Matn: yangi o‘zbekistonda el aziz, inson aziz nazariy ma’lumot
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon hayoti va ijodi
Download 0.87 Mb.
|
O\'zbek tili fanidan mavzular
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon hayoti va ijodiCho‘lpon 1897-yilda Andijonning «Qatorterak» mahallasida ziyoli oilasida dunyoga kelgan. Adibning ijodi 1913-1914-yillardan boshlangan bo‘lib, u avval «Qalandar», «Mirzaqalandar», «Andijonlik» va nihoyat Cho‘lpon (Tong yulduzi) taxallusi bilan ijod qila boshladi. U ham shoir, ham nosir, ham dramaturg sifatida o‘z xalqi adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shdi. Uning dastlabki asarlari «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg‘ona» kabi mahalliy ro‘znomalarda, shuningdek, Orenburgda chiqadigan «Sho‘ro» nomli oynomada ham nashr etiladi. Xususan, Cho‘lponning «Ishtirokiyun», «Qizil bayroq», «Turkiston» hamda «Buxoro axbori» kabi ro‘znomalardagi faoliyati ham uning ijodiy shakllanishida mahorat maktabi bo‘lib xizmat qildi. Cho‘lpon ocherknavis va publitsist sifatida ham barakali ijod qildi. 1914-1917-yillarda «Bahor ovullari», «O‘sh», «Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar» hamda «Do‘xtir Muhammadiyor» asarlarida madaniyat va ma’rifat targ‘ibotchisi sifatida maydonga chiqdi. Oktyabr to‘ntarishidan keyingi 1920-1924-yillarda hayotda sodir bo‘layotgan xush va noxush o‘zgarishlarni qalamga oldi. Uniig «Yo‘lda bir kunduz», «Yo‘lda bir kecha», «Sharq poyezdi keldi», «Sharq uyg‘ongan», «Chimkent», «Quturgan mustamlakachilar», «Yo‘l esdaligi» singari o‘nlab sayohat ocherklari va publitsistik maqolalari yaratildi. Shoir 1922-1926-yillarda o‘zining «Tong sirlari», «Uyg‘onish» va «Buloqlar» kabi uchta she’riy to‘plamini nashr ettirdi. 30-yillarga kelib «Soz» va «Jo‘r» kabi she’riy to‘plamlari tayyorlandi. Ammo «Soz»i chop etiladi-yu, «Jo‘r» to‘plami katag‘onlik shamoli tuzog‘iga ilinib, qolib ketadi. Shoir to‘plamlari orasida «Buloqlar» (1922) ajralib turadi. Unda shoir yaxlit holda mazlum Sharq taqdiri fojeasi haqida o‘z qarashlarini to‘kib soladi. To‘plam besh bo‘limdan iborat bo‘lib, «Sharq uchun», «Sezgilar», «Sevgi», «Qora yo‘llar» va «Qor qo‘ynida» deb nomlanadi. Cho‘lpon 1925-yillarga kelib «Muhit kuchli ekan, egdim bo‘ynimni» deya ijod sohasida qarashlarining o‘zgarganligini e’tirof etadi. Uning «Mening tovushim», «Kuz», «Buzilgan o‘lkaga», «Yupatmoq istagi» kabi dardchil she’rlari yoniga «Qizil bayroq», «Xalq», «Qo‘zgolish», «Qor», «Bir tilla qo‘ng‘iz», «Yaproq uchun» kabi umidli, armonli va fayzli she’rlari qo‘shildi. Shoir yaratgan ikki yuzdan ortiq she’riy asarlar o‘z xalqi, yurti, baxti, kelajagi, mustaqilligi, ozodligi haqidagi kurashning adabiy solnomalaridandir. Cho‘lpon yetuk lirik shoirgina emas, yirik nosir sifatida o‘nlab publitsistik maqolalar, ocherk va hikoyalar, «Qor qo‘ynida lola», «Yov» qissalari va «Kecha va kunduz» (1938) kabi ajoyib romanining birinchi («Kecha») qismini nashr ettirgan iste’dodli adib hamdir. U dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning «Xalil farang», «Cho‘rining isyoni» kabi kichik pyesalari, «O‘rtoq Qarshiboyev», «Mushtumzo‘r» kabi yetuk dramalari hamda ko‘p vaqt sahnadan tushmagan «Yorqinoy» pyesalari mashhur bo‘lgan. Shuningdek, rus yozuvchisi V.Yan bilan hamkorlikda «Hujum» dramasini yaratgan. Cho‘lpon adabiy tanqid sohasida «Sho‘ro hukumati va sadoi nafisa», «Adabiyot nedur?» kabi mazmunli maqolalar ham yaratgan. Shuningdek, Cho‘lpon mohir tarjimon sifatida M. Gorkiyning «Ona», A. Pushkinning «Dubrovskiy» qissasi va «Boris Godunov» kabi pyesalarini hamda V. Shekspnrnnng mashhur «Hamlet»ini o‘zbekchaga o‘girgan. Abdulhamid Cho‘lpon ham Fitrat va Abdulla Qodiriy kabi qatag‘onlik siyosati qurboni bo‘lgan. U 1937-yilning 14-iyulida qamoqqa olinib, 1938-yilning 4- oktabrida otib tashlangan. 1956-yilda oqlanib, 1991-yildagina birinchi bor «Yana oldim sozimni» nomi bilan eng yaxshi she’riy asarlari to‘plam holida nashr etildi. Hozirgi kunda Cho‘lpon nomida nashriyot, ko‘cha, mahalla, kutubxona va maktablar qo‘yilgan. Uning Fozila (1906), Foiqa (1903) ismli qizlari va nabiralari Namanganda yashaydi. Unga 1991-yil 25-sentabrda «Yana oldim sozimni» kitobi uchun Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi. GO‘ZAL Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib, Eng yorug‘ yulduzdan seni so‘raymen. Ul yulduz uyalib, boshini bukib, Aytadir:"Men uni tushda ko‘ramen. Tushimda ko‘ramen, shunchalar go‘zal, Bizdan-da go‘zaldir, oydan-da go‘zal!.." Ko‘zimni olamen oy chiqqan yoqqa, Boshlayman oydan-da seni so‘rmoqqa, Ul-da aytadirki:"Qizil yong‘oqqa Uchradim tushimda, ko‘milgan oqqa. Oqqa ko‘milganda shunchalar go‘zal, Mendan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!.." Erta tong shamoli sochlarin yozib, Yonimdan o‘tganda so‘rab ko‘ramen. Aytadir:"Bir ko‘rib, yo‘limdan ozib, Tog‘u toshlar ichra istab yuramen! Bir ko‘rdim men uni - shunchalar go‘zal, Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!.." Ul ketgach kun chiqar yorug‘liq sochib, Undan-da so‘raymaen sening to‘g‘ringda. Ul-da uyatidan berkinib, qochib, Aytadir:"Bir ko‘rdim, tushdamas o‘ngda. Men o‘ngda ko‘rganda shunchlar go‘zal, Oydan-da go‘zaldir… mendan-da go‘zal!.." Men yo‘qsil na bo‘lub uni suyibmen?! Uning-chun yonibmen, yonib-kuyubmen. Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yubmen, Men suyub…men suyub…kimni suyubmen? Men suygan "suyukli" shunchalar go‘zal, Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!!!" Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling