Birinchi bosqich - 1990 yil mart-oktabr oylaridan iborat.
1990 yil 24 martda O`zbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta'sis etish hamda O`zbekiston SSR Konstitutsiyasiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida qonun34 qabul qilindi. Unga ko`ra respublikamizda prezident lavozimi ta'sis qilindi. Bunda demokratik jarayonlarni yanada rivojlantirish, siyosiy o`zgarishlarni chuqurlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumni, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va xavfsizligini mustahkamlash, respublika davlat hokimiyati va boshqaruvi oliy idoralarining o`zaro aloqasini takomillashtirish maqsad etib qo`yildi. Shu munosabat bilan respublika Konstitutsiyasi Prezident haqidagi yangi 12*-bob bilan to`ldirildi. Undagi konstitutsiyaviy qoidalar bir necha guruhga bo`lindi:
a) Prezidentni saylash;
b) Prezidentning vakolatlari;
c) Prezidentning boshqa idoralar bilan munosabati;
d) Prezident faoliyatining demokratik qoidalari va h.k.lar.
Ikkinchi bosqich - 1990 yil 1 noyabrdan yangi O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasigacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladi.
1990 yil 1 noyabrda O`zbekiston SSRda ijroiya va boshqaruv hokimiyatining tuzilishini takomillashtirish hamda O`zbekiston SSR Konstitutsiyasiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida maxsus qonun qabul qilindi. Natijada mavjud prezidentlik hokimiyati bilan Vazirlar Kengashining ijroiya - boshqaruv hokimiyati qo`shib yuborilib, keyingisi Prezident huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga aylantirildi.35 Prezident ayni bir vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi bo`lib qoldi, Prezident va hukumat apparati birlashtirildi. Endilikda Prezident nafaqat davlat boshlig`i sifatida farmonlar, balki hukumat boshlig`i sifatida farmoyish va qarorlar ham qabul qiladigan bo`ldi. Bundan tashqari o`sha vaqtda Vitse-prezident lavozimi ham ta'sis etilgan edi. Lekin o`zini oqlamaganligi sababli 1992 yil 4 yanvardagi qonun bilan tugatilib, O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri lavozimi ta'sis etildi.36 U Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qiladi va uning ishini tashkil etadi, deb belgilandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |