Markaziy osiyo xalqlari tarixi


S Urush yillarida Markaziy Osiyoning qishloq xo‘jaligi. J


Download 0.9 Mb.
bet48/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

S Urush yillarida Markaziy Osiyoning qishloq xo‘jaligi.
J Urush odatdaga hayot tarzini tubdan o‘zgartirib yubordi. Urushning dastlabki kunlaridan boshlab butun mamlakatda bo‘lgani kabi Markaziy Osiyo respublikalarida ham oziq-ovqat va sanoat mollari keskin kamayib ketdi. Ko‘chirib keltirilgan aholi oqimining ortishi munosabati bilan uy-joy muammosi haddan tashqari keskin tus oldi. Elektr quvvati, yoqilg‘i bilan ta'minlashdagi uzilishlar transport va kommunal xizmat ko‘rsatish muassasalari ishiga salbiy ta'sir qildi.
Urush har bir xonadonga, har bir oilaga yopirilib kirdi, odamlarni og‘ir sinovlarga, mahrumliklar va azob-uqubatlarga mubtalo qildi.
Shahar aholisini oziq-ovqat bilan ta'minlash urush harakatlari boshlanishi bilanoq «chiptalar» bo‘yicha amalga oshirila boshlandi. Ishchilar va xizmatchilar kuniga faqat 400-500 gr. past navli non olardi, qaramog‘dagilar esa, yuqoridagi miqdordan 1,5 baravar kamroq olishardi. Aholiga go‘sht, baliq, yog‘, yorma, makaron sotishda ham me'yorlangan taqsimot joriy qilindi. Lekin u ko‘pincha kechikib ketardi, «chiptalar» tovar bilan ta'minlanmasdi.
Me'yorlangan taqsimot qishloq aholisiga umuman tatbiq etilmagandi. Qishloq aholisi oziq-ovqat mollarini matlubot kooperatsiyasi do‘konlaridan davlatga topshirilgan mahsulotlari miqdoriga qarab belgilangan normalar bo‘yicha sotib olardi. Kishi boshiga sanoat mollari ajratishning cheklangan yillik normasi mavjud edi: ip gazlama - 6 m., jun gazlama - 3 m., poyabzal - bir juft. Aholining poyabzalga bo‘lgan talabi qondirilmaganligi sababli qishloq odamlari asosan yalangoyoq yurishardi yoki eng oddiy «qo‘lbola poyabzal» tikib olishgandi.
Shaharliklarning moddiy sharoitini ta'minlash maqsadida ishchilar va xizmatchilarga o‘z tomorqalarida va jamoa yerlarida mahsulotlar yetishtirishga ruxsat etilgan edi. Sanoat korxonalari huzurida yordamchi xo‘jaliklar tashkil etilgandi. Urush yillarida ishchi va xizmatchilarning ish haqi ham oshirildi. Biroq pulning qadrsizlanishi shiddat bilan ortib bordi. Chayqov bozori ko‘paydi va buning muqarrar oqibati sifatida narxlar keskin oshdi, tovar va mahsulotlar ayirbosh qilishga o‘tildi.
Davlat aholining ta'minotini yaxshilash uchun choralar ko‘rmagani holda, «tartibsiz bozor»ga qarshi kurashish maqsadida oshkora jazolash siyosatini qo‘lladi. 1943 yilning yanvarida Davlat Mudofaa Qo‘mitasining maxsus direktivasi, hatto oziq-ovqat posilkasini, kiyimni nonga, shakarga, gugurtga ayirboshlashni, un va hokazolarni zaxiraga xarid qilishni iqtisodiy sabotaj deb qarashni taklif etdi. 20-yillarning oxiridagi kabi yana Jinoyat kodeksining (JK) 107-moddasi (chayqovchilik) amal qila boshladi. Mamlakatda soxtalashtirilgan «jinoiy» ishlar to‘lqini yana avj oldi. Buning natijasida qo‘shimcha bepul ishchi kuchlari lagerlarda to‘plandi. Shu bilan birga ko‘p sonli nomenklaturadagi xodimlar uchun maxsus taqsimotlar va payoklar saqlanib qoldi, ularni ko‘pchilik mehnatkashlar oladigan iste'mol payoklari bilan qiyoslab bo‘lmasdi.
Qishloqda favqulodda vaziyat vujudga keldi. Siyosiy rahbariyatning mantig‘iga muvofiq qishloq mehnatkashlari mehnat kunlariga oladigan natura (mahsulot bilan) to‘lovi va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hisobiga o‘zlarini oziq-ovqat bilan ta'minlashlari lozim edi. Lekin bu mahsulotlar juda cheklangan miqdorda edi. Buning ustiga urush davri voqyealari kolxozchilarning tomorqa uchastkalarida ishlash imkoniyatlaridan mahrum qilib qo‘ygan edi. Manbalarning dalolat berishicha, 4 yil urush mobaynida kolxozlar dehqonlarga amalda pul to‘lamaganlar va mehnat kunlariga nihoyatda kam miqdorda mahsulot berganlar. Bunday sharoitda qishloq mehnatkashlari ovqat sifatida qichitqi o‘t, sho‘ra o‘t, loviya, daraxtlarning yanchilgan po‘stlog‘i va shu kabilarni iste'mol qilishga majbur bo‘lgan.
Og‘ir moddiy sharoit murakkab epidemiya vaziyati bilan yanada chuqurlashib bordi. Ko‘pgina qishloq tumanlarida birorta ham sanitariya shifokori yo‘q edi, tibbiy xodimlar yo‘qpigidan tibbiyot punktlari ishlamasdi, ular dori-darmonlar, mablag‘lar yo‘qligi tufayli yopib qo‘yilgan edi. Natijada kasalliklar va o‘lim shiddat bilan avj olib bordi. Respublikada bolalar bog‘chalari va yaslilari mutlaqo yetishmasdi. Maishiy xizmat ko‘rsatish xizmati amalda to‘xtab qolgan edi.
Markaziy Osiyo xalqlarining insonparvarlik - vatanparvarlik faoliyatiga murojaat qilganda, bunga millatlararo munosabatlar nuqtai nazaridan yangicha yondashish ham g‘oyat muhimdir.
Ma'lumki, gitlerchi strateglar Sovet Ittifoqiga qarshi agressiyani boshlar ekanlar, o‘zlari taxmin qilgan SSSR xalklari o‘rtasidagi millatlararo to‘qnashuvlardan o‘z maqsadlarida faol foydalanishni niyat qilgan edilar. Gitlerning fikricha, «Rossiyaning keng hududlarida joylashgan xalqlarga nisbatan olib boriladigan siyosat kelishmovchiliklar va ajralishning har qanday shaklini rag‘batlantirishdan iborat bo‘lishi lozim» edi. Ana shu maqsadda fashistlar millatchilikdan iborat ig‘vogarliklarni rejalashtirgan bo‘lib, ular isyonlarga, qo‘poruvchilikka, mamlakatning parchalanib ketishiga olib kelishi kerak edi. Gitlerchilar qo‘mondonligining direktiv hujjatlarida hamma joyda «rus xalqiga rus bo‘lmagan xalqlar»ni qarama-qarshi qo‘yish, ularni bir-biriga qarshi zaharlash qat'iyat bilan taklif etilardi.
Biroq urushning dastlabki kunlaridayoq natsist bosqinchilarning millatlararo urush chiqarish niyati puch ekanligi ma'lum bo‘ldi. Gitlerchilarning bosqinchiligi milliy vatanparvarlik tuyg‘ularining haddan tashqari qudratli kuchini namoyish qildi. Umumiy kulfat ittifoqdagi barcha millatlar va xalqlarni jipslashtirdi. O‘lim xavfi oldida qardoshlarcha birdamlik tuyg‘ulari bosh axloqiy mezon bo‘ldi. Xalqning azaliy insonparvarligi fashizm mafkurasidan ham, kommunistik mustabidchilik zulmidan ham ustun keldi.
Yashindek tez mag‘lubiyatga uchratish rejasini tuzar ekan, fashistlar buning uchun mamlakat qishloq xo‘jaligini yakson qilishni maqsad qilib olishgan edi. Shuning uchun ham nemis tanklari mamlakatning Ukraina, Belorussiya, Shimoliy Kavkazni bosib olib, ularni markazdan ajratib qo‘yishganda Gebbels targ‘iboti urushning yakun topganligini, sovet xalqi ochlikdan qirilib ketishini bashorat qilgan edilar.Fashistlar bosib olgan hududlarda urushgacha Sovet Ittifoqining 38 % bug‘doy, 50 % texnik ekinlar, 87 % qand lavlagi yetishtirilar, 45 % qoramol boqilar edi. Bu hududlarda mamlakatdagi kolxozlarning 41,7% joylashgan edi. Fashist bosqinchilari kelishi bilan bu strategik ashyolarning deyarli ko‘pchiligi yo‘q qilindi. To‘g‘ri ularning bir qismi, ya'ni 2,4 mln bosh qoramol, 5,1 mln qo‘y va echki, 0,8 mln dona ot front ichkarisiga olib chiqib ketildi.
1942 yil yoz-kuz oylarida odamlar dushmanning o‘q yomg‘irlari ostida Volga daryosidan katta kechuvni qurib bitkazdilar. Bu paytga kelib Volga bo‘yida ko‘plab kolxozlar mulki to‘planib qolgan edi. Masalan, 2 mlnga yaqin qoramol, 1 mlnga yaqin qo‘y va echki, 5 mingga yaqin avtomashina, 3500 ta traktor va kombayn, 10 mingdan oshiq kolxoz mulki ortilgan aravalar va boshqalar bor edi. Bu mulklarning barchasi kechuv orqali front ortiga, ya'ni Markaziy Osiyo va Qozog‘iston, Ozarboyjon hududlariga jo‘natilib turildi.
Fashistlar tomonidan bosib olingan hududlarda urushgacha bug‘doyning 38 %, texnika ekinlarining 50%, qand lavlagining 87%, yirik qoramolning 45% yetkazilar edi. SSSR da mavjud kolxozlarning 98 mingtasi (41,7%), 1876 ta sovxoz (50 %) va 2890 ta (41,3 %) MTS lar joylashgan edi. Bularning barchasi yo‘q bo‘ldi yoki dushman qo‘liga o‘tdi deb bo‘lmaydi albatta. Lekin shunday bo‘lsa-da, Ittifoqning mana shunday ulkan qishloq xo‘jalik maydoni fashistlar qo‘liga o‘tib qoldi va mamlakat og‘ir ahvolda qoldi. Shunday sharoitda, armiyani va mamlakatni oziq ovqat bilan ta'minlash vazifasi Markaziy Osiyo va Qozog‘iston xalqlari gardaniga tushib qoldi. Urushning birinchi kuzida Markaziy Osiyo kolxozlari 1940 yilga nisbatan 126 mingdan ko‘proq gektar maydonga g‘alla ekishdi. Bug‘doy va shunga o‘xshash ekinlarni ko‘payishi paxta maydonlarini qisqartirilishi evaziga amalga oshirildi. O‘zbekistonda misol uchun g‘alla maydonlari 1940 yilga nisbatan 70 % ga, Tojikistonda 30,7% ga ko‘paytirildi. G‘alla hosildorligi shunga qarab ko‘payib bordi. Misol uchun Qirg‘izistonda uning hosili 1,7 mln pudni tashkil qildi. 1943 yildan boshlab paxta hosildorligi urushdan oldingi ko‘rsatkichga chiqdi. Urush yillari mobaynida O‘zbekiston dehqonlari davlatga 4 mln. 148 ming t. paxta, 82 mln. pud g‘alla, 54067 t. pilla, 195 ming t. sholi, 57 ming 444 t. meva, 36 ming t. quritilgan meva, 159 ming 300 t. go‘sht, 22 ming 300 t. jun va boshqa ko‘pgina mahsulotlar yetkazib berdilar. Bu O‘zbekiston qishloq mehnatkashlarining o‘zi yemay-ichmay, dushmanni tor-mor qilish uchun umumxalq kurashiga qo‘shgan munosib hissasi edi.
Kavkazorti respublikalari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo va Qozog‘iston respublikalari Ittifoqning asosiy qand lavlagi yetishtiruvchi hududlariga aylanib bordi. Qand lavlagi yetishtirish bo‘yicha ushbu respublikalarning ulushi 1940 yildagi 3,6 % dan 1942 yilga kelib 50 % ga ko‘tarilib ketdi. Ulkan qiyinchiliklar evaziga respublika chorvadorlari jamoalashtirish davrida qo‘ldan boy berilgan ko‘rsatkichlarni qayta tiklab olishdi. 1944 yilga kelib, Kavkazorti va Markaziy Osiyo respublikalari yaylovlaridagi qoramollar soni 20 mln donani tashkil qildi. Urush davomida O‘zbekistondagi qo‘y va echkilar soni 1,5 mln donaga, qoramol soni bo‘lsa 162 mingtaga ko‘paydi. Qirg‘izistonda yirik qoramollar soni 23, 3% ga, qo‘y va echkilar soni 38,2 % ga ko‘paydi. Ammo keyinchalik ma'lum bo‘lishicha ushbu ko‘payish, xususiy sektordagi, ya'ni aholi tomorqasidagi chorvani majburiy ravishda tortib olish hisobiga ham ko‘payganligi aniqlandi. 1941-1943 yillarda Qozog‘istonda urushdan oldingi yillarga qaraganda go‘sht topshirish 66,5 %, sut esa 18,7%, jun topshirish 38,1% ga ortdi. Statistik ma'lumotlar ortida shu mintaqa xalqlarining chuqur va mashaqqatli mehnati, deyarli bir avlodning ko‘rgan azoblari yotganligini sezish qiyinchilik tug‘dirmaydi albatta. Buning tom ma'nodagi isboti sifatida urushga ketgan erkaklarning o‘rniga mehnat qilgan ayollar, bolalar va qariyalarni eslash kifoya.
Urush odatdagi hayot tarzini tubdan o‘zgartirib yubordi. Oziq-ovqat va sanoat mollari keskin kamayib ketdi. Ko‘chirib keltirilgan aholi oqimining ortishi munosabati bilan uy-joy muammosi haddan tashqari keskin tus oldi. Elektr quvvati, yoqilg‘i bilan ta'minlashdagi uzilishlar transport va kommunal xizmat ko‘rsatish muassasalari ishiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Urush har bir xonadonga, har bir oilaga yopishib oldi, odamlarni og‘ir sinovlarga, mahrumliklar va azob-uqubatlarga mubtalo qildi. Me'yorlangan taqsimot qishloq aholisiga umuman tatbiq etilmadi. Qishloq aholisi oziq-ovqat mollarini matlubot kooperatsiyasi do‘konlaridan davlatga topshirgan mahsulotlari miqdoriga qarab, belgilangan normalar bo‘yicha sotib oldilar. Kishi boshiga sanoat mollari ajratishning cheklangan normasi joriy qilindi. Unga ko‘ra kimni yil bo‘yi necha dona oyoq-kiyim kiyishigacha belgilab qo‘yildi.
Shunday og‘ir sharoitlarda ham Markaziy Osiyo va Qozog‘iston xalqi matonat bilan mehnat qildilar. Ularning frontga jo‘nab ketgan o‘g‘lonlari o‘rniga qariyalar, ayollar va bolalar teng bo‘lishib mehnat qilishdi.
1943 yil yanvar oyiga kelib, Qozog‘istondagi mehnatga yaroqli aholining (1.056.100 kishi) 20% ni ayollar, 58% ni o‘smirlar tashkil qildi. Qirg‘izistonda xuddi shu ko‘rsatkich 1943 yilda 55% ni, Tojikistonda bo‘lsa 70% ni tashkil qildi. Shunday qilib, Markaziy Osiyo xalqlari urush yillarida o‘zlarining mehnatlari evaziga Vatanni fashizm balosidan qutqarishda munosib ulushlarini qo‘shdilar. Shunday bir mas'uliyatli davrda ham sovet totalitar rejimi o‘z xalqiga to‘liq ishonmadi. Qishloq mehnat resurslarini mobilizatsiya qilish davlatning qattiq nazorati ostidan chiqarib yuborilmadi.
Urush yillarida mintaqada kungaboqar, zig‘ir, kanop, makkajo‘xori, kunjut kabi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish ham yo‘lga qo‘yildi va yildan-yilga oshib bordi. Respublikalar qishloq xo‘jaligining xalq xo‘jaligi va mudofaada katta o‘rin tutgan sohasi ipakchilik bo‘lib qolaverdi. Qorako‘lchilikka ham ahamiyat berilar edi. Chorvachilik juda tig‘iz vazifalarni bajarib bordi, go‘sht, yog‘ va sutga ortib borayotgan talablarnigina emas, junga bo‘lgan talablarni ham ta'minladi.
O‘zbekistonda 30 dan ortiq harbiy gospital joylashtirilgan bo‘lib, ularni 750 ta korxona, muassasa, kolxoz-sovxozlar otaliqqa olgan edi. O‘zbekistonliklar muhtojliklarga qaramasdan, o‘zlariga zarur narsalardan voz kechib, frontga yordam ko‘rsatishga hissa qo‘shib keldilar.Barcha joylarda shanbalik va yakshanbaliklar o‘tkazilib, ularda ishlab topilgan pullar mudofaa jamg‘armasiga o‘tkazib borildi. 1941-1945 yillar davomida mudofaa jamg‘armasiga respublika mehnatkashlari pul va davlat zayomi obligatsiyalari shaklida 650 mln so‘mdan ziyod mablag‘ topshirdilar, 22 mln so‘mdan ortiq qimmat buyumlar, 55 kg ga yaqin qimmatbaho metallar topshirdilar.
Urush yillarida Markaziy Osiyo respublikalarida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida gapirganda, shuni ta'kidlash muhimki, qishloq iqtisodiyotining umumiy ahvolini yutuqlarning uzluksiz zanjiri sifatida tasavvur qilish xato bo‘lar edi. Urush davrining qiyinchiliklari, sovet dehqonchilik tizimining ichki illatlari o‘z ta'sirini o‘tkazishi shak shubhasiz edi. Agrar sohada jarayonlar bir xilda kechmadi. Bu sohada yaqqol ko‘zga tashlanib turgan yutuqlar bilan birga sezilarli yo‘qotishlar ham ko‘zga tashlandi. Jumladan urush yillarida Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston bog‘dorchiligi katta ziyon ko‘rdi. Natijada ushbu respublikalarda 1943 -1945 yillarda nisbatan kam bo‘ldi. Ko‘pincha rejadagi topshiriqlarni bajarish qishloq mehnatkashlarining yordamchi xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlarini musodara qilish yo‘li bilan amalga oshirildi, bu esa ularning oziq-ovqat sohasidagi ahvoliga sezilarli salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Urush davrining ziddiyatlari ayniqsa paxtachilikka katta ta'sir ko‘rsatdi. Qator respublikalar, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tizimining o‘zgarishiga qaramasdan, paxta bu respublikalar qishloq xo‘jaligi ekinlari orasida ustun mavqyeda bo‘lib qolaverdi. Mamlakat rahbariyati esa paxta yetishtirishni sezilarli ravishda oshirishni talab qilaverdi. Ushbu respublika dehqonlari urushning dastlabki kunlaridan boshlab har bir kilogramm paxta uchun tirishib mehnat qildilar. Shunga qaramasdan paxta yetishtirish rejasi yil sayin kamayib boraverdi. Shunday bo‘lsada, urush yillarida Markaziy Osiyo respublikalari qishloq xo‘jaligi oldida frontga g‘alla va paxta yetkazib berish asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolaverdi. Lekin urush davri sharoitidagi texnika vositalari, ishchi kuchining yetishmasligi, mineral o‘g‘itlarning kamligi sababli bu vazifa o‘ta qiyinchiliklar bilan yengib o‘tildi.
Markaziy Osiyo respublikalari urush yillarida dushmandan ozod qilingan hududlarga ham qardoshlarcha yordam qo‘lini cho‘zib keldilar. Birgina O‘zbekiston xalqi fashizmdan ozod bo‘lgan hududlarga 1152 ta traktor, 25 kombayn, 1138 ta plug, 379 ta seyalka, shuningdek bu tumanlarga mehnat resurslaridan 1596 nafar kombaynchi, 41 nafar mexanik, 30 nafar agronom, 11 nafar buxgalter yubordi. Dushmandan ozod qilingan hududlar iqtisodiyotini tiklashda minglab vatandoshlar faol ishtirok etishdi.
Shunday qilib, Ikkinchi jahon urushi davomida Markaziy Osiyo va Qozog‘istonlik mehnatkashlar qishloq xo‘jaligi oldida turgan front va mamlakat ichkarisini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta'minlash, buning uchun agrar ishlab chiqarishni g‘oyat qisqa fursatlarda, butun xalq xo‘jaligi kabi harbiy izga o‘tkazishdek mas'uliyatli vazifalarni uddalay oldi. Qishloq xo‘jaligining barcha moddiy resurslarini safarbar qilish, texnika ekinlari, don, kortoshka va sabzavotlar ekishni ko‘paytirishdek vazifalarni uddalashdi.
Mintaqa chorvadorlari ham odilarida turgan vazifalarni, armiya va aholi uchun go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarishni to‘liq amalga oshirdilar.
Shunday qilib Markaziy Osiyo va Qozog‘iston xalqlari ikkinchi jahon urushi yillarida g‘alabani yaqinlashtirish yo‘lida munosib mehnat qilishib, o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shishdi.


Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling