Ma’ruza mashg‘ulotlarining o‘quv materiallari mavzu: kichik biznes va tadbirkorlikning ijtimoiy, iqtisodiy


Download 494.02 Kb.
bet1/22
Sana16.06.2023
Hajmi494.02 Kb.
#1488919
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   22
Bog'liq
5 Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ma\'ruza matni


MA’RUZA MASHG‘ULOTLARINING O‘QUV MATERIALLARI

1.MAVZU: KICHIK BIZNES VA TADBIRKORLIKNING IJTIMOIY, IQTISODIY MOHIYATI

  1. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik tushunchasining mohiyati va ahamiyati.

  2. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni iqtisodiyotda tutgan o‘rni.

  3. Mamlakatni modernizatsiyalash sharoitida O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari.

  4. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga doir xorijiy mamlakatlar tajribalari.

Tayanch so‘z va iboralar: kichik biznes, xususiy tadbirkorlik, tadbirkorlik qobiliyati, soliq imtiyozlari, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kichik korxona.
1. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik tushunchasining mohiyati va ahamiyati
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda ulkan salohiyatga ega bo‘lib, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy tayanchi va poydevori bo‘lgan o‘rta sinfning shakllanib, tobora mustahkamlanib borishiga erishilmoqda.
Tadbirkorlik faoliyati biznesning bir shakli sifatida namoyon bo‘ladi va uning turli sohalarida amalga oshiriladi. "Tadbirkorlik to‘g‘risida"gi qonunga asosan tadbirkorlik - fuqarolarning foyda yoki shaxsiy daromad olishga yo‘naltirilgan mustaqil, tashabbuskor faoliyati bo‘lib, u fuqaroning o‘z nomidan, o‘zining tavakkalchiligi bilan hamda o‘zining yoki yuridik shaxsning (korxonaning) mulkiy javobgarligi asosida amalga oshiriladi. Shunday qilib, tadbirkor to‘la yoki qisman moddiy mablag‘iga yoki moliyaviy resurslarga ega bo‘lgan g‘ayratli inson bo‘lib, u ushbu resurslarni ishini(biznesini) tashkil qilish uchun ishga soladi. Uning tomonidan bunyod etilgan firma(korxona) davlatimizdagi taraqqiy etayotgan kichik biznesning bir qismiga aylanadi.
Biznes bozor iqtisodiyotining barcha ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni qamrab oladi va faqat ishbilarmonlarning emas, balki iste’molchilarning, yollangan ishchilarning, davlat tizimi xizmatchilari xatti-harakatlarini o‘z ichiga oladi. Bu holatda, biznes so‘zining sinonimlari bo‘lib, ma’lum ma’noda tijorat, savdo-sotiq kabi tushunchalar hisoblanadi. Umumiy ko‘rinishda biznes – bu kishilarning bozor munosabatlari tizimidagi ishchanlik faolligidir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2003 yilning 11 oktabrida 439-son bilan tasdiqlangan “Kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlariga tegishli bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar klassifikatsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori kichik korxonalarni aniqlash mezoni sifatida xalqaro amaliyotda keng qo‘llanilayotgan ro‘yxatdagi xodimlar soni ko‘rsatkichini yagona va belgilovchi mezon sifatida ajratib berdi.
Iqtisodiy adabiyotlarda “kichik biznes” tushunchasi ko‘pchilik mualliflar tomonidan turlicha talqin qilinib kelinmoqda va ko‘pincha mazkur tushuncha “kichik korxona” tushunchasi bilan birday ko‘rilmoqda. Kichik biznes zaminida tadbirkorlik ruhi yotadi va usiz to‘laqonli bozor iqtisodiyoti bo‘lishi mumkin emas. Tarixiy tajriba, mamlakat taraqqiyotidagi o‘ziga xos xususiyatlar va milliy an’analarni o‘rganish hamda ularni tadqiq qilish kichik biznesning qator muhim belgilarini ajratib ko‘rsatish imkonini berdi: kichik biznes faoliyatida iqtisodiy mustaqillik, erkinlik va shaxsiy mas’uliyatning yuqori darajada ekanligini; ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga, o‘zgaruvchan yangi talab va muhitga tez moslasha olish imkoniyati mavjudligini; o‘z faoliyatining barcha sohalari va yo‘nalishlarida asosiy e’tiborni iste’molchi talabini qondirishga qaratilganligini.
Kichik biznes mohiyatini tushunishda uning amal qilishi uchun zarur bo‘lgan ikki muhim shartni alohida ta’kidlab o‘tish lozim: birinchidan, mo‘l-ko‘lchilikni ta’minlashga qaratilgan biznesning oliy tamoyili bo‘lmish raqobat qonunining jamiyatda amal qilishi; ikkinchidan, biznes faoliyatini keng taraqqiyoti uchun bozor muhitining mavjudligi.
“Kichik biznes” tushunchasiga xorijiy, mahalliy olimlar va mutaxassislar tomonidan berilgan ta’riflarni umumlashtirgan holda kichik biznes tushunchasiga quyidagicha ta’rif berish mumkin kichik biznes korxonalari – bu yangi biznesning yo‘lga qo‘yilishi tavakkalchiliklari hamda takror ishlab chiqarishning iqtisodiy funksiyalaridagi innovatsiya jarayonining namoyon bo‘lishi bilan mulk va xo‘jalik yuritish shakllarining o‘zgarishi sharoitida foyda olish maqsadida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarilishi orqali aholining ijtimoiy muammolari hamda to‘lovga layoqatli talabini qondirish kabi tub masalalar uzluksizligini bog‘lovchi va uyg‘unligini ta’minlovchi foydali faoliyatning o‘ziga xos turidir”.
Ta’rifning mohiyati shundan iboratki unda, milliy iqtisodiyotning tarkibiy qismi va taraqqiyotining iqtisodiy qonuni sifatida qarab, bozor munosabatlari tizimining ob’yektiv namoyon bo‘lishi deb ta’riflanadi. Unga ko‘ra kichik biznesning subyektlari o‘rtasida tovar (ish, xizmat) ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish yuzasidan vujudga keladigan ishlab chiqarish munosabatlarining majmui kichik biznesning mohiyati sifatida talqin etiladi. Bundan tashqari, kichik biznes tovar mahsulotini yaratish va uni bozorda sotish hamda mayda ishlab chiqarishning bir ko‘rinishini ham raqobat kurashi sharoitida o‘zida ifodalaydi.
XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab kichik biznes sohasi rivojlanib, o‘z imkoniyatlarini tobora kengroq ro‘yobga chiqarishi jahon iqtisodiyoti tarkibidagi sifat o‘zgarishlari bilan izohlanib, bu o‘zgarishlar yo‘nalishlari ko‘plab mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilgan. Jumladan, kichik korxonalar sohasi samarali amal qilishiga imkon yaratuvchi ijtimoiy mehnat taqsimoti tizimidagi miqyos jihatidan yangi tuzilmalar shakllanishiga ta’sir etadigan ob’yektiv omillarini belgilab beruvchi jahon iqtisodiyotidagi bir qator jarayonlarni alohida ajratib ko‘rsatish lozim:
a) ishlab chiqarilayotgan mahsulot, shuningdek qo‘llanilayotgan asbob-uskunalar bo‘yicha ishlab chiqarish ixtisoslashuvining o‘sishi;
b) ko‘plab tarmoqlarda yakka hukmronlik darajasining pasayib borishi bilan ishlab chiqarish diversifikatsiyasining kuchayishi;
v) fond bilan qurollanganlikning yuqori sur’at va darajasi, uncha katta bo‘lmagan quvvat birliklari sharoitida yuqori mehnat unumdorligiga erishishning texnologik imkoniyatlari;
g) ishlab chiqarishda material sig‘imi va energiya sig‘imining, shu jumladan mahalliy hamda ikkilamchi resurslarni qayta ishlash hisobiga pasayishining o‘sib boruvchi ahamiyati;
d) tez moslashuvchan ishlab chiqarish texnologiyalari taqozo etuvchi yuqori sifatli mahsulotlarga bo‘lgan ijtimoiy talabning ko‘payishi;
e) fan-texnika yutuqlaridan foydalanish salmog‘i yuqori bo‘lgan kichik ko‘lamdagi tajriba va sinov ishlab chiqarishlar ahamiyatining ortib borishi.
Kichik biznesning vujudga kelishi va rivojlanishi, ham umumiy tavsif, ham turli konkret mamlakatlarga taalluqli bo‘lgan maxsus tavsif kasb etuvchi ma’lum ob’yektiv sabablar bilan shartlangandir.
Shunday qilib, iqtisodiy rivojlanish darajasi va iqtisodiyoti tarkibiga ko‘ra turlicha bo‘lgan jahon mamlakatlarida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarilish zaruriyati va bir qator ob’yektiv sabablar kichik va xususiy biznes sohasining keng rivojlanishi uchun imkon yaratdi.
Kichik va xususiy biznesning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rni va ahamiyati bu soha tomonidan amalga oshiriluvchi vazifalar orqali namoyon bo‘ladi. Bunday vazifalarni turli-tumanligi esa kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining ham jahondagi barcha mamlakatlar uchun, ham o‘z xususiyatlari bilan ajralib turuvchi har bir alohida mamlakat uchun qandaydir darajada ahamiyat kasb etishidan darak beradi.



Download 494.02 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   22




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling