Mavzu: Arab tilidagi forsiy manbalar. Tarixchi Xondamir asarlarining tarixshunoligimizdagi o’rni. Mundarija: kirish I bob. Hirotlik tarixchi G’iyosiddin Xondamirning tarixda tutgan o’rni
Download 1.95 Mb.
|
Fors tilidagi manbalar
Qo‘rqoqlik zamiridagi xato
Sakta (miya insulti) kasalligining to‘satdan yuz berishi natijasida Alisherbek hushidan ketdi. O‘sha joyda bo‘lgan Xuroson podshohi Husayn Boyqaro, bir qancha amaldorlar, tabiblar va saroyning bosh tabibi Abdulxay Ziyoratgohiy Navoiy hayotini ajal domidan saqlab qolishga kirishdilar. Ammo nafaqat tabiblarga, balki oddiy kishilarga ham ma’lum bo‘lgan holat — sakta yuz berganida birinchi navbatda bemordan qon olish kerakligiga bosh tabib amal qilmadi. Xo‘sh, bunday kechirilmas xatoga yo‘l qo‘ygan saroy bosh tabibi Abdulxay kim va u nega bu mudhish ishni qilgan? Ma’lumki, Navoiyning hushidan ketishi 906 yilning jumodil-oxir oyida—milodiy 1500 yil dekabrida, do‘sti Husayn Boyqaro Astrobod yurishidan Hirotga qaytayotganida yuz bergan. Ya’ni, Navoiy hazratlari hukmdor Boyqaro janoblarini kutib olishga peshvoz chiqqan edi. Ajablanarlisi shundaki, do‘sti Alisherbek to‘satdan behush bo‘lib qolganida, podshoh Boyqaro uni tabiblarga topshirib, o‘zi Pariyon rabotiga yo‘l olgan. Xondamirning «Makorim-ul-axloq» asarida yozilishicha, podshoh ketayotganida amaldor Xo‘ja Abdulloga Navoiyning holidan xabar olib turishni topshirib, o‘z taxti ravoni — mixaffani qoldiradi. Mixaffa — yotib ketish ham mumkin bo‘lgan kajava bo‘lib, uning ikki tomoniga ot qo‘shib yurilardi. Xo‘ja Abdullo Navoiyni ana shu mixaffaga yotqizib, uzoqdagi Hirotga yo‘l oldi. Vaholanki, shu yerda hozir bo‘lgan tabiblar birinchi yordam sifatida kasaldan qon olishni maslahat berdilar. Biroq Xo‘ja Abdullo bosh tabib Abdulxayning Navoiyni Hirotga olib borib, boshqa tabiblarni ham yig‘ib, ularning ham fikrini tinglab, keyin biror davo chorasini toparmiz, degan taklifiga ko‘ndi. O‘sha joyda bo‘lgan tabiblar, amaldor va tarixchi Xondamir esa Abdulxay va Xo‘ja Abdulloga Ibn Sinoning sakta kasali yuz berganida, birinchi navbatda qon olish kerakligini, keyin bemor asta-sekin o‘ziga kelib, tuzala boshlashini yozganligini aytishadi. Ammo Abdullo bosh tabib Abdulxayning fikriga tayanadi va Navoiyni olib Hirot tomon yo‘lga tushdi. Xondamir «Habib us-siyar» asarida katta xatoga yo‘l qo‘ygan saroy tabibini «tabobatdan lof urib yuruvchi» mavlono Abdulxay Ziyoratgohiy», deb ta’riflaydi. Haqiqatdan ham, nahotki Xurosonning bosh davlat tabibi bo‘lmish ul zot sakta yuz berganida qon olish kerakligidan bexabar bo‘lgan? Tabiiyki, tabiblik faoliyatini qishloqda boshlab, Xurosondek katta davlatning bosh tabibi bo‘lish darajasiga borgan Abdulxay o‘z faoliyati davomida yuzlab bemorlarni, shuningdek, sakta kasaliga uchraganlarni ham davolagan, Ibn Sinoning «Tib qonunlari»ni o‘qigan. Zero, o‘sha vaqtda tabobat bilan shug‘ullanuvchi kishi uchun ustozining o‘gitlariga amal qilibgina qolmay, Ibn Sino asarlarini o‘qish, o‘rganish o‘ziga xos qoidaga aylangandi. Shunday ekan, Abdulxaydek saroy bosh tabibi sakta kasali yuz berganida, bemordan birinchi bo‘lib qon olish kerakligini bilmasdi, deb bo‘lmaydi. Xo‘sh, unda nega u bemorni Hirotga olib borgachgina davolash kerak, deb xatoga yo‘l qo‘ydi?! Balki, podshoh do‘stining kasali og‘irlashsa, javobgarlik bo‘yniga yuklanishidan cho‘chigandir?! Xo‘sh, u nega ikkilanib, Hirotga borishni ma’qul ko‘rdi? Vaholanki, saktaga qarshi ikkita chora bo‘lsagina birini tanlashga qiynalib, ikkilanishi, mas’uliyatidan, podshoh qahridan qo‘rqishi mumkin edi. Biroq yagona chora qon olish shart bo‘lgan. Shunday sharoitda Navoiy hazratlari mixaffada Hirot tomon olib ketilarkan, ahvoli g‘oyat og‘irlashdi. Xondamir bemor uchun podshoh ma’sul qilgan Xo‘ja Abdulloga agar hozir qon olinmasa, keyin davolashga chora qolmasligini aytdi. Xo‘ja Abdullo esa o‘n sakkiz kilometr uzoqda bo‘lgan Husayn Boyqarodan maxsus buyruq kutdi. Chopar podshoh huzur borib, qaytib kelgunicha bemorning ahvoli og‘irlashib, kasallik zo‘rayib ketgandi. Fursat qo‘ldan ketgani va podshoh rozilik bildirgani bois, tabiblar qon olganlarida 300-350 gramdan ziyod qon chiqmadi. Kechikib qo‘llanilgan chora yordam bermagach, Navoiy Hirotga olib kelinib, uyiga yotqizildi. Undan yana qon olishga harakat qilishdi. Ammo vaqt o‘tgan edi. Shundan so‘ng ahvoli og‘irlashgan do‘stini ko‘rgani kelgan Boyqaro butunlay behush yotgan Navoiyning oldida ko‘z yoshi to‘kdi. Shu o‘rinda savollar tug‘iladi. Nahotki, Xuroson hukmdori uchun hushidan ketgan do‘stini amaldor va tabiblarga topshirib, Pariyon rabotiga ketish shunchalik zarur bo‘lsa? Balki, o‘sha damda podshoh Navoiy yonida bo‘lib, tabiblar qon olishni taklif qilganida ko‘nar, ehtimol Navoiy hazratlari tuzalib ketarmidi? Axir Xondamir aytganidan so‘ng Boyqaroga chopar yuborilganida, bemor do‘sti bilan podshoh turgan makon orasidagi masofa atigi o‘n sakkiz kilometr ekan-ku! Do‘stining holidan xabar olib, davo choralari qo‘llangach, Hirotga birga borsayam bo‘lardi-ku! Umuman, faqat o‘zining aytganini afzal bilib, boshqalar fikriga tayanmaydigan, quloq solmaydigan Abdulxaydek tabib davlatning bosh tabibi bo‘lishi, Navoiy o‘limidan keyin ham «xato»si e’tiborga olinmay, lavozimida qoldirilishi, faylasuf shoir — Xuroson hukmdorining siyosatda mantiqsiz ish yuritganini anglatmaydimi? Xullas, savollar bisyor. Tarixga faqat bugungi kunda tug‘ilgan savollar bilan yondashib bo‘lmaydi, albatta. Ammo, XVI asrdayoq, Xondamirda shunga o‘xshash savollar tug‘ilgan va «Habib us-siyar»da aks etgan ekan, bu «tabobatdan lof urib yuruvchi» Abdulxay Ziyoratgohiy katta xatoga yo‘l qo‘yganini ko‘rsatadi. Mudhish xato, qolaversa, taqdiri azal sababli, buyuk mutafakkir va davlat arbobi Navoiy hazratlari 1501 yil 3 yanvar kuni vafot etdi. Download 1.95 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling