Masalan, O‘zbekiston Respublikasining umumiy maydoni 450 ming km kv. bo‘lib, bu hududda oqib turadigan suv hajmi 117 km kubni tashkil qiladi. Shuningdek, bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 52,8 km kub, Tojikistonda 71,2 km kub, Turkmanistonda 68,6 km kubga teng. Gap suv to‘g‘risida borar ekan, xo‘sh, yer yuzidagi shuncha suv qayerdan kelgan yoki qanday hosil bo‘lgan degan savol qadimdan odamzotni qiziqtirib kelgan. Quyida ana shu savollarga qisqacha javob berishga harakat qilamiz. Yer sayyorasining hosil bo‘lishi to‘g‘risidagi keng tarqalgan farazlarga ko‘ra, Yer sayyorasi avval sovuq gaz-chang, bulutlarning quyuqlashuvidan hosil bo‘lgan. Bu shartli ravishda bulutlarning tarkibidagi 0,5-1 % bug‘langan suv saqlovchi tosh meteoritlar tarkibiga yaqin deb qabul qilingan. V.I.Vernadskiy nomidagi “Geoximiya” institutida o‘tkazilgan eksperiment ishlari natijasida magma tarkibida 9000 atmosfera bosimda va 1120 0C haroratda 18 %ga yaqin suv ajratib olingan. Hozirgi vaqtda harakatdagi vulqonlar bo‘yicha olib borilgan kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, ulardan oqib chiqayotgan magma tarkibida 5-12 % suv mavjud. Suv resurslari hajmi sifatida ko‘pincha sug‘orish uchun suvning yuqori qismi – oqim shakllanishi zonasidagi suv oqimi olinadi, chunki O‘rta Osiyo yalanglik hududida daryo oqimining hosil bo‘lish ehtimoli favqulodda ko‘p suvli yillarda mavjud, xolos. Yer yuzida yashovchi har qanday mavjudot massasining asosiy qismini suv tashkil qiladi. Masalan, balog‘at yoshiga yetgan kishilar tanasining yarmidan ko‘p qismini suv tashkil qiladi. Badanda yog‘ to‘planishi bilan suvning hissasi kamayadi. Inson 50 yoshdan o‘tgach, uning badanidagi suvning miqdori kamayib boradi. Organizmdagi suvning asosiy qismi (70%) protoplazmalar to‘qimasida, 7 % suv qon plazmasini hosil qiladi, 23 %ga yaqini to‘qimalarni yuvib turishga sarf bo‘ladi. Inson organizmi uchun ham, hayvonlar uchun ham suvning ahamiyati beqiyosdir. Ovqat hazm qilish jarayoni organizmning muhim suv muhitida kechadigan funksiyasidan biridir. Suv har qanday oziq-ovqat mahsulotini erituvchi muhim eritma hamdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |