Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish
Download 35.45 Kb.
|
Soyibova D Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish (4)
Natija niyatga yarasha. Yurtimiz uchun qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar ustuvor ekanligini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ilk davlat tashrifi Turkmanistonga bo‘lganidan ham anglash mumkin. Ekspertlarning ta'kidlashicha, ushbu safar, avvalo, davlat tashrifi maqomiga ega edi. Bunday tashriflar muayyan davlatga nisbatan bir marta amalga oshiriladi. Ikkinchidan, kun tartibiga kiritilgan masalalar, erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar ahamiyati hamda ko‘lamidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bu, haqiqatan ham, tarixiy tashrif bo‘ldi. Chunki ushbu voqea arafasida va tashrif paytida ko‘pchilikda “O‘zbekiston Prezidentining birinchi tashrifi nega Turkmanistonga bo‘ldi?” -degan savol tug‘ildi. Bunga bir necha sabablar bor.
Avvalambor, bu O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga to‘liq javob beradi. Ushbu hujjatda qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Tashrif doirasida davlat rahbarlari qardosh xalqlar o‘rtasidagi tarixan shakllangan do‘stona va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnomani imzoladilar. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasida munosabatlar barqaror, ishonchli va uzoq muddat davom etishining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur davlat tashrifining yana bir ahamiyati, ikki mamlakat rahbarlari darajasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonch, tushunish hamkorlikning yangi istiqbollari uchun ham tamal toshi bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi ham O‘zbekiston atrofida “farovonlik kamari”ni shakllantirish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri, deyish mumkin. Sababi, Qozog‘iston hududi jihatidan Markaziy Osiyoning eng yirik davlati bo‘lsa, O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha yetakchi mamlakat hisoblanadi. Bu davlatlarning o‘zaro munosabati mintaqa ravnaqiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Tashrif davomida imzolangan 2017 — 2019 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasini izchil amalga oshirish iqtisodiyotning turli sohalarida hamjihatlikni mustahkamlashga va o‘zaro tovar aylanmasini 2020 yilgacha 5 milliard AQSh dollariga ko‘tarishga turtki bergan holda, ikki tomonlama manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Agar 2016 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollarni tashkil qilganini inobatga olsak, bu ham “farovonlik kamari”ni barpo etish yo‘lida erishilgan dastlabki muvaffaqiyatlardan biri bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a emas. Shuni alohida qayd etish kerakki, bunday hamkorlik aloqalari Qirg‘iziston va Tojikiston bilan jadal olib borilmoqda. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning bildirishicha, xususan, Qirg‘iziston bilan chegaralarimizni demarkatsiya va delimitatsiya qilish singari murakkab, o‘ta nozik masalada ham kelishuvga erishilayotir. Bugun qariyb ming kilometr chegara aniq belgilanib, tegishli shartnoma tayyorlanmoqda. Ushbu tarixiy hujjat Qirg‘iziston rahbarining yurtimizga tashrifi doirasida imzolanishi kutilayapti. Eng muhimi, O‘zbekiston ham, azaliy sheriklarimiz ham har qanday muzokaralarda bunday nozik masalalar yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va tomonlar manfaatlarini tan olish prinsiplari asosida olib borilishi kerakligini yaxshi tushunmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, aytish mumkinki, O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarda, avvalambor, sobiq ittifoq parchalanganidan so‘ng, shu bilan birga, turli obektiv va sub'yektiv sabablarga ko‘ra, to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga tayyorligini namoyon etmoqda. Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham Xalqaro-press klub majlisida buni alohida qayd etib, qo‘shnilar bilan munosabatlar eng muhim yo‘nalish ekanligini ta'kidladi. Muloqotga tayyorlik ham bunday ustuvorlikning amaliy jihatidir. Qo‘shnilar bilan munosabatlarda manfaatlar to‘qnash kelishi tabiiy jarayon. “Masalalarni muhokama qilishdan qochmasdan, oqilona kelishuvlarga erishish, o‘ylaymanki, O‘zbekiston rahbariyatining tashqi siyosatdagi birinchi va asosiy jihatidir”, dedi u. Download 35.45 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling