Bog‘ juda orasta, yo‘laklarga oltinrang qumlar solingan, marmar ariqlardan tiniq suvlar jildirab oqadi. Chorchamanlarda mamlakatning eng noyob gullari muattar hid taratib ochilib turibdi (P.Qodirov).
6. Parselyatli tuzilmalar yordamida birikish. Og‘zaki nutqda, matnda ba’zan muloqot talabiga ko‘ra yaxlit bir jumlada uzilish sodir bo‘ladi. So‘zlovchi tinglovchiga biror voqea-hodisa haqida xabar berayotganda mana shu xabar ichidagi eng muhim fikrni boshqalaridan ajratib, alohida ta’kidlab aytishga harakat qiladi. Ma’lumki, ta’kid og‘zaki nutqda ohang, pauza, mantiqiy urg‘u kabi vositalar yordamida amalga oshirilsa, matnda parsellyativ tuzilmalar - matn komponentlarini ekspressiv-stilistik maqsadga ko‘ra qayta tartiblash orqali namoyon bo‘ladi. Masalan: 1.Hurriyat va adolat uchun kurashish kerak. Yoki: 2. Kurashish kerak. Hurriyat uchun. Adolat uchun. Birinchi gap odatdagi tartibda tuzilgan sodda gap hisoblanadi. Ikkinchi gap esa parselyatli tuzilma hisoblanadi. Uch komponentli bu qurilmada birinchi qism - asos, qolganlari esa parselyat bo‘lak hisoblanadi. «Parselyatli tuzilmalardagi tartib mohiyat e’tibori bilan ta’sirchan so‘z tartibi bo‘lib, uslubiy jihatdan betaraf tuzilmali gap qismlarini kommunikativ maqsadga muvofiq tarzda guruhlash, sintaktik jihatdan qayta o‘rinlashtirish sifatida ro‘yobga chiqadi. Gap tuzilmasini bu xilda qayta qurish (uning qismlarini sintaktik jihatdan qayta tartiblash) ma’lum qismni mantiqiy jihatdan ajratishga asoslanadi va o‘ziga xos ekspressiv ifoda shakli hamda funksional - semantik munosabatlar tarkib topadi».105
Jalil aka deraza tagida yotardi(1). To‘shakda (2). Bolishi baland (3). Unga suyanib‚ boshini ko‘tarsa‚ bog‘ni ko‘radi (4). O‘zi obod qilgan bog‘i (5). (Sh.Xolmirzayev).
Bu matn parchasi beshta gapdan tashkil topgan. 1-gap asos, 2-gap parselyat. Asosdagi o‘rin holi konkretlashtirilmaganligi uchun parselyat bo‘lak sifatida ajratilgan. 3-parselyat gap ham asosdagi o‘rin holini ta’kidlashga xizmat qilgan. Shuningdek, 4-gap bilan 1-gap o‘rtasidagi aloqani zichlashtirgan. Ya’ni, qahramon deraza tagida yotibdi. To‘shakda yotibdi. Baland bolishli to‘shakda yotibdi. Unga suyansa o‘zi obod qilgan bog‘ni ko‘radi. 5-gap 4-gapning parselyati hisoblanadi. Ya’ni asos (4) dagi to‘ldiruvchi (bog‘)ni aniqlashga xizmat qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |