Makroiqtisodiyot ham mikroiqtisodiyot kabi iqtisodiy nazariyaning bir boʻlimini ifoda etadi
Download 175.15 Kb.
|
“Makroiqtisodiyot” fanining shakllanishi tarixi, predmeti va obyekti
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI “BUXGALTERIYA HISOBI VA AUDIT” YO’NALISHI BHA-96-2\22 GURUHI TALABASI SAG’DULLAYEV ISLOMBEKNING “Mikroiqtisodiyot.Makroiqtisodiyot” fanidan tayyorlagan MUSTAQIL ISHI O’qituvchi: Akabirov Fazliddin Toshkent-2023 “Makroiqtisodiyot” fanining shakllanishi tarixi, predmeti va obyekti “Makroiqtisodiyot” fanining shakllanishi tarixi, predmeti va obyekti Makroiqtisodiyot ham mikroiqtisodiyot kabi iqtisodiy nazariyaning bir boʻlimini ifoda etadi. Grek tilidan tarjima qilganda “makro” soʻzi “katta” degan ma’noni anglatadi (mos ravishda “mikro” - “kichik”), “iqtisodiyot” soʻzi esa – “xoʻjalik yuritish” ma’nosini anglatadi. Shunday qilib, makroiqtisodiyot – bu iqtisodiyotdagi umumiy xatti-harakatlarni yoki uning yirik jamlanmalarini (agregatlarini) oʻrganuvchi fandir, bunda iqtisodiyot murakkab yirik yagona pogʻonaviy tashkil etilgan tizim sifatida, iqtisodiy jarayonlar va voqeliklar hamda ularning koʻrsatkichlarining yigʻindisi sifatida qaraladi. Birinchi bor “makroiqtisodiyot” atamasini taniqli norveg olimi iqtisodchi matematik, ekonometrikaning asoschilaridan biri, Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan Ragnar Frish (Ragnar Frisch) oʻzining 1933-yildagi maqolasida qoʻllagan. Biroq mazmunan zamonaviy makroiqtisodiy nazariya Kembridj maktabi vakili taniqli ingliz iqtisodchisi lord Djon Meynard Keyns (John Maynard Keyns)ning fundamental mehnatlaridan boshlangan. 1936-yilda Keyns makroiqtisodiy tahlil asoslarini yoritgan “Bandlik, foiz va pullarning umumiy nazariyasi” nomli kitobi chiqdi. Keyns ishining ahamiyati shunchalik buyuk ediki, natijada iqtisodiy adabiyotlarda shu vaqtgacha an’anaviy ravishda yagona mavjud boʻlgan iqtisodiy voqeliklarni klassik yondashuv asosida oʻrganuvchi, ya’ni mikroiqtisodiy tahlil (klassik modelga) qarshi turuvchi “Keynscha inqilob” atamasi va keynscha makroiqtisodiy model yoki keynscha yondashuv yuzaga keldi. Makroiqtisodiyot atamasi kundalik foydalanishga nisbatan yaqindagina kiritilgan boʻlsada, makroiqtisodiy tahlil elementlari iqtisodiyot fani bilan deyarli birga paydo boʻldi. Mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishini yaxlit bir jarayon sifatida tadqiq qilish, unga turli elementlarining oʻzaro bogʻliqligi va oʻzaro ta’siri xos boʻlgan tizim sifatida yondashish dastlab F.Kene asarlarida uchraydi. Fransiya qiroli Lyudovik XV ning saroy vrachi F.Kene 1758-yilda, milliy mahsulot ishlab chiqarish jarayoni pul oqimlarining doiraviy aylanishi sifatida tasvirlangan “Kene jadvali”ni tuzishda ilk bor makroiqtisodiy tahlil elementlarini qoʻlladi. Makroiqtisodiy tahlilning tamal toshlari, J.B.Sey, L.Valras, V.Pareto va boshqa olimlar tomonidan XIX asrdanoq qoʻyilgan edi deb ta’kidlash mumkin. Keyinchalik, V.Leontev esa oʻzining tarmoqlararo balansi bilan makroiqtisodiyotni iqtisodiy nazariyaning alohida boʻlimi sifatida ajralib chiqishi uchun mustahkam asos yaratishdi. J.M. Keyns esa oʻzining “Ish bilan bandlilik, foiz va pulning umumiy nazariyasi” (1936-yil) asari bilan bu jarayonni mantiqiy yakuniga yetkazdi. Shu sababli ham J.M. Keyns makroiqtisodiyot fanining asoschisi sifatida tan olinadi. Shunday qilib, makroiqtisodiyot oʻz predmeti va tadqiqot usullariga koʻra mustaqil fan sifatida XX asrning oʻrtalariga kelib shakllanib boʻldi. Makroiqtisodiyot umumiy iqtisodiy nazariyaning boʻlimi hisoblanib, unda milliy xoʻjalik darajasida iqtisodiyotning fundamental muammolari tadqiq qilinadi. Makroiqtisodiy nazariyaning ikki koʻrinishi oʻzaro farqlanadi: a) pozitiv makroiqtisodiyot; b) normativ makroiqtisoiyot. Pozitiv makroiqtisodiyot real iqtisodiy hodisalarni va ularning aloqadorliklarini oʻrganadi. Normativ makroiqtisodiyot esa qaysi sharoitlar yoki jihatlar maqbul yoki nomaqbul ekanligini belgilaydi, harakatning aniq yoʻnalishlarini taklif etadi. Shu joyda iqtisodiy nazariyaning ikki mustaqil boʻlimi sifatida makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot fanlarining predmetlarini oʻzaro farqlab olishimiz zarur. Mikroiqtisodiyot predmeti boʻlib “belgilangan” iqtisodiy shart-sharoitlarda uy xoʻjaliklari va firmalar darajasidagi iqtisodiy qarorning qabul qilish mexanizmi hisoblanadi. Mikroiqtisodiy tahlil obyekti boʻlib alohida tovarlar bozorlari, resurslar bozorlari, ulardagi talab va taklif hisoblansa, makroiqtisodiyotda milliy iqtisodiyot darajasidagi mehnat, pul, tovarlar va xizmatlar bozorlarining oʻzaro munosabatlari va oʻzaro ta’siri tahlil qilinadi. Mikroiqtisodiyotda “belgilangan” deb qabul qilingan, ya’ni mikroiqtisodiy tadqiqot predmeti hisoblanmaydigan koʻpgina koʻrsatkichlar, jumladan iste’molchilarning daromadlari, jamgʻarmalari, foiz stavkasining dinamikasini va uni belgilovchi omillarni makroitisodiyot tadqiq qiladi. Makroiqtisodiyot yalpi ishlab chiqarishining barqaror oʻsishini, resurslarning toʻliq bandliligini, inflyatsiyaning past sur’atlarini va toʻlov balansining muvozanatini ta’minlash nuqtayi nazaridan mamlakat iqtisodiyotini bir butun holda tadqiq qiladi va uni makroiqtisodiy tartibga solishning iqtisodiy mexanizmlarini oʻrganadi. Keltirilgan ta’rifdan koʻrinib turibdiki, makroiqtisodiyot predmetida oʻzaro bogʻliq uch jihatni ajratib koʻrsatish mumkin. Bular: 1) milliy iqtisodiyot; 2) davlat tomonidan iqtisodiy siyosatni yuritish va iqtisodiyotni tartibga solish; 3) jahon xoʻjaligi doirasida milliy iqtisodiyotni boshqa mamlakatlar iqtisodiyoti bilan oʻzaro munosabatlari masalasi. 1-jadvalda keltirilgan iqtisodiy nazariyaning ikki qismida koʻriladigan masalalar roʻyxati mikroiqtisodiyot va makroiqtisodiyot fanlari predmetlarini yaxshiroq farqlab olishga yordam beradi. Bu subyektlar orasida davlatning roli bahsli masala hisoblanib kelmoqda. Keynschilar bozor tizimi mexanizmlarining iqtisodiyotni barqaror oʻsishini ta’minlashga doim ham qodir emas va davlatning iqtisodiyotga aralashuvi zarur deb hisoblashsa, iqtisodiy nazariyaning klassik maktabi namoyandalari bunday aralashishga qarshi fikrlar bildirishadi. Bugungi kunga kelib koʻpchilik mamlakatlarda davlatning iqtisodiyotdagi roli sezilarli darajada katta ekanligini hisobga olsak, davlatning iqtisodiy rivojlanish strategiyasini belgilash, bozor mexanizmlariga putur yetkazmagan holda iqtisodiyotni tartibga solish muhim ekanligiga iqror boʻlamiz. Davlat makroiqtisodiyotning boshqa subyektlari xatti-harakatini belgilovchi omillarni hisobga olgan holda, barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash maqsadida, oʻz tasarrufida mavjud boʻlgan vositalar orqali ularni yoʻnaltirib turadi. Bu vositalar esa fiskal (byudjet-soliq) va monetar (pul-kredit) siyosatdir. Xulosa qilib aytganda makroiqtisodiyot fani alohida mamlakatda iqtisodiy siyosatning va jahon xoʻjalik aloqalarini tashkil etishning nazariy asosi hisoblanadi. Download 175.15 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling