M. M. Mirzayeva O‘r fa abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti Annotatsiya
Download 52 Kb.
|
1 2
Bog'liq1 Mirzayeva KOROSKON QISHLOG‘I TARIXIY MANBALARDA
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kalit so‘zlar
- Key words
- Ключевые слова
KOROSKON QISHLOG‘I TARIXIY MANBALARDA M.M. Mirzayeva O‘R FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti Annotatsiya: Koroskon Namangan viloyati Chortoq tumanida joylashgan qishloq bo‘lib, uzoq tarixga egaligi mahalliy tadqiqotchilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar orqali ma’lum. Ammo ushbu tadqiqotlarda toponim haqida tarixiy manbalarda uchragan ma’lumotlar tadqiq etilmagan. Shu jihatdan biz ushbu maqolada Koroskon qishlog‘i tarixi, tarixiy yozma manbalarda qayd etilishi tadqiqiga e’tibor qaratdik. Kalit so‘zlar: Koroskon, Chortoq, Axsikent, Namangan, Koroskon sayyidlari. Abstract: Karaskan is a village in the Chortoq District of the Namangan region with a long history that has been studied by local researchers. However, the information in historical sources about the toponym has not been studied in these works. In this regard, we focused on the history of the village of Karaskan and information about it in historical written sources in this article. Key words: Karaskan, Chortoq, Akhsikent, Namangan, Karaskan sayyids. Аннотация: Караскан – село в Чартокском районе Наманганской области с многовековой историей, которую изучают местные исследователи. Однако сведения в исторических источниках о топониме в этих работах не изучались. В связи с этим в данной статье мы сосредоточились на истории села Караскан и сведениях о нем в исторических письменных источниках. Ключевые слова: Кaрaскaн, Чaртaк, Ахсикент, Наманган, Кaрaскaнские сeййиды. Koroskon qishlog‘i Namangan viloyati Chortoq tumanida joylashgan qishloqlardan biri. Chortoq tumani g‘arbdan Yangiqo‘rg‘on, janub, janubi-sharqdan Uychi tumanlari, shimol va sharqda Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh. Chortoq tumani 1950 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Koroskon qishlog‘i esa tumanning janubiy qismida joylashgan [16:153]. Unga 2009 yilda shaharcha maqomi berilgan. Aholisi 40 mingdan ortiq. Quyida qishloq tarixi, toponim etimologiyasi xususida batafsil to‘xtalamiz. Biz tadqiq etayotgan davr mobaynida Koroskon dastlab Shayboniylar va Ashtarxoniylar davlati tarkibida, 18 asr boshidan Qo‘qon xonligi tarkibida bo‘lgan. Koroskon qishlog‘i Axsikent ba’zan Namangan deb nomlangan viloyatlari tarkibidagi mavze, kent, qarya (qishloq), viloyat ma’muriy biriliklari sifatida tilga olingan. Qo‘qon xonligi 1876 yilda tugatilingandan so‘ng, Koroskon hududi Turkiston general-gubernatorligining Farg‘ona viloyati Namangan uyezdi tarkibiga kiritilingan. 1897 yilgi aholini ro‘yxatga olish qaydlarining e’lon qilingan nashrida Koroskon nomi aks etmagan. Lekin V. Nalivkin va A. Middendorf asarlari asosida 1876 yildan Namangan uyezdi tarkibidagi qishloq bo‘lganligini qayd etishimiz mumkin [12:208; 11:31]. 1926 yilgi aholini butun ittifoq aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra alohida uyezd hisoblangan Namangan Andijon okrugi tarkibiga qo‘shildi. Namangan uyezdi Chortoq volosti tarkibida bo‘lgan Koroskon qishlog‘i Andijon okrugi Yangiqo‘rg‘on tumani tarkibiga kiritilindi [14:94]. Ushbu davrda qishloqda 933 ta xo‘jalik istiqomat qilgan bo‘lib, shundan 931 tasi o‘zbeklar, 2 tasi boshqa millat vakillari bo‘lgan [10:225]. Qishloq 1950 yilda Namangan viloyati Chortoq tumani tarkibida bo‘lgan. 1959 yilda Chortoq tumani tugatilindi. 1980 yilda qayta tiklandi va Koroskon hozirgi davrgacha shu tuman tarkibida. Qishloq hududida asrlar davomida Farg‘ona vodiysidagi o‘troq aholi yashab kelgan. Koroskon asosan tekis, serunum yerga joylashganligi sababli ekin yeri juda qadrli hisoblangan. Aholining ko‘p qismi hunarmandchilik va tijorat ishlari bilan shug‘ullangan. Qishloqning asosiy sug‘orish manbayi hisoblangan Chortoqsoy suvi Koroskongacha yetarli darajada oqib kelmagan yillari aholining kambag‘al qismi qiynalgan. XIX asr oxirida ayniqsa Chortoqsoy havzasida aholining ko‘payib ketishi natijasida deyarli bir xil hajmda keladigan suv Koroskon aholisini to‘laligicha ta’minlay olmagan. Oqibatda bog‘lar soni kamayib, tashlandiq holga kelib qoladi. O‘sha davrdagi bosh mirob Mullo Tolib haqida ko‘plab satirik qo‘shiqlar yaratilgan. Mana shunday holat shoir Muxtorxonning “Kelmas Koroskonning suvi” dostonida o‘z ifodasini topgan [15:72; 18:18]: Mirobboshi bo‘ldi Tolib, Pulni olib, yonga solib, Ariqlari qurib qolib, Kelmas Koroskonning suvi [3:48]. Koroskon toponimiga to‘xtaladigan bo‘lsak, uning etimologiyasi bo‘yicha yagona fikr mavjud emas. Y. Ne’matovaga ko‘ra Koroskon qishlog‘i nomlanishida Namangan shevalari ta’sirida uning dialektal varianti yuzaga kelgan, ya’ni qarluq lahjasining o‘ziga xos fonetik xususiyatlari asosida qishloq hozirda Koroskon va Koroskon shaklida nomlanadi [13:44]. Akademik Yahyo G‘ulomov Namangan shahrining bunyod etilish tarixi haqida yozganda “… Namangan ismi ham Ho‘qand, Marg‘ilon, Andigon (Andijon), Koroskon, Oyqiron va shu singari juda qadimgi arxaik ismlardan bo‘lib, ularga ma’no berib bo‘lmaydi.”, deb ta’kidlaydi [13:82]. Shu jihatdan, Koroskon toponimi etimologiyasi borasida turli og‘zaki rivoyatlar mavjud bo‘lsa-da, yozma manbalarda ushbu toponim kelib chiqish tarixi borasida ma’lumot mavjud emas. Chortoq tumanidagi Ayqiron qishlog‘i tarixi tadqiq etgan O. Suxareva Koroskon, Ayqiron, Laskidon, Pishqiron toponimlari tarkibida tojik tilidagi “on” ko‘plik qo‘shimchasi shakli bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi [15:38]. Lekin bu qishloqlar haqidagi rivoyatlarda toponimlar kelib chiqishi borasidagi ma’lumotlar yuqoridagi fikrga zid keladi [18:19; 2:106]. Xususan, Koroskon toponimi kelib chiqishi borasida ham turli rivoyatlar mavjud bo‘lib, ulardan birida Xuroson bilan bog‘langan. Aytishlaricha, dastlab qishloq hududiga xurosonliklar kelib o‘rnashganlar va ularning nomiga, nisbat berilib qishloqni Koroskon (Xurosonning buzib aytilgan shakli) deb ataganlar. Yana bir rivoyatda esa Harosgan shaklda qishloq nomlanadi. Unga ko‘ra qadim zamonlarda bir eshonzoda qishloqqa kelibdi-yu, namoz o‘qigani to‘xtabdi va eshagini shamoldan yiqilgan bir daraxtga bog‘labdi. Namoz tugagach qarasa daraxt ko‘tarilib, eshagi esa uning uchida osilib turgan emish u darg‘azab bo‘lib; “xa har osgan!” degan ekan. Shu-shu bo‘libdi-yu qishloqning nomi Harosgan (Koroskon) bo‘lib ketibdi [2:105]. Uchinchi rivoyatga ko‘ra o‘tmishda Koroskon qishlog‘ining ba’zi kishilari og‘ir mehnat bilan shug‘ullanmaganligi, kori(ishi) oson bo‘lganligi uchun qishloqni Korioson deb nomlashgan. Koroskon qishlog‘i tarixini yozgan M. Azizov bu fikrni qo‘llab-quvvatlagan va qishloq nomi kelib chiqishi shu rivoyatga asoslanganligini ta’kidlaydi. U A.Juvonmardiyevning kitobida keltirilgan juda ko‘p yorliqlarga asoslangan M. Azizov, Koroskon sayyidlari “Payg‘ambar avlodlari” kori-ishi oson (sayyidlar uchun) bo‘lgan, qishloq nomini esa Korioson (Koroskon) deb atala boshlangan deya xulosa beradi [7:5-6; 18:17]. Z.Madraimov ham yuqorida keltirilgan rivoyatlardan uchinchisini haqiqatga yaqin deb hisoblaydi. Uning fikriga ko‘ra, bu rivoyatda ozmi-ko‘pmi haqiqat bor [2:105]. Lekin sayyidlarning bu yerga qachon ko‘chib kelganligi noma’lum. Sayyidlarga berilgan yorliqlarning dastlabkisi XVI asrga oid va ularda qishloq nomi Karaskān shaklida kelgan. Hazrat Ali haqidagi rivoyatlardan birida ham ushbu qishloq haqida ma’lumot olishimiz mumkin. Unda qishloq nomi Qorosqon shaklida tilga olinadi [6:249]. Demak, rivoyatlarda qishloq nomlanishi Xuroson, Harosgan, Korioson so‘zlariga bog‘lanyapti. Manbalarda qishloqqa asos solingan davr haqidagi ma’lumot uchramasligi, uning etimologiyasi masalasini uzil-kesil ilmiy asosda hal qilish imkonini bermaydi. Lekin Koroskon toponimi o‘rta asrlarga oid manbalarda uchraydi. Ibn Havqalning “Kitob surat al ard” kitobida “Farg‘ona viloyati” ta’rifida Haftdeh nomli joy tilga olingan. XV asrda esa bu yer va uning atorifidagi tog‘lar Yettikent deb atalgan [8:8]. Sh. Kamoliddinga ko‘ra, bu nom XV asr manbasida qayd etilgan bo‘lsa ham, ilk o‘rta asrlarda mavjud bo‘lganligi ehtimoldan holi emas [9:295]. “Hudud ul-olam” asarida Farg‘ona vodiysidagi ekinzorlari ko‘p, lekin aholisi kambag‘al yashagan bir biriga yaqin joylashgan aholi manzilgohlari sanab o‘tiladi. V. Minorskiy tomonidan qilingan tarjimada ushbu ma’lumot quyidagicha berilgan: Busht, K.l.s.kon, Yukand, Kukat va Xushkob. Ularning ekinzorlari ko‘p, lekin aholisi kambag‘al yashagan [1:117]. Mazkur asarning O. Bo‘riyev tomonidan tarjima qilingan “Movarounnahr tavsifi” qismida ushbu qishloq nomlari quyidagicha keltirilgan: Busht, Kalaskon, Yarkand, Ko‘kas, Xushkob shaklida keltirilgan [17:16]. Bizningcha ushbu yetti qishloqdan biri Kalaskon hozirgi Koroskon qishlog‘i bo‘lishi mumkin. “Ajoyib ut-tabaqot” asarida “Karaskon – Farg‘ona mamlakatidagi bir shahar bo‘lib, undagi xalqning barchasi deyarli yuqori nisbatlik, Farg‘onaning boshqa xalqlari singari sohibjamol va chiroyli yuzlidirlar” deb ta’rif beriladi [4:209b-210a]. Asarning boshqa bir nusxasida Koroskon ta’zirfi quyidagicha keltiriladi: “Karaskon xalqining barchasi oliy nasabli, keksa-yu yosh, erkak-u ayol, hammasi sohib jamoldirlar. Kimdir boshqa joydan u yerga kelib yashasa, sohibjamol farzandni dunyoga keltiradi, toki ularning xizmatkorlari va xizmatkorlarining avlodlari ham chiroyli yuzli bo‘lsinlar [5:171b]”. Bu yerda “yuqori nisbatlik” jumlasi uzoq davr bu yerda istiqomat qilgan sayyidlarga nisbatan qo‘llangan bo‘lishi mumkin. Demak, Koroskon qishlog‘i XVI-XIX asrlar davomida Karaskon shaklida nomlanib kelingan. Ushbu davr davomida mavze Axsikent va Namangan viloyatlari tarkibida bo‘lgan. Download 52 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling