Maktabgacha ta'lim metodikasi kafеdrasi bolalar psixologiyasi va psixodiagnostikasi


Download 1.25 Mb.
bet20/74
Sana24.01.2023
Hajmi1.25 Mb.
#1116151
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   74
Bog'liq
Bolalar psix. majmua 2021

6-MAVZU: BOLA PSIXIK TARAQQIYOTNING ASOSIY QONUNIYATLARI.(2soat)
Dars o’quv maqsadi: Talabalarga bola psixik taraqqiyotning asosiy qonuniyatlari to’g’risida bilim, ko’nikma va malakalarni hosil qilish.
Tushunchalar va tayanch iboralar: Taraqqiyot, psixik taraqqiyot, qarama-qarshilik, biologik va ijtimoiy omillar, notekislik qonuni, psixika integratsiyasi, plastiklik va kompensatsiya qonuni.
Asosiy savollar:
1.Bola psixik taraqqiyoti haqida tushuncha.
2. Psixik taraqqiyot qonuniyatlari.
3. Bola psixik taraqqiyotida biologik va ijtimoiy omillar
4. Psixik taraqqiyot va ta ’lim
Asosiy o’quv matеriali qisqacha bayoni. Bola psixikasining taraqqiyoti haqida gapirishdan oldin taraqqiyotning tub mohiyatini tushunib olish kerak. Rivojlanish haqida fikr yuritilganda odatda «o‘sish» va «taraqqiy etish» so‘zlaridan foydalaniladi. Masalan, bolaning jismoniy jihatdan o‘sishi va psixik jihatdan taraqqiy etishi degan tushunchalar qo‘llaniladi. O‘sish bilan taraqqiyot tushunchalari aynan bir ma’noni anglatuvchi tushunchalar emas. O‘sish deganda miqdoriy jihatdan ortish, ulg‘ayish tushuniladi. Taraqqiyot deganda esa, faqat miqdoriy jihatdangina emas, balki sifat jihatidan ham o‘zgarish tushuniladi. Shuning uchun o‘sish jarayoniga qaraganda taraqqiyot jarayoni ancha murakkab jarayondir. Taraqqiyot oddiy miqdoriy ortishdan tashqari bir shakldan ik- kinchi shaklga o‘tish bilan ham bog‘liqdir. Ana shuning uchun taraqqiyotning tub mohiyatidan yaxshi xabardor bo‘lish kerak, aks holda bu murakkab jarayonni tushunish qiyin bo‘ladi.
Bolaning psixik taraqqiyoti qarama-qarshiliklar kurashi asosida yuz beradi. Bu o‘rinda qanday qarama-qarshiliklar bolaning psixik jihatdan taraqqiy etishiga sabab bo‘ladi, degan savol tug‘iladi. Bolaning psixik taraqqiyotini yuzaga keltiruvchi qarama-qarshiliklar asosan quyidagilardan iborat:
1. Bolaning shu choqqacha erishgan imkoniyatlari darajasi bilan yangi ehtiyojlari o‘rtasida tug‘iladigan qarama-qarshilik. Ya’ni, bolaning ehtiyojlari tez ortib boradi, lekin bu ehtiyojlar­ni qondirish imkoniyatlari juda sekin yuzaga keladi. Natijada bolaning xilma-xil ehtiyojlari bilan tor imkoniyatlari o‘rtasida jiddiy ziddiyat yuzaga keladi. Bola ana shu ziddiyatni, ana shu qarama-qarshilikni hal etish jarayonida psixik jihatdan taraq­qiy etadi. Masalan, ilk yoshdagi bolaning tili endi chiqayotgan bo‘ladi. Uning so‘z zaxirasi deyarli bo‘lmaydi. Bundan tashqari ular so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz eta olmaydilar. Shu sababli bu yoshdagi bolalarning tilini hamma ham bemalol tushuna ol­maydi. Lekin bolaning mustaqil yura olishi, o‘zgalarning nutqiga tushunishi unda boshqalar bilan faol munosabatda bo‘lish ehtiyojini yuzaga keltiradi. Biroq, bolaning hozirgi taraqqiyot darajasi, imkoniyatlari, ya’ni so‘z zaxirasining nihoyatda ozligi, talaffuzda qiynalishi atrofdagilar bilan faolroq munosabatda bo‘lish ehtiyojini qondira olmaydi. Bolaning faol munosabatga intilishi bilan imkoniyati yo‘qligi o‘rtasidagi qarama-qarshilik nutqni tez o‘zlashtirish jarayonida hal etiladi. Buning natijasi­da bola psixik jihatdan ma’lum taraqqiyotga erishadi. Bolaning imkoniyatlari ana shu tariqa oshib borgan sari ehtiyojlari yanada ko‘payib boraveradi.
2.Bolaning eski xulq-atvor formalari bilan yangi xatti harakatlari, yangi tashabbuslari o‘rtasidagi qarama-qarshilik. Masalan, bolaning kichik davridagi asosiy faoliyati kattalarga taqlid qilishdan iborat bo‘ladi. Taqlidiy harakatlarda mustaqil­lik, tashabbuskorlik deyarli bo‘lmaydi. Bola o‘sib ulg‘aygan sari uning o‘z shaxsiy tajribasi, mustaqilligi, tashabbusi ortib boradi. Bola mustaqil harakatda, ya’ni har bir narsani o‘zi bilganicha qilishga (tashabbus ko‘rsatishga) intila boshlaydi. Bunda bolaning ko‘pdan beri o‘rganib qolgan taqlidiy (bir qolipdagi) harakatlari bilan mustaqil va tashabbuskorona harakatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keladi. Bu qarama-qarshilikni hal qilish jarayonida, ya’ni odatlanib qolgan taqlidiy harakatlarini yengib, mustaqil harakat formalariga o‘tish ja­rayonida bola psixik jihatdan taraqqiy etadi.
Quruq taqlid bilan bog‘liq bo‘lmagan mustaqil va er­kin harakatlar bolalarga bir qator yangi malaka va odatlarni o‘zlashtirish hamda o‘z shaxsiy hayot tajribalarini kengaytirish imkonini beradi. Bolalar mustaqil tashabbus ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan harakatlarida ilgari o‘zlashtirgan turli bilimlarini yangi sharoitlarga tatbiq qilishga o‘rganadilar.

  1. Bola hayotining mazmuni bilan uning shakli (muhiti) o‘rtasida maydonga keladigan qarama-qarshilik. Odatda hayot­ning mazmuni uning shaklidan biroz oldinda boradi. Masalan, bola maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnay boshlashidan ol­din oiladagi hayot sharoitiga odatlangan bo‘ladi. Maktabgacha ta’lim muassasasiga kelganidan keyin esa u o‘zi uchun tamo mila yangicha bo‘lgan guruh hayotining talab va qoidalariga duch keladi. Bolalar guruhiga yangi kelgan bola darhol bu hayotga ko‘nika olmaydi. Bolaning oiladagi xulq-atvori, tuyg‘u va hissiyotlari maktabgacha ta’lim muassasasidagi guruh hayotiga to‘g‘ri kelmaydi. Natijada bolaning oiladagi hayot mazmuni bilan maktabgacha ta’lim muassasasidagi yangicha hayot maz­muni o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keladi. Bola yangi­cha hayot mazmunini o‘zlashtirish jarayonida bu qarama-qarshilikni yengib, psixik jihatdan yanada taraqqiy etadi va uning shaxsiy tajribasi ortadi.

Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, bolaning psixik taraqqiyoti juda murakkab jarayondir. Bolaning psixik taraqqiyoti qanday shakllanishidan qat’i nazar, u muayyan qonuniyatlarga bo‘ysunadi. Bu qonuniyatlarning o‘ziga xos xususiyatlari hayot sharoitiga, faoliyatiga va tarbiyaga bog‘liqdir.
Psixik taraqqiyot qonuniyatlariga:

  1. Psixik rivojlanishning notekisligi shundan iboratki, har qanday sharoitda, hatto ta’lim tarbiyaning eng qulay sharoitlarida ham shaxsning turli psixik belgilari, psixik funksiyalari va psixik xususiyatlari rivojlanishining bitta darajasida to‘xtab turmaydi. Bolalarga bir xil tarbiya berilsa ham bolalar uni turlicha qabul qiladilar. Chunki, ularning o‘ziga xos indi­vidual xususiyatlari mavjud, nerv tizimining xususiyatlari, tiplari turlicha, yashash sharoiti, tarbiyaviy ta’sirlari turlicha bo‘lgani uchun ham psixik taraqqiyot tezlashib yoki sekinlashib, ba’zan to‘xtab yoki tutilib qolishi mumkin. Shu sababli psixik taraqqiyot notekis rivojlanishi mumkin deb e’tirof etiladi.

  2. Integratsiya qonuni inson psixikasini o‘z taraqqiyoti davomida tobora ko‘proq yaxlitlik, birlik, mustaqillik va doimiylik xususiyatlarini kasb eta borishidir. Bunda yoshlikda hosil bo‘lgan psixik xususiyatlar taraqqiyot davomida bora-bo­ra kishining asosiy xususiyatiga yoki xarakter xislatiga aylanadi va bu xislat shu kishining hayotida yaqqol ko‘zga tashlanadigan bo‘lib qoladi. Bu qonunga binoan psixik rivojlanish psixik ho latlarning asta-sekin o‘sib, shaxs xislatlariga aylanishidan ibo­rat bo‘lgan qonundir.

  3. Plastiklik va kompensatsiya imkoniyati qonuni. Bu qonun asab tizimining plastiklik xususiyati bilan bog‘liqdir. Yosh bo­la ijtimoiy munosabatlarga kirishar ekan u albatta ularni o‘ziga o‘zlashtiradi, taqlid qiladi. Natijada u aqliy tomondan shakllanadi. Ta’lim-tarbiya sharoitida bolani, maktab o‘quvchisining psixikasini maqsadga muvofiq o‘zlashtirishning boy imkoniyati asab tizimining ana shu plastikligiga asoslanadi. Plastiklik kompensatsiya (to‘ldiruvchanlik, tovon, badal) uchun ham yo‘l ochib beradi. Ba’zi psixik funksiyaning rivojlanishi zaif yoki nuqsonli bo‘lsa, uning faoliyatini zo‘r uyushganligi va aniqligi bilan kompensatsiya qilish mumkin; ko‘rishdagi nuqsonlar qisman, eshitish analizatorining o‘tkir darajada rivojlanishi bi­lan kompensatsiya qilinadi. Tarbiyachi va o‘qituvchilar bolaga ta’lim-tarbiya berish jarayonida psixik taraqqiyotning qonunlariga amal qilishlari va bolaning taraqqiyot xususiyatlarini bilishlari maqsadga muvofiqdir.

Bola psixik taraqqiyotida biologik va ijtimoiy omillar. Bolalar psixologiyasi fanining asosiy maqsadi bola psixik taraqqiyotini o‘rganishdan iborat ekan, bu masalani hal qilishda, uni tushuntirib berishda turli xil qarashlarni o‘rganish muhimdir. Inson shaxsining tarkib topishini tushuntirishga intiluvchi biogenetik va sotsiogenetik oqim XIX asrning ikkinchi yarmida maydonga kelgan.
Bola psixik xususiyatlarining tug‘ma tabiati haqidagi ta’limot shu vaqtga qadar aksariyat psixologiya maktablarining asosini tashkil etib kelmoqda. Biogenetik konsepsiyada inson psixikasining barcha umumiy va individual xususiyatlari tabiat tomonidan belgilangan, uning biologik tuzilishiga tenglashtirilgandir. Psixik rivojlanish esa nasliy yo‘l bilan azaldan belgilanib, inson organizmiga joylashtirilgan shu xususiyatlarning maromiga yetilish jarayonidan iborat deb ta’kidlaydi. Ma’lumki, nasliy xususiyatlar tug‘ma yo‘l bilan nasldan-naslga tayyor holda beriladi, biroq shunday bo‘lishiga qaramay bu oqim namoyandalari inson shaxsi va uning barcha xususiyatlari «ichki qonunlar» asosida, ya’ni nasliy xususiyatlar negizida maydonga keladigan narsa, biologik omillarga bog‘liqdir, deb ta’kidlaydilar. Biogenetik ta’limotda inson qobiliyatlarining rivojlanish darajasi taqdir tomonidan belgilanib qo‘yilganligini, bola imkoniyatlari va qobiliyatlarini maxsus testlar yordamida aniqlab, undan so‘ng ta’lim jarayonini uning irsiyat tomonidan belgilangan taraqqiyot darajasiga moslashtirish, ularning asliy iste’dod darajalariga qarab turli mavqedagi maktablarda tahsil olishi zarur deb ta’kidlanadi.
Amerikalik psixolog E. Torndayk bolalarning «tabiiy kuchlari» va «tug‘ma mayllar»ini psixik rivojlanishning yetakchi omili qilib ko‘rsatib, muhitning, ta’lim-tarbiyaning ta’siri ikkinchi darajalidir, deb aytadi.
Avstraliyalik psixolog K. Byuler bolalarning faqat aqliy taraqqiyotigina emas, balki axloqiy rivojlanishi ham nasliy to­mondan belgilangandir, deb ta’kidlaydi.
Amerikalik pedagog va psixolog D. Dyui, inson tabiatini o‘zgartirib bo‘lmaydi, odam ehtiyojlari va psixik xususiyat­lari bilan tug‘iladi. Bu ehtiyojlar va psixik xususiyatlar tarbiya jarayonida namoyon bo‘lib, ba’zida o‘zgarishi tarbiyaning miqdorini belgilab beruvchi mezondir, deb hisoblaydi.
Inson shaxsining tarkib topishini o‘rganish davomida yuzaga kelgan yana bir ta’limot - sotsiogenetik konsepsiya - qobiliyatlarning taraqqiyotini faqat tevarak-atrofdagi muhitning ta’siri bilan tushuntiradi. K. Gelvetsiyning ta’limotiga ko‘ra, barcha odamlar aqliy va axloqiy rivojlanishi uchun tug‘ilishidanoq mutlaqo bir xil tabiiy imkoniyatga ega bo‘ladilar. Shuning uchun odamlarning psixik xususiyatlaridagi farq faqatgina muhit va tarbiyaning turlicha ta’sir qilishi bilan vujudga keladi, deb tushuntiriladi. Bu nazariyani xorijiy mamlakatlardagi hozirgi turli namoyandalari psixikaning rivojlanishida ijtimoiy muhitning g‘oyat darajada muhim roli borligini e’tirof etadilar.
Inson shaxsining tarkib topishini o‘rganish davomida yuzaga kelgan sotsiogenetik konsepsiya fanda eksperimentlarning rivojlanishi bilan bog‘liqdir. Ma’lumki, XVII asrning oxiri va XVIII asrning boshlarida hammaning diqqat-e’tibori mo‘jizakor tajribaga qaratilgan edi. Bu hodisa inson shax­sining tarkib topishi masalasiga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Angliyalik olim Djon Lokk dunyoga kelgan yangi chaqaloq bolaning ruhini top-toza doskaga, taxtaga o‘xshatadi. Uning fikricha, bolaning top-toza taxta tarzidagi ruhiga nimalarni yozish mutlaqo katta odamlar ixtiyoridadir. Shuning uchun bolaning qanday odam bo‘lib yetishishi, ya’ni unda qanday shaxsiy fazilatlarning tarkib topishi bola hayotdan oladigan tajribaga, o‘zgalar bilan muloqot jarayonida oladigan hayotiy tushuncha va tasavvurlariga bog‘liqdir, deb ta’kidlaydi.
Bu masalalarni tahlil etgan har ikkala yo‘nalishning namo yandalari, o‘z manfaatlarining tashqi jihatdan bir-biriga qarama-qarshi bo‘lishiga qaramay, insonning psixik xususiyatlarini biologik va ijtimoiy omillar ta’sirida avvaldan belgilangan va o‘zgarmas narsa, deb e’tirof etadilar.
Ma’lumki odam shaxs sifatida muntazam qandaydir faoliyatda tarkib topib boradi, rivojlanadi, uning faolligi namo­yon bo‘ladi. Bolaning psixik jihatdan taraqqiy etishida biologik (nasliy), ijtimoiy, uzoq vaqt davomida beriladigan ta’lim-tarbiya va bolaning shaxsiy faolligi ta’siri muhim o‘rin egallaydi.
Psixologiya fani zamonaviy ta’limotga asoslangan holda inson shaxsining tarkib topishini asosan uchta omilning ta’siriga bog‘liqligini dalillar asosida izohlab beradi. Nasliy yo‘l bilan odamga to‘g‘ridan to‘g‘ri bir qator tashqi alomatlar, tashqi xu­susiyatlar o‘tishi mumkin. Masalan, bolalar o‘z ota-onalarining tashqi jismoniy belgilarini, ya’ni bo‘y-bastini, ko‘zi va so chining rangini, yuz tuzilishi va shu kabilarni nasliy yo‘l bilan meros qilib oladi. Bolaning psixik taraqqiyotiga xos xususiyat­lar nasliy yo‘l bilan tug‘ma ravishda to‘g‘ridan to‘gri berilmaydi. Lekin bundan nasliy xulusiyatlarning psixik taraqqiyotga mutlaqo aloqasi yo‘q, degan ma’no kelib chiqmaydi. Nasliy xususiyatlarning psixik taraqqiyotga taalluqliligi shundaki, ayrim psixik jarayon yoki psixik xususiyatlarning anatomik-fiziologik nishonalari naslga o‘tadi. Lekin psixik taraqqiyot bilan bog‘liq bo‘lgan ana shunday anatomik-fiziologik nishonalar odamga imkoniyat tarzida beriladi. Har qanday imkoniyat ham ro‘yobga chiqavermaydi. Ijtimoiy muhit va ta’lim-tarbiya tizimi noto‘g‘ri olib borilsa, imkoniyat tarzidagi layoqatlar qobiliyatga aylanmay yo‘qolib ketishi mumkin.
Demak, odamga imkoniyat tarzida berilgan nasliy xususiyatlarning o‘zi tegishli muhit bilan bog‘lanmasa, bola psixik taraqqiyotida deyarli biron hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘la olmaydi.
Bola tug‘ilgan kunidan boshlaboq ijtimoiy muhitda, ya’ni odamlar qurshovida yashay boshlaydi. Ijtimoiy muhit deganda biz dastavval oila muhitini tushunamiz. Lekin «muhit» tushun- chasi ikki xil ma’noda ishlatiladi. Keng ma’nodagi «muhit» so‘zi odamning butun mamlakati, Vatani bilan bog‘liq bo‘lgan hayot sharoiti bo‘lsa, tor ma’nodagi «muhit»da asosan odam­ning oilaviy turmush sharoiti va oila tevarak-atrofidagi ijtimoiy hayot tushuniladi.
Bolaning psixik jarayonlari (idroki, xotirasi, tafakkuri, xayoli va shu kabilar) va shaxsiy sifatlari (qiziqishlari, qobiliyati, malaka va odatlari, xarakteri va h.k.) tug‘ma ravishda belilmaydi. Odamning, shu jumladan, bolaning barcha psixik jarayonlari va shaxsiy sifatlari konkret ijtimoiy sharoitning ta’siri tufayli individual hayoti davomida yuzaga keladi. Bunda eng muhim omil oiladir. Oila hayotining umumiy turmush tarzi bola psixikasining taraqqiy etishiga ta’sir etmasdan qolmaydi.
Bola o‘z tabiatiga ko‘ra juda ham taqlidchan bo‘ladi. Taqlidchanlik bola psixikasi taraqqiyotini belgilovchi omillardan biridir. Bola har doim o‘z oilasidagi katta odamlar qurshovida yashar ekan, u hamisha ana shu o‘ziga yaqin odamlarning xattiharakatlariga taqlid qiladi. Taqlid qilish orqali har xil insoniy munosabatlar va fazilatlarni o‘ziga sekin-asta singdilib boladi. Tashqi muhitning, ya’ni oila muhitining bola psixikasiga ta’siri nutq (til) taraqqiyotida juda yaqqol ko‘rinadi. Bo­la tug‘ilishidan boshlab qanday nutq turi muhitida yashasa, ana shu tilda gapiradigan bo‘ladi. Bola o‘sgan sari muhit doirasi ham kengaya boradi. Ijtimoiy muhit (dastavval oila, hovli, ko‘cha, mahalla)dan sekin-asta kengaya borib, shahar, respublika va butun mamlakat miqyosiga o‘tadi. Ana shunga mos ravishda ijtimoiy muhitning bolaga ta’siri manbalari ham borgan sari kengaya va ko‘paya boradi. Bola oila doirasidan tashqariga chiqqanidan so‘ng unga o‘zgalar ham ta’sir eta boshlaydi. Bola endi faqat o‘z oilasidagi katta odamlarning xulq-atvori va xattiharakatlarigagina emas, balki yaqin atrofidagi boshqa odamlarning, o‘z tengqurlarining xulq-atvorlari va xattiharakatlariga ham taqlid qila boshlaydi. Ana shu tariqa ijtimoiy muhit bolaning psixikasiga bo‘lgan ta’sirini kengaytira boradi.
Shunday qilib, ijtimoiy muhit bolalar psixikasining taraqqiyotiga faol ta’sir etadigan eng muhim omillardan biri bo‘lib, uning o‘zgarishi bola psixikasining o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
Psixik taraqqiyot va ta ’lim. Bolaning psixik taraqqiyotida ta’lim va tarbiya juda katta ahamiyatga ega. Uzoq muddat davomida beriladigan ta’lim- tarbiya ishlari hozirgi vaqtda oiladagi tarbiya ishlari bilan birga qo‘shib olib borilmoqda. Boshqacha qilib aytganda, bolaga ju­da yoshlik chog‘idan boshlab qat’iy dastur asosida ta’lim-tarbiya berila boshlanadi.
Bola maktabgacha ta’lim muassasasida, maktabda izchil suratda ta’lim va tarbiya oladi. Bunday uzoq muddatdagi maxsus ijtimoiy ta’lim va tarbiya bolaning psixik taraqqiyotiga ta’sir etmay qolmaydi. Shuning uchun bolaning umumiy psixik taraq­qiyoti ko‘p jihatdan ta’lim-tarbiyaning ta’siriga bog‘liqdir.



Download 1.25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   74




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling