Mavzu: alisher navoiyning ilmiy merosi reja
Download 51 Kb.
|
6-Mavzu
«Mezon ul-avzon»ni Navoiy umrining oxirida yaratgan. I.Sultonov asarning nusxalarini
chog’ishtirish asosida ilmiy-tanqidiy matnini ishlab chiqdi. Adabiyot nazariyasi, xususan aruz ilmi aruz masalalariga bag’ishlangan «Mezon ul-avzon» (vaznlar o’lchovi) o’zbek adabiyotshunosligi tarixida o’ziga xos mavqega ega bo’lgan ilmiy risoladir. To’g’ri, Alisher Navoiyning mazkur risolasi yaratilgunga qadar va uning zamonasida ham arab, fors-tojik hamda o’zbek tillarida mazkur masalaga oid risolalar yozilgan edi. Jumladan, Xalil ibn Ahmadning arab tilidagi «Kitob ul-ayn», Shamsiddin Qays Roziy «Al mo»jam»ining bir qismi, Abdurahmon Jomiy, Sayfiy Buxoriylarning fors-tojik tilidagi «Aro’z» risolalari, Shayx Ahmad Taroziy qalamiga mansub o’zbek tilidagi «Funun al-balog’a» asarining bir qismi va boshqalar. Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon»i esa bu risolalardan o’zining ko’pgina fazilatlari bilan ajralib turadi: birinchidan, risola faqat aruz ilmiga bag’ishlanib, o’zbek tilida yozilgan; ikkinchidan, aruz ilmi turkiy she’riyat asosida talqin qilingan; uchinchidan esa, Alisher Navoiy bu haqda shunday yozadi: «Chun ul Hazratning (Sulton Husayn Boyqaroning- B.V.) muborak xotirlari she’r buhuru avzonig’a va nazm qavoidu mezonig’a muncha moyil erdi aruz fanidan bu muxtasar sabt bo’ldi va anga «Mezon ul avzon» ot qo’yuldi va necha qoidau doira va vaznkim, hech aruzda, misli fan voze’i Xalil ibn Ahmad va ilm ustodi Shams Qays kutubida va Xoja Nasir To’siyning «Me’yor ul ash’or» ida, balki Hazrati Maxdumiy navvara marqaduhi nuran (ya’ni Abdurahmon Jomiy – B.V.)«Aro’z»larida yo’q erdikim, bu faqir bu fan usulidin istixroj qilib erdikim, bu kitobg’a izofa qildim» (MAT, 20 tomlik, 16-tom, 44-45-betlar). Demak, Alisher Navoiyning e’tiroficha, asarda oldingi risolalarda tilga olinmagan masalalar yoritilgan. Darhaqiqat, «Mezon ul-avzon» da turkiy xalqlar she’riyati va ularning rasmiy aruzga munosabati masalasi birinchi marta tilga olinib, nihoyatda katta ilmiy ahamiyatga ega bo’lgan fikrlar bayon etilgan. «Mezon ul-avzon»ning yozilgan yili asarda ko’rsatilmagan. Shuning uchun bu masalaga oid taxminlar mavjud bo’lib, shulardan biri asar XV asrning 90-yillarida (ya’ni, 90-99 yillar orasida) yozilgan bo’lsa kerak, degan fikrdir. «Mezon ul-avzon»da arabiy, forsiy va turkiy tillardagi she’riyatda qo’llanilgan hazaj, rajaz, ramal, munsareh, muzore’, muqtazab, sare’, jadid, qarib, xafif, mushokil, mutaqorib, mutadorik, vofir, komil, tavil, madid, basit kabi o’n to’qqizta bahr haqida o’zbek tilidagi misollar asosida mulohaza yuritilgan. Alisher Navoiy mazkur bahrlarning xususiyatlarini yoritish bilan bir qatorda ulardan qaysilari arab she’riyatiga xosligi, qaysilari Ajam va turkiy she’riyatda ko’proq ishlatiladigani hamda zamondoshlari tomonidan qo’shilgan yangi bahrlar haqida ham o’z kuzatishlari natijalarini bayon etgan. Jumladan; «Tavil va madid va basit bahri arab shuarosining maxsusidur… va Ajam shuarosi anga mashg’ul bo’lmaydurlar.» (MAT, 20 tomlik, 16-tom, 58-bet). 54 Shunday bo’lsa-da, mazkur bahrlar haqida so’z yuritganda (ko’rs.asar, 90-91-betlar) shu bahrlarda o’zbek tilida yozilgan misollarni ham keltirgan. Bu bilan, garchi ular kam ishlatilsa-da, ammo o’zbek tilida bu bahrlarda ham she’rlar yaratish mumkin, degan fikrni ifoda etadi. Bu misollar Alisher Navoiyning qalamiga mansub baytlar bo’lsa kerak. Yana, asarda zamondoshlari va Alisher Navoiyning aruz bahrlarini boyitish, yangi doiralarni tuzish sohasidagi xizmatlari ham alohida ta’kidlanadi. Jumladan, Alisher Navoiy aruz bahrlari doiralari qatoriga o’zi aniqlagan «Doirai mujtamia»ni qo’shgani haqida kamtarlik bilan shunday yozadi: «Bu mazkur bo’lgan to’qquz asl bahrning (sare’, jadid, qarib, munsareh, xafif, muzore’, muqtazab, mujtas, mushokil) solimini….bir doirai azimada jam’ qilib, har birining o’rnig’a alohida misol kelturub, to’qqiztasini yana bir misra’din ham istixroj qilib, ul «Doirai mujtamia» deyildi va bu doira rasmi zamon zurafosidin ba’zining xayolig’a kelib erdi, ammo faqir anga tartib berdim va ul bu nav’ surat biladur» (surati keltirilgan: 16-tom, 56-57-betlar) Alisher Navoiy «Mezon ul-avzon»da o’zi va zamondoshlari tomonidan o’zbek aruziga kiritilgan yangi vaznlar haqida to’xtalib, shunday yozadi: «Chun doirag’a kirgan buhurdin forig’ bo’luldi, yana bir necha vaznki, ba’zini Ajam shuarosi mutaaxxirlari aytibdurlar va ba’zi bu zamonda nazm topibdur va hech aruzg’a doxil bo’lmaydur, agarchi filhaqiqat aruz buhurig’a doxildurlar, ishorate alar sori qilmoq xoli az munosibate ermas erdi. Ul jumladin, ramali maxbundurki, har misrai sakkiz rukndurki, bayti o’n olti bo’lg’ay, Xoja Ismat Buxoriyda purbaho debdurlar, bu uslub biladur: Qomatu zulfu ko’zu qoshu uzoru xat ila xoli labingdurki, alarcha emas, ey sho’xi sitamgar, Failotun failotun failotun failotun failotun failotun failotun failotun Sarv ila sunbul nargis yangi oyu quyoshu sabzai jannat girehi nofau gulbarg aro shakkar. Failotun failotun failotun failotun failotun failotun failotun failotun». (16-tom, 91-bet). Ikkinchi misol: «Ajam shuarosining mutaaxxirlaridan ba’zi maqbuzi aslam binosini o’n olti rukng’a qo’yub, nazm aytibdurlar, bu nav’kim, bayt: Yuzung xayolida zor bo’ldum, beling g’amidin nizor bo’ldum, Dedim bu shiddatda nola chekmay, netayki beixtiyor bo’ldum. Faulu fa’lun faulu fa’lun, faulu fa’lun faulu fa’lun (Faulu fa’lun faulu fa’lun, faulu fa’lun faulu fa’lo’n) (16-tom, 86-bet). Shuni eslatish joizki, bu misolning muallifi aniq aytilmagan; ikkinchidan, nashrda faqat sakkiz rukn keltirilgan, biz qavsda yana sakkiztasini qo’shdik; uchinchidan esa Alisher Navoiy misolni «bayt» deb nomlagan bo’lsa-da, nashrda u bir bayt sifatida emas, balki ikki bayt sifatida keltirilgan. Bu esa Alisher Navoiy aytmoqchi bo’lgan fikrni tushinishga xalaqit beradi. «Mezon ul-avzon»da Alisher Navoiy «turk ulusi, bataxsis chig’atoy xalqi aro shoe’ avzondurkim, alar surudlarni ul vazn bila yasab, majlisda ayturlar», deb «tuyug’, qo’shuq, chinga, muhabbatnoma, mustazod, aruzvoriy, turkiy» kabi surudlarni tilga olgan, ularning mavzu, vazn va tili haqida diqqatga sazovor mulohazalarni bayon qilgan, har biridan misol keltirib, aruziy bahrlarning vaznlari ruknlarini ham qayd qilgan. Asarning mazkur bobi turkiy aruz tarixini o’rganishdagina emas, balki xalq qo’shiqlari va mumtoz yozma she’riyat orasidagi o’zaro ta’sirni aniqlashda ham katta ahamiyatga ega. Fikrning isboti uchun faqat bitta surud-chinga haqida yozilganlarni keltirish maqsadga muvofiq ko’rinadi: «Yana «chinga»durkim, turk ulusi zufof va qiz ko’churur to’ylarida ani ayturlar. Ul surudedur bag’oyat muassir. Va ikki nav’dur: bir nav’i hech vazn (aruziy-B.V.) bila rost kelmas va bir nav’ida 55 bir bayt aytilurkim, munsarehi matviyi mavquf bahridur va «yor-yor» lafzini radif o’rnig’a mazkur qilurlar, andoqkim, bayt: Qaysi chamandin esib keldi sabo, yor-yor, Kim damidin tushti o’t jonim aro, yor-yor (16-tom, 92-93-betlar). Shunday qilib, «Mezon ul-avzon» Sharq poetikasining tarkibiy qismi bo’lgan aro’z ilmini turkiy-o’zbek she’riyati qonun-qoidalari asosida o’zbek tilida yoritgan hamda bu masalaga doir ko’pgina ilmiy muammolarni hal qilgan asardir. Bu ish esa keyinchalik Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan «Aruz risolasi»da rivojlantirildi. Download 51 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling