Maoniy bog‘ini dono qilur sayr


Download 22.42 Kb.
Sana05.01.2022
Hajmi22.42 Kb.
#232544
Bog'liq
Ogahiy maqola. Ibrohim Haqqul.


IBROHIM HAQQUL. “MAONIY BOG‘INI DONO

QILUR SAYR...” (2009)

Muhammad Rizo Ogahiy o‘zbek mumtoz adabiyotining Alisher Navoiydan keyingi ulkan siymolaridan biridir. Ogahiy xalqimiz madaniyati, adabiyoti va ilm-fani tarixida talantli shoir, mohir tarjimon, yirik muarrix, ma’rifatparvar shaxs sifatida yorqin iz qoldirgan.

Ma’lumki, Ogahiy nihoyatda barakali ijod qilgan. Shoirning “Ta’viz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) nomli ulkan devoni bir necha janrlarda yaratilgan 20 ming misradan ziyod she’rdan tarkib topgan. U Xorazm xonligi tarixining turli davrlarini yoritishga bag‘ishlab beshta mustaqil yirik tarixiy asar yaratgan. Sa’diy Sheroziyning “Guliston”, Abdurahmon Jomiyning “Salomon va Ibsol”, “Bahoriston”, Nizomiyning “Haft paykar” kabi o‘lmas badiiy asarlarini, ko‘plab tarixiy kitoblarni mahorat bilan tarjima qilgan.

Ogahiy ijodining qimmatli va xarakterli tomoni shundaki, u Alisher Navoiy ijodiyotida yuqori pog‘onagacha ko‘tarilgan adabiyotdagi eng ilg‘or, eng xalqchil g‘oyaviy-badiiy an’analarni XIX asr sharoitida yuksak darajada rivojlantirdi. Insonning ko‘ngil hayotiga teran kirib borgan shoir din, axloq, ma’naviyat, adolat to‘g‘risida ham o‘z fikr-xulosalarini ochiq-oydin izhor qila olgan edi. Uningcha:

Maoniy bog‘ini dono qilur sayr,

Qachon qilg‘ay oni nodon tamosho.

So‘zdan, ya’ni so‘z izidan ma’niga tomon sayrni o‘rgangan kishi so‘z holati, so‘z taqdiri va tarixini ham bemalol biladi. Xuddi tirik mavjudotga o‘xshab, so‘z va kalimalar ham tug‘iladi, yashaydi: ba’zi birlari uzoq umr kechirsa, ayrimlarining umri qisqaroq bo‘ladi. Vaqt va zamon o‘tishi bilan so‘zlarning ohangi, ma’no va shakllarida ham o‘zgarishlar sodir bo‘lishi yoki yangi mazmun, o‘zgacha bir zavq bilan boyishi ularning jonli mavjudlik ekanidan dalolat beradi. Buni Ogahiy g‘azallarida ishqiy, ma’rifiy, axloqiy ma’nolarning bir butun tarzda ifodalanishidan ham ilg‘ash mumkin. Ogahiy ayni bir she’rda bir necha ma’nolarni aks ettirishda mahorat ko‘rsatgan shoir. Shuning uchun tasavvufiy ma’nolar ham uning she’rlarida xuddi javharday, nurday singib ketgandir.

Tasavvuf madaniyati, faoliyat va tafakkuri islomiy dunyoqarash va tushunchaning ajralmas bir qismi ekanligi ilmda qayta-qayta ta’kidlab o‘tilgan. Xoh biror shayx yoki murshidga ergashsin, xoh o‘zi mustaqil harakat qilsin, ishtiyoqli har bir kishi bu ishq, irfon xazinasidan foydalangan. Tasavvuf tajribasi singari uning mavzusi ham dastlabki davrlarda ancha oddiy va oson anglashinarli bo‘lgan. Tariqatlar bosqichi boshlanib, tasavvufga falsafa (ayniqsa, yunon falsafasi) kirib kelgach, so‘fiylik vaqt o‘tgani sayin murakkablashib, har turli fikr qarama-qarshiligi, maslak tortishuvlarining shiddatli girdobiga o‘xshab qolgan. Buning tub sababini arab olimi Abul A’lo Afifiy shunday izohlaydi: “Tasavvuf yagona bir manbaga asoslanmagan yoki tug‘ilish va taraqqiyotini toq bir zaminga bog‘lab bo‘lmas darajada ziddiyatli bir oqimdir. Xuddi shu sababdan tasavvufga bag‘ishlab tadqiqotlar yaratgan atoqli g‘arb olimlari dastlab to‘g‘riligiga ishongan fikr-qarashlarini hayotlarining oxirlarida tark etaroq, masalaga boshqa tomondan yondashganlar...”. Bizda esa, aksincha: tasavvufga bir yoqlama munosabat, xato, yakrang, sayoz gaplarni takrorlash go‘yoki bir “udum” bo‘lib qolgan. Buning bir qancha sabablari bordirki, biz ulardan ikkitasiga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Birinchisi, Abu Nasr Sarroj ta’kidlaganidek, tasavvufni o‘rganish, uning u yoki bu masalasi ustida bosh qotirib, ma’lum bir xulosaga kelish aqlga shodlik bermaydi. Bil’aks: aql va idrok, dard va iztirobga chuqur oshno bo‘lishi, fano va baqoni teng ko‘rishi, holga teskari amalga, amalga zid hollarga imkon qadar barham berishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa qiyin va azobli ish. Shu azob va qiyinchiliklarga chidashni zimmasiga ololmagan kishi tasavvufdan zavqlana olmaganidek, tasavvufiy hayotning sir-asrorini ham o‘zicha kashf etolmaydi. Xullas, so‘nik ruh, o‘lik kalimalar tasavvufning hayotiy nafasi, hurriyat shavqini ifodalash va ko‘ngillarga ta’sir o‘tkazishga hech imkon bermaydi.

Ikkinchi sabab ham birinchisiga bevosita bog‘liq. “Qanchadan-qancha kimsalar bordirki, — deydi ulkan turk tasavvufshunosi S.Uludog‘, — tasavvufiy hayotni yashash iste’dodi va qobiliyati bo‘lmagani holda yuzaki tarzda goh unga, goh bunga qiziqib, majburan, ya’ni o‘zlarini zo‘rlab o‘sha hayotga suqilib kirmoqchi bo‘ladilar. Biroq bu ish ularning tabiatlariga mutlaqo muvofiq kelmaydi...”. Zehn, mushohada, xususan, sezgi pachoqligi tasavvuf va tasavvufiy she’rlarning qadr-qiymatini yerga qorishtiradigan bir befahmlikdirki, ochig‘i, mumtoz adabiyotimiz bundan zarar ko‘rmoqda. Bu fikr ma’lum bir ma’noda Ogahiy she’riyatiga doir ayrim maqolalarga ham tegishli.

Ogahiy Sharq adabiyoti tajribalarini teran bilgan, yutuqlar bilan bir qatorda undagi kamchiliklarni ham aniq anglagan san’atkor. U Navoiy, Bobur, Fuzuliy kabi daholarning izdoshi.

Tasavvufdagi mustaqil bir tariqatga asos solgan Najmiddin Kubro, javonmardlik g‘oyalarini ifodalash bilan ruboiy janrining dovrug‘iga dovrug‘ qo‘shgan Pahlavon Mahmud Ogahiyning yurtdoshlari va salaflari. Ogahiy kubraviylik ta’limotidan puxta xabardor bo‘lganidek, Pahlavon Mahmudning javonmardlik tushunchalaridan ilhomlangani shubhasiz.

Najmiddin Kubro tasnifiga ko‘ra, tasavvuf uch asosiy yo‘ldan iborat: tariqi axyor — bu ko‘p toat-ibodat ila Olloh visoliga yetishishni ko‘zlaganlar yo‘li; tariqi abror — bu tasfiyati botin va tazkiyati axloq orqali Ollohga vosil bo‘lishga intilganlar yo‘li. Uchinchisi, tariqi shuttor — ishq va oshiqlik yo‘li. Xuddi shu keyingi yo‘l Ogahiyga maqbul kelgan. Shuningdek, u Najmiddin Kubro “Usuli ashora” risolasida talqin qilgan tasavvufning o‘n asosiga ham alohida ahamiyat bergan. Shoir she’riyatidagi, sirtdan qaralganda, naqshbandiylik yoki boshqa bir tariqatga daxldorday ko‘rinadigan ayrim istiloh va tushunchalar aslida ularga kubraviylikdan o‘tgan. Bu jihat Ogahiy ijodiyotidan o‘rin egallagan malomatiylik kayfiyati va haqiqatlaridan bahs yuritilganda ham, albatta, inobatga olinishi zarurdir.

Ogahiyning mutafakkir va orifligi shundaki, u qismat belgilagan yo‘l — she’r va shoirlik tariqidan chalg‘imagan, hech qachon so‘fiylik va mutasavviflikni san’atkorlikdan baland qo‘ymagan. Uning she’rlarida necha o‘nlab tasavvufiy timsol, ramz va istilohlarni uchratish mumkin. Ular nechog‘li ko‘p va takror-takror qo‘llanilgan bo‘lmasin, Ogahiyni so‘fiylik maslagiga sohib shoir, deyishga hech asos bermaydi. Uni “so‘fiyi sof siymolar” qatoriga qo‘shish esa g‘irt yolg‘ondir. Chunki o‘zini haq ishqiga qurbon aylagan so‘fiyni haqdan boshqa bir nima qiziqtirmaydi. Har qanday ijtimoiy munosabat va muassasaga u o‘zicha yot nazarda qaraydi. Ogahiyda esa, bunday emas. U, eng avvalo, fikr va ishq shoiri. Uning deyarli barcha she’rlarida ishqdan, oshiqlik dardi va holatlaridan so‘z yuritilgan. Faqat bu ishq moddiy va bashariy muhabbatdan boshlanib, haqiqiy ishqqa qarab yuksalib, o‘ziga xos bir ruhoniy miqyos kasb etib borgan. Bunda shoir tabiiy ehtiyojga suyangan va fikr-tushunchadagi o‘zgarish, holdagi yangilanishlarni ifodalashda ham tabiiylikdan aslo chekinmagan.

Ogahiy, jahd et, musohib bo‘l haqiqat ahlig‘a,

Tobakay bo‘lg‘ay majoz ahli bila ulfat sanga.

Ogahiy o‘z shaxsiyatining ichki talab va intilishlarini nihoyatda yaxshi tushunar, nazmbozlik domiga tushib qolmaslik uchun nimalardan kechish va qanday to‘siqlarni yengib o‘tish zarurligini bexato tasavvur aylardi. Mumtoz shoir yo yozuvchilar to‘g‘risida gapirilgani hamon xayolda an’anaviy shakl, mavzu, obraz va tasvir usullari jonlanadi. An’anaviylik — Sharq adabiyotining o‘ziga xos xususiyati va harakat yo‘li. Unda umumiy o‘xshashlik va takror ham, yangilik va kashfiyot ham bor. Shoirlarning maqsad va intilishlari, erishgan natija va muvaffaqiyatlari goho bir-biriga g‘oyatda monand. Ayni bir mavzuda qalam yuritishdan tug‘ilgan yakranglik, fikriy, hissiy turg‘unlikdan o‘quvchi bezmagan, zerikmagan, deb aytolmaysiz. Bundan tashqari, pul, boylik, mansab, martaba ilinjida she’r to‘qish, podshoh va nufuzli amaldorlarga bag‘ishlab turli-tuman shakllarda madhiyalar to‘qish musulmon xalqlari tarixida g‘ayritabiiy hodisa hisoblanmagan. Qoyillatib qasida va madhiya yozish muvaffaqiyat, manfaat, obro‘-e’tibor garovi, deb qaralgan. Ba’zan qashshoqlik, ba’zan shuhratparastlik, goho mavqe talashuvlari bois, shoirlar shundoq ishlarga qo‘l urishganki, har qanaqasiga urinmang, hech aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. G‘arblik ulkan bir shoir, mana, nima deydi: “Dunyo adabiyoti namunalarini men ikkiga ajrataman: ruxsat ila va ruxsatsiz yozilgan asarlar... Avvaldan hech taqiqlanmagan mavzularda yozadiganlarning men yuziga tupurib, boshiga tayoq bilan urgim keladi...”.

An’anaviy qolipda ish yuritgan sharqlik qofiyaboz va she’r o‘g‘rilariga qarata bundan ham keskin gaplar aytilgan. Masalan, Muhammad Rizo Ogahiy:

Sen chun nazmingga she’r qo‘yding ot,

Senga yo‘qturmu she’r elidin uyot? —

degan. Ammo hech qanaqa tanqid nazmbozlik, quruq taqlidchilik yo‘lini to‘solmagan. Bora-bora xalq zavqi, manfaati va haqiqat ruhidan yiroq bir adabiyot oqimi ham paydo bo‘lgan. Atoqli turk shoiri Nomiq Kamolga ko‘ra, “Mohiyat e’tibori ila Ajam mubolag‘asi va so‘z o‘yinlaridan iborat bo‘lgan klassik adabiyot jamiyatga foyda nari tursin, zarar yetkazgan”. Chunki unda yurakka ta’sir o‘tkazib, shaxs tarbiyasiga xizmat qiladigan kuch-quvvat bo‘lmagan. Ogahiy ana shunday adabiyot namunalariga ich-ichidan qarshi turgan.

Ilm va ma’rifat Ogahiyni beshafqat hayot ziddiyatlari bilan yuzlashishga, hayot esa shoir o‘laroq shakllanishda ko‘pdan-ko‘p qiyinchilik, azob-uqubat va kulfatlarga chidamli bo‘lishga da’vat etardi. Ilm va ma’rifat Ogahiyning shoir ko‘nglida bir cho‘g‘ paydo qilgan bo‘lsa, haq va haqiqat ishqi uni yolqinga aylantirgan edi. Shuning uchun shoir faqir, fano, tajrid, uzlat, haqiqat, visol singari tushunchalarni zo‘r ishtiyoq bilan ifodalaydi. Buning sababini u bir o‘rinda bunday sharhlaydi:

Hamisha botinan rog‘ib haqiqat soridur ko‘nglum,

Nechakim zohiran da’bi oning mayli majoz o‘lsun.

Ogahiy yashagan zamonlarda ham, undan oldingi davrlarda ham tasavvufga hech mayli bo‘lmasa-da, ijtimoiy, madaniy va adabiy muhitning umumiy talabiga binoan, ko‘p shoirlar asarlariga ozmi-ko‘pmi tasavvufiy rang berishga intilganlar. Biroq bunday urinish ko‘pincha o‘zini oqlamagan. Aynan shu masalaga maxsus to‘xtalgan F.Ko‘prulizodaning yozishicha, “Asosan muayyan shakllar va tushunchalarga qattiq bog‘langan adabiyot muayyan qolip ichiga kirib totsizlangan bir tizimning soxta va umumiy istilohlari bilan qo‘shilib-qorishgach, ilhomning erkin va tabiiy harakat yo‘llari ham to‘silgan edi. Har bir shoir o‘zidan avval yuzlab marotaba takrorlangan muayyan shakllar, tushuncha va istilohlar, ma’lum majoz, xullas, tarovatsiz his va fikrlarni yana bir bor chaynash — qayta takrorlashga majbur edi”.

Agar Ogahiyning ko‘ngli va ruhi ilohiy ilhomdan yiroq bo‘lganda edi, u ham o‘zidan oldin necha yuzlab marotaba takrorlangan fikr, majoz, timsol va istilohlarni yana bir bor chaynashdan nariga o‘tolmasdi. Vaholanki, u mutasavvif qiyofasida ko‘rinish yoki she’rning “xaridorgirligi”ni oshirishni ko‘zlab tasavvufga o‘zini urmagan — qalbida oliy mohiyat yuz ochib, bosh ko‘targani bois, tariqat va tasavvufiy she’riyat imtiyozlaridan foydalangan. Ma’lumki, tasavvufiy hayotdagi bosh masala — nafs va ruh munosabati, ya’ni nafsni har turli chirkinlik, illat va yomonliklardan tozalab, ruhga taslim etmoqdir. Ogahiyni ham, eng avvalo, ana shu muammo, ana shu mashaqqatli malaka qiziqtirgan.

Begona qil gar odam esang o‘zni nafsdin,

Ixlos ila mudom o‘lubon oshnoyi ruh.

Xo‘sh, bunga qanday qilib erishiladi? Ba’zi tasavvufshunoslarning ko‘rsatmalari bo‘yicha, bunda nafs tarbiyasini emas, balki ruhni tanish, ruhga g‘amxo‘rlikni birinchi o‘ringa qo‘yish kerak. Shu joyda ta’kidlaylikki, bugungi ayrim “nafsshunos”larga ergashib, nafsdan butunlay kechish, nafsni o‘ldirish to‘g‘risida hech qachon so‘zlamaslik lozim. Nafs o‘ldimi — odam o‘ladi. Bu esa, xudkushlikning bir turi erur. Nafsni qancha qiynab, qancha azobga giriftor etmang, tinib-tinchish holida ham u baribir o‘zining sifatlaridan kechmaydi. Imom Rabboniyning e’tirofi bo‘yicha, shu sarkashlikda ko‘p manfaat, sonsiz foyda bordir: “Agar nafs, sifatlarining zuhuridan tamoman mahrum etilsa edi, taraqqiy yo‘li bekilardi. Ruhda esa, malaklik sifati g‘olib, kelib zindonga qamalardi. Shuning uchun Ruhning taraqqiysi faqat nafsga muxolifot orqali voqe bo‘lur”. Nafsga botinan muxolif bo‘lmoq osonmi? Tilda juda oson. Amalda esa undan og‘ir, undan aziyatli yumush yo‘q, desa mubolag‘a bo‘lmas. Riyo va munofiqlik holini nihoyatda chuqur tadqiq etgan Horis al-Musohibiyning ta’kidlashicha, tashqi tomondan hatto yaxshilik ham nafsning hammolidir, chunki yaxshilik zohiran itoatkor erur. Inson, shu sababdan, qilgan ishini, aloqasi bo‘lsin yo bo‘lmasin, Olloh uchun deb hisoblayveradi. Holbuki, yashirin tarzda nafs uni tuzog‘iga tushirgan bo‘ladi. “Nafs qulni asir etarkan, — deydi Musohibiy, — buni zohiriy istak bilan amalga oshirmaydi. Yeyish, ichish, kiyish kabi mayllardan ham foydalanib ish yuritmaydi. Aksincha, ko‘rinishda yaxshi, ammo ichdan ehtiros to‘la bir tavr ila maqsadga erishadi... Nafs yaxshilik bilan ich-ichdan birlashib ketgandirki, ko‘rinishda uni yaxshi va yaxshilikdan ajratish g‘oyatda qiyindir”. Mana shuning uchun quruq gap bilan nafsni jilovlab bo‘lmaganidek, nafsi havoni yomonlaganlar ham yomonlik, razolat tegirmoniga ko‘pincha bemalol suv quyaverishadi. Biroq ruh, zohir hisdan botinga, ya’ni tashqi idrokdan ichki idrokka yo‘nalgach, nafsning hollari zaiflashib, ruhning quvvati ortadi. Va sekin-asta u to‘la hukmronlikka yetishadi. So‘ng uning ahvoli yangilanadi. To‘xtovsiz tarzda ilgarilagan, afzallik va go‘zalliklarini namoyon qilgan ruh shuhud holiga ko‘tariladi. Shundan keyin esa ruh, laduniy ilm va ilohiy fathlardan xabar yetkaza boshlaydi. Bundan ogoh kishilar esa boshqalar tomonidan idrok qilinmagan haqiqat va ma’rifat sirlarini mushohada etishga musharraf bo‘ladilar. Mana shunday oriflardan biri Ogahiydir. Bu buyuk shoir she’riyatining irfoniy “qatlami” hali chuqur tadqiq qilinmagan. Zero, bu ish nainki she’rshunos, balki tasavvufshunos sifatida ham maxsus tayyorgarlikni talab etadi. Yangilik sifatida taqdim qilingan ishlar esa xato va chalkashliklarga liq to‘la.



«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 50-sonidan olindi.
Download 22.42 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling