2.2. Xondamirning Navoiyga bag’ishlagan ”Makorim ul-axloq” asari tarixiy manba sifatida.
Aql egalariga ma’lumdirki, zulmkor zamona insonlarga jafo maoshini uzluksiz orttirib bordi. Fozillar guruhiga aniqdirki, janjalkash falak vafo ahllarini tinch va barqaror qoldirmaydi…
Ammo so’zning sharhi shuki, 906 yil jumodil-avval oxirlarida adolatli Sohibqironning muborak bayrog’i Astrobod yurishidan saltanat taxtining qarorgohiga yuzlanadi. Bu shodlik xabari ketma-ket Hirot aholisiga yetishib turdi. Hidoyat nasabli, baland darajali, xoqoniy davlatining suyanchig’i, sulton hazratlarining do’sti Oliy hazrat istiqbol uchun yettinchi jumodil-oxirida seshanba kuni Ko’saviya (Hirot bilan Astrobod o’rtasidagi bir qishloq) qasabasiga jo’nab, Pariyon rabotini muborak yuzining nuri bilan jannat bog’iga aylantirdi. U kecha o’sha joyda to’xtab, chorshanba kuni ertalab, biror ochiq sababsiz, rabotning eshik va devorlariga har kim tomonidan yozilgan baytlarni o’qimoq maqsadida uning bir tomonidan kirdi, to’satdan ul hazratning muborak ko’zi shu qit’aga tushdi:
.
Qit’a:
Dar in daqiqa bimondand jumlai hukamo,
Ki odami chi kunad bo qazoi kun fayakun.
Furug’i nabz chu shud munharif zi jumbishi asl,
Ba loi ajz furu raft poi Aflotun,
Salohi tab’ chu so’i fasod ro’y nihod,
Bimond behuda dar dasti Bu-Ali «Qonun».
( Shu (o’lim) daqiqalarda barcha hukamo (ojiz) qoldi, odam tangri qazosiga qarshi nima ham qila oladi. Tomir urishi asl harakatdan chetlanganda, Aflotun oyog’i ojizlik loyiga botib qoldi. Tab’ durustligi fasodga yuz qo’yganda, Abu Ali Sino qo’lida «Qonun» behuda narsa bo’lib qoldi.)
Binobarin, taassuf va achinish izhor qilib, ilhom tili bilan aytdiki: to’g’ri, hamma odam kelgusi olamga yuz o’girishi kerak. O’lim va hayot yaratguvchisining istagini hech kim qaytara olmaydi.
Shu paytda u joydan ko’chib, Poyob rabotiga bordi. Panjshanba kechasi bu joyga lashkargohdan Mavlono Vays kelib, a’lo hazrat bu kechasi Amir Shoh Malik rabotiga tashrif qildilar, u joydan ertalab yurish qiladilar, degan xabarni yetkazdi…
Do'stlaringiz bilan baham: |