Kapillyarlik nazariyasi. Bu nazariyaga binoan presslanadigan modda bo’sh strukturali suvga to’la kapillyarga boy tarmoq deb qaraladi. Presslanish jarayonida, bu kapillyarlar siqilishi natijasida, ichidagi suyuqlik siqilib, tashqariga chiqadi va modda zarrachalarining satxini yupqa suv pardasi bilan qoplaydi. Bu esa zarrachalarining o’zaro ishqalanishini yengillashtirib, siljishini osonlashtiradi, natijada tabletka hosil bo’ladi. Yuqori puanson ko’tarilganda, bosim yo’qolib boradi, moddalar kapillyar taranglik qoidasiga binoan oldingi xoliga qaytishga intiladi. Bunda kapillyar qonuniga binoan uning ichiga siqib chiqarilgan suvning bir qismi tortiladi. Bu esa satxdagi pardaning yana ham yupqalanishiga, ta’sir yuzasining yanada yaqinlashuviga olib keladi. Natijada molekulyar ta’sir kuchi yuzaga kelib, tabletkaning mustahkamligini ta’minlaydi.
Kolloid nazariyasi. Bu nazariya ham molekulyar kuch ta’siriga asoslangan bo’lib, presslanadigan modda zarralari yupqa kolloid parda bilan qoplangan deb xisoblanadi. Bu xolda zarrachalarning o’’zaro yopishishi shu kolloid zarrachalarining faol funksional qismlari bilan bog’liq bo’lib, molekulyar va elektrostatik kuch ta’sirida yuzaga keladi, deb tushuntiriladi.
Qotishma hosil qilish nazariyasi. Bu nazariya ko’proq nisbatan past haroratda eriydigan moddalar uchun xosdir. Presslash jarayonida qolipning silliqlik darajasiga, sirpantiruvchi va moylovchi moddalarning sifati va miqdoriga, presslash tezligiga qarab ishqalanish hosil bo’ladi. Bunda harorat 50oS dan ham yuqoriga ko’tarilishi mumkin. Bu esa zarrachalarning qattiqligini kamaytiradi. Natijada presslanadigan modda osonlik bilan qotishma hosil qiladi.
Zarrachalarning o’zaro bir-birining ichiga kirib borish nazariyasi. Presslanayotgan moddalar yuzasining shakli katta ahamiyatga ega. Agar zarracha murakkab dentrit, tolasimon kabi ko’rinishda bo’lsa, to’g’ri shakldagi moddalarga nisbatan, ularning o’zaro bir-biriga kirib borishi birmuncha oson yuz beradi. Natijada tabletka hosil bo’ladi.
Umuman olganda presslanadigan zarrachalarning tashqi shakli bir xil bo’lishini ta’minlash juda kiyin. Shuning uchun ham presslash jarayonida yuqorida keltirilgan hamma nazariyalarga ham amal qilinishi mumkin. Тabletka hosil bo’lishida zarrachalarning molekulyar kuchlarini o’zaro ta’siri, ularni bir-biriga kirib borishi va qotishma hosil bo’lishi sodir bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |