Ma’ruza I markaziy Osiyo xalqlari etnologiyasi fаnigа kirish. Etnоlogiya fаni prеdmеti, mаqsаd vа vаzifаlаri, tаdqiqоt usullаri. Markaziy Osiyo xalqlari etnologiyasigа оid mаnbаlаr va tаriхiy-etnologik tаsnifi Reja
Download 80.07 Kb.
|
1-mavzu (3)
4-savolning bayoni: Tarix hozirgi kun haqida mulohaza yuritib, taraqqiyot istiqbollarini belgilash maqsadida bashariyat tarixini, uning barcha qirralari va konkretligi bilan o‘rganadi. Jamiyat haqidagi boshqa fanlar qatorida tarix - faktlar, voqyealar va jarayonlarni manbalar negizida tadqiq etadi va shu asosda ijtimoiy taraqqiyot qonuniyatlari haqidagi ilmiy dunyoqarashlarni shakllantiradi.
Moziy odamlari tarixni “hast muallimi” (nastavnitsa) deb atashgan. Odamlar hamma vaqt tarix bilan qiziqishgan, tarixiy tajribaga murojaat qilishgan. Dastlab tarix afsonalar, rivoyatlar, naql va asotirlar shaklida namoyon bo‘lgan. Yozuv paydo bo‘lishi bilan jamiyat haqidagi bilimlarni tarqatishning mukammalroq shakli yuzaga kelgan. Antik dunyo tarixi haqidagi olis o‘tmish tasavvurlari “Tarix otasi” Gerodot va Fukididlarning qo‘lyozmalarida bayon etilgan. Ko‘hna Xitoyning o‘z tarixiy an'anasi sulolaviy yilnomalar shaklida rivoj topgan. Dunyoning yaratilishi va bashariyat jamiyati taraqqiyoti tarixi haqidagi o‘ziga xos yilnomachilik an'anasi tushunchasi muqaddas kitoblar sanalmish turkiy – hindlarning “Avesto” va “Vedalar”ida, qadimgi yahudiylarning “Talmud”i, Markaziy Osiyo xalqlarining “Xamsa”si (“Besh kitob”) va hokazolarda o‘z tajassumini topgan. Moziy va o‘rta asrlarning tarixiy qarashlari diniy dunyoqarash bilan uzviy bog‘liqdir. O‘tmish muarrixlari hukmdor sinflar nuqtai nazaridan tarixiy jarayon kechishini ikki yo‘sinda: yo “ilohiy bashorat” natijasi o‘laroq, ayniqsa, bashariyat tarakqiyotining dastlabki bosqichlarida (“providensializm”–”tarixning kechishi xudo tomonidan belgilanishi” atamasi shundan kelib chiqqan), yoki ayrim sarkarda va hukmdorlarning xatti-harakatlari oqibati sifatida izohlaganlar. XVI – XVII asrlardan boshlab tarixiy taraqqiyotning parvardigor irodasi bilan amalga oshuvini izohlovchi tushuncha o‘rnini zaminiy sabablar va avvalo qudratli inson tafakkuri irodasi haqidagi tushuncha egalladi. Tarix fani tarixiy jarayonning yaxlit va bus-butunligidan kelib chiqqan, ya'ni jamiyat o‘z taraqqiyotida ijtimoiy-iqtisodiy fazalarining qonuniy va izchil almashinuvini boshdan kechiradi. Tarixni bilish mehnatga hurmat, vatanga muhabbat, dunyo xalqlari bilan birdamlik ruhida tarbiyalaydi. Tarixni bilish filolog va ruhshunosga, jurnalist va faylasufga, huquqshunos va iqtisodchiga olis o‘tmish faktlariga murojaat qilib, maslakdoshlariga e'tiroz bildirish, o‘z g‘oya va isbot-dalillariga tasdiq izlovchi har bir odam uchun zarurdir. Ota-bobolar faoliyatini avlodlar uchun xotirada saqlab qolish, ularga taqlid yoki mulohaza qilish va tarixiy tajribadan saboq olish uchun manba sifatida qarash, shuningdek, o‘z xalqiga haqqoniy tarixini bitish ko‘pchilik muarrixlarning ongli maqsadlari sanalgan. Jahonda juda ko‘p katta-kichik, turli-tuman elat va xalqlar yashaydi. Insoniyat etnik jihatdan shu qadar xilma-xildirki, har birining o‘ziga xos madaniyati, tarixiy merosi, jahon madaniyati xazinasidan o‘z o‘rnini olgan. Markaziy Osiyoga beshta mustaqil davlat: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston hamda Mo‘g‘uliston, Tibet, Sinszyan, Tuva va Buryatiya Respublikalari hududlari kiradi. Bu mintaqada qadimgi yuksak madaniyat yaratgan xalqlar uzoq, murakkab tarixiy taraqqiyotni bosib o‘tib, asrlar mobaynida bir-birlariga yaqin munosabatlarda bo‘lib, yagona tarixiy-etnografik hududni tashkil etishgan. Markaziy Osiyo xalqlari turli tarixiy davrlarda har xil nomlar bilan atalib kelingan. Qadimgi Markaziy Osiyoga nafaqat hozirgi Markaziy Osiyo hududlari, ayni vaqtda Eronning shimoliy-sharqiy, Afg‘onistonning shimoliy hududlari ham kirgan. Tarixiy-etnografik tadqiqotlar ayrim xalqlar, elatlarning, shu jumladan, Markaziy Osiyo xalqlarining insoniyat tarixida tutgan o‘rni va mavqyeini aniqlashga yordam beradi. Tarixiy taqdiri bir, xo‘jalik-madaniy jihatdan umumiy, maishiy turmushi va ijtimoiy taraqqiyoti o‘zaro yaqin Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari etnografiyasi ko‘p jihatdan o‘zgaruvchan xarakterga ega. Tarixiy-etnografik va etnik tuzilishi qanchalik barqaror bo‘lmasin, Markaziy Osiyo etnoslari zamonlar osha doimo rivojlanib, o‘zgarib turgan. Xususan, Markaziy Osiyo xalqlari uzoq va murakkab mashaqqatli tarixiy jarayonning mahsuli bo‘libgina qolmay, ma'naviy madaniyat va umumpsixologik xususiyatlari bilan ham nihoyatda jipslashib ketgan. Bu xalqlarning xususiyatlarini aniqlash uchun dastlab etnik tarixning ayrim sahifalarini varaqlash zarur. Miloddan avvalgi VI asrda bu hududlarda Eron podsholigi, IV asrda esa Iskandar Zulqarnayn boshliq yunon-makedon podsholigi hukm surgan. Keyinchalik bu hududlar Xorazm va Qang‘ davlatlari, so‘ngra Kushon podsholigi (II asr oxiri–III asr boshlari), Eftaliylar davlati (V – VI asrlar), Turk xoqonligi (VI – VII asrlar), Arab xalifaligi (VIII asr) tarkibida bo‘lgan. X – XI asrlarda qadimgi Markaziy Osiyo (Movarounnahr)da Somoniylar (819–1005), Saljuqiylar (XI asr), G‘aznaviylar (X – XII asrlar) davlatlari paydo bo‘lgan. Birmuncha vaqt bu hududlar Qoraxoniylar (X asr) hukmronligiga ham o‘tgan. XII asr oxiri– XIII asr boshlaridan boshlab Xorazm podsholigi (995–1200) qo‘l ostida bo‘lgan. XIII asr ikkinchi o‘n yilligi oxiridan bu hududlarni mo‘g‘ul istilochilari bosib oladi. XIV asr 70- yillarida Amir Temur davlati qaror topadi. XV asr oxiri– XVI asr boshlaridan bu yerlar Shayboniylar, so‘ngra Ashtarxoniylar davlatlariga qaram bo‘lgan. Pirovardida XVIII asr o‘rtalarida uchta xonlik: Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari tashkil topadi. XIX asr ikkinchi yarmida esa Turkiston Rossiya imperiyasi mustamlakasiga aylandi. Tez orada Qo‘qon xonligi tugatiladi (1876). O‘lka Rossiyaning xom ashyo bazasiga aylantirildi. Xullas, Markaziy Osiyo yerlari qariyb 26 asr mobaynida o‘zga davlatlar qaramog‘i va zulmi ostida bo‘lgan. Yozma manbalarga ko‘ra, XVI asr oxiri– XVII asr boshlaridan to 1924 yilgacha bu yerlar Turkiston deb atalib kelingan. Ushbu salohiyatli mintaqa hududi turli davrlarda “Turon”, “Turkiston”, “Movapoynahr”, “O‘rta Osiyo” va nihoyat “Markaziy Osiyo” nomlari bilan atalib kelinmoqda. Tabiiyki, bu mintaqalar hududiy jihatdan biroz farq qilgan. Shu boisdan Turonzamin hududi o‘tmishda qanday nomlanganligi va uning tarixi barchani qiziqtiradi, albatta. Yunon bosqinchilari (mil. avv. IV asr) Markaziy Osiyoni Ahamoniylar imperiyasining bir qismi sifatida “Transoksiana” yoki “Transoksoniya” deb ataganlar. Qadimgi xitoyliklar (mil. avv. II – I asrlar) mintaqani Xi-yu, ya'ni “G‘arbiy o‘lka” deb atashgan va Sharqiy Turkistonning davomi deb bilganlar. Turon – Markaziy Osiyoning eng qadimiy nomlaridan biri. Turon – forscha “turkiylar” degan ma'noni anglatib, turkiy xalqlar yashaydigan hududlarni bildiruvchi ijtimoiy, tarixiy-etnik atamadir. Bu atama, makonning eng qadimgi nomi sifatida bundan 2500–3000 yillar ilgari qo‘llanila boshlangan. Mazkur atama bilan birga uning “Turkiy yurt”, “Turk eli”, “Turk budun”, “Turkiston” atamalari yozma bitiklarda uchraydi va turkiy xalqlarning dunyoviy hamda ijtimoiy etnik birligini ifodalovchi asosiy tushuncha hamda nom sifatida qo‘llanilgan. Turon – tarixiy geografik atamasi ilk bor Movarounnahrning qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy, muarrixlar Tabariy, Istahriy asarlarida, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnomasi” da Eron bilan Turon nomlari keltirilgan. Ma'lumki, Eron va Turon hududlari chegarasi Amudaryo orqali belgilangan. Dastlab, “Avesto”da qayd etilgan “tur” etnonimi keyinchalik Markaziy Osiyo dasht va tog‘ hududlarida yashovchi chorvador aholi bilan bog‘liq edi. Olimlarning fikriga ko‘ra, “turklar'' tushunchasi sak-massagetlarning dastlabki nomi bo‘lishi ham mumkin. Sak-massagetlar va ularga yaqin qarindosh qabilalar mil avv. VI – IV asrlarda Oltoy va Janubiy Sibir dashtlarigacha tarqalgan. Bu haqida arxeologik ma'lumotlar ham dalolat beradi, shuningdek Sinzyan-Uyg‘ur o‘lkasida saklar yozuvlarining tarqalishi ham bu fikrni tasdiqlaydi. Ko‘rinadiki, Turon faqat Markaziy Osiyo hududining qadimgi nomi degan xulosa munozarali hisoblanadi. Ba'zi olimlarning ta'kidlashicha, Turon – bu turklar, turkiy qabilalarning yurti degan ma'noni bildirib, keyinchalik “Turkiston” tushunchasiga aylangan. Akademik A. Muhammadjonovning fikricha, “Turon” atamasi sug‘dcha yer, tuproq, dala va dasht kabi ma'nolarni bildiradi. Shunga ko‘ra “Turon” toponimi pasttekislik, dala va dashtliklar, ya'ni keng yaylov degan ma'noni anglatadi. “Turon”, turonliklar yurti tushunchalarini keng hududlar bilan bog‘lash mumkin. Geografik – tarixiy jihatdan Turon hududlari Tinch okeanidan O‘rta yer dengizidagi Egey – Adriaktikagacha, Shimoliy Muz okeanidan Tibet, Himolay tog‘larigacha, shimoliy Hindistondan Onado‘ligacha, ya'ni hozirgi Turkiyagacha bo‘lgan hududlarni, ularda yashovchi turkiy xalqlar vatanini anglatadi. Turonning markaziy qismi geografik jihatdan “Turon” pasttekisligi deb ataladi va asosan Markaziy Osiyoning shimoli-g‘arbiy hamda Qozog‘istonning janubi-g‘arbini o‘z ichiga olib, uning chegaralari Kaspiy dengizi, shimolda Ural tog‘igacha, sharqda Tyanshan etaklarigacha, janubda esa Pomir va Kopetdog‘ tog‘larigacha borib taqaladi. Turonda qadimdan XX asr boshlarigacha Alp Er Tunga, Afrosiyob, Kushon shohlari, sharqiy va g‘arbiy Turk xoqonliklari, Attila, Parfiya, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Chingizxon, Chig‘atoy, Temuriylar, Usmoniylar, Edil bo‘yi, Sibir xonlari, Shayboniylar, Ashtarxoniylar, Mang‘itlar davlatlari, Xiva va Qo‘qon xonliklari mavjud bo‘lgan. Xullas, “Turon” atamasi turkiylar degan ma'noni bildirganligi uchun o‘z chegarasida barcha xalqlarni qamrab olgan umumiy bir nom hisoblanadi. Turk so‘zini barcha shu'balarini o‘z ichiga oladigan ulug‘ Turkiston deyishga to‘liq asoslar mavjud. Tarixchi Sh. Kamoliddin fikricha, Markaziy Osiyo mintaqasining eng qadimgi nomi “Turon” bo‘lib, bu atamaning keyingi asrlardagi davomchisi va ekvivalenti Turkiston hisoblanadi. Turkiston – Markaziy Osiyoning o‘rta asr tarixiy – geografik adabiyotlarida uchraydigan nomi hisoblanadi. Qadimgi turkiy, pahlaviy, xitoy, hind, arab, yahudiy, arman, yunon, lotin, slavyan va boshqa yozma manbalarda yurtimiz shu nom bilan atalgan. Turkiston atamasi milodiy 445 yildan boshlab turli manbalarda tilga olinadi. Bu atama ilk marta 639 yil Turfonda tuzilgan sug‘d hujjatlarida Markaziy Osiyo mintaqasining nomi sifatida ishlatilgan. “Turkiston” atamasi Markaziy Osiyo, Movarounnahr nomlaridan farqli ravishda nafaqat geografik, balki etnografik tushunchani anglatib, siyosiy-huquqiy ahamiyatga ham ega bo‘lgan. Arablar istilosidan so‘ng ham “Turkiston” toponimi o‘zining siyosiy-huquqiy ma'nosini yo‘qotmagan. Uning sarhadlari uzoq shimol va sharqda Arab xalifaligi, Qarluq va Uyg‘ur xoqonliklari bilan chegaradosh bo‘lgan hududlargacha yoyilgan. Ayni mana shu davlatlar Turkiston nomi bilan IX – XIII asrlardagi arab muarrix va geograflarining asarlarida qayd etilgan. Qoraxoniylar davlati barpo etilishi bilan “Turkiston” toponimining ahamiyati o‘zining sobiq hududlari chegarasida deyarli tiklangach, “Movarounnahr” atamasi esa Turkistonning, ya'ni Qoraxoniylar davlatining bir qismi sifatida qarala boshlangan. Muarrix va geograf Mahmud ibn Valining (XVII asr) “Bahr ul-asror” (“Sirlar dengizi”) asarida yozilishicha, “Turkiston keng va ko‘ngilli yurtdir. Bu yurt uzunligi Sayxun daryosining qirg‘og‘idan Qoramurin daryosining qirg‘og‘igacha bo‘lib, bu yerni Mo‘g‘uliston nomi bilan atashgan”. Muallif Turkistonning yana bir nomi bu - “Turon va uning aholisi turklar” deb ko‘rsatgan. Turkiston atamasi ham turkiy xalqlar yashaydigan o‘lka, joy, yurt turkiy bitiklardagi “Turk Budun” mazmunini ifodalaydi. XIX asr o‘rtalarida Turkiston hududi g‘arbda Ural tog‘lari va Kaspiy dengizi, sharqda Oltoy tog‘lari va Xitoy, janubda Xitoy va Afg‘oniston, shimolda Tomsk va Tobolsk guberniyalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Turkiston tarixiy-an'anaviy jihatdan keng manoda quyidagi qismlardan iborat: a) Markaziy Turkiston (hozirgi O‘zbekiston, Qozog‘iston va qisman Tojikiston); b) Sharqiy Turkiston (ichki Mo‘g‘uliston, Xitoyning Sinzyan-Uyg‘ur avtonom tumani, Qoraqurum). v) G‘arbiy Turkiston (Eronning shimoli, Kavkaz, Kaspiy dengizi havzasi; g) Shimoliy Turkiston (shimoliy Qozog‘iston, Volgabo‘yi, Sharqiy Ural tog‘larigacha cho‘zilib ketgan Turon pasttekisligi, Ob, yenisey, Lena daryolari oralig‘i, Sibir), tor ma'noda Turkiston deb asosan markaziy Turkiston tushuniladi. 1867–1886 yillardan qo‘llanila boshlangan “Turkiston o‘lkasi” ham muayyan ma'noda Rossiya podsholigining strategik manfaatlarini to‘la ifodalar edi. Sovetlar tuzumi davrida esa “Turkiston” atamasini geografik, tarixiy, etnik va siyosiy istilohlar tizimidan chiqarib tashlashga, hattoki unutishiga mahkum etildi. Sovet davri qomuslarida ta'kidlanganidek, Turkiston keng ma'noda -turkiy xalqlar yashovchi hudud nomi hisoblangan. Tor ma'noda Turkiston 1867–1917 yillardagi Turkiston general-gubernatorligi (1886 yildan Turkiston o‘lkasi) tushunilgan. Shuningdek,, Rossiya imperiyasining vassallari Xiva va Buxoro xonliklari hududining tarixiy-geografik nomidir. Rossiya bosib olgan g‘arbiy Turkiston hududida 1867 yilda Turkiston general-gubernatorligi tuzildi, 1886 yildan rasman Turkiston o‘lkasi deb atalgan. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng g‘arbiy Turkiston hududida Turkiston ASSR tuzilgan. Turkistonda milliy-hududiy chegaralanishning o‘tkazilishi, ya'ni uning 3 Respublika va 2 ta avtonom viloyatga bo‘linishi tufayli sovetlar davlatida Turkiston nomi ishlatilmaydigan bo‘ldi. Chunki sovetlar hukumati mustaqil Turkistonni tiklash g‘oyasidan nihoyatda cho‘chir edi. Yuqorida ta'kidlaganidek, 1924–1925 yillarda Turkistonda milliy-hududiy chegaralanishi o‘tkazilib, “Turkiston” atamasi sun'iy ravishda muomaladan chiqarildi va uning o‘rniga rasman O‘rta Osiyo geografik atamasi joriy qilindi. O‘zbekiston o‘z strategik o‘rni, iqtisodiy va madaniy salohiyati jihatidan Turkistonning vorisi hisoblanadi. Mamlakatimiz mustaqilikka erishgach, bu atama tarixiy, siyosiy, madaniy - etnik jihatidan qaytadan muomalaga kiritildi va keng ko‘lamda qo‘llanilmoqda. Movarounnahr – Markaziy Osiyoning markaziy va janubiy viloyatlariga nisbatan ham ishlatilgan. Bu geografik atama arabcha “daryo orti”, “daryoning narigi tomoni”, ya'ni Amudaryo ortidagi, uning o‘ng qirg‘og‘idagi hudud degan ma'noni anglatishi keng tarqalgan edi. Uning huddi shu ma'noni anglatadigan fors tilidagi “Vorarud” va “Vora Jayxun” shakllari mavjud, ularning barchasi avval (XI asrgacha) Xuroson viloyatining davomi sifatida, IX asr boshidan e'tiboran esa Turkiston, ya'ni Qoraxoniylar davlati va undan keyingi turkiy davlatlar tarkibidagi ma'muriy birlik sifatida tushunilgan. “Movarounnahr” atamasi ilk bor hadislarda tilga olingan. Aftidan, bu atama arablar o‘rtasida islomgacha bo‘lgan davrlarda ham ma'lum bo‘lib, u vaqtda (VI asr) shimoli-sharqda Jayxun, ya'ni Amudaryoning orqasida joylashgan Turk xoqonligiga qarashli hududlarni anglatgan. Qadimgi fors manbalariga tayangan arab geografi Yoqut Hamaviy “Movarounnahr” atamasini Turon mamlakatining nomi sifatida bilgan. Arab tilida “daryoning narigi betidagi yerlar” degan ma'noni anglatadigan “Movarounnahr” atamasi qadimgi yunonlarning “Transaksiana” atamasining deyarli so‘zma-so‘z tarjimasi hisoblanadi. Arablar o‘zlarining sharqqa qilgan ilk yurishlari davomida (VII asr ikkinchi yarmi – VIII asr boshi) bu o‘lka haqida ikki xil tushuncha va ma'lumotga ega bo‘lganlar. “Ma-duna-m-n-nahr”, ya'ni “Movarounnahr”, ya'ni “daryoning pastki tomoni” va “Ma-varo-an-naxr”, ya'ni “Movarounnahr” daryoning narigi tomoni ma'nolarini anglatgan. Mazkur atama VII asrning 70- yillaridan boshlab, ya'ni Arab xalifaligi noiblari Marv shahriga kelib, Turkistonga vaqti-vaqti bilan o‘lja olish uchun Poykent, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalariga yurishlari davridan boshlab qo‘llanilgan. 705–715 yillarda bu atama yanada keng iste'molga kirgan. Arablar ta'sirida “Movarounnahr” atamasi o‘rta asrlardan boshlab Xo‘jand, Samarqand, Buxoro shaharlari va atroflarini, Qashqadaryo, Surxondaryo vohalarni o‘z ichiga olgan. Sirdaryo va Amudaryo oralig‘idagi keng hududni anglatgan ilmiy, tarixiy va geografik asarlardan yevropa tillariga ana shu yuqorida chegaralangan hududni bildiruvchi atama sifatida o‘tgan va qo‘llanilgan. O‘rta Osiyo atamasini dastlab XIX asr taniqli nemis geograf olimi A. Fon Gumbold “Mittel Azia” shaklida Osiyo qit'asining ichki qismlarini belgilash uchun qo‘llagan. U Osiyo uchun O‘rta paralleldan shimol va janubda 5 kenglikdagi hududini O‘rta Osiyo deb ataydi. Olim mintaqani g‘arbiy qismini Kaspiy dengizi bilan chegaralagani holda sharqiy qismining chegaralarini ko‘rsatmaydi. Mashhur nemis geografi Ferdinand Rixtgofen o‘zining “Xitoy” asarida ushbu hududga nisbatan yangi, ancha aniqroq ta'rifini taklif etgan. Uning fikricha, janubda Tibetdan, shimolda Oltoygacha, g‘arbda Pomirdan sharqda Xingongacha bo‘lgan hududlar bu Markaziy Osiyodir. Olim Orol - Kaspiy pasttekisligini oraliq chiziqqa mansub, deb ta'kidlagan edi. Markaziy Osiyo - yevrosiyo materigining O‘rta qismidan, g‘arbda Kaspiy dengizi qirg‘oqlaridan, sharqda Xitoygacha, shimolda G‘arbiy Sibir tekisligidan, janubda Nishopur, Safedko‘h va Hindikush tog‘lariga cho‘zilgan yirik tabiiy-geografik o‘lkadir. U materik ichkarisida, Atlantika okeanidan 4 ming km Shimoliy Muz okeanidan 2,5 ming km, Tinch okeanidan 5,5 ming km va Hind okeanidan ming km ga yaqin masofada joylashgan. Markaziy Osiyo hududida o‘rta asrlarda – Turon, arab manbalarida Movarounnahr, XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida, aniqrog‘i 1921–1925 yillarda o‘tkazilgan milliy-hududiy chegaralanishigacha Turkiston deb nomlangan, keyinchalik sovetlar davridan boshlab esa O‘rta Osiyo deb ataladigan bo‘ldi. Markaziy Osiyoning tabiati, xo‘jaligi, shaharlari, aholisiga oid dastlabki tarixiy - geografik ma'lumotlar Gerodot (mil. avv. V asr) Kvint Kursiy Ruf, Strabon (mil. avv. II asr) kabi Yunoniston, Rim, shuningdek, Xitoy olimlarining asarlarida mavjud, shuningdek Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ahmad as-Saraxsiy (IX asr) Jayhuniy, Abu Zayd Balxiy (X asr), Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Nosir Xisrav, Mahmud Koshg‘ariy (XI asr), al-Xovakiy, Mahmud Zamaxshariy, Sam'oniy va boshqa mahalliy olimlarning asarlarida ham berilgan. Markaziy Osiyo geografiyasiga oid ma'lumotlar IX – XII asrlarda yashagan sayyoh olimlar Ibn Xo‘rdodbek, Ibn al-Faqiq, ibn Rusta, al-Muqaddasiy, al-Mas'udiy, ibn Fadlan, Istahriy, ibn Xavqal kabilarining asarlarida ham uchraydi. Markaziy Osiyo mintaqasining yana bir tarixiy nomi mavjud bo‘lib, u ham bo‘lsa “O‘zbekiston”dir. Bu atamaning lotincha ekvivalenti bo‘lgan “O‘zbek” va “O‘zbekiya” atamalari XVI – XVIII asrlarda G‘arbiy yevropa mamlakatlarida nashr etilgan tarixiy, siyosiy va etnik xaritalarda, hamda globuslarda qayd etilgan. Rossiya imperiyasi davrida Markaziy Osiyo deyilganda Orol dengizining shimoliy nuqtasidan to Balxash ko‘lining shimoliy nuqtasigacha o‘tkazilgan to‘g‘ri chiziqdan Eron, Afg‘oniston, Xitoy va Kaspiy dengizi chegaralarigacha bo‘lgan oraliqda joylashgan hudud tushunilgan. Sovet davrida bu tushunchalar bir oz o‘zgargan, chunki 1924 yildagi milliy-hududiy chegaralanish natijasida sobiq mintaqaning anchagina qismi Qozog‘iston tarkibiga kiritildi. Qozog‘istonning chegaralari esa sharqi-shimolda O‘rta Sibirga, g‘arbda Ural tog‘lari va Volga daryosining etaklarigacha, qisman yevropa qit'asigacha cho‘zilib bordi. Rasmiy hujjatlarda va kundalik hayotda “O‘rta Osiyo” va Qozog‘iston tushunchasi keng ishlatilar edi. Sovet ittifoqi parchalangach, uning tarkibida bo‘lgan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston mustaqil davlatlarga aylangandan so‘ng hududi, tarixi, madaniyati, ko‘p jihatdan tillari yaqin bo‘lgan bu mamlakatlarni bir-biriga jipslashtiruvchi yangi va istiqbolli omillar paydo bo‘ldi. “O‘rta-Osiyo va Qozog‘iston” tushunchasi o‘rnini “Markaziy Osiyo” tushunchasi egalladi. Bu besh davlat rahbarlarining 1993 yil yanvar oyi boshida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Prezidentimiz I. A. Karimov tashabbusi bilan mintaqani nomlashda bunday buyon Markaziy Osiyo atamasini qo‘llash to‘g‘risida kelishib olindi. “Markaziy Osiyo” atamasi ham dastlab yuqorida ta'kidlanganidek nemis geograf olimi A. Fon Gumboldning Parijda 1843 yilda chop etilgan 3 jildlik “Markaziy Osiyo tog‘ tizmalarini tadqiq qilish va iqlimini taqqoslash” nomli asarida qo‘llangan. Unda tadqiqotchi mazkur hududning sug‘orish tizimi va tog‘ tizmalarini o‘rganib, Markaziy Osiyoni mustaqil va o‘ziga xos mintaqa sifatida ta'riflagan edi. Yuqorida ta'kidlanganidek “Markaziy Osiyo” atamasi bugungi kunda barcha ilmiy-ommabop adabiyotlarda va jamoatchilik o‘rtasida keng qo‘llanilib kelinmoqda. Ko‘rinib turibdiki, insoniyat sivilizatsiyasi beshiklaridan hisoblangan azim Sirdaryo va Amudaryo oralig‘idagi bepoyon hududlar turli davrlarda siyosiy, tarixiy va geografik asarlarda Turon, Turkiston, Movarounnahr, O‘rta Osiyo, Markaziy Osiyo nomlari bilan atalib kelingan. Mustaqillik sharofati bilan, milliy o‘zlikni anglashga intilish yanada kuchaya boshlagan va tarixiy qadriyatlar tiklanayotgan hozirgi vaqtda, asrlarga bo‘ylashgan ushbu salohiyatli mintaqa tarixini yanada teranroq o‘rganishga qiziqish tobora ortib bormoqda. 1* Badaviy – yovvoyi, qo‘pol, dag‘al, dashtlik demakdir. Ular Arabiston yarimoroli va Shimoliy Afrika chollarida yashovchi ko‘chmanchi yarim ko‘chmanchi arab qabilalari bo‘lgan Sudan va Shimoliy Afrika va boshqa joylarda yashovchi hamda chorvachilik ovchilik bilan shug‘ullanuvchi qabilalar hozir ham badaviy deb nomlanadi 2 O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 2- jild T, 2006. – B 521 Download 80.07 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling