Kurs ishi mavzu: Baliqlarda kasallik uyg’otuvchi parazit turlarga ta’rif


Download 71.71 Kb.
bet4/6
Sana15.11.2023
Hajmi71.71 Kb.
#1774285
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
Iskandarova Sayyora.Kurs Ishi.

2.3. SO'RG'ICHLILAR (TREMATODA) SINFI. Trematodalar sinfi vakillari ham monogeneyalar singari kiprikli chuvalchanglardan kelib chiqqan. Ammo ular barcha umurtqalilar - baliqlar, amfibiyalar, reptiliyalar, qushlar va sut emizuvchilar, shu jumladan odamlarning hamda umurtqasizlarning ichki parazitlari hisoblanadi. Bu sinf haqidagi dastlabki ma'lumotlar 17-asrning o'rtalarida paydo bo'lgan. Taniqli italiyalik olim Redi birinchi marta qoramollar jigarida jigar qurtini topib, uning tuzilishini o'rganadi. Shved olimi K. Linney trematodalaming 40 dan ortiq turini o'rganib, birinchi marta trematodalar sinfiga asos solgan. 1819-yili mashhur gelmintolog olim K.A. Rudolfi 220 dan ortiq trematodalar turini o'rganadi. Trematodalarni har tomonlama o'rganishda rus olimlari yetakchi rol o'ynaydi. Akademik K.I. Skryabin o'z sho-girdlari bilan trematodalar bo'yicha 26 tomlik kapital asarlar yozgan. Hozirgi vaqtda trematodalar, ya'ni so'rg'ichlilar sinfiga 5000 dan ortiq tur kiradi, shulardan qariyb 50% i baliqlarda qolganlari esa boshqa umurtqalilarda parazitlik qiladi. Odamlarda ularning 30 ga yaqin turi uchraydi. Trematodalar o’z xo’jayinlarining hazm organlarida, jigar va jigar o’t yo’llarida, qon tomirlarida va boshqa ichki organlarda parazit holda yashaydi. Bu sinfga kiruvchilarning hammasi endoparazitlar hisoblanadi. Trematodalarning ko’pchiligi bargsimon shaklga ega. Ammo ular orasida noksimon, ipsimon shaklga ega bo’lganlari ham uchraydi. Trematodalarning tana uzunligi 0,1 mm dan 10-15 sm gacha yetadi. Akulalarning og’iz bo’shlig’ida parazitlik qiladigan ayrim so'rg'ichlilarning uzunligi 1,5 m ga yetadi(Didymozoidae oilasi turlari). Tana qoplag'ichi tegument deb ataladigan kipriksiz epiteliydan iborat. Epiteliyning sirtqi qavati yadrosiz sitoplazmatik plastinkadan iborat. Bu qavat hujayralar juda ko'p mitoxondriylar va vakuollarga ega, lekin hujayralar o'rtasida chegara yo'qolib, sinsitiy hosil qiladi. Epiteliy sirtidagi har xil pixlar qo'shimcha yopishuv organi hisoblanadi. Sitoplazmatik ipchalar yordamida tegument qavati sitoplazmaning parenximasiga botib turadigan yadroli qismi bilan bog'langan. Tegument ostida bazal membrana va uning ostida halqali-bo'ylama muskullar joylashadi.
Hazm sistemasi ektodermali oldingi ichak (og’iz, tomoq, qizilo’ngach) va entodermali o’rta ichakdan iborat. Yirik vakillarida ichak kuchli tarmoqlangan bo’lsa, birmuncha mayda turlarida ikkita yon nayidan tuzilgan. Ichaklarining uchlari berk. Og’zi tananing oldingi qismida, og’iz so’rg’ichining ostida joylashgan(19- rasm). Ayirish sistemasi protonefridiy tipida bo'lib, odatda bir juft yig'uvchi naylar va ulardan tarqaladigan juda ko'p naychalardan iborat. Naylar siydik pufagiga, pufak esa tashqariga ochiladi. Nafas olish va qon aylanish sistemalariga ega emas. Nerv sistemasi ortogon tipda tuzilgan bo'lib, bir juft miya gangliylaridan hamda ulardan oldinga va orqaga ketadigan uch juft bo'ylama nerv tomirlaridan iborat. Nerv tomirlari ko'ndalang nerv tolalar bilan qo'shilgan. Bo'ylama nervlardan ayniqsa, qorin nerv tomiri yaxshi rivojlangan. Sezgi organlari voyaga yettan davrida rivojlanmagan, suvda erkin suzib yuradigan lichinkalarning bir yoki ikki juft oddiy ko'zchalari-teri retseptorlari bo'ladi. Endoparazitizmga o’tish tufayli ko’zlari yo’qolgan. Trematodalarning ko’pchiligi germafrodit. Ular ichida faqat qon parazitlari - shistosomalar ayrim jinslidir.
Fasciola hepaticaning ovqat hazm qilish va ayirish organlari: a) ovqat hazm qilish organlari: 1-og’iz so’rg’ichi va og’iz; 2-halqum; 3-qorin so’rg’ichi; 4-tarmoqlangan ichak; b) ayirish organlari: 1-protonefridiyalar; 2-markaziy ayirish kanali; 3-ekskretor teshik.
Jinsiy sistemasi xilma-xil va murakkab tuzilgan. Erkaklik jinsiy organi qorin so'rg'ichidan orqaroqda joylashgan bir juft urug'dondan iborat. Urug'donlardan bittadan urug' yo'li boshlanadi. Qorin so'rg'ichidan keyinroqda urug' yo'llari qo'shilib, urug' chiqarish nayini hosil qiladi. Bu nay urug'lantiruvchi organ ichidan o'tadi. Urug'lantiruvchi organ maxsus xaltacha jinsiy kloakada joylashgan. Tuxumdoni bitta; urag'donlardan keyinroqda joylashadi. Tuxumdon ootip deb ataladigan xaltachaga ochiladi. Ootipga urg'ochilik jinsiy bezlarining yo'li ochiladi. Tananing ikki yonida juda ko'p pufakchalar shaklidagi sariqdonlar joylashgan. Tananing oldingi va keyingi qismidan chiqadigan sariqdon yo'llari bitta ko'ndalang nayga birlashadi va ootipga kelib qo'shiladi. Ootipdan uzun egri-bugri bachadon boshlanadi. Bachadon yetilgan tuxum hujayralar bilan to'lgan bo'lib, jinsiy kloakaga ochiladi. Ootipga urug' qabul qilgich va qisqa laurerov nayi ham ochiladi. Bundan tashqari ootipni mayda po'choq bezlari ham o'rab turadi. Yetilgan tuxumlar ootipga tushib urug'lanadi. Buning uchun kuyikish organi bachadonga kiritiladi. Urug'lar bachadondan urug' qabul qilgichga va undan ootipga o'tadi. Laurerov nayi orqali ootipdagi ortiqcha urug' hujayralari chiqarib turiladi. Sariqdon hujayralarining sitoplazmasida zahira oziq modda glikogen to'planadi. Sariqdon hujayralari tuxum hujayrani o'rab oladi. Sariqdon hujayralari ajratadigan maxsus modda bu hujayralar sirtida qattiq po'choq hosil qiladi. Yetilgan tuxum bachadonga tushadi; u joydan tashqi muhitga chiqib ketadi.
Barcha trematodalar xo’jayin almashtirish yo’li bilan rivojlanadi. Ular ikki yoki uch xo’jayin orqali taraqqiy etadi. Necha xo’jayin ishtirokida rivojlanmasin barcha trematodalarning birinchi oraliq xo’jayini suvda yoki quruqlikda yashovchi mollyuskalar hisoblanadi. Mollyuskalar uchramaydigan hududlarda trematodalarning ontogenezi to’xtaydi. O’zbekiston hududida suv mollyuskalari orqali rivojlanuvchi trematodalar odatda ikki xo’jayinli (birinchi-oraliq xo’jayin-mollyuskalar, ikkinchisi- asosiy, yoki definitiv xo’jayinlar-umurtqalilar), quruqlikda yashovchi mollyuskalar orqali rivojlanuvchilari – uch xo’jayinli bo’ladi. Trematodalarning taraqqiyoti, ya’ni ontogenezi o’z ichiga 4 bosqichni oladi, ya’ni embriogoniya, partenogoniya, sistogoniya va maritogoniya.
Fasciola hepaticaning nerv sistemasi va jinsiy organlarining tuzilishi: a) nerv sistemasi: 1-halqum oldi nerv tuguni; 2-qorin va yon nerv tomirlari; 3-komissuralar; b) jinsiy organlari: 1-urug’donlar; 2-sariqdon yo’li; 3-laurer kanali; 4-ootip; 5-urug’ qabul qilgich; 6-tuxumdon; 7-sirrus; 8-sirrus xaltasi; 9-sariqdon; 10-bachadon; 11-melis tanachasi; 12-urug’ yo’li; v) 1-urug’donlar; 2-sariqdonlar; 3-laurer kanali; 4-ootip; 5-urug’ qabul qiluvchi; 6-tuxumdon; 7-bezlar; 8-qo’shilish organlarining xaltasi(sumkasi); 9-sariqdon bezlari; 10-bachadon; 11-melis tanachasi; 12-urug’ yo’llari.
Ikki xo’jayinli trematodalarda embrional taraqqiyot bosqichi suv muhitida, nam sharoitda kechadi. Bu bosqichda tuxum ichida 1- avlod lichinka - kiprikli miratsidiya yetiladi, bu lichinka tuxum qopqoqchasini ochib tuxum ichidan suvga o’tadi. Bunday miratsidiyda ikkita oddiy ko’zcha, bosh nerv tuguni, protonefridiyalar, muskul qavatlar rivojlangan bo’ladi. Unda ichak va jinsiy apparat bo’lmaydi. Shunday qaraganda trematodalarning 1 - avlod lichinkasi - miratsidiyning tuzilishi ancha murakkab va ko’p jihatdan turbellyariyalarni eslatadi. Miratsidiy ichaksiz bo’lganligi tufayli oziqlana olmaydi, shuning uchun uning umri juda qisqa bo’ladi(36 soatgacha). Shu orada u suzib yurgan holda o’zining oraliq xo’jayini-mollyuskalarni qidiradi va faol holda uning tanasini teshib kiradi. Buning uchun ular tana uchidagi xartumcha va maxsus bezlar shirasidan foydalanadi. Mollyuskaning jigarida kiprikchalari, ko’zchalari, nerv tugunlari, protonefridiyalarini yo’qotib, 2- avlod lichinka - xaltasimon sporotsistaga aylanadi. Shu paytdan boshlab trematodalarning partenogoniya taraqqiyot bosqichi boshlanadi. Sporotsistalar ichagi bo’lmagan holda tana yuzasi bilan xo’jayin tanasidan erigan moddalarni shimib oziqlanadi. Sporotsistadagi tuxum hujayralari otalanmasdan, partenogenetik yo’l bilan ko’payib, ko’plab 3- avlod lichinka - rediyalarni hosil qiladi. Rediyalar sporotsistalar ichidan ajralib chiqadi. Partenogenetik yo’l bilan ularning tuxum hujayralaridan 4 - avlod lichinkalar - dumli serkariyalar rivojlanadi. Serkariyalarda ikkita so’rg’ich, ikki shoxli ichak, protonefridiyalar yetilgan bo’ladi. Shu darajaga yetgan serkariyalar rediyalarni yorib mollyuskalarning maxsus teshigidan suvga chiqadi. Shu bilan trematodalarning partenogoniya taraqqiyot bosqichi tugab, sistogoniya taraqqiyot bosqichi boshlanadi. Bunda serkariyalar suv o’tlariga va boshqa qattiq substratlarga, ayrim hollarda suv yuzasida o’zining sistogenli bezlaridan ajralib chiqqan yelimsimon modda bilan yopishib, yumaloq shaklga keladi va maxsus qobiqlarga o’raladi, dumini yo’qotib, sista-adoleskariya hosil qiladi. Adoleskariyalar trematodalarning 5 - avlod lichinkasidir. Maritogoniya taraqqiyot bosqichida o’tlarga yopishgan yoki suvdagi bunday yuqumli adoleskariyalar asosiy xo’jayinlar (barcha umurtqalilar, shu jumladan barcha qishloq xo’jalik hayvonlari, odamlar) organizmiga og’iz orqali tushgach, oshqozonda va ichakda ularning qobiqlari erib, ajralib chiqqan lichinkalar o’zlarining parazitlik qilish joylariga tushadi va asta-sekin maritaga, ya’ni voyaga yetgan trematodaga aylanadi. Bunday trematodalardan tashqi-suv muhitiga ajralib chiqqan tuxumlarda rivojlangan miratsidiyalar yuqorida ko’rsatilgan taraqqiyot bosqichlarini bosib o’tadi. So’rg’ichlilar sinfidan odam va mahsuldor hayvonlarga ko’proq Fasciolata, Paramphistomata, Heterophyata, Echinostomatata va Schistosomatata kenja turkumlarning vakillari katta ziyon yetkazadi. Jigar qurtlarining (Fasciola sp.) biologik xususiyatlari. Jigar qurtlari Fasciolidae oilasiga kiradi. Jigar qurti odatda mayda va yirik shoxli mollarda, ba’zan boshqa hayvonlar va odamlarning jigarida hamda o’t yo’llarida parazitlik qiladi. Dunyoda Fasciolidae oilasiga 8 ta tur kiradi. Respublikamizda chorva mollarida fasciolalarning asosan 2 ta turi, ya’ni oddiy jigar qurti (Fasciola hepatica) va gigant jigar qurti (Fasciola gigantica) parazitlik qiladi. F.hepatica bargsimon shaklda bo’lib, voyaga yetganlarining tanasi 30-40 mm uzunlikka, eni esa 12-13 mm ga teng. Bunday fasciolalarning rangi kulrang va biroz qo’ng’ir bo’lsa, jigar to’qimalarida parazitlik qiluvchi yosh trematodalar oq, sutsimon ko’rinishga ega va ular tanasining uzunligi odatda 18-19 mm dan oshmaydi. F.gigantica ning tanasi bo’yiga cho’zilgan, eni esa qisqa bo’ladi. Ularning jigar o’t yo’llarida parazitlik qiluvchi voyaga yetganlarining tana uzunligi 30 mm dan 70 mm gacha bo’lib, eni esa 6-11 mm. Jigar to’qimalarida parazitlik qiluvchi mazkur turga oid yosh trematodalarning uzunligi 1-2 mm dan 30 mm gacha bo’lib, eni 0,2- 5,0 mm ni tashqil qiladi. Ushbu trematoda F.hepatica ga nisbatan yuqori patogenli hisoblanadi. Fasciolalarning tuxumlari oval shaklida, sariq-tilla rangda bo’lib, bitta qutbida qopqoqchasi mavjud. F. hepatica tuxumlarining o’lchami 0,12-0,15 mm ga teng. F.gigantica tuxumlari esa biroz yirikroq bo’ladi. Fasciolalar biogelmint bo’lib, ular asosiy va oraliq xo’jayinlar ishtirokida rivojlanadi. Asosiy xo’jayin vazifasini o’txo’r sutemizuvchilar, oraliq xo’jayin vazifasini esa Lymnaeidae oilasiga mansub chuchuk suv mollyuskalari bajaradi. O’zbekistonda chuchuk suvlarda yashaydigan qorinoyoqli mollyuskalardan kichik chuchuk suv shilliqqurti (Lymnaea truncatula) oddiy jigar qurtining oraliq xo'jayini hisoblanadi. F.gigantica ning oraliq xo’jayini doirasi esa ancha keng bo’lib, uning rivojlanishi L. auricularia, L. bactriana, L. subdisjuncta va L. impura mollyuskalari ishtirokida o’tadi. Ushbu turlarga oid mollyuskalar ko’pincha yer osti suvidan paydo bo’lgan doimiy va vaqtinchalik suv havzalari(ko’llar, suv qochirish kanallari, buloq suvlari)da tarqalgan. Ularni shuningdek barcha sug’orish shoxobchalarida ham yetarli darajada uchratish mumkin. Hozirgi vaqtda fasciolalarning oraliq xo'jayinlari sifatida 18 turga kiruvchi chuchuk suv qorinoyoqli mollyuskalari aniqlangan. Jigar qurti nihoyatda serpusht, bitta jigar qurti bir hafta davomida bir milliontagacha tuxum qo'yishi mumkin. Tashqi muhitda qulay sharoit bo'Iganda 17- 18 kunda usti mayda kiprikchalar bilan qoplangan, harakatchan lichinka-miratsidiy chiqadi. Miratsidiylar 2-3 kun suvda erkin suzib yuradi va keyingi rivojlanishi uchun oraliq xo'jayini-qorinoyoqli mollyuskalarni topib, xartumi orqali mollyuska chig'anog'ini teshadi va uning ichiga kiradi. So'ngra bu lichinkalar mollyuska jigariga o'rnashib, kiprikli ustki qavatini tashlab, qopga o'xshash shaklga ega bo'lgan keyingi lichinkalik davri - sporotsistaga aylanadi. Sporotsista ichidagi embrion hujayralari partenogenez (otalanmasdan) yo'li bilan ko'payib, lichinkaning navbatdagi generatsiyasi-rediyalarni hosil qiladi. Rediyaning kalta xaltaga o'xshash ichagi bo'ladi. Bitta sporotsistada 10-15 ta rediyalar yetiladi. Sporotsista yorilib, rediyalar mollyuska tanasiga chiqadi. Rediyalar murakkabroq tuzilgan bo'lib, ularda og'iz, shoxlanmagan to'g'ri ichak, ichki qismida esa tuxum (embrion) hujayralari bo'ladi. Bunday rediyalar sporotsista po'stini yorib chiqib, mustaqil ravishda rivojlanishini davom ettiradi. Rediyalar mollyuska ichida 2-2,5 oy yashaydi. Cho'ziq shakldagi rediyalar ham partenogenetik yo'l bilan ko'payib, jigar qurtining navbatdagi lichinkalik davri - serkariylarni hosil qiladi. Serkariylar rediyalardan keskin farq qilib, ularning tanasi tuxum shaklida, 2 ta so'rg'ichi, ya'ni og'iz va qorin so'rg'ichi, 2 shoxchaga bo'lingan o'rta ichagi, anchagina rivojlangan ayiruv organlar sistemasi, jinsiy organlar boshlang'ichi va orqa uchida lichinkaga xos organ muskulli dumi bo'ladi. Serkariylar ana shu dumi orqali suvda suzadi.

Download 71.71 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling