Matn lingvistikasi
Nominativ (atov) va infinitiv gaplar
Download 0.82 Mb.
|
Matn lingvistikasi
- Bu sahifa navigatsiya:
- 8. Murojaat birliklari va ularning matnni shakllantirish imkoniyatlari.
7. Nominativ (atov) va infinitiv gaplar ham matnni shakllantiruvchi sintaktik birliklar hisoblanadi. Atov gaplar bosh kelishikdagi ot orqali ifodalangan grammatik asos yordamida ifodalangan narsa-buyumning mavjudligini anglatadi. Atov gaplar matnda yolg‘iz qo‘llanmaydi, ulardan keyin atov gap mazmunini ochuvchi, tavsiflovchi boshqa gap yoki gaplar keltiriladi. Natijada matn hosil bo‘ladi. Masalan: Bugun bayram. Ko‘chalar gavjum. Sho‘x-sho‘x kuylar yangraydi. Guras-guras odamlar o‘tadi. O‘yin-kulgi, shodon shovqin bahor osmonini titratadi (O‘.Hoshimov).
Infinitiv gaplar grammatik asosi harakat nomi bilan ifodalanadigan, yakka so‘z yoki so‘z birikmasidan iborat bo‘lgan gaplardir: Sevmoq! Bu toshga qarab ham gulni ko‘rmoqdir. Yoki, Kutish! Soniyalar daqiqalarga, daqiqalar soatlarga aylanadigan bekat. 8. Murojaat birliklari va ularning matnni shakllantirish imkoniyatlari. Murojaat birliklari kundalik hayotimizda, nutq faoliyatida – nutq jarayonida keng qo‘llaniladigan, o‘zaro aloqa aralashuvga faol xizmat qiladigan, so‘zlovchining tinglovchiga bo‘lgan munosabatini ifodalaydigan, o‘zida turli modal ma’nolarni tashiydigan o‘tkir, ta’sirchan vositadir. Murojaat birliklaridan nutqda tinglovchi e’tiborini tortish, xitob qilish, undash kabi maqsadlarda foydalaniladi. Bunday birliklarda so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi yaqinlik, hurmat, ishonch; masofa (subordinatsiya), hurmatsizlik, ishonchsizlik kabi kommunikativ munosabatlar ham ifodalangan bo‘ladi. «Shunga ko‘ra doimiylik belgisiga ega bo‘lgan murojaat birliklari nutqda appelyativ (xitob va murojaat orqali muloqotni boshlash), konnotativ (sub’ektiv munosabat – salbiy va ijobiy munosabatlarni ifodalash), emotiv (hissiy munosabat) funksiyalarni bajaradi.»106 Misollar: - Malikam,- debdi jahl otiga minib. – Sizga ruxsat! Saltanat xazinasidan o‘zingiz uchun eng qimmatli narsani oling-da yurtingizga jo‘nang! (O‘.Hoshimov) Hoy, ovsar! Bosar-tusaringni bilmay qolding-ku! (S.Ahmad). Oyisha, Oyisha, Oyisha ona, Nechun ko‘zlaringdan oqar marjon yosh (A.Oripov). Keltirilgan birinchi misoldagi «malikam» murojaat birligi appelyativ-xitob, murojaat qilish orqali o‘zaro muloqotni boshlash vazifasini bajarmoqda. Ikkinchi gap tarkibidagi «ovsar» murojaat birligi kamsitish, haqorat kabi shaxsiy munosabatni ifodalash orqali konnotativ vazifani bajargan. Uchinchi gapda so‘zlovchining emotsional munosabati takror qo‘llanuvchi «Oyisha ona» murojaat birligi orqali yana-da aniq ifodalangan. Murojaat birliklarining badiiy matndagi qo‘llanilishini o‘rganishda kim, kimga, nimaga, qanday holatda, qanday nutqiy vaziyatda murojaat qilinayotganligiga e’tiborni qaratish kerak bo‘ladi. Murojaat qilinayotgan ba’zan narsa-buyum bo‘lishi ham mumkin. Masalan: Ayo, sarv! Yuksaklarga intilmoqni bizga ham o‘rgat! Ay, g‘uncha! O‘zlikni namoyon etmoqni o‘rgat! (J.Rumiy) Tahlilda buning sababi aniqlanishi talab qilinadi. Yozuvchi yoki shoirning murojaat qilishdan maqsadi va badiiy niyati nimadan iborat ekanligi, murojaat birliklaridagi denotativ va konnotativ ma’nolar haqida mulohaza yuritiladi. Adabiyotshunoslikda mazkur usul ritorik murojaat atamasi ostida o‘rganiladi. Ritorik murojaatda ritorik so‘roqda bo‘lgani kabi javob talab qilinmaydi, balki, «ob’ektga e’tiborni kuchaytiradi va kitobxonda biror munosabatni uyg‘otadi». 107 Asosan, «shoirning poetik nutqda o‘zi xohlagan intonatsiyani – tantanavorlik, ko‘tarinkilik, g‘azabkorlik, kesatish kabilarni ifodalashda»108 keng foydalaniladi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling