Nutqi tо‘liq rivojlanmaganligining 2-darajasi dastlabki keng qо‘llanadigan odatdagi nutqning bо‘lishi bilan harakterlanadi. Bolalar oddiy jumlalardan foydalana oladilar, ma’lum lug‘at boyligiga ega bо‘ladilar. Ular narsa, xodisa va alohida belgilar nomini ajrata oladilar. Lekin bunday bolalarda nutqning qо‘pol darajada rivojlanmaganligi yaqqol ifodalangan bо‘ladi. Ular ikki-uch sо‘zdan iborat gaplardan foydalanadilar, lug‘at boyligi shu yoshga mos keladigan normadan kam bо‘ladi, umumlashtiruvchi sо‘zlarni (hayvonlar, kiyim, sabzavotlar, mevalar…) bilmaslik kuzatiladi. Harakat belgisini bildiruvchi sо‘zlardan foydalanishda qiyinchiliklar kuzatiladi, predmet nomini va boshqa belgilarini bilmaydilar. Kelishik formalarini chalkashtiradilar, fe’l sonini ot soniga moslashtira olmaydilar. Nutqning fonetik tomoni shu yoshga mos keluvchi normadan orqada qoladi. Shunday kamchilikka ega bо‘lgan bolalar bо‘g‘inlar о‘rnini almashtiradilar, undoshlar ketma-ket kelganda tovushni qisqartiradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |