Mavzu №1: ilmiy tadqiqot metodologiyasi fanining maqsadi, O'quv fanlari tizimidagi o'rni
Download 29.68 Kb.
|
1 лекция
Ilmiy tadqiq deganda, borliq (voqelik)ning ma'lum bir bo'lagi, birligi (elementi) - tadqiq manbayi haqida shunday bilim hosil qilish, tadqiqotchidan oldin qo'lga kiritilgan ma’lumotlarni to'ldirishga qaratilgan insoniy faoliyat tushuniladi.
Voqelikdagi istagan katta-kichik birlik (element, hodisa, munosabat) tadqiq manbayi (o'rganish obyekti) bo'la oladi. Chunonchi, ulkan yoki tor masala ham bir xilda ilmiy tadqiq manbayi bo'lishi mumkin. Ilmiy tadqiq metodikasi deganda, tadqiq manbayi (o'rganish obyekti) haqida ilmiy bilim hosil qilish usul (yo'l-yo'riq)lari tushuniladi. Shuning uchun falsafa bo'yicha darsliklarda ham, "O'zbek tilining izohli lug'atida ham metodika biror ishni bajarish, amalga oshirish, ado etish metodlarining, usillarining yig'indisi (O'TIL. 1,461-b.) deb ta'riflanadi. Ilmiy tadqiq metodikasi bir necha tarkibiy qismni o'z ichiga oladi: Bunda eng muhim qismlardan biri tadqiqotchining izlanishga qanday yondashishi, o'rganish obyektini qanday tushunishi, unga qaysi nuqtayi nazardan turib yondashishidir. Mana shu omillar ilmiy tadqiqot metodologiyasini tashkil etadi. Metodologiya tadqiqotchiga narsa (o'rganish obyekti)da nimalarni izlashi, topishi, izohlashi, ochib berishi lozimligini ko'rsatib turadi. Bu uning yo'lchi yulduzi, qayerga borishi va kelishi lozimligini ko'rsatib turuvchi mayog'idir. Tadqiqotchida va izchil tadqiqotda metodologiya hamisha bitta bo'lib, u olimning dunyoqarashini tashkil etadi. Shuning uchun juda ko'p holda metodologiya, tadqiqotchining bilish nazariyasi tamoyillari (gnoseologik prinsip)lari, tadqiqotchining dunyoqarashi, tadqiqotchi (tadqiqot) mantiqi (logikasi) kabi shaklan har xil tushunchalar bir xil ma'no va vazifada - sinonimlar sifatida bemalol qo'llanilaveradi va bunda hech qanday xato yo'q. Haqiqatan ham, bular o'zaro juda yaqin tushunchalardir. Istagan tadqiq manbayi serqirradir. Tadqiq manbayining ma'lum bir qirrasi (tomoni)ni o'rganish (“o'lchash”)ga xoslangan usul (yo'1-yo'riqlar, mezon)lar tadqiq metodi deb aytiladi. Bitta tadqiq manbayi minglab qirra (tomon)larga ega bo'lganligi sababli minglab metodlar bilan o'rganilishi mumkin. Shuning uchun metod deganda ko'pincha "tabiat va jamiyat hodisalarini bilish, tadqiq qilish usuli" (O'TIL, 1,461), tadqiq manbayining ma'lum bir qirrasi (xususiyati, tomoni)ni o'rganishga xoslangan usul tushuniladi.1 Bizda, odatda, O'TlLda izohlangandek tushuniladi va bu to'g'ri emas. Chunki bunday talqinda metod va metodika o'zaro aralashib ketadi. O'TlLda berilgan tavsif "Tabiat va jamiyat hodisalarining ma'lum bir xususivati (tomoni)ni bilish, tadqiq qilish usuli" deb muayyanlashtirilishi lozim. O'TlLda keltirilgan namunaviy misol ham (dialektik metod, qiyosiy metod) izohtalabdir, buni kursimizning tadqiq manbayiga yondashish masalasi bilan bog'liq maxsus bo’limida sharhlaymiz. Tadqiq mavzusi, uning tanlanishi, o'rganilish tarixi, dolzarbligi, muammolari, yechimlari farazi, ilmiy va amaliy ahamiyatini asoslash, mavzu bo'yicha material yig'sh, tajriba o'tkazish, natijalarni sistemalashtirish va nihoyat ilmiy ishni yozish-u xulosalash ham ilmiy tadqiq metodikasining tarkibiy qismi bo'lib, tadqiq bosqichlari va jarayonnini belgilaydi. Bundan xulosa chiqarish mumkinki, ilmiy tadqiq metodikasi uch asosiy tarkibiy qismni o'z ichiga oladi. Bular: tadqiq metodologiyasi, tadqiq metodlari, tadqiq bosqichlari (jarayoni). Bulardan birinchi va ikkinchisi tadqiqotchining ilmiy-nazariy va falsafiy-metodologik tayyorgarlik darajasi bilan bog'liq bo'lib, shu malaka va ko'nikmalar asosida tadqiqotchi ma'lum bir manba ustida ilmiy o'rganishni amalga oshiradi. Mana shuning uchun mustaqil ilmiy tadqiqot olimdan: a) fan asosini, yondosh fanlarni chuqur bilishni; b) ilmiy adabiyotlar ustida mustaqil ishlash ko'nikmalariga ega bo'lishni; d) axborot manbalarini, ular ichida o'ziga zarur va mavzuga aloqador ishlarni tez topish yo'llarini bilishni; g) o’qilgan, onglilik va izchillik bilan tatbiq etila olinadigan metodologik tamoyillar (aniq ilmiy-falsafiy dunyoqarash)ga ega bo'lishni talab etadi. Shunday tayyorgarlikka ega bo'lgan mutaxassisgina o'z faniga doir ma'lum bir mavzu (manba) ustida mustaqil ilmiy tadqiq ishiga kirisha oladi. Bakalavriat bosqichida yuqorida a, b, d bandlarda sanab o'tilgan malakalarni egallasangiz, magistraturaning "Ilmiy tadqiq metodikasi"kursi Siz, bo'lg'usi tadqiqotchilarda, ilmiy ishga onglilik bilan yondashish, mustaqil ilmiy ish olib borish ko'nikmalarini hosil qilishga xizmat qiladi. Shuning uchun ushbu kurs bakalavriat bosqichida olgan ta'limingizning bevosita davomidir. Kursning samaradorligi birinchi navbatda oldingi bilimlaringizning mustahkamligi bilan ta'minlanadi. Bu o'quv fani mazkur a, b, d bandlarda sanab o'tilgan bilim, malaka va ko'nikmalarni ilmiy tadqiq metodologiyasiga onglilik bilan yondashish bilan to'ldiradi, bir manbani turli metodlar bilan tadqiq etish natijalarini birlashtirish usullarini o'rgatadi, xolos. Ijodiyot - insoniyatning tabiiy resurslarni ongli ravishda o`zlashtirishi, shuningdek inson qobiliyatining rivojlanishi natijasida yangi moddiy va ma`naviy qadriyatlar yaratish jarayonidir. Ijodiy o`zlashtirishda subyekt ongining faolligi uzoq izlanishlarni, chekinishlarni, topilmalarni, ko`pincha esa xato va yanglishuvlarni, subyekt ijodining natijasi bo`lgan yangini kashf etishni nazarda tutadi. Ijod yordamida odam o`z ongida saqlanayotgan rejalarni, niyatlarini, loyihalarini amalga oshiradi, ularni voqelikning real predmetlari va hodisalarida moddiylashtiradi. O`z oldida turgan vazifalarni hal qilishga ijodiy yondashish - inson ruhining, intellektining oliy ko`rinishidir. Ijodiy faollik elementlari oliy hayvonlar - maymunlar, del'finlar va itlarda ham mavjud, lekin faqat insongina o`zining atrofdagi voqelikni o`zlashtirishi, o`rganishi va o`zgartirishida ongli ravishda ijodiyotga tayanadi. Prognozlash, faraz qilish, mavjud, ammo yetarli bo`lmagan axborotni to`laroq o`ylab, fikrlab ko`rish ham inson aqlining ijodiy faolligi namoyon bo`lishidir. 3. Oʻquv kursining zaruriy adabiyotlari. Kurs boʻyicha adabiyotlar haqida. Bu o'quv fani bo'yicha hozircha maxsus darslik bo'lmasa-da, ayrim-ayrim mavzulari bo'yicha ilmiy tadqiqotlar, yosh tadqiqotchilar uchun tavsiyalar anchaginadir. Xususan, ilmiy tadqiq metodologiyasiga bag'ishlab juda katta va ko'p tarmoqli tadqiqotlar amalga oshirilgan, zeroki, metodologiya, aytib o'tganimizdek, falsafaning gnoseologiya bo'limi (bilish nazariyasi) bilan to'qnashadi. Bu umumiylik shu darajadaki, G.F.Hegel va unga tayanuvchi tadqiqotchilar ko'p holda dialektika, gnoseologiya va dialekiik mantiqni ayni bir narsa deb tushunadi. Voqelik hodisa va qonuniyatlari haqida ilmiy tushuncha hosil qilish esa dialektik mantiq tamoyillari bilan amalga oshiriladi. Shuning uchun dialektika, dialektik mantiq (dialektik logika) bilan aloqador har qanday tadqiqot (bunday ishlar esa fanda juda ko'pdir) ayni zamonda ilmiy tadqiq metodologiyasiga ham aloqadordir. Falsafa bo'yicha oddiy darslikdan boshlab, dialektikaning eng chigal jumboqlarigacha bo'lgan chegaradagi falsafiy adabiyotlar ilmiy tadqiq metodologiyasiga (ya'ni o'quv fanimizning shu bo'limiga) aloqadordir. Metodologik (falsafiy) adabiyotlarni o'rganish jarayonida bir narsaga alohida e'tibor qaratish lozim. 1920-1990-yillarda sobiq SSSRda chiqarilgan ilmiy-falsafiy adabiyotlarning barchasi ateistik-materialistik nuqtayi nazarda turib yozilgandir. Siz bunday ishlarga ham, diniy nuqtayi nazardan turib IX-XIX asrlarda yozilgan diniy-ilmiy adabiyotlarga ham, ruhoniy (idealistik) nuqtayi nazardan talqin beruvchi XVIII-XX asr Yevropa falsafiy adabiyoti (F.Bekon, l.Kant, F.Hegel v.b. faylasuflar) asarlariga ham tanqidiy yondashishingiz lozim. Xuddi shunday fikrni diniy-islomiy falsafiy-badiiy (chunonchi, "Mantiqut-tayr", "Lisonut-tayr”) asarlar haqida ham aytib o'tmoq zarur: har bir muallif ma'lum bir nuqtayi nazarda turadi. Hozirgi zamon tadqiotchisi turli xildagi talqinlarni bilishi zarur, lekin uning o'zi qanday nuqtayi nazarni ilgari suradi - bu uning vijdoniy erkinligidir. Mashhur o'zbek olimi, adabiyotshunos va shoir Shoislom Shomuhammedov Umar Xayyom ruboiylari nashri oxirida bergan o'z ruboiysida shunday yozadilar: Xayyomdan o’qigil jahon bahsini, Undan topajaksan zamon naqshini. Aqling elagidan o'tkazib bir-bir, O'zing ajratib ol yomon-yaxshini. Shunga o'xshash turli davrlarda, turli mafkura hukmronligi sharoitida yozilgan ilmiy tadqiqotlarni o’qish o'quvchidan zakovatni, asar yozilgan davr mafkurasiga nisbatan tanqidiy yondasha olishni talab qiladi. “Milliy istiqlol g'oyasi", "Falsafa" o'quv fanlari, mana, Siz hozir o'rganayotgan bu kurs Sizda shunday yondashish malakalarini hosil qilishga xizmat qiladi. XX asrning 70-yillaridan keyingi ilmiy adabiyotlar va bu sohadagi eng so'nggi yangiliklarni INTERNET hamda INTERNET NEWSdan topasiz. Ilmiy tadqiq jarayoni bo'yicha adabiyotlardan eng sarasi buyuk allomalar Ibin Sino, Forobiy, Beruniy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Mirzo Ulug'bek Tarag'ay, Imom Ismoil Buxoriy, Mirzo Bobur, Jaloliddin Rumiy, Mir Alisher Navoiy, Mahmud Koshg'ariv. Isaak Nyuton, Galileo Galiley, Nikolay Kopernik, Albert Eynshteyn, Dmitriy Mendeleyev, Immanuil Kant, Fridrix Gegel kabi yuzlab olim va fozillar haqidagi ilmiy-badiiy asarlardir. Shuningdek, olimlarning o'z ilmiy tadqiq, kashfiyot va faoliyatlari haqidagi asarlari, tadqiqotchilarning ilmiy jarayon haqidagi asarlari ham bu kurs mohiyati va ilmiy tadqiq jarayonini uqishga katta foyda beradi. Shuning uchun quyida tavsiya etiladigan adabiyotlar ro'yxati, asosan, bo'lajak tadqiqotchini bunday ishga yo'naltiruvchi bir ko'rsatkichdir, xolos. Mavzuni mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar: 1. Ushbu kursning maqsad va vazifalari nimadan iborat? Metod, metodika va metodologiya tushunchalarini izohlang. Ilmiy tadqiqot bo'sag'asi nimadan iborat? Ilmiy tadqiq nima? Tadqiqotchi metodologiyasi deganda nimani tushunasiz? Ilmiy tadqiq olimdan qanday bilim, malaka va ko'nikmalarni talab etadi? Ushbu kursni o'zlashtirishda qaysi adabiyotlar kerak bo'ladi? 1 Filоsоfiya. Nаukа. Mеtоdоlоgiya. – M.: Nаukа, 1980. – B.8. Download 29.68 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling