Rahbarlik karyerasini maqsad qilgan xotin-qizlar talabalik davrlaridanoq, gender-menejmentdan xabardor bo’lishlari ham ahamiyatlidir. Ya’ni, boshqaruvda gender-menejmentni inobatga olish, xotin-qizlarning o’z psixologik jinsiga oid hususiyatlarini kerakli yo’nalishda shakllantirish ham kasbiy ta’limning muhim yo’nalishi sifatida qaralmog’i lozim.
Gender-menejment avvalo ham iqtisodiy, ham psixologik tushuncha bo’lib, u avvalo tadbirkorlik va boshqaruv faoliyatida erkaklar va xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar makoni yaratilgan sharoitda ularning psixologik jinsi xususiyatlarini inobatga olgan ta’limiy boshqaruv dasturlarini taqozo etuvchi shart-sharoitlarni nazarda tutadi. Gender-menejment dasturlari aynan har bir tadbirkor rahbarning professional malakasini oshirish, ulardagi tadbirkorlik layoqatlari o’stirish va takomillashtirishda psixologik jinsi va shaxsiga oid xususiyatlarini inobatga olish, O’zbekiston sharoitida sharqona odob va muomala madaniyatini, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizning o’ziga xos ta’sirchan kuchini e’tirof etishdan iboratdir.
O’tkazilgan tadqiqotlar xotin-qizlar boshqaruvining erkak boshqaruvchiga solishtirilganda, xotin-qizlar jamoasini boshqarishda (pedagogik jamoa yoki tibbiyot muassasalarida) anchagina samarali ekanligini isbot qildi va bunda ayol tabiatiga xos bo’lgan jihatlar muayyan ijobiy rol o’ynashi o’z isbotini topdi. Xotin-qizlarni boshqaruv va rahbarlik faoliyatiga o’qitish tizimida biz qo’lga kiritgan barcha empirik natijalarni albatta inobatga olish va ularni samarali iqtisodiy faoliyatini ta’minlashga erishish lozim.
Psixologik nuqtai nazardan xotin-qizlarning iqtisodiy sohada karyera qilishi yoki boshqaruvga o’zini ruhan tayyorlashida uning faoliyatiga turtki bo’lgan motivasiyasi masalasi ahamiyatlidir. Ya’ni, bu tom ma’noda nima maqsadda, va qanday ichki turtki-motivlar insonni aynan iqtisodchi bo’lishga, keyinchalik boshqaruvchi bo’lishga undaydi, degan savolga javobdir. Psixologiya bu holatni birinchi navbatda shaxsning o’zini o’zi amaliy hayotda namoyon etishga imkoniyati bilan bog’lab o’rganadi. Chunki agar motivasiya aynan istiqbolga yo’nalgan, dadil va maqsadga qaratilgan bo’lsa, unday yoshlarni nimagadir o’rgatish, o’qitish osonroq kechadi. Aynan shu toifa bilan o’qitishning yangicha innovatsion texnologiyalarini qo’llash sezilarli samaralar beradi. Chunki o’quvchida ichki ruhiy hozirlik yetarli darajada bo’ladi. Ichki motivasiyasi kuchli yoshlar bilan muloqotdagi pedagog-mutaxassisdan ham ko’proq intellektual salohiyat va psixologik kompetensiya talab etiladi. Chunki o’qitish texnologiyalarini tanlashda pedagog avvalo talabani muayyan maqsadga erishishda bir qancha konkret faoliyat va harakatlar orasidan eng maqbuli va samaralisini tanlash sharoitida o’qitishi, bunda uning tafakkuri yoki fikrlashidan tashqari, ijtimoiy xulqning eng maqbul modelini tanlashga o’rgatishi maqsadga muvofiqdir. Iqtisodiy ta’limning eng muhim vazifasi ham yoshlar uchun ana shunday ta’sirchan modellarni tanlash va ular asosida innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir. Pedagogik-psixologik texnologiyalarni tanlashda biz quyida taklif etayotgan tipik vaziyatlarni asos qilib olish mumkin bo’ladi.
1-vaziyat: Talaba qiz kelgusida rahbar yoki boshqaruvchi-menejer bo’lish uchun yaqin qarindoshlari, ota-onasi yoki turmush o’rtog’ining qarshiligini yenga olishi kerak.
2-vaziyat: Iqtisodchi sifatida faoliyat boshlagan ayolga birdan kutilmagan holda o’z jamoasini boshqarish taklif etildi. Uning taktik xulqi qanday bo’lishi kerak?
Do'stlaringiz bilan baham: |