soliq menejmenti soliqlarning ijtimoiy-iqtisodiy kategoriya sifatida majburiyat koʻrinishida amal qilishiga qaramasdan oʻzaro yaqin tushunchalar emas. Buni davlat soliq menejmenti va korporativ soliq menejmentining maqsadlaridagi obyektiv qarama-qarshilikda koʻrishimiz mumkin. Yana shuni ham alohida ta’kidlashimiz lozimki, ularning yagona maqsadi – jamiyatda soliqlar va soliqqa tortishni umumiy boshqarish boʻlib, ular oʻzaro qarama-qarshi yoʻnalishda aks etadi. Ya’ni davlat soliq menejmenti davlat manfaatlarini koʻzlaydi, korporativ soliq menejmenti esa konkret tashkilot, konkret jamoa manfaatlaridan kelib chiqadi.
Soliqlarni boshqarish jarayonida korporativ soliq menejmenti davlat soliq menejmentiga nisbatan tobelik, boʻysunuvchanlik xarakteriga ega. Chunki korxonalar davlat tomonidan oʻrnatilgan soliq qonunchiligi doirasida oʻzlarining soliq majburiyatlarini boshqarib boradi.
Korxonalar miqyosida soliqlarni boshqarish va davlat tomonidan soliqlarni boshqarishning oʻzaro bogʻliq sohalari sifatida soliqlarni prognozlash (davlat miqyosida) yoki rejalashtirish (korxona miqyosida), soliqlarni tartibga solish va soliq nazorati keltirib oʻtiladi.
Korxonaning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati davomida davlat byudjeti bilan soliqlar boʻyicha hisob-kitoblarda xatolarga yoʻl qoʻyish korxona uchun jiddiy moliyaviy yoʻqotishlarga aylanishi haqida yuqorida ham ta’kidlab oʻtdik. Oʻzbekistondagi haqiqiy holat tadbirkorlik faoliyatini soliqqa tortishning va soliq qonunchiligining oʻzgaruvchanligi va shu kabi boshqa holatlardan kelib chiqqan holda korporativ soliq menejmenti keng doirada yoʻlga qoʻyilmagan. Bugungi kunda biznes faoliyatining borishi davomida ba’zi bir shartnomalarning qancha foyda keltirishi va bu boʻyicha qancha soliq toʻlanishi talab qilinishini hisobga olmaganda korxonalar miqyosida soliqlarni boshqarish deyarli koʻzga tashlanmaydi. Soliq toʻlovlari korxonaning barcha ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyatini qamrab olib, narx shakllanishidagi barcha elementlarga, ishlab chiqarish samaradorligiga ta’sir koʻrsatadi, shuningdek biznes qarorlarini qabul qilish boʻyicha oʻz ta’sirini koʻrsatadi.
Amaliyotda soliqlar iqtisodiy tartibga solishning muhim vositasi sifatida koʻzga tashlanadi. Jiddiy moliyaviy qarorlar hech qachon soliqlarni hisobga olmasdan qabul qilinmaydi. Korxonada doimiy ravishda asosiy funksiyasi mazkur korxona faoliyatini soliq nuqtai nazaridan kuzatish va tahlil qilish boʻlgan ichki va tashqi mutaxassislar boʻlishi lozim. Agar soliqlar korxona asosiy strategiyasida e’tiborga olinmasa, kimdir ularni oʻz vaqtida va toʻgʻri hisoblashi, shuningdek ularni optimallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilishi kerak. Soliq toʻlovchilarda «Agarda soliqlarni toʻlamaslik mumkin emas ekan, unda mumkin qadar kamroq toʻlash kerak» degan yondashuvni shakllantirish barcha xoʻjalik obyektlarining oʻz soliq majburiyatlarini taqiqlanmagan qonuniy usullar yordamida kamaytirishini bozor iqtisodiyoti talab etadi va bu ularning huquqi sifatida asoslanadi.
Umuman, korxonalarda moliyaviy qarorlar qabul qilishda amaldagi soliq qonunchiligi, shuningdek soliq toʻlovchilar faoliyatini nazorat qiluvchi va turli xil sanksiyalarni qoʻllash huquqiga ega soliq organlari faoliyati hisobga olinishi maqsadga muvofiq.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlash mumkinki, korporativ soliq menejmenti moliyaviy menejmentning muhim tarkibiy qismi sifatida hamda amaliyotga moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining muhim boʻgʻini sifatida kirib borishi kerak. Xoʻjalik yurituvchi obyektlarda soliq majburiyatlarini, umuman soliqlarni boshqarish boʻyicha mutaxassislar (soliq menejeri, soliq maslahatchisi) eng ahamiyatli figura sifatida yuzaga chiqishi lozim.



Download 46.05 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling