Mantiq ilmining predmeti va ahamiyati
Download 27.58 Kb.
|
1-mavzu. MANTIQ ILMINING PREDMETI VA AHAMIYATI
- Bu sahifa navigatsiya:
- Mantiq ilmining asosiy muammolari va ularni tadqiq etish yo‘nalishlari. Mantiq ilmining nazariy va amaliy ahamiyati.
MANTIQ ILMINING PREDMETI VA AHAMIYATI.Reja: Tafakkur — mantiq ilmining o‘rganish ob'ekti. Bilishning mohiyati. Hissiy bilish va tafakkur. Tafakkurning mantiqiy shakllari va qonunlari haqida tushuncha. Mantiq fanining predmeti. Mantiq — tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganuvchi fan. Mantiq ilmining asosiy muammolari va ularni tadqiq etish yo‘nalishlari. Mantiq ilmining nazariy va amaliy ahamiyati. Tafakkur mantiq ilmining o‘rganish ob'ekti. Psixologlarning e'tirof etishlaricha kishining butun hayoti uning oldiga hamisha jiddiy va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar va muammolarni qo‘yadi. Bunday muammolarning, qiyinchiliklarning, tasodiflarning yuzaga kelishi atrofimizdagi voqelikda hali juda ko‘p noma'lum, tushunib bo‘lmaydigan, kutilmagan, yashirin narsalar borligidan dalolat beradi. Demak, olamni borgan sari chuqurroq o‘rganib, unda odamlar va narsalarning tobora yangi-yangi jarayonlarini, xususiyatlarini va o‘zaro munosabatlarini ochish lozim. Tafakkur shuning uchun ham zarurki, hayot va faoliyat davomida har bir individ narsalarning qandaydir yangi, ilgari ma'lum bo‘lmagan xususiyatlariga duch keladi. O‘tmishdagi bilimlarimizning kamligi bilinib qoladi. Koinot cheksiz bo‘lganidek, uni bilish jarayoni ham cheksizdir. Tafakkur hamisha hali bilib olinmagan, yangilikning ana shunday cheksiz chuqur jihatlariga qaratilgan bo‘ladi. Tafakkur-jiddiy ravishda yangilikni qidirish va ochishga bog'liq, aloqador psixik jarayondir, uning tahlili va sintezi jarayonida voqelikni bavosita va umumlashtirib aks ettirish jarayonidir. Tafakkur amaliy faoliyat asosida hissiy bilishlardan paydo bo‘ladi va hissiy bilish chegarasidan ancha tashqariga chiqib ketadi. Tafakkur - bu predmet va hodisalarning umumiy xususiyatlarini aks ettirish, ular o‘rtasidagi qonuniy aloqalar hamda munosabatlarni topish jarayonidir. Boshqacha qilib aytganda, tafakkur - bu borliqni umumlashtirilgan holda va bevosita aks ettirishdir. Tafakkur - inson aqliy faoliyatining yuksak shaklidir. Istalgan ixtiyoriy faoliyat, u xoh o‘quv, xoh ishlab chiqarish faoliyati bo‘lsin, uning natijalarini oldindan ko‘rishni albatta talab qiladi. Biroq oldindan ko‘rish uchun dalillarni umumlashtirish va shu umumlashmalar asosida xuddi shunga o‘xshash boshqa dalillarga ham tadbiq etish mumkin bo‘lgan xulosalar chiqarish kerak bo‘ladi. Bu ikkiyoqlama yondashish yakkadan umumiyga, umumiydan yakkaga-tafakkur orqali amalga oshiriladi. Voqelik tafakkurda idrok va tasavvurlardagiga qaraganda chuqurroq va to‘laroq aks etadi. Narsa vahodisalar o‘rtasidagi eng muhim bog'lanishlar va munosabatlar tafakkur yordami bilan ochiladi. Binobarin, tafakkur insonning shunday aqliy faoliyatidirki, bu faoliyat voqelikni eng aniq (to‘g'ri), to‘liq, chuqur va umumlashtirib aks ettirishga (bilishga), insonning tag'in ham oqilona amaliy faoliyat bilan shug'ullanishiga imkon beradi. Bilish faoliyati sezish va idrok qilishdan boshlanadi va keyin tafakkurga o‘tib ketishi mumkin. Biroq istagan tafakkur, hatto eng rivojlangan tafakkur ham hamisha hissiy bilish bilan, ya'ni sezgi, idrok va tasavvurlar bilan bog'langan bo‘ladi. Tafakkur faoliyati o‘zining butun «materialini» faqat bitta manbadan, ya'ni hissiy bilishdan oladi. Tafakkur sezgilar va idrok qilish jarayonlari orqali tashqi olam bilan bevosita bog'lanadi hamda shu tariqa olamni aks ettiradi. Bu aks ettirishning to‘g'riligi (adekvatligi) amaliy faoliyat orqli tabiat va jamiyatni amaliy o‘zgartirish jarayonida uzluksiz tekshirilib turiladi. Bosh miya po‘stining biron bir sohasi emas, balki bosh miyaning butun po‘sti bajarayotgan faoliyat tafakkurning nerv-fiziologik negizidir. Analizatorlarning miyaga borib tutashgan uchlari o‘rtasida vujudga keladigan murakkab va muvaqqat bog'lanishlar tafakkur qilish uchun birinchi galda ahamiyatga ega. Tafakkurni yo‘naltirib turadigan asosiy nerv-fiziologik negiz shunday yo‘l ko‘rsatib turuvchi refleksdirki, bu refleks tafakkur qilish jarayonlarida katta rol o‘ynaydi. Tafakkur qilish jarayoni biror psixik elementlarning shunchaki bir-biri bilan almashinishi tarzida voqe bo‘lmasdan, balki alohida aqliy operasiyalar -biz idrok qilayotgan yoki tasavvur qilayotgan narsalar ustida, umumiylashgan va tushunchalarga ega bo‘lgan ob'ektlar ustida aqliy harakatlar qilish tarzida voqe bo‘ladi. Taqqoslash, analiz va sintez, abstraksiya va umumlashtirish, konkretlashtirish, klassifikasiya (tasnif) va sistemalashtirish (tizim)ga solish aqliy operasiyalarning asosiy turlaridir. Taqqoslash - shunday bir aqliy operasiyadirki, bu operassiya ayrim narsalar o‘rtasidagi o‘xshashlikni yoki tafovutni, tenglik yoki tengsizlik borligini, bir xillik yoki qarama-qarshilik borligini aniqlashda ifodalanadi. Amaliy taqqoslash bir narsani ikkinchi narsaga solishtirib ko‘rilayotganda, masalan, bir qalamni ikkinchi qalamga, o‘lchov chizig'ini taxtaga va kabilarga solishtirib ko‘rilayotganda sodir bo‘ladi. Taqqoslash tasavvur qilinayotgan yoki qilingan narsalarni bir-biriga fikran solishtirib ko‘rish yo‘li bilan hal bo‘ladi. Analiz - narsani tarkibiy elementlarga, qismlarga yoki tarkibiy belgilarga bo‘lish demakdir. Psixologiyani o‘rganayotgan vaqtimizda har bir psixik jarayonni bir-biri bilan taqqoslabgina qolmasdan, balki, shu bilan birga, analiz ham qilamiz. O‘qish mashg'uloti vaqtida tafakkurning analiz qilish faoliyati katta o‘rin tutadi. Chunonchi, savod o‘rgatish odatda nutqni analiz qilishdan: gapni so‘zlarga, so‘zlarni bo‘g'inlarga, bo‘g'inlarni tovushlarga ajratishdan boshlanadi. Sintez - analizning aksi yoki teskarisi bo‘lgan tafakkur jarayonidir. Bunda tarkibiy qismlar yagona bir butunga birlashadi. Analiz va sintez bir-biri bilan chambarchas bog'langandir, chunki fikr jarayonining ayrim bosqichlarida birinchi o‘ringa analiz yoki sintez chiqadi. Sintez elementlarning, narsa va hodisalarning qismlarini bir butun qilib qo‘yishdan iborat bo‘lib, amaliy analiz bo‘lgani singari amaliy sintez ham bo‘ladi. «Tafakkur, - deb yozgan edi I.P.Pavlov, - albatta assosiasiyalardan, sintezdan boshlanadi, so‘ngra sintezning ishi analiz bilan qo‘shiladi. Analiz, bir tomondan, reseptorlarimiz, periferik uchlarining analizatorlik qobiliyatiga, ikkinchi tomondan esa, bosh miya katta yarim sharlarining po‘stida takomil topuvchi va voqelikka muvofiq bo‘lmagan narsalarni voqelikka muvofiq bo‘lgan narsalardan ajratib turuvchi tormozlanish jarayoniga asoslanadi». Abstraksiya - shunday bir fikrlash jarayonidirki, bunda tafakkurda aks etilayotgan bir yoki bir necha ob'ektlarning biror belgisi (xususiyati, harakati, holati, munosabati) shu ob'ekt yoki ob'ektlardan fikran ajratib olinadi. Bu jarayonda ob'ektdan ajratilgan bir belgining o‘zi tafakkurning mustaqil ob'ekti bo‘lib qoladi. Abstraksiya odatda analiz jarayoni yoki analiz natijasida sodir bo‘ladi. Abstraksiya umumlashtirish bilan bog'liqdir. Umumlashtirish - predmetlar va xodisalarni ularning umumiy va asosiy tomonlarini ajratib ko‘rsatish asosida bir-birlari bilan fikran birlashtirishdir. Klassifikasiya - ko‘p narsalarni, holatlarni, kechinmalarni guruhlarga bo‘lish. Masalan tibbiyotda kasalliklarning klassifikasiyalari mavjud: sil kasalligi, zaxm, yuqumli kasalliklar. Anatomiya fanida suyaklar klassifikasiyasi alohida o‘rganiladi. Kelib chiqishiga ko‘ra arabcha bo‘lgan “mantiq” (grekcha–logos) atamasi «fikr», «so‘z», «aql», «qonuniyat» kabi ma'nolarga ega. Uning ko‘pma'noligi turli xil narsalarni ifoda qilishda o‘z aksini topadi. Xususan, mantiq so‘zi, birinchidan, ob'ektiv olam qonuniyatlarini (masalan, «ob'ektiv mantiq», «narsalar mantig'i» kabi iboralarda), ikkinchidan, tafakkurning mavjud bo‘lish shakllari va taraqqiyotini, shu jumladan, fikrlar o‘rtasidagi aloqadorlikni xarakterlaydigan qonun-qoidalar yig'indisini (masalan, «sub'ektiv mantiq» iborasida) va uchinchidan, tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganuvchi fanni ifoda etishda ishlatiladi. Mantiq ilmining o‘rganish ob'ektini tafakkur tashkil etadi. «Tafakkur» ham arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilidagi «fikrlash», «aqliy bilish» so‘zlarining sinonimi sifatida qo‘llaniladi. Tafakkur bilishning yuqori bosqichidir. Uning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun bilish jarayonida tutgan o‘rni, bilishning boshqa shakllari bilan bo‘lgan munosabatini aniqlab olish zarur. Bilish voqelikning, shu jumladan, ong hodisalarining inson miyasida sub'ektiv, ideal obrazlar shaklida aks etishidan iborat. Bilish jarayonining asosini va oxirgi maqsadini amaliyot tashkil etadi. Barcha hollarda bilish insonning hayotiy faoliyati bilan u yoki bu darajada bog'liq bo‘lgan, uning ma'lum bir ehtiyojini qondirishi mumkin bo‘lgan narsalarni tushunib etishga bo‘ysundirilgan bo‘ladi. Bilish jarayonini amalga oshirar ekan, kishilar o‘z oldilariga ma'lum bir maqsadni qo‘yadilar. Ular o‘rganilishi lozim bo‘lgan predmetlar doirasi, tadqiqot yo‘nalishi, shakllari va metodlarini belgilab beradi. Bilish murakkab, ziddiyatli, turli xil darajalarda va shakllarda amalga oshadigan jarayondir. Uning dastlabki bosqichini hissiy bilish – insonning sezgi organlari yordamida bilishi tashkil etadi. Bu bosqichda predmet va hodisalarning tashqi xususiyatlari va munosabatlari, ya'ni ularning tashqi tomonida bevosita namoyon bo‘ladigan va shuning uchun ham inson bevosita seza oladigan belgilari haqida ma'lumotlar olinadi. Hissiy bilishning barcha shakllariga xos bo‘lgan xususiyatlari qatoriga quyidagilar kiradi: Birinchidan, hissiy bilish ob'ektning (predmetning yoki uning birorta xususiyatining) sub'ektga (individga, to‘g'rirog'i, uning sezgi organlariga) bevosita ta'sir etishini taqozo etadi. Tasavvur ham bundan istisno emas. Unda obrazi qayta hosil etilayotgan (yoki yaratilayotgan) predmet emas, u bilan bog'liq bo‘lgan boshqa predmet–signal ta'sir etadi. Ikkinchidan, hissiy bilish shakllari: sezgi, idrok va tasavvur predmetning tashqi xususiyatlari va munosabatlarini aks ettiradi. Uchinchidan, hissiy bilish shakli predmetning yaqqol obrazidan iborat. To‘rtinchidan, hissiy bilish konkret individlar tomonidan amalga oshirilganligi uchun ham har bir alohida holda konkret insonning sezish qobiliyati bilan bog'liq tarzda o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi. Beshinchidan, hissiy bilish bilishning dastlabki va zaruriy bosqichi hisoblanadi. Usiz bilish mavjud bo‘la olmaydi. Chunki inson tashqi olam bilan o‘zining sezgi organlari orqali bog'langan. Bilishning keyingi bosqichi, boshqa barcha shakllari sezgilarimiz bergan ma'lumotlarga tayanadi. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, hissiy bilish tafakkur bilan uzviy bog'liq. Xususan, nazariy bilimlarning chinligi oxir-oqibatda empirik talqin qilish yo‘li bilan, ya'ni tajribada bunday bilimlarning ob'ektini qayd etish orqali asoslanadi. O‘z navbatida, hissiy bilish, umuman olganda, aql tomonidan boshqarilib turadi, bilish oldida turgan vazifalarni bajarishga yo‘naltiriladi, ijodiy fantaziya elementlari bilan boyitiladi. Masalan, guvohlarning bergan ko‘rsatmalari asosida jinoyatchining portreti (kompyuter yordamida fotoroboti yaratiladi yaqqol his qilinadi va qidiriladi. Lekin, shunga qaramasdan, hissiy bilish o‘z imkoniyatlari chegarasiga ega. U bizga alohida olingan predmetlar (yoki predmetlar to‘plami), ularning tashqi belgilari haqida ma'lumot beradi. Unda mavjud predmetlar o‘rtasidagi aloqadorlik (masalan, muz bilan havoning harorati o‘rtasidagi bog'lanish) o‘rganilmaydi, predmetlarning umumiy va individual, muhim va nomuhim, zaruriy va tasodifiy xususiyatlari farq qilinmaydi. Predmet va hodisalarning mohiyatini tushunishga tafakkur yordamida erishiladi. Tafakkur bilishning yuqori-rasional (lotincha ratio – aql) bilish bosqichi bo‘lib, unda predmet va hodisalarning umumiy, muhim xususiyatlari aniqlanadi, ular o‘rtasidagi ichki, zaruriy aloqalar, ya'ni qonuniy bog'lanishlar aks ettiriladi. Tafakkur quyidagi asosiy xususiyatlarga ega: 1. Tafakkurda voqelik mavhumlashgan va umumlashgan holda in'ikos qilinadi. Hissiy bilishdan farqli o‘laroq, tafakkur bizga predmetning nomuhim, ikkinchi darajali (bu odatda bilish oldida turgan vazifa bilan belgilanadi) belgilaridan fikran chetlashgan, mavhumlashgan holda, e'tiborimizni uning umumiy, muhim, takrorlanib turuvchi xususiyatlariga va munosabatlariga qaratishimizga imkon beradi. Xususan, turli kishilarga xos individual belgilarni (xulq-atvor, temperament, qiziqish va shu kabilar) e'tibordan chetda qoldirgan holda, ular uchun umumiy, muhim belgilarni, masalan, ongga ega bo‘lish, maqsadga muvofiq holda mehnat qilish, ijtimoiy munosabatlarga kirishish kabi xislatlarni ajratib olib, «inson» tushunchasini hosil qilish mumkin. Umumiy belgilarni aniqlash predmetlar o‘rtasidagi munosabatlarni, bog'lanish usullarini o‘rnatishni taqozo etadi. Turli xil predmetlar fikrlash jarayonida o‘xshash va muhim belgilariga ko‘ra sinflarga birlashtiriladi va shu tariqa ularning mohiyatini tushunish, ularni xarakterlaydigan qonuniyatlarni bilish imkoniyati tug'iladi. Masalan, yuqorida keltirilgan «inson» tushunchasida barcha kishilar bitta mantiqiy sinfga birlashtirilib, ular o‘rtasidagi muhim bog'lanishlar (masalan, ijtimoiy munosabatlar) bilib olinadi. 2. Tafakkur borliqni nafaqat bevosita, balki bilvosita tarzda ham aks ettira oladi. Unda yangi bilimlar tajribaga har safar bevosita murojaat etmasdan, mavjud bilimlarga tayangan holda hosil qilishi mumkin. Fikrlash bunda predmet va hodisalar o‘rtasidagi aloqadorlikka asoslanadi. Masalan, bolaning xulq-atvoriga qarab uning qanday muhitda tarbiya olganligi haqida fikr yuritish mumkin. Tafakkurning mazkur xususiyati, ayniqsa, xulosaviy fikr hosil qilishda aniq namoyon bo‘ladi. 3. Tafakkur insonning ijodiy faoliyatidan iborat. Unda bilish jarayoni borliqda real analogiga ega bo‘lmagan narsalar – yuqori darajada ideallashgan ob'ektlar (masalan, absolyut qattiq jism, ideal gaz kabi tushunchalar)ni yaratish, turli xil formal sistemalarni qurish bilan kechadi. Ular yordamida predmet va hodisalarning eng murakkab xususiyatlarini o‘rganish, hodisalarni oldindan ko‘rish, bashoratlar qilish imkoniyati vujudga keladi. 4. Tafakkur til bilan uzviy aloqada mavjud. Fikr ideal hodisadir. U faqat tilda – moddiy hodisada (tovush to‘lqinlarida, grafik chiziqlarda) reallashadi, boshqa kishilar bevosita qabul qila oladigan, his etadigan shaklga kiradi va odamlarning o‘zaro fikr almashish vositasiga aylanadi. Boshqacha aytganda, til fikrning bevosita voqe bo‘lish shaklidir. Download 27.58 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling