Kurs ishi reja: Kirish. I. Bob. Hindistonda Boburiylar imperiyasi
Download 1.25 Mb.
|
Akbarshox va uning isloxotlari
Boburning vorislari ichida eng mashhuri Аkbar edi. U haqiqiy imperiyaning asoschisi, Hindiston tarixida buyuk islohotchi sifatida nom qoldirgan. Boburiylar imperiyasi uning hukmronligi davrida eng yuksak gullab-yashnashga erishdi. Аkbar otasidan meros qilib urushlar oqibatida xarob boʼlgan bir nechta yarim mustaqil knyazliklarnigina olgan edi. U baʼzan qurol kuchi bilan, baʼzan esa kelishuvlar yoʼli bilan mamlakat hududini bir necha marta kengaytirdi, boy viloyatlardan Gujorat, Bengaliya, Markaziy Hindiston va Kashmir, shuningdek, Dekan sultonligiga qarashli Berar va Аxmatnagor yerlarini oʼz davlati tarkibiga qoʼshib oldi. Ilgari doimiy tinchlikni buzuvchilar boʼlgan magʼrur va jangovar Rajput rojalarini oʼzining ishonchli ittifoqchilariga aylantirdi, ularning eng obroʼlilari bilan quda-andachilikni yoʼlga qoʼydi, rajputlarning otliq qoʼshini Аkbar armiyasining asosiga aylandi. Аkbar mustahkam, markazlashgan davlatni va kuchli markaziy hokimiyatni barpo qilish uchun bir qator islohotlarni amalga oshirdi. Hududiy-maʼmuriy islohotlar natijasida imperiya aniq boshkaruv, sud va soliq tizimiga ega boʼlgan, podshoh tayinlaydigan noiblar tomonidan boshqariladigan hududlarga ajratildi. Butun imperiya uchun bir xil uzunlik va ogʼirlik oʼlchov birliklari tizimi, islom va hinduizmning dogmalariga emas, oʼsha davr astronomiya fanining, xususan Ulugʼbek astronomiyasining yutuqlariga asoslangan taqvim joriy qilindi. Soliq islohoti mamlakat iqtisodiyoti uchun favqulodda muhim ahamiyatga ega boʼldi. Natural shaklda olinadigan, odatda hosilining 1/3 gacha yetadigan yer soligʼi pul shakliga oʼtkazildi. 1570 yillarning oxirida podshoh bir necha asrlardan beri mavjud boʼlgan harbiy-len tizimini bekor qilishga, harbiy xizmatlari uchun ajratiladigan yer oʼrniga pul bilan toʼlashni joriy qilishga harakat qildi. Bunga qarshi turli joylarda isyonlar boʼlganligi sababli islohotni toʼxtatishga toʼgʼri keldi. Аkbar davlat xizmatidagi feodallar uchun mansablar tizimini joriy qilish bilan cheklandi. Islohotlar ichida Аkbarga eng katta shuhrat keltirgani diniy islohot boʼldi. Bu islohotning maqsadi diniy mansubligidan qatʼi nazar hukmron guruhlarni jipslashtirishdan iborat edi. Аkbar oʼz tarafiga mahalliy hind aholisini ham ogʼdirishga harakat qildi. Hindiston aholisining toʼrtdan uch qismini hinduizm diniga sigʼinuvchilar tashkil qilsa-da, Аlloh va uning paygʼambari Muhammadga sigʼingan barchaning tengligini eʼlon qilgan islom dinining ayniqsa past kastalar orasida taʼsiri kuchayib borayotgan edi. Diniy munosabatlar murakkab, baʼzan esa murosasiz boʼlib qolayotgan boʼlsa-da, islom dini boburiylar imperiyasining davlat dini, aslzodalarning aksariyati sigʼinadigan din edi. Shu sababdan ham Аkbar diniy murosasozlik siyosatini olib bordi. U mamlakatni boshqarishga musulmonlar bilan birga hindlarni ham jalb qildi, hindlarni har qanday taʼqib qilishlarni toʼxtatdi, musulmon boʼlmaganlardan olinadigan soliq – jizyani bekor qildi. U oʼz mamlakati doirasida toʼliq diniy erkinlikni eʼlon qilib, musulmon boʼlmaganlarning har qanday kamsitilishini bekor qildi. U Hindiston qishloq xoʼjaligining asosi boʼlgan sugʼorish tizimini yaxshi asrash yoʼlida koʼp ishlar qildi. Bu hind dehqonchiligi uchun katta ahamiyatga ega edi. Аkbarning islohotlari musulmon feodallar va diniy mutaassiblarning noroziligiga sabab boʼldi. Ular podshohni dinsizlikda ayblashdilar, xalqni unga qarshi koʼtarishga harakat qildilar Norozilar tomonda Аkbarning oʼgʼli, taxt vorisi Jahongir ham bor edi.12 U taxtga kelishi bilan (1605 –1627) otasining koʼplab islohotlarini yoʼqqa chiqardi. Jahongirning oʼgʼli Shoh Jahon hukmronlik qilgan yillari (1628 –1657) imperiya oʼz qudratining eng choʼqqisiga yetdi. Download 1.25 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling