Mavzu: Davlat moliyasi va uning tuzilishi Reja: Kirish Asosiy qism
O’zbekiston Respublikasi byudjet tuzilishi asoslari
Download 257.12 Kb.
|
Bibinur Raeva
3. O’zbekiston Respublikasi byudjet tuzilishi asoslari.
Byudjet tizimi to’g’risida tushuncha. Byudjet qurilishining asosiy tarkibiy qismi byudjet tizimidir. Bir qator adabiyotlarda byudjet tizimi tushunchasiga keng ma‘noda va tor ma‘nodagi yondashuvlardan kelib chiqib, quyidagicha ta‘riflar berilgan: Keng ma‘noda byudjet tizimi – iqtisodiy munosabatlarga asoslangan, davlat tuzilishining shakliga mos ravishda tuzilgan, huquq normalari bilan tartibga solinadigan markaziy va mahalliy byudjetlar yig'indisidan, shuningdek, har bir byudjet bo'g'iniga tegishli bo'lgan soliq va yig'imlar yig'indisidan, markaziy va mahalliy hokimiyatlarning xarajat vakolatlari taqsimoti hamda byudjetlararo transfertlar yig'indisidan iborat. O'zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksining “Asosiy tushunchalar” deb nomlangan 6-moddasida: “Byudjet tizimi barcha darajadagi byudjetlar, davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlari va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg'armalari, byudjet tizimi byudjetlarini tuzish va tashkil etish prinsiplari, ular o'rtasida byudjet jarayoni mobaynida yuzaga keladigan o'zaro munosabatlar yig'indisini o'zida ifodalaydi”14, - deb ta‘rif berilgan. Tor ma‘noda byudjet tizimi mamlakat ma‘muriy-hududiy tuzilishiga mos ravishda shakllangan va yagona tizimni tashkil qiluvchi barcha darajadagi byudjetlar yig'indisidan iborat. O'zbekiston Respublikasining byudjet tizimini shakllantirish, shuningdek, byudjet tizimi byudjetlari o'rtasidagi munosabatlarni tashkil etish O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O'zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining har moliyaviy yil uchun tasdiqlanadigan “O'zbekiston Respublikasining asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlari prognozlari va davlat byudjeti parametrlari to'g'risida”gi qarorlari va boshqa qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi. O'zbekiston Respublikasi byudjet tizimi tuzilishining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat15: 1. Byudjet tizimining yagonaligi prinsipi – byudjet hujjatlari va byudjet hisobotlarining shakllari, byudjet tasnifi yagona bo'lishi hamda byudjet tizimi byudjetlarining daromadlari va xarajatlarini shakllantirish hamda ijro etish, byudjet hisobini yuritish va byudjet hisobotini tuzishning yagona tartibini nazarda tutadi. 2. Byudjet tizimining O'zbekiston Respublikasi ma‘muriy-hududiy tuzilishiga muvofiqligi prinsipi – byudjet tizimi O'zbekiston Respublikasining ma‘muriy-hududiy tuzilishiga muvofiq bo'lishini belgilab beradi. Ushbu prinsipga muvofiq O'zbekiston Respublikasining har bir ma‘muriy-hududiy birligi (Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyat, shahar, tuman) o'z byudjetiga ega bo'lib, u mamlakatdagi yagona byudjet tizimining tegishli darajadagi bo'g'inini tashkil qiladi. 3. Byudjet tizimi byudjetlarining balansliligi va o'zaro bog'liqligi prinsipi – byudjet tizimi byudjetlarida nazarda tutilgan xarajatlar hajmi ularning daromadlari va taqchillikni qoplash manbalari yig'indisining hajmiga muvofiq bo'lishi kerak. Bu prinsip byudjet tizimi tuzilmasidagi har bir byudjet(respublika byudjeti, mahalliy byudjetlar)ning moliyaviy jihatdan barqaror bo'lishini, shu bilan birga byudjet ijrosida daromad va xarajatlarning yuzaga kelishi mumkin bo'lgan nomutanosibligi byudjetlararo transfertlar mexanizmlari yordamida tekislanishi lozimligini nazarda tutadi, ya‘ni byudjet tizimi byudjetlarini tuzish va ijro etishda ularning mablag'lari mazkur byudjetlarning balansliligini ta‘minlash uchun turli darajadagi byudjetlar o'rtasida qayta taqsimlanishi mumkin. 4. Byudjet tizimi byudjetlari daromadlarini prognoz qilish va xarajatlarini rejalashtirish prinsipiga ko'ra byudjet tizimi byudjetlarini tuzishda byudjet tasnifiga muvofiq daromadlar ularning aniq manbalari bo'yicha prognoz qilinadi, xarajatlar esa yo'nalishlar bo'yicha rejalashtiriladi. 5. Byudjet tizimi byudjetlari mablag'laridan foydalanishning aniq yo'naltirilganligi va maqsadlilik xususiyati prinsipi byudjet tizimi byudjetlarining mablag'lari muayyan byudjet tashkilotlari va byudjet mablag'larini oluvchilarga ushbu mablag'lardan aniq belgilangan maqsadlarni moliyalashtirishda foydalanish uchun ajratiladi. Tasdiqlangan byudjetda nazarda tutilmagan yoki byudjet tashkilotlarining xarajatlar smetalariga kiritilmagan yoxud byudjet tasnifida ko'zda tutilmagan maqsadlarga xarajat qilinishiga yo'l qo'yilmaydi. 6. Byudjet tizimi byudjetlarining mustaqilligi prinsipi har bir byudjet o'z daromad manbalariga ega ekanligi, xarajat yo'nalishlarini belgilashda mahalliy hukumat organlari ma‘lum xarajat vakolatlariga ega ekanliklari, mahalliy byudjetlarni tasdiqlash, shuningdek, ijrosi yuzasidan hisobotlarni ko'rib chiqish va tasdiqlash vakolatlari mahalliy boshqaruv organlariga berib qo'yilganligi bilan izohlanadi. 7. Byudjet tizimi byudjetlari mablag'laridan foydalanishning natijadorligi prinsipi byudjet jarayoni ishtirokchilari byudjet tizimi byudjetlarini tuzish va ijro etishda o'zlariga berilgan vakolatlar doirasida o'z byudjetlarining belgilangan hajmdagi mablag'laridan foydalangan holda muayyan natijaga erishish zaruriyatidan kelib chiqadi. Bu prinsip “natijaga yo'naltirilgan byudjetlashtirish” talablaridan kelib chiqqan holda Byudjet Kodeksiga kiritilgan bo'lib, byudjet xarajatlarini amalga oshirishda bevosita rejaning bajarilishiga emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta‘minlash maqsadida xarajatlarning natijaviylikka yo'naltirilganligi bilan izohlanadi. 8. Kassaning yagonaligi prinsipi byudjet tizimi byudjetlarining barcha daromadlari Moliya vazirligi G'aznachiligining Yagona g'azna hisobvarag'iga kiritilishini va ularning barcha xarajatlarini to'lash ushbu hisobvaraqdan amalga oshirilishini nazarda tutadi. Ushbu prinsipning amal qilishi davlat byudjeti mablag'larining hajmi va harakati to'g'risida tezkor axborotlarga ega bo'lish, byudjet mablag'larini samarali boshqarish, vaqtinchalik kassaviy uzilishlarning oldini olish, byudjet ijrosining operativ joriy nazoratini amalga oshirish imkonini beradi. 9. Byudjet jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi prinsipi byudjet jarayonining har bir ishtirokchisi byudjet jarayonining har bir bosqichida o'z harakatlari uchun javobgar bo'lishini nazarda tutadi, chunki davlat byudjetining shakllanishida jamiyatning ko'pchilik a‘zolari – yuridik va jismoniy shaxslar bevosita yoki bilvosita ishtirok etadi, keng jamoatchilikning mablag'lari evaziga shakllangan moliyaviy resurslarning maqsadga muvofiq ishlatilishi uchun javobgarlik iqtisodiy, ma‘muriy (ayrim hollarda jinoiy) huquq normalari bilan tartibga solinadi. 10. Ochiqlik prinsipi davlat byudjetini va davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlarini ko'rib chiqish hamda qabul qilish tartib-taomillarining jamiyat va ommaviy axborot vositalari uchun ochiqligini, tasdiqlangan davlat byudjeti to'g'risidagi axborotning ommaviy axborot vositalarida va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e‘lon qilinishini, byudjet ijrosining borishi to'g'risidagi axborot ommaviy axborot vositalarida davriy ravishda chop etib borilishini, shuningdek Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtirilishi va yangilab borilishini anglatadi. Barcha darajadagi byudjetlarni shakllantirish, ko'rib chiqish, qabul qilish va ularning ijrosi hisobini yuritish O'zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – so'mda amalga oshiriladi. O'zbekiston Respublikasining yuqorida ta‘riflangan davlat byudjeti tuzilmasi O'zbekiston Respublikasi respublika byudjeti, Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan tashkil topgan. Bu byudjetlar mamlakatimizdagi davlat byudjeti amal qilishining tashkiliy shakli bo'lib xizmat qiladi. Respublika byudjeti byudjet tizimining markaziy bo'g'ini hisoblanadi. Respublika byudjeti Byudjet Kodeksida va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shakllantiriladi va ishlatiladi. Respublika byudjeti davlat byudjetining umumdavlat ahamiyatidagi tadbirlarni moliyalashtirishda foydalaniladigan qismi bo'lib, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek, moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag'lar sarfi yo'nalishlari va miqdori nazarda tutiladi. O'zbekiston Respublikasi davlat byudjetining barcha daromadlari tarkibida Respublika byudjeti daromadlari o'rtacha 52-58 foizni tashkil qiladi, davlat byudjetidan amalga oshiriladigan xarajatlarning esa 44-46 foizi respublika byudjeti hisobiga to'g'ri keladi Mahalliy byudjetlar darajasida Qoraqalpog'iston Respublikasi davlat byudjeti, viloyatlar byudjetlari va Toshkent shahar byudjeti e‘tirof etiladi. Ularning tarkibiga o'z navbatida, mamlakatning ma‘muriy-hududiy tuzilishiga muvofiq ravishda quyi (shahar, tuman) byudjetlar kiradi. O'zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksining 5-bob, 35-moddasiga muvofiq mahalliy byudjetlar tarkibiga kiruvchi byudjetlar tuzilmasiga quyidagi byudjetlar kiradi: Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti tuzilmasiga Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjeti, Qoraqalpog'iston Respublikasiga qarashli bo'lgan tumanlar va shaharlarning byudjetlari kiradi; Viloyatlar mahalliy byudjetlari tuzilmasiga viloyat byud-jeti, viloyatlar tarkibidagi tumanlar va shaharlar byudjetlari kiradi; Toshkent shahar mahalliy byudjeti tuzilmasiga shahar byudjeti va shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarning byudjetlari kiradi. Huquqiy jihatdan mahalliy byudjetlar byudjet yili davomida daromad manbalari va ulardan tushumlar miqdori, aniq maqsadlar uchun mo'ljallangan xarajat yo'nalishlari aks ettiriladigan moliyaviy hujjat hisoblanadi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar pirovardida iqtisodiyotni modernizatsiyalash va yangilash, barqaror o'sish sur‘atlarini ta‘minlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan bo'lib, bu o'z navbatida mamlakat hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga bevosita bog'liqdir. Dunyoning rivojlangan davlatlarida hududlar taraqqiyoti orqali yuqori ko'rsatkichlarga erishilganligini xorijiy tajribalarni o'rganish jarayonida ko'rishimiz mumkin. Ma‘lumki, mahalliy byudjetlarning daromadlari va xarajatlari hajmi, mahalliy byudjetlarning barqarorlik ko'rsatkichlari ko'p jihatdan shu hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik darajasiga bevosita bog'liq bo'ladi. Barcha darajadagi byudjetlarning mustaqilligi byudjet tizimining asosiy tamoyili sifatida belgilangan bo'lib, ushbu tamoyil turli darajadagi vakolatli hokimiyat organlarining o'z vakolatlari doirasida byudjet jarayonini mustaqil ravishda amalga oshirish huquqlarini anglatadi. Har bir darajadagi byudjet daromadlarining o'z manbalari, shuningdek, hududlardagi vakolatli hokimiyat organlarining soliq qonunchiligida belgilangan mahalliy soliqlar va yig'imlar stavkalarini o'zgartirish huquqi qonun asosida mustahkamlab qo'yilgan. Daromadlar manbalarining belgilanishi va ular qonun asosida mahalliy byudjetlarga biriktirib qo'yilishi mahalliy hokimiyat organlarining mustaqilligi va byudjetlarning daromad manbalarini mustahkamlashdan manfaatdorligini oshiradi. Bunda mahalliy byudjetlarga kelib tushadigan mablag'larning tartibga soluvchi manbalari belgilangan bo'lib, ularning jumlasiga belgilangan me‘yorlar bo'yicha umumdavlat soliqlaridan ajratiladigan mablag'lar kiradi. Barcha darajalardagi byudjetlar xarajatlarining yo'nalishlari aniq belgilab qo'yilganligi, shuningdek qo'shimcha daromadlarni taqsimlashda mustaqillikka ega ekanliklari mahalliy hokimiyat organlarining byudjet mablag'larini mintaqaviy rivojlanish dasturlariga muvofiq samarali sarflab borish imkoniyatini beradi. O'zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksiga muvofiq mahalliy byudjetlar daromadlari quyidagilar hisobidan shakllantiriladi: belgilangan normativlarga muvofiq umumdavlat soliqlari-dan ajratmalar; mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar; yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek, chet davlatlardan tushgan qaytarilmaydigan pul tushumlari; bozorlardan tushadigan daromadlar; boshqa daromadlar. Xorijiy mamlakatlar byudjet amaliyoti tajribalaridan ma‘lumki, mamlakatlarda ularning geografik joylashuvi, iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanish darajadasining turlicha ekanligi va boshqa omillar sababli mintaqalar ishlab chiqarish, daromad va ijtimoiy salohiyatining boshlang'ich imkoniyatlari bir xilda emas. Biroq davlatning eng muhim vazifalaridan biri o'z fuqarolari farovonligining barqaror o'sishini ta‘minlash va barcha mintaqalarning rivojlanishi uchun bir xil sharoitlar yaratishdan iborat. Bunga esa davlatning moliyaviy resurslarini byudjetlararo munosabatlar orqali qayta taqsimlash bilan erishiladi. O'zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining “Byudjetlararo munosabatlar” deb nomlangan alohida bobida byudjetlararo munosabatlarning huquqiy asoslari o'z aksini topgan. Davlat byudjetining mablag'lari turli darajadagi byudjetlar o'rtasida byudjet transfertlari shakllari asosida qayta taqsimlanadi. Byudjet transfertlarining Byudjet Kodeksi bilan belgilab berilgan quyidagi shakllari amalda qo'llaniladi: Subvensiyalar – muayyan maqsadlarga sarflash sharti bilan yuqori turuvchi byudjetdan quyi turuvchi byudjetga qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablag'lari; O'tkazib beriladigan daromadlar – tegishli ma‘muriy-hududiy birlikda (masalan, biror tuman, shahar yoki viloyat hududida) shakllanadigan va yuqori turuvchi byudjetga o'tkaziladigan, keyinchalik ular qayerda shakllangan bo'lsa, o'sha ma‘muriy-hududiy birlik byudjetiga o'tkazib beriladigan daromadlar; Dotatsiyalar – byudjet tizimi byudjetlariga ularning o'z daromadlari yetishmagan taqdirda daromadlar bilan xarajatlar o'rtasidagi farqni qoplash uchun qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablag'lari; Byudjet ssudalari – qaytarish sharti bilan yuqori turuvchi byudjetdan quyi turuvchi byudjetga, shuningdek, davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlariga ajratiladigan pul mablag'lari; O'zaro hisob-kitoblar bo'yicha mablag'lar – moliya yili mobaynida byudjetlar parametrlari o'zgarganda yuqori va quyi turuvchi byudjetlar o'rtasida yuzaga keladigan o'zaro pul munosabatlari; Maqsadli ijtimoiy transfertlar – yuqori turuvchi byudjetdan quyi turuvchi byudjetga ta‘lim va tibbiyot muassasalarining ish haqi va yagona ijtimoiy to'lovlar bo'yicha xarajatlarini qoplash uchun ajratiladigan pul mablag'lari. Respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga ajratiladigan byudjet subvensiyalari va dotatsiyalari Byudjet Kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunday ajratmalarning miqdori quyidagilarga bog'liq: hududlarning moliyaviy holatiga, jumladan, ularning o'z daromad bazalarining mustahkamligiga; hududda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ekolo-gik, demografik va boshqa umumdavlat vazifalari va dasturlari ko'lamiga; hududlar bo'yicha tovar(ish, xizmat)lar qiymatidagi farqlarga; hududlardagi aholi soniga; ushbu hududda joylashgan va tegishli byudjetdan mablag' oluvchi tashkilotlarning byudjet ajratmalariga bo'lgan ehtiyojiga; hududlar o'rtasidagi moliyaviy nomutanosiblikni bartaraf etish uchun hisobga olinadigan boshqa omillarga. Byudjetlararo munosabatlarni tashkil etish va boshqarish tizimida mahalliy byudjetlar rioya qilishi lozim bo'lgan cheklanishlar muhim ahamiyatga ega. Xususan, mahalliy byudjetlar byudjet qonunchiligiga ko'ra balanslashgan daromadlar va xarajatlar tizimiga ega bo'lishlari zarur. Mahalliy byudjetlarning haqiqatdagi taqchilligiga yo'l qo'yilmasligi lozim. Bundan tashqari Byudjet Kodeksi bilan mahalliy byudjetlar uchun quyidagi cheklovlar o'rnatilgan, ya‘ni Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarini qabul qilish va ijro etishda quyidagilarga yo'l qo'yilmaydi: mablag'lar jalb qilishni amalga oshirish (yuqori turuvchi byudjetlardan byudjet ssudalari olish bundan mustasno); tasdiqlangan byudjetdan ajratilgan mablag'lardan ortiq xarajatlarni amalga oshirish; tegishli byudjetlar mablag'lari hisobidan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar foydasiga moliyaviy kafolatlar va kafilliklar berish; yuridik va jismoniy shaxslarga byudjet ssudalari berish va kredit liniyalari taqdim etish. Shunday qilib, “Byudjetlararo munosabatlar – byudjet mexanizmining muhim ajralmas elementi bo'lib, mamlakatning ma‘muriy-hududiy tuzilmalari subyektlari o'rtasida markaziy boshqaruv tomonidan barcha moliyaviy oqimlarni taqsimlash jarayonini oqilona tartibga solishni ta‘minlaydi va bundan tashqari, markaziy hukumatning aniq funksiyalarini davlat boshqaruvining turli darajalarida huquq va majburiyatlarni o'zaro taqsimlab olish orqali bajarish uchun davlat byudjetida jamlangan pul mablag'larining bir qismini ushbu subyektlar o'rtasida qayta taqsimlanishini o'z ichiga oluvchi munosabatlarni anglatadi”16. Xulosa Rivojlangan xorijiy mamlakatlarning davlat moliya tizimi moliyaviy munosabatlarning quyidagi bo'g'inlaridan iborat: – davlat byudjeti tizimi; – davlat krediti va mahalliy hokimiyat organlari kreditlari, federativ davlatlarda esa – federatsiya a‘zolarining krediti; – maxsus nobyudjet fondlar; – davlat korporatsiyalari moliyasi. Bu davlatlarda byudjet tizimining tarkibiy tuzilishi, eng avvalo, davlat tuzilishiga bog'liq. Unitar davlatlarda byudjet tizimi quyidagi ikki bo'g'indan iborat: – davlat byudjeti; – ko'p sonli mahalliy byudjetlar (shaharlar, okruglar, qishloq okruglari byudjetlari). Unitar davlatlarda mahalliy byudjetlar o'zlarining daromadlari va xarajatlari bilan yagona davlat byudjetining tarkibiga kirmaydi. Federativ davlatlarda byudjet tizimi uch bo'g'indan tarkib topgan: – davlat byudjeti (yoki federal byudjet, markaziy hukumat byudjeti); – federatsiya a‘zolari byudjetlari (AQSHda – shtatlar byudjetlari, Kanadada – provinsiyalar byudjetlari, GFRda – yerlar byudjetlari, Shveytsariyada – kantonlar byudjetlari va h.k.); – mahalliy byudjetlar. Mahalliy byudjetlar o'zlarining daromadlari va xarajatlari bilan federatsiya a‘zolarining byudjetlariga va ular ham o'z navbatida, davlat federal byudjetining tarkibiga kirmaydi. Rivojlangan xorijiy mamlakatlar moliya tizimining yetakchi bo'g'inlaridan biri davlat byudjetidir. U davlat va o'z-o'zini boshqarish hududiy organlarining funksiyalari va vazifalarini moliyaviy ta‘minlashga mo'ljallangan markazlashtirilgan pul mablag'lari fondini shakllantirish va undan foydalanish shaklidir. Davlat byudjeti mamlakatning joriy yildagi asosiy moliyaviy rejasi hisoblanib, qonun kuchiga ega. U har yili mamlakatning qonunchilik hokimiyat organi – parlament tomonidan tasdiqlanadi. Favqulodda vaziyatlarda (urushlar, iqtisodiy tanazzullar va h.k.) hukumat davlat byudjetining mablag'lariga tayanadi va ular yordamida o'sib boruvchi davlat xarajatlarini qoplaydi. Xorijiy mamlakatlarning davlat byudjeti milliy daromadni qayta taqsimlashning asosiy vositasi hisoblanadi. Moliya tizimining bu bo'g'ini orqali mamlakat milliy daromadining 40 foizgacha bo'lgan qismi qayta taqsimlanadi. Davlat byudjetining asosiy daromadlari soliqlardan iborat bo'lib, ular yordamida byudjet daromadlarining 70 foizidan 90 foizigacha, ayrim davrlarda undan ham ko'proq qismi shakllantiriladi. Bozor iqtisodiyoti rivojlangan xorijiy mamlakatlarda asosiy soliqlar hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i, korporatsiyalarning foydasidan olinadigan soliq, aksizlar, qo'shilgan qiymat solig'i va bojxona bojlari davlat byudjetiga biriktirilgan. Davlat byudjetidan harbiy maqsadlarga mo'ljallangan xarajatlar, iqtisodiyotga aralashuv xarajatlari, davlat apparatini saqlash xarajatlari, ijtimoiy xarajatlar, subsidiyalar amalga oshiriladi, rivojlanayotgan mamlakatlarga kreditlar beriladi. Bir vaqtning o'zida davlat byudjeti mahalliy hokimiyat organlariga, hukumat maxsus fondlariga va davlat korxonalariga subsidiyalar va kreditlar berish orqali mamlakat moliya tizimining barcha bo'g'inlariga o'z ta‘sirini ko'rsatadi. Yetakchi xorijiy mamlakatlar aksariyatida davlat byudjeti uchun doimiy ravishdagi byudjet defitsiti xos bo'lib, u davlat zayomlari hisobidan qoplanadi. Davlat zayomlarining muomalaga chiqarilishi davlat qarzining o'sishiga olib keladi. Davlat qarzi oldin chiqarilgan va hozirgi paytga qadar qaytarilmagan (uzilmagan) barcha davlat zayomlarining foizlari bilan qo'shib hisoblagandagi umumiy summasidan iborat. Hududiy moliya xorijiy mamlakatlar moliya tizimining ikkinchi bo'g'inidir. Bu federativ davlatlarda federatsiya a‘zolarining moliyasi va federatsiya a‘zolari hamda munitsipalitetlarga tegishli bo'lgan mahalliy byudjetlar hamda korxonalar moliyasidan iborat. Download 257.12 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling