Markaziy osiyo xalqlari tarixi


-mavzu. XX ASRNING BIRINCHI YARMIDA SHARQIY TURKISTON, TIBET VA AFG‘ONISTON XALQLARINING IJTIMOIY-SIYOSIY HAYOTI


Download 0.9 Mb.
bet31/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

10-mavzu. XX ASRNING BIRINCHI YARMIDA SHARQIY TURKISTON, TIBET VA AFG‘ONISTON XALQLARINING IJTIMOIY-SIYOSIY HAYOTI.


Reja:
1. Sharqiy Turkiston va Sovet Ittifoqi munosabatlari.
2. Tibet – Xitoy munosabatlari.
3. Afg‘oniston I jahon urushi davrida. Hokimiyatga “Yosh afg‘onlar”ning kelishi va uchinchi ingliz-afg‘on urushi. Sovet-afg‘on bitimi. “Yosh afg‘onlar” islohotlari.


Tayanch so‘z va iboralar: Qumul shahridagi qo‘zg‘olonlar, Temur Xalfa, Xo‘ja Niyoz hoji, Yo‘lbarsxonlar, Maqsud Oxun Muxitov, Sharifxon, knyaz Maxavan, polkovnik Shen Shitsay, mustaqil Sharqiy Turkiston Islom Respublikasi, sovet bosh konsuli Apresov, Vladimir Dekanozov, “Ozodlik Tashkiloti”, Sovet general-mayori Ivan Polinov, pyoba, Dokba, ropba, Gelug-ba, Dalay-lama, Sronszangambo, amir Habibullo, amir Omonullohxon, Bachai Sako, Nodirshoh, Zohirshoh, Afg‘onistonning mustaqilligi, Ravallindi tinchlik bitimi, Sovet-afg‘on bitimi. «Yosh afg‘onlar» islohotlari.


S Sharqiy Turkiston va Sovet Ittifoqi munosabatlari.
J XIX asrda Sin imperiyasi zulmiga qarshi bo‘lib o‘tgan milliy-ozodlik kurashlari XX asrda ham to‘xtagani yo‘q. XX asrning boshlaridanoq butun Sharqiy Turkiston bo‘ylab qo‘zg‘olonlar keng quloch yoydi. Koshg‘ar, Yorkent va Xo‘tan shaharlarida uyg‘urlar Xitoy mustamlakachi ma'murlariga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardilar.
1912-1913 yillarda Qumul tog‘larida bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonlar, ayniqsa, shiddatli tus oldi. Qo‘zg‘olonga Temur Xalfa boshchilik qiladi. Ammo qo‘zg‘olon tez orada bostiriladi. Temur Xalfa va qumulliklarga qo‘shilish maqsadida bo‘lgan Turfon shahri aholisi ko‘targan qo‘zg‘olonga boshchilik qilgan Muhitdin va uning safdoshlari qatl ettiriladi.
Tarixiy ma'lumotlarga ko‘ra, 1931 yili uyg‘ur xalqining keng ko‘lamli milliy ozodlik qo‘zg‘oloni Qumul tog‘larida boshlandi. O‘lka sharqiy qismidagi Qumul shahrida ham yirik qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tadi. Xo‘ja Niyoz hoji boshchiligidagi bu qo‘zg‘olon g‘alabalari kengayib, uyg‘ur davlatining boshqa hududlariga ham kuchli ta'sir ko‘rsatish bilan xalqning ozodlikka va mustaqillikka intilishini kuchaytirdi. Natijada Xo‘tan xalqi Muhammad Amin Bug‘roning rahbarligida 1933 yil fevral oyining 13 kuni qo‘zg‘olon ko‘tarib, aprel oyining 11 kuni Xo‘tan hukumatiga asos soldi.
Turfon shahridagi qo‘zg‘olonga taniqli uyg‘ur jamoat arbobi, savdogar Maqsud Oxun Muxitov va uning ikki ukasi rahbarlik qiladi. Uyg‘urlarga Sharifxon boshchiligidagi Oltoy okrugi shimolida yashaydigan qozoqlar, janubda yosh knyaz Maxavan boshliq Qorashahar mug‘ullari, hamda dung‘onlar va qirg‘izlar ham qo‘shiladilar.
Qo‘zg‘olonlar keskin tus oladi. Xitoy zulmiga bo‘lgan umumiy nafrat bu xalqlarni jipslashtirib, yakdil harakat qilishlarini ta'minladi. Oqibatda, 1933 yilning bahoriga kelib, qo‘zg‘olonchilar Sharqiy Turkistonning 90% ni nazorat ostilariga olishga muvaffaq bo‘ldilar.
1933 yilning aprel oyida harbiy to‘ntarish natijasida Sharqiy Turkistonda hokimiyat tepasiga polkovnik Shen Shitsay keldi. U o‘ziga general unvonini beradi va o‘lka gubernatori bo‘lib oladi. U o‘lka xalqlari olib borayotgan milliy-ozodlik kurashi shiddatini pasaytirish maqsadida o‘lka xalqlariga bir qancha siyosiy va iqtisodiy erkinliklar va'da qilingan dasturini e'lon qildi.
1933 yilning yozida Xo‘ja Niyoz hoji va Shen Shitsay bu dasturning qabul qilinishi borasida bir to‘xtamga keldilar. Bunda uyg‘ur rahbarlariga katta bosim o‘tkazgan sovet Ittifoqining “roli” ham katta bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, ozodlik kurashining bu tariqa yakun topishiga Xo‘tan va Koshg‘ardagi qo‘zg‘olonchilar norozilik bildirdilar va kurashni davom ettirishdi.
1932-33 yillari Turfon, Kucha, Oqsu va Koshg‘ar kabi bir qator joylarda qo‘zg‘olonlar ko‘tarilib, bu joylardagi Xitoy hukmronligi ag‘darilib tashlandi va hokimiyat qo‘zg‘olonchilar qo‘liga o‘tdi. Mana shu sharoitdan foydalanib, Sobit Domulla bir qism qo‘shin bilan Xo‘tandan Koshg‘arga Sharqiy Turkiston jumhuriyatini barpo qilish uchun keladi va jiddiy tayyorgarlikdan keyin 1933 yili 12 noyabr kuni Koshg‘ar shahrida "Sharqiy Turkiston istiqlol jamiyati”ni tashkil qildi. O‘sha kuni Sobit Domulla va Muhammad Amin Bug‘ro mustaqil “Sharqiy Turkiston islom jumhuriyati” tuzilganligini e'lon qildilar. Milliy Assambleya chaqirilib, respublika dasturi, deklaratsiya va konstitutsiya qabul qilindi. Davlat milliy ramzi – och ko‘k rangli fonda oq rangdagi yarim oy va yulduz-ko‘rinishidagi bayroq va milliy valyuta qabul qilindi.
Sharqiy Turkiston islom jumhuriyati” uyg‘urlarning davlat qurish tomon dastlabki qadami va bu sohada ilk tajribasi edi. Mazkur mustaqil hokimiyat o‘z siyosiy qonuni, davlat dasturi, davlat bayrog‘i, gerbi kabi bir qator davlatchilik timsollariga hamda o‘n olti vazirlikka ega bo‘lib, Xo‘ja Niyoz hoji prezident va Sobit Domulla Bosh vazir vazifasiga tayinlandilar. Shunisi diqqatga sazovorki, dastlab davlatni Uyg‘uriston Islom Respublikasi deb nomlash ko‘zda tutilgan edi, ammo bu yerda yashab kelayotgan qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, tatar kabi millatlar manfaatlari ham inobatga olinib, davlatning nomini o‘zgartirishga qaror qilinadi. Bu barcha uyg‘ur rahbarlarining birdam va yakdilligini ko‘rsatish va Uyg‘uriston yerlarining yagonaligini ifodalash maqsadida qo‘yilgan qadam edi.
1933 yil oktyabrida Shen Shitsay iqtisodiy va harbiy masalalarni yechish uchun ilk bora Moskvaga safar qiladi. 1934 yil dekabrda ikkinchi safari davomida unga sovet bosh konsuli Apresov hamrohlik qildi. 1934 yil yanvar oyida Shen Shitsay Apresov bilan muzokaralar olib borib, bevosita sovet harbiy yordamini olishga muvaffaq bo‘ldi. Sharqiy Turkistonda Yaponiya ta'sirining kuchayishini hamda shundoqqina biqinida musulmon davlati paydo bo‘lishini istamagan Sovet Ittifoqi Shen Shitsayga yordam sifatida Qizil armiya qo‘shinlaridan tarkib topgan “Oltoy ko‘ngilli armiyasi” deb nomlanadigan qo‘shinni o‘lkaga jo‘natadi. Bu qo‘shin OGPUning 13-Olma-Ota polki askarlari edi. Shen Shitsay topshirig‘iga ko‘ra, polkovnik baron Pavel Pappengut bitta otliq va ikkita piyoda polkidan iborat qo‘shin tuzadi. Kechagina bir-biriga dushman bo‘lganlar bugun bir safda turib jang qilar edi. OGPU agentlari Sharqiy Turkistonda josuslik ishlarini olib borar edi. Keyinchalik davlat xavfsizlik xizmati generali Vladimir Dekanozov bu o‘lkani nazorat qiladi.
Bu vaqtda dunganlar Ma Chju'in boshchiligida Koshg‘ar shahrini egallaydilar. Bir kunning o‘zida uning odamlari mahalliy aholidan 2 ming nafarini qirg‘in qilishdi, keyinchalik bir yarim mingta asirga olingan xitoy askarlari ham otib tashlanadi. Urumchini egallash jarayonida sovet aviatsiyasi bombardirovkasi natijasida Ma Chju'in qo‘shini tarqatilib yuboriladi. 1935 yilga kelibgina uning isyoni batamom bostirildi. Sharqiy Turkiston Islom Respublikasi shu tariqa yo‘q qilinadi. Bosh vazir Sobit Domulla va boshqa bir nechta vazirlar hibsga olinib, Urumchiga olib kelinib qatl etildilar. Boshqa rahbarlar, masalan, Muhammad Amin Bug‘ro va Mahmud Muhitiylar Hindistonga muhojirlikka ketishga majbur bo‘ldilar.
Mazkur jumhuriyat garchi uch oy mavjud bo‘lib turgan bo‘lsa-da, u bir qator ishlarni qilishga ulgurdi va ko‘plab rejalarni amalga oshirishga harakat qildi. Ammo yosh hokimiyat tashqi siyosat jihatidan Sovet ittifoqining aralashishi, ichki jihatdan esa Ma Chju'in tarafdorlari bo‘lgan dungon qurolli kuchlarining bevosita harbiy hujumi kabi murakkab ichki nizolar sababidan ag‘darildi. Garchi 1933 yilda asos solingan “Sharqiy Turkiston islom jumhuriyati” qisqa umr ko‘rgan bo‘lsada, uning ruhi, an'anasi va oy yulduzlik bayrog‘i 1944 yilning 12 noyabriga meros bo‘lib qolgan edi.
Bir tomondan Sovet ittifoqining "ezilgan millatlarning ozodlikka chiqishlariga yordam berish” shiorlariga, boshqa tomondan esa Sovet ittifoqining vakili Shen Shitsayning va'dalariga ishongan Xo‘ja Niyoz Hoji boshliq bir qator arboblar Urumchiga kelib Shen Shitsay boshchiligidagi o‘lka hukumatiga qatnashdi. Bu uyg‘ur siyosiy tarixidagi ilk birlashma hukumat bo‘lib, Xo‘ja Niyoz hoji o‘lkaga rais muovini bo‘lib, boshqa bir qism qo‘zg‘olon rahbarlari bir qancha nazorat, idora, viloyat va tumanlarning rahbarlik vazifalariga erishdi, ya'ni boshqarish tizimida qatnashdi.
Xo‘ja Niyoz hojiga o‘lkaning raislik muovini lavozimini berishi uyg‘urlarni hokimiyatni idora qilishlariga yoki ularga muhim huquqlarni taqsim qilishni o‘ylamagan shovinist Xan hukmronligining tarixida birinchi marta uyg‘urlarga yuqori lavozim berishi edi.
Biroq bu ko‘pga bormadi: 1937 yildan keyin uyg‘ur xalqi Sovet ittifoqining yordamida Shen Shitsay mustabid hokimiyati tomonidan yana bir marta qonli bostirilishiga duchor bo‘ldi. Xo‘ja Niyoz hoji va boshqalar Shen Shitsay bilan ittifoqlashgan uyg‘ur va boshqa qardosh millatlarning vakillari Shen Shitsay vakilligidagi bosqinchilarning va'dasiga vafo qilmay, qayta zulmiga uchradilar. Natijada uyg‘ur va boshqa qardosh xalqlar ikkinchi bor keng ko‘lamli milliy ozodlik kurash maydoniga o‘zini otdi.
1937 yilda milliy-ozodlik harakatlari yangicha tus oldi. Koshg‘ar Xo‘ja Niyoz hoji otryadlari tomonidan egallanadi, lekin endi Islom Respublikasini qayta tiklash haqida so‘z ketmas edi. Oltoy ko‘ngilli armiyasining bir qismi Sovet Ittifoqiga qaytib ketadi, bir qismi instruktor sifatida qoladi. Xo‘ja Niyoz gubernator o‘rinbosari etib tayinlanadi, lekin keyinchalik u ham qatag‘on qilinadi. Koshg‘ar shahrini ozod qilgan qo‘zg‘olonchilar Urumchi tomon harakat qildilar. Hal qiluvchi janglar Qorla va Qorashahar shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Xitoy-sovet birlashgan qo‘shinlari qo‘zg‘olonni bostirishga erishdi. Shundan so‘ng butun Sharqiy Turkiston bo‘ylab ommaviy qatag‘onlar bo‘lib o‘tadi. Ammo mahalliy aholi ozodlik uchun kurashni to‘xtatgani yo‘q. Uyg‘urlar, qozoqlar va Ili o‘lkasi mug‘ullari ayniqsa, jiddiy qarshilik ko‘rsatdilar.
Norin va O‘shda sovet harbiy qismlari hamda Shen Shitsay armiyasi qo‘shma harbiy amaliyotlari natijasida bu qarshilik harakatlari ham bostirildi.
Brigada komandiri Nikolay Noreyko hisobotidan: “5 dekabrga kelib, 36-dung‘on diviziyasidan o‘ldirilgan va asirga olinganlar soni -5612 kishi, asirga olinib so‘ngra o‘ldirilganlar -1.887 ta, 20 ta qurol, 1 ta minomyot, 7 mingdan ortiq vintovka qo‘lga olindi...”.
Sinszyan, ya'ni Sharqiy Turkiston viloyati Chan Kayshi boshliq Xitoy markaziy hokimiyatiga nomigagina bo‘ysunardi. Uning o‘z valyutasi mavjud bo‘lib, qizig‘i uning barqarorligi SSSR Davlat banki tomonidan ta'minlanar edi. Oq gvardiyachilarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning bir qismi janglarda halok bo‘ldi, bir qismi Shen Shitsay xizmatiga o‘tib ketdi. Keyinchalik, ulardan shakllantirilgan rus diviziyasi, Sovet Ittifoqining qarshiligiga qaramay, tarqatib yuborildi. Pappengut (oq gvardiyachilar rahbari) fitnaga aylanib, otishga hukm qilindi. U bilan birga yana 40 ofitser ham qatl etildi.
Shen Shitsay Moskvaga safari chog‘ida, VKP (b) safiga a'zo bo‘lish istagini bildirdi. 1938 yilda RKKA Razvedka xizmati boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan unga №1859118 raqamli partiya bileti topshirildi.
Shen Shitsayning sodiqligi Moskva tarafidan yuqori baholanar edi. Uning qurol-yarog‘, oziq-ovqat to‘g‘risidagi iltimoslari to‘laligicha qondirilardi. Hatto, Xami shahrida I-16 qiruvchi samolyotlari yig‘iladigan aviatsiya zavodi qurilgan edi. To‘g‘ri, keyinchalik bu zavod yana qayta olib chiqib ketiladi. Sovet Ittifoqi hukumatining Shen Shitsayni qo‘llab-quvvatlashi ostida albatta strategik manfaatlar yotar edi. Bu paytga kelib, Sharqiy Turkiston hududida oltin, kumush, uran, volfram, surma, qo‘rg‘oshin, nikel, tantal va boshqa qimmatbaho ma'danlarining katta zahiralari aniqlangan edi.
Ikkinchi jahon urushi boshlangach, xitoylik general Shen Shitsayning siyosiy qarashlari o‘zgarib qoldi. U xitoylik millatchilar, ya'ni Gomindan partiyasi (1912 yil avgustda Guandun provinsiyasida paydo bo‘ladi, keyin ta'qib qilinadi va ular Yaponiyaga ketadilar, 1919 yil 10 oktyabrda qayta tashkil etilgan Xitoy milliy partiyasi, asoschisi doktor Sun Yatsen, yetakchisi Chju Lilun. G‘oyasi: konservatizm, respublikanizm, antikommunizm, xitoy millatchiligi. Tayvanni mustaqil davlat qilish maqsadida “Tayvan respublikasi” deb e'lon qiladilar. Ular 1949 yilgi fuqarolar urushiga qadar kommunistlarga qarshi qurolli kurash olib bordilar, unda yengilgach, Tayvanga qochib ketdilar) tarafdorlari tomoniga o‘tib oladi va shu bilan SSSRning noroziligiga sababchi bo‘ldi. Shundan so‘ng Sovet Ittifoqi Sharqiy Turkiston xalqlarining milliy-ozodlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlay boshladi.
1941 yilda qozoqlar bosh ko‘tardilar. Qo‘zg‘olonga Shen Shitsay hukumatining yaylov va suv o‘rinlarini o‘troq dehqonlarga – dungan va xitoyliklarga olib berishi sabab bo‘lgan edi. Qo‘zg‘olonchilarga qarshi artilleriya, tank va aviatsiya ishga tushirildi. Qo‘zg‘olon rahbarlari orasida xiyonat sodir bo‘lgach, qo‘zg‘olonga Ospan Islom o‘g‘li, u qo‘zg‘olonchilarning eng katta guruhlaridan biriga rahbarlik qiladi, hamda Qalibek Rahimbek o‘g‘li rahbarlik qildilar.
Shen Shitsay o‘z xatosini tuzatishga intilib, Stalinga pushaymonligi to‘g‘risida xat yozadi. Bu xatda u Sharqiy Turkistonni 18-respublika sifatida (17-norasmiy respublika deb Mo‘g‘uliston hisoblanadi) Sovet Ittifoqi tarkibiga qo‘shib olishni taklif etgan edi. Ammo u rad javobini oldi. Shen Shitsay o‘rniga RKKA Akademiyasini tamomlagan uning ukasi Shen Shiin keldi. 1942 yilda u noma'lum tarzda o‘ldiriladi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, u o‘zining rus xotini tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan edi. Bu xotinni keyinchalik o‘z navbatida bo‘g‘ib o‘ldirilgan holda topishadi. Keyinchalik bu ayol Urumchi shahridagi SSSR bosh konsuli va sovet harbiy maslahatchisi boshchilik qilgan bir guruh fitnachilardan shunday buyruq olganligi ma'lum bo‘ldi.
Ospan Islom o‘g‘li qo‘zg‘olonini Oltoy, Tarbag‘atoy va Ili okrugida yashaydigan qozoqlar ham qo‘llab-quvvatladilar. Urumchidagi sovet konsuli Dekanozovga quyidagilarni yozadi: “Ospan boshchilik qilayotgan qozoqlar guruhi Oltoyda yangi qozoqlar isyonini tayyorlash uchun yaxshigina rol o‘ynashi mumkin”. Keyinroq Stalin Ospan botirni sotsial jinoyatchi deb yomonlagan ham edi. Xitoydagi markaziy hokimiyat tashqi siyosatidagi o‘zgarishlar natijasida Moskva uyg‘ur va qozoqlarning milliy-ozodlik harakatlarini o‘z manfaatlari tomon burishga harakat qildi.
Ospan Islom o‘g‘li boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilarni mug‘ullar qurol-yarog‘ bilan ta'minlab turdi. Mo‘g‘uliston rahbarlaridan Suxe batorning o‘g‘li Damdin qurol-yarog‘lardan bir partiyasini shaxsan o‘zi ta'minlab turgan.
1944 yil bahorida hukumat rahbarlarining Sharqiy Turkistonning janubiy hududlariga borib joylashishi haqidagi talabiga bo‘ysunmay, Ospan bir necha ming qabiladoshlari bilan Mo‘g‘ulistonga o‘tib ketdi. Bu ko‘chish xavfsizligini havodan sovet aviatsiyasi ta'minlab turdi.
1943 yil yozi Sharqiy Turkistonda antisovet kayfiyati kuchayishi bilan xarakterlanadi. Bu yerga Gomindan harbiy qismlarini joylashtirish boshlandi. Urushning oxirlariga kelib, ularning soni 100 ming kishini tashkil etdi. Bu harbiy qismlar asosan xitoylik va dunganlardan tuzilgan edi.
Tarixiy ma'lumotlarga qaraganda, 1944 yili iyul oyida Ulastay tog‘larida Fotih, G‘ani, Akbar, Rafiq, Sayit, Nurum, Usmon va Hamit kabi botirlarning boshchiligida qo‘zg‘olon boshlanib milliy ozodlik inqilobi Ili tog‘larigacha kengaydi. Gomindan hukumati tarafidan "olti o‘g‘ri” deb atalgan uyg‘ur, qozoq va tatarlardan tarkib topgan mazkur qurolli partizan qo‘mondonlarining nomi tez orada Ili vohasiga va boshqa joylarga ham tarqalib, ularning qo‘shini kengayib, 7 oktyabr kuni Nilg‘i shahri ular tarafidan ozod qilindi. 1944 yil 8 noyabrda G‘ulja shahridagi yashirin harbiy-inqilobiy qo‘mita qurolli qo‘zg‘olon boshlash haqida e'lon qildi. Sharqiy Turkiston Jumhuriyati hukumatining bosh kotibi hamda ozodlik tashkilotining a'zolaridan biri bo‘lgan Abdurauf Mahsim Ibrayimining aytishicha, Nilg‘i partizanlari jiddiy harakat qilgan vaqtda 1944 yili aprel oyida G‘ulja shahrida sovet razvedkasi yordamida asos solingan Sharqiy Turkistonni ozod qilish tashkiloti - "Ozodlik tashkiloti” maxfiy turda G‘ulja qo‘zg‘oloniga tayyorgarlik qilgan edi. Nilg‘i ozod qilinganidan keyin G‘ani va Fotih botirlar boshchiligidagi G‘ulja xalqi Nilg‘i qo‘zg‘olonchilarini asos qilgan holda 8-12 noyabr kunlaridagi qo‘zg‘olon davomida G‘ulja shahridagi Lyangshong va boshqa hududlarni ozod qilish natijasida butun shaharni ozod qildi.
1944 yil so‘nggida Beriyaning buyrug‘i bilan SSSR NKVD qoshida maxsus xizmat bo‘limi tashkil etiladi. Bu bo‘lim Sharqiy Turkiston musulmon xalqlarining milliy-ozodlik kurashlariga rahbarlik qilishi va yordam berishi lozim edi. Mahalliy aholidan Medeu rayonida maxsus tayyorgarlik ko‘rgan guruh shakllantirildi. So‘ngra bu guruh Sharqiy Turkistonga tashlanib, partizan otryadlari tuzishga kirishadi. Bunday maxsus guruh komandirlaridan biri Jarkent shahridan tatar Fotih Muslimov edi. Keyinchalik u Sharqiy Turkiston respublikasi harbiy tizimida katta lavozimlardan birini egalladi.
Atigi bir necha kun ichida Ili o‘lkasining barcha strategik muhim punktlari gomindanliklardan ozod qilindi. Xitoy garnizonlari yo‘q qilindi. Urumchidan yordamga kelgan xitoy qo‘shini mag‘lubiyatga uchraydi. Barcha xitoy bo‘lmagan millat vakillari bu safar ham birlashib harakat qildilar.
1944 yili 12 noyabr kuni G‘ulja shahrida Alixon to‘ra boshchiligidagi "Ozodlik tashkiloti” uyg‘ur, qozoq va qirg‘iz klubida majlis o‘tkazib, Sharqiy Turkiston Jumhuriyati muvaqqat hukumatini qurganligini tantanali ravishda e'lon qildi hamda Sharqiy Turkiston Jumhuriyatining oy yulduzlik bayrog‘ini osdi. U Sharqiy Turkistonning uchta okrugi - Ili, Tarbag‘atoy va Oltoy okruglari hududida tashkil topdi. Majlisda Sharqiy Turkiston jumhuriyati hukumatining a'zolari tayinlandi. Sharqiy Turkiston jumhuriyati hukumatiga millati o‘zbek marshal Alixon To‘ra Sog‘uniy rais (respublika prezidenti), uyg‘ur aslzodalaridan biri Hakimbek xo‘ja uning birinchi o‘rinbosari, qozoqlardan bo‘lgan Abulxayr To‘ra ikkinchi o‘rinbosari, Abdurauf Mahsim bosh kotib va boshqa 16 kishi hukumat a'zoligiga saylanib, boshqa vazirliklarni ta'sis qilish xizmati boshlandi. Maorif, chorva va o‘rmonchilik, diniy ishlar, ichki ishlar, boj va chorvachilik kabi bir qator vazirliklar tashkil qilinib, mas'ullar tayinlandilar. Shundan so‘ng Sharqiy Turkiston Jumhuriyati hukumatining rahbarligida Ili xalqi umumiy qo‘zg‘olon ko‘tarib, tezda Ilini ozod qildi. Shu tariqa Sharqiy Turkiston hududida ikkinchi bor mustaqil davlat tashkil topdi. Bu kabi voqyealar Sharqiy Turkiston xalqlarining milliy-ozodlik uchun bo‘lgan kurashlari bir zum bo‘lsa ham to‘xtamaganligidan darak beradi.
1945 yil aprel oyida Sharqiy Turkiston Milliy armiyasi tuzildi. Sovet general-mayori Ivan Polinov bosh qo‘mondon bo‘lib oladi. U esa o‘z navbatida, NKVD general-mayori Vladimir yegnarov ko‘rsatmalarini bajarardi. Shtab qo‘mondoni etib general V.Mojarov tayinlandi. Uyg‘ur Zunnun Toipov armiya qo‘mondoni o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Diviziyalarga qozoq Dalelxon Sugurbaev, rus Pyotr Aleksandrov va qirg‘iz Ishoqbek Monuevlar rahbarlik qilishdi. Ospan Islom o‘g‘li Oltoy okrugiga gubernator etib tayinlangan edi, lekin u va hukumat o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgach, hukumat buyruqlarini bajarishdan bosh torta boshladi.
Asosi uyg‘urlardan iborat bo‘lgan va boshqa millat o‘g‘lonlaridan tuzilgan zamonaviy, muntazam va jangovar milliy armiya iyun oyidan boshlab uch yo‘nalish bo‘yicha hujumga o‘tib, Tarbag‘atoy va Oltoy viloyatlarini hamda Oqsu, Yorkent viloyatlarining bir qismini ozod qildi. Biroq, 1945 yil oktyabrida Sharqiy Turkiston jumhuriyati g‘arbiy-siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab kelgan Sovet ittifoqining bosimi ostida milliy armiya hujumini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Moskvaning ko‘rsatmasi va bosimi ostida o‘tgan Sharqiy Turkiston Jumhuriyati va Xitoy Gomindan markaziy hukumati o‘rtasida tinchlik muzokaralarining natijasida birlashma hukumat tashkil qilinib, Sharqiy Turkiston tarafidan Ahmadjon Qosimiy birlashma hukumatga rais muovini bo‘ldi.
Bir yilga, ya'ni Xitoy markaziy hukumati va qo‘zg‘olonchilar tuzgan tinchlik kelishuvi asosida tashkil qilingan birlashgan hukumat mavjud bo‘lib, siyosiy kurash avj olgan va mazkur hukumatning buzishiga olib kelgan edi. Ahmadjon Qosimiy boshchiligidagi jumhuriyatning birlashma hukumatga qatnashgan vakillari G‘uljaga qaytib ketdi. Shuningdek Manas daryosi Urumchi hukumati bilan Ili hukumatining chegarasi masalasi qatori oldingi safga chiqib, ikki taraf qo‘shinlari jiddiy urush holatiga kirdilar va bir biriga qarama-qarshi bo‘ldilar. 1947 yili Ahmadjon Qosimiy inqilobning rahbarligiga tayinlangandan boshlab, 1949 yilning oxirigacha bo‘lgan vaqtda sobiq Sharqiy Turkiston jumhuriyati Ili hukumati nomi ostida mustaqil hokimiyat sifatida o‘zining avvalgi mavjudligini saqlab qoldi. Ayni paytda Urumchidagi Xitoy hukumati bilan g‘arbiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa jihatlardan aloqalarni saqlab qoldi. Ili hukumati bu jarayonda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy va boshqa jihatlaridan taraqqiyot va kuchayish bosqichlarini boshidan kechirib, Xitoy Gomindan hukmronligi ostidagi yetti viloyatda ustun turmush saviyasi va iqtisodi, maorif afzalligini yaratdi va uyg‘urlarning zamonaviy davlatchilik g‘oyasi va asosini tuzdi. Shuningdek uyg‘urlarning yuqori saviyada o‘zini-o‘zi idora qila olishligini hamda hokimiyatni har jihatdan gullab-yashnatish iqtidoriga ega ekanligini namoyon qilib, uyg‘urlarning davlatchilik roli va iqtidorini kamsituvchilarga raddiya javobini berdi.
Biroq, 1949 yili dunyodagi vaziyat, sovuq munosabatlar va Xitoydagi umumiy vaziyat o‘zgardi. Stalin hukumati Xitoy kommunistlari bilan oshkora hamkorlashish hamda Xitoy kommunist hokimiyatini yoqlash va yordam berish orqali yangi kommunist Xitoyni sotsializm lagerining muhim a'zosi sifatida Amerika boshliq g‘arb davlatlari bilan bo‘lgan kurashda tayanch kuch qilib foydalanish strategiyasini tanladi. Natijada, Stalin hukumati Sharqiy Turkiston masalasini Xitoyning ichki ishi tariqasida bartaraf qilishga rozi bo‘ldi. Ayni paytda Xitoy kommunistlarining Xitoy xalq jumhuriyatining qurilishini tezda e'lon qilib, buning uchun Ili hukumati va Urumchi hukumatining xitoy kommunist hokimiyatiga bo‘ysunishi yo‘lida harakat qildi. Moskva Xitoy kommunistlarining vakili Dan Lichunning G‘uljaga borib, Ili vakillari bilan so‘zlashishi va uning yana maxfiy turda Urumchiga borib, Burhon shahid va Tav Siyo kabi Gomindan g‘arbiy-siyosiy rahbarlarining kommunistlarga taslim qilishga sharoit yaratdi.
Xitoy va sobiq Sovet ittifoqi hukumatlarining rasmiy hujjatlariga qaralsa, Ahmadjon Qosimiy va Is’hoqbek Munonov kabi rahbar shaxslar 1949 yili 27 avgust kuni Pekinda yechiladigan Xitoy davlat qurilish siyosiy kengashda qatnashish uchun qilayotgan safar chog‘ida Sovet ittifoqi hududida yuz bergan samolyot halokatida qazo topdilar.
Biroq, yaqingacha bu haqda izlanish olib borgan rus tarixchilari, Sharqiy Turkiston hukumatida muhim rahbarlik vazifalarda ishlagan kishilar hamda Sovet ittifoqining G‘uljadagi maxfiy xodimlarining Almatidagi uyg‘ur faollariga so‘zlab bergan so‘zlariga tayanganda, Ahmadjon Qosimiy Sharqiy Turkiston Jumhuriyatining g‘arbiy-siyosiy rahbarlari uyg‘ur elining siyosiy taqdiri masalasida Sovet hukumati o‘tkazgan munozaralar jarayonida o‘z fikrida qattiq turib, Moskvaning taklifini rad qilganligi sababidan Sovet xavfsizlik xizmatlari tarafidan suiqasd qilingan.
Shundan keyin Ili hukumati yakson qilindi va 1949 yil oktyabr oyida Xitoy ozodlik armiyasi Urumchiga kirdi va Ili hukumatining Sayfiddin Aziziy boshliq rahbarlari o‘zlarini Xitoy kompartiyasi va hukumatining rahbarligini qabul qilganliklarini e'lon qilishdi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Sharqiy Turkiston Jumhuriyati hukumati buyruq chiqarib, har yili 12 noyabrni davlat va inqilob bayrami qilib tayin qilingan. Uyg‘ur xalqi yaqin zamongacha bo‘lgan tarixida o‘z jumhuriyat bayrog‘i ostida mustaqil o‘zini idora qilib, 12 noyabr bayramini besh yil orasida xotirlashga muvofiq bo‘ldi. Biroq 1949 yili oktyabr oyining o‘rtalariga kelganda besh yildan ko‘proq vaqtda oy yulduzlik davlat bayrog‘i olib tashlandi hamda dekabr oxirlarida qahramon milliy armiya Xitoy ozodlik armiyasining 5-korpusi qilib o‘zgartirildi va ko‘p o‘tmay butunlay tarqatib yuborildi.
1933 yili Koshg‘arda qurilgan Sharqiy Turkiston Jumhuriyatiga bu yil 83 yil, 1944 yili G‘uljada qurilgan birinchi jumhuriyatining vorisi bo‘lgan ikkinchi Sharqiy Turkiston jumhuriyatiga esa 72 yil to‘ladi. Yillar o‘tdi, avlodlar almashdi va yangilandi. Botirlar o‘z orzu armonlarini keyingilarga meros qoldirib, bu dunyo bilan ko‘zlari ochiq holda vidolashdi.
20 asrning birinchi yarmi uyg‘urlar uchun jangovar, mardona, shod-xurramlik va fojiali musibatlar bilan to‘lgan unutilmas bosqich bo‘ldi. Uning g‘alabalari uyg‘urlarni kelajakka umidlantirsa, mag‘lubiyatlari uyg‘urlarning mag‘zunligiga sabab bo‘ldi. Yillar o‘tishi va uyg‘urlarning bu tarixiy voqyealarni unutishlariga qaramay, yangi avlod 12 noyabr voqyealarini unutmayotgani, sog‘inayotgani hamda ajdodlari bosgan yo‘llarga hurmat va havas qilish tuyg‘ularining yangilayotganligi ma'lum bo‘lib bormoqda. Nilg‘i, Shixo, Jing va Oqsu urush maydonlarida qilingan qahramonlik hikoyalari unutilib ketilmasdan, aksincha bu hikoyalarning yangi avlodga kuchli milliy ruh va kuch-quvvat ato qilayotganligi ravshan. Yarim asrdan ortiq vaqt o‘tgandan keyingi bu kunlarda mazkur "ikki jumhuriyat” atalgan uyg‘urlarning siyosiy, iqtisodiy, madaniyat va milliy hurriyati katta ahamiyatga egadir.
Uyg‘ur xalqi yigirmanchi asrning birinchi yarmida ikki marta mustaqil davlat qurganligi hamda bu davlatni "Sharqiy Turkiston jumhuriyati” deb ataganligi hyech kim ko‘z yuma olmaydigan tarixiy haqiqatdir. Uyg‘ur xalqining o‘z milliy-mustaqil davlatiga ega bo‘lishga intilishi va xitoy mustamlakachi qo‘shinlariga qarshi olib borgan milliy-ozodlik kurashlari tahsinga loyiq.



Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling