Matn lingvistikasi
Download 0.82 Mb.
|
Matn lingvistikasi
Antiteza (antithesis – qarama-qarshi qo‘yish, zidlash) deb mantiqiy jihatdan qiyoslanuvchi fikr, tushuncha, sezgi va timsollarni qarama-qarshi qo‘yish, zidlash hodisasiga aytiladi. Voqea-hodisalar mohiyatidagi ziddiyatni ochish uchun asosan, badiiy nutqda zid ma’noli qo‘shimchalar, zidlovchi bog‘lovchilar, so‘z va iboralardan foydalaniladi. «Zidlashda voqea, hodisa, belgilarni o‘zaro zid qo‘yib shulardan birining belgisi alohida ta’kidlanadi. Zidlash hodisasi ham ikki komponentdan iborat bo‘ladi va keyingi komponentdan anglashilgan mazmun ta’kidlanadi. Demak, zidlashda ikki qism mavjud: zidlovchi qism va zidlash asosida ta’kidlanuvchi qism». Zidlash asosan bog‘langan va bog‘lovchisiz qo‘shma gap shakllarida kuzatiladi. Badiiy matnni lisoniy jihatdan tahlil qilishda zidlantirishdan yozuvchining ko‘zda tutgan maqsadi nima ekanligini aniqlash talab qilinadi. Yozuvchining mahorati zidlantirilayotgan voqeliklar uchun tanlangan ifoda materialida yanada aniq ko‘rinadi. Masalan: Noningni yo‘qotsang yo‘qot, nomingni yo‘qotma! (O‘.Hoshimov) Bu misolda bir-biriga aloqasi bo‘lmagan ikkita tushuncha - non va nom zidlantirilyapti. Nega? Yozuvchi nima uchun bu ikki tushunchani qarama-qarshi qo‘yyapti? Aslida non – hayotning, tiriklikning ajralmas bo‘lagi. Bir parcha non topib eyish uchun odamzod mehnat qiladi, ter to‘kadi. Ammo hayotda o‘sha bir parcha nonni topaman deb o‘z nomiga, sha’niga dog‘ tushirayotganlar ham uchrab turadi. Non zarur, lekin nom undan ham muhim ekanligi mazkur misolda ta’kidlanmoqda. Haqiqatan ham nonini yo‘qotgan uni qaytib topishi mumkin, lekin o‘z nomiga, sha’niga dog‘ tushirsa-chi? Uni qaytib tiklab bo‘lmaydi. Bu misoldagi «non»ni «hayot uchun kerak bo‘lgan hamma narsa, mol-dunyo» ma’nosida ham tushunish mumkin. Yoki: Nodonlar davrasida kar bo‘l. Donolar davrasida soqov bo‘l... (O‘.Hoshimov) Bu misolda antitezaning ifoda materiali sifatida nodon – dono, kar – soqov birliklari keltirilgan. Bolalikda dunyo kengu kiyim tor. Keksayganda kiyim kengu dunyo tor...(O‘.Hoshimov) Zidlanishni yuzaga keltirayotgan birliklar (bolalik – keksalik, keng – tor, keng dunyo – tor dunyo, tor kiyim – keng kiyim) xiazmatik konstruksiya shaklida kelib kontrastlikni yanada bo‘rttirib ifodalashga xizmat qilgan.
Adabiyot ilmida oksyumoron deb ataluvchi hodisada ham mantiqan biri ikkinchisini inkor etadigan, bir-biriga mazmunan zid bo‘lgan ikki tushunchani ifodalovchi so‘zlar o‘zaro qo‘shib qo‘llaniladi. Oksyumoron grekcha so‘z bo‘lib, «o‘tkir lekin bema’ni» degan ma’noni bildiradi. Ular ayrim adabiyotlarda «okkozional birikmalar», «noodatiy birikmalar» yoki «g‘ayriodatiy birikmalar166» deb ham yuritiladi. Bunday birikmalar individualligi, yangiligi, ko‘nikilmaganligi va ohorliligi bilan tasvir ifodaliligini ta’minlaydi: Sokin hayqiriq (M.Ali). Otashin muz, yong‘inli daryo, so‘qir lomakon, qora nur, yalang‘och shuur, yaxlagan sarob (R.Parfi), oppoq tun, so‘zsiz suhbat kabi birikmalar oksyumoronga misol bo‘ladi. Bunday g‘ayriodatiy birikmalar antitezaning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilinadi. Ma’lumki, istalgan ikki so‘zni biriktirish bilan oksyumoron yuzaga kelavermaydi. Bunday birikmalar yozuvchining badiiy tafakkur mahsuli hisoblanadi. SHuning uchun g‘ayriodatiy birikmalarni mantiqsizlik bilan bog‘lash mumkin emas. Ularga estetik hodisa sifatida yondashish zarur. O‘zaro bog‘lanmaydigan so‘zlarni bog‘layotgan kuch nimada? Ularning birikib badiiy effekt berishi uchun qanday ifoda imkoniyati mavjud? Yozuvchini bunday «maromsiz» birikmalar yaratishga nima majbur qildi? kabi savollar bilan mazkur hodisa mohiyatiga kirib borish mumkin. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling