Magistratura bosqichi 5A120102 Lingvistika (o‘zbek tili) mutaxassisligi
MUSTAQIL TA’LIMNI TASHKIL ETISHNING SHAKL VA MAZMUNI
Download 295.08 Kb.
|
1-kurslar uchun UMK. Tilshunoslik metodologiyasi.
- Bu sahifa navigatsiya:
- FANNING O‘QUV DASTURI FANNING ISHCHI OQUV DASTURI
- BAHOLASH MEZONI
- TILSHUNOSLIK METODOLOGIYASI ” fanidan Ma’ruzalar matni Tuzuvchi: dots B.Umurqulov TERMIZ – 2019 1-MAVZU
- Tayanch tushunchalar
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI TERMIZ DAVLAT UNIVERSITETI O‘ZBEK FILOLOGIYASI FAKULTETI
TERMIZ – 2019 1-MAVZU “TILSHUNOSLIK METODOLOGIYASI” FANINING MAQSAD VA VAZIFALARI Reja: Fanning maqsad va vazifasi. Fan atamasi. Fanlar tasnifi. Fanlar sistemasi. Tayanch tushunchalar: fan, fanlar tasnifi, bilim, ilmiy bilim. Har qanday ilmiy tadqiqot muayyan metodologiya va metodlarga tayanadi. Metodologiya va tekshirish metodidan xoli bo‘lgan hech qanday ilmiy tadqiqot mavjud emas. Tadqiqotchining o‘rganayotgan obyekt mohiyatini haqqoniy yoritishida qanday metodologiya va metoddan foydalanishi juda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham ilmiy tadqiqot jarayoniga qadam bosayotgan yosh izlanuvchi umumiy fan metodologiyasi va xususiy ilmiy metodlar haqida yetarlicha malumotlarga ega bo‘lishi zarur. Lekin ayrim nomzodlik va hatto doktorlik dissertatsiyalarining tadqiqotning umumiy tavsifi qismiga nazar tashlasangiz, tadqiqotchining metodologiya va ilmiy tadqiqot metodlaridan yetarli xabardor emasligi, xususiy ilmiy metodlardan maqsadga muvofiq ravishda, o‘rinli foydalana olish ko‘nikmasiga ega emasligi ma’lum bo‘ladi. Bundan yigirma yillar oldin mashhur tilshunos Yu.Stepanov ham «Hozirgi tilshunoslikning g‘oyalari va metodlari» asarida yosh tadqiqotchilar asarlarida metodologiya va muayyan xususiy ilmiy metodga tayanish masalasida oqsoqlik kuchayayotganini ta’kidlagan edi. Mustaqillik sharoitida keng rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘zbek tili fani ham metodologik, ham xususiy ilmiy tadqiqot metodlari nuqtayi nazaridan boyidi. Sho‘rolar davrida burjua metodologiyasi va burjua fani metodlari tamg‘alari ostida qoralangan bir qator metodologiya va metodlardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Bu esa yoshlarni bugungi kundagi tadqiqotlar uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan fan metodologiyalari va foydalanishi lozim bo‘lgan xususiy ilmiy metodlar bilan tanishtirish muammosini kun tartibiga qo‘ydi. Ana shunday hayotiy ehtiyoj tufayli magistratura o‘quv rejasiga “Tilshunoslik metodologiyasi” kursi kiritildi. Mustaqillik davrida metodologiya va metod muammosiga jiddiy e’tibor berilganligi sababli bu masalaga doir N.Shermuhamedova va Q.Nazarovlarning maxsus asarlari dunyoga keldi. Bu asarlar umumfalsafiy xarakterga ega bo‘lib, xususiy ilmiy metodlar uchun nazariy asos rolini o‘ynaydi. Shu bilan birga falsafiy metodlarni xususiy ilmiy metodlarga bog‘lovchi, xususiy ilmiy metodlarning o‘ziga xos xususiyatlarini yorituvchi asarga ehtiyoj sezilmoqda. Fan haqida fikr yuritar ekanmiz, eng avvalo, fanning o‘zi nima, uning muhim belgilari nima ekanligini aniqlab olish zaruriyati tuglladi. «Fan» atamasi barcha uchun tushunarli bo‘lsa-da, lekin uning maqomi, mohiyatini har kim ham tushuntirib bera olmaydi. «Fan» atamasi «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da quyidagicha izohlangan: «Fan: 1.Tabiat va jamiyatning taraqqiyot qonunlarini ochib beruvchi hamda o‘zi erishgan natijalar bilan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi bilimlar tizimi. 2. Shunday bilimlar tizimining alohida tarmog‘i, yo‘nalishlari, sohalari. Aniq fanlar. Tabiiy fanlar. Fizika fani. Tilshunoslik fani» kabi. Ilmiy bilimlar tizimi sifatidagi fanga ayrim olimlar «tartibga solingan bilim» (Berg) deb ta’rif bersa, boshqa olimlar «reallik haqidagi obyektiv bilimlarni tayyorlash va nazariy tizimlashtirish funksiyasi xos bolgan inson faoliyati sohasi» deb izohlaydilar, «Falsafa qomusiy lug‘ati»da (M.,1994) esa unga quyidagicha ta’rif beriladi: «Fan (yunoncha epesteme, lotincha seientie) - reallik haqidagi obyektiv bilimlarni yaratish va nazariy sxemalashtirish funksiyasiga ega bolgan inson faoliyatining sohasidir». «Fan» atamasi, umuman, ilmiy bilimlar tizimi (umuman fan) ma’nosida qo‘llanilishi bilan birga, xususiy bilimlar tizimi (xususiy fan) ma’nosida ham qo‘llaniladi. Har qanday xususiy fan umumiy fanga qo‘yilgan talablarga javob beradi. Ayni paytda, har bir xususiy fanning rivojlanishi insoniyat umumiy ilmiy tafakkurining kamolotiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi. Fan bir qancha xususiy fanlarni o‘z ichiga olgan sistemadir. Shunday ekan, u umumiy ma’noda bir qancha fanlarning o‘zaro uzviy munosabatidan tashkil topgan butunlikdan iborat. Ko‘rinadiki, fan ham sistema sifatida ichki iyerarxik bo‘linish xususiyatiga ega. Fan ana shunday ichki iyerarxik tuzilish tabiati asosida turlicha tasnif qilinadi. Fanlarni ilk bor tasnif qilgan Forobiy ularning genetik belgisiga asoslangan bo‘lsa, keyinchalik fanlar tasnifi uchun iyerarxik belgi, ya’ni «jinsdan turga» tamoyili asos qilib olindi. Bunga ko‘ra, fan eng avvalo uch turga: 1) aniq fanlar (matematika); 2) tabiiy fanlar; 3) ijtimoiy-gumanitar fanlarga bo‘linadi. Bu uch guruhga mansub fanlarning har qaysisi o‘z ichida yana kichik guruhlarga, bu kichik guruhlar keyingi navbatda yana kichikroq guruhga - to fan turiga parchalanish tugaguncha davom etaveradi. Ana shunday fanlar sistemasida lingvistika alohida o‘rin egallaydi. U, birinchidan, ijtimoiy-gumanitar fanlar tarkibiga uning bo‘lagi sifatida kirsa, ikkinchi tomondan, o‘z ichida umumiy va xususiy tilshunoslik fanlariga bolinadi. Xususiy tilshunoslik o‘zi fonetika, morfemika, leksikologiya, derivatologiya, grammatika, stilistika, dialektologiya singari bo‘limlarni o‘z ichiga oladi va bu bo‘limlarning har biri ham o‘rni bilan «fan» atamasi orqali ifodalanadi. Demak, «fan» atamasi, umumiylik-xususiylik dialektikasini namoyon qilgan holda, umumiy va xususiy fanlar ma’nosida qo‘llaniladi. Fanning o‘ziga xos muhim belgilari nimada ekanligini aniqlash ham ko‘pdan beri olimlarni qiziqtirib keladi. Kant fanning muhim belgisi sifatida «tizimlilik» belgisini, Artur Shopengauer «umumiylik» va «asoslanganlik» belgilarini ajratadi. Karl Yaspers esa bu belgilarga «bilish metodlarin belgisini ham qo‘shadi. Natijada, u fanning uchta muhim belgisi: «bilish metodlariga tayanganlik», «asoslanganlik» va “umumiy ahamiyatlilik” belgilari mavjudligini ta’kidlaydi. Darhaqiqat, o‘rganilayotgan obyekt haqida chin bilimga ega bo‘lish uchun unga qanday metod bilan yondashish katta ahamiyatga ega. Takidlash o‘rinliki, har qanday ilmiy bilim, ilmiy haqiqat muayyan ilmiy tadqiqot metodini qo‘llash natijasida qo‘lga kiritiladi. Shuning uchun ham har bir ilmiy tadqiqot maktablarining o‘zlariga xos tekshirish metodlari mavjud bo‘ladi. Masalan, lingvistikada qiyosiy-tarixiy tilshunoslik, yosh grammatikachilar maktabi, struktur tilshunoslik, kognitiv tilshunoslik singari yo‘nalishlarning o‘zlariga xos tadqiqot metodlari mavjud. Metodga alohida urg‘u bergan K. Yaspers: «Men ilmiy bilimga faqat metodni anglaganimdagina ega bo‘laman, uning vositasida bu bilimni egallayman», - deydi. Bu esa ilmiy tadqiqotning qanday natijaga erishishida tanlangan metodning qanchalik muhim ekanligini ko‘rsatadi. Fanning ikkinchi muhim belgisi uning asoslanganligidir. O‘rganilayotgan obyekt haqida muayyan metodga tayanib tadqiqot olib boriladi va ma’lum xulosa bilan yakunlanadi. Ana shu xulosaning «asoslanganlik» belgisi uning chinligi yoki yolg‘onligini belgilovchi tayanch nuqta hisoblanadi. Bilimning chinligiga erishish fanning bosh maqsadi sanaladi. Asoslanganlik tabiiy fanlarda tekshirilayotgan obyekt haqida chiqarilgan yangi xulosaning nechog‘liq to‘g‘riligi tasdig‘idan o‘tganidan so‘nggina aniqlanadi va bu xulosa ilmiy haqiqatga aylanadi. Ana shunday asoslanganlik tilshunoslik uchun ham xosdir. Masalan, «butunlikning umumiy belgisi uning tarkibidagi elementlar xususiy belgilarining yig‘indisi emas», degan g‘oyani til birliklariga nisbatan qo‘llaydigan bo‘lsak, frazeologizmlar ma’nosi bilan uning qismlari o‘rtasidagi munosabatni, gapning umumiy belgisi bilan uning tarkibiy qismlari belgisi o‘rtasidagi va boshqa butun va bo‘lak munosabatida bo‘lgan birliklar o‘rtasidagi munosabatlarda sinab ko‘rish va umumiy tasdig‘ini topgandagina ilmiy haqiqatligini e’tirof etish mumkin bo‘ladi. Fanning uchinchi belgisi «umumiylik» yoki «umumahamiyatlilik»dir, Darhaqiqat, o‘rganilayotgan obyekt haqida chiqarilgan yangi xulosa chin yoki yolg‘on bo‘lishi mumkin. Shuning uchun uning ilmiy haqiqatligini asoslash muhim ahamiyatga ega. Ilmiy asoslangan bilim esa ijtimoiylik kasb etadi. Ilmiy jamoatchilik e’tirof etgan bilim «umumiylik», «umumahamiyatlilik» belgisiga ega bo‘ladi. Ko‘rinadiki, fanning yuqoridagi uchta muhim belgisi bir-biri bilan uzviy bogliq ravishda tobelik munosabatida bo‘ladi. Asoslanganlik belgisi muayyan metodga tayanganlik belgisini taqozo etadi, unga bog‘liq ravishda kelib chiqadi. Umumiylik belgisi esa asoslanganlik belgisi natijasi sifatida maydonga keladi. Fanning atamalar tizimiga ega bo‘lishlik, ziddiyatsizlik singari boshqa belgilari ham mavjud. Lekin bu belgilar chegara, qo‘shimcha belgilar sanaladi. Sistema nima? Bu savolga hozirga qadar turlicha javoblar beriladi. Sistema nima ekanligiga javob berishdan oldin buning qanday muhim belgilardan iborat ekanligiga e’tibor bermoq lozim. Avvalo, har qanday sistema ichki bo‘linuvchanlik xususiyatiga ega. Demak, sistema muayyan ichki tuzilishga ega bo‘lib, ikki va undan ortiq qismlarning o‘zaro munosabatidan tashkil topadi. Masalan, bir tup daraxtni olsak, bu daraxt sistema sifatida ichki tuzilish birliklarining o‘zaro munosabatidan iborat. Uning ichki tuzilish birliklari ildiz, tana va shox hamda ularning munosabatidan tashkil topgan. Sistemaning ikkinchi jihati shundan iboratki, sistemani tashkil etgan uzvlar o‘zaro shartlangan, bir-birini taqozo etuvchi ko‘p pog‘onali munosabatda bo‘ladi. Masalan, ildizsiz tananing, tanasiz shoxning bo‘lishi mumkin emas. Ularning har qaysisi bir-birini taqozo etadi, bir-biri bilan shartlangan. Sistemaning uchinchi jihati shundaki, har qanday sistema ichki bo‘linuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lganligi tufayli, sistemani tashkil etgan qismlar bilan sistema o‘rtasida ham munosabat bo‘ladi. Bu munosabatni: «...dan tashkil topadi», «...ning tarkibiga kiradi» ifodasi bilan ko‘rsatish mumkin. Boshqacha aytganda, u butun va bo‘lak, tur va jins munosabatini o‘z ichiga oladi. Masalan, daraxt va uning ildizi, tanasi, shoxi, barglari o‘rtasida butun va bo‘lak munosabati bo‘lsa, daraxt bilan olma, o‘rik, shaftoli o‘rtasida tur va jins munosabati mavjud. Sistemaning to‘rtinchi jihati uning ichki tuzilishining pog‘onaviyligidir. YA’ni butun va bo‘laklik, tur va jinslik munosabati nisbiy xarakterga ega. Ma’lum jinslarga nisbatan tur, bo‘laklarga nisbatan butun bo‘lgan qism boshqa butun yoki tur tarkibiga kirib bo‘lak yoki jins bo‘lishi mumkin. Masalan, olma bir necha navlarning umumlashmasi sifatida navlarga nisbatan tur, har qaysi nav esa jins bo‘lib kelsa, daraxtga nisbatan olma jins rolini o‘ynaydi. Sistemaning beshinchi jihati substansionalligidir. Ya’ni substansiya va uni bevosita kuzatishda tazohirlar orqali voqelanishi, umumiylik — xususiylik, mohiyat — hodisa, imkoniyat — voqelik dialektikasining o‘zida namoyon qilishidir. Shunday qilib, bir-birini taqozo etuvchi ikki va undan ortiq unsurlarning o‘zaro shartlangan munosabatidan tashkil topgan butunlik sistema sanaladi. Bu jihatdan fan ham sistemadir. Chunki u ham ichki bo‘linuvchanlik xususiyatiga ega. Shu bilan fanni tashkil etgan har bir uzv o‘zaro shartlangan munosabatda. Bir fan turining mavjud bo‘lishi ikkinchi fanning bo‘lishini taqozo etadi. Masalan, geometriya arifmetika bilan uzviy aloqada. Geometriya va arifmetikasiz astronomiyaning bo‘lishi mumkin emas va h. k. Fan sistema (butunlik) sifatida ichki bo‘linish xususiyatiga, ya’ni ichki tuzilishga ega. Uning ichki tuzilishi pog‘onalidir. Fan avvalo yo‘nalishlarga, yo‘nalish tarmoqlarga, tarmoqlar yana kichik ixtisosliklarga bo‘linadi. Bu bo‘linishning har biri bir pog‘onani hosil qilib, keyingi bo‘linishlar uchun kichik sistema vazifasini o‘taydi. Masalan, avvalo, tabiiy fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar, texnika fanlari kabi yo‘nalishlarga bo‘linadi. Tabiiy fanlar fanlar sistemasida o‘zaro munosabatda bo‘lgan bir necha bo‘laklarning bittasi sifatida sistema elementi sanalsa, keyingi bosqichida, tabiiy fanlarning o‘zi fizika-matematika, kimyo, biologiya, mexanika, texnika kabi fan tarmoqlarini o‘z ichiga olib, bu fanlar uchun sistema rolini o‘taydi. Fizika-matematika fanlari fizika va matematika fanlariga bo‘linadi. Fizika va matematika o‘zi ham yana ichki bo‘linishga ega. Masalan, matematika: matematik tahlil, geometriya, ehtimollar nazariyasi, algebra va sonlar nazariyasi kabi ixtisosliklarga bo‘linadi. Har bir bo‘linishda bo‘linuvchi sistema bo‘lsa, bo‘linma uning a’zosi vazifasini bajaradi. Sistema tarkibidagi har bir a’zo shu sistema doirasida o‘zaro shartlangan, bir-birini taqozo etuvchi munosabatda bo‘ladi. Masalan, matematika tarkibiga kiruvchi barcha ixtisosliklar o‘zaro ana shunday munosabatdadir. Fanlar sistemasida ma’lum fan tarmog‘i bilan munosabatda bo‘lmagan biror bir tarmoq mavjud emas.
Download 295.08 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling