O‘lchanadigan kattalikning xarakteriga qarab, o‘lchash o‘zgartirgichlari quyidagi turlarga bo‘linadi: 1. Elektr kattaliklarni yana elektr kattaliklarga o‘zgartiruvchi o‘zgartirgichlar. 2. Noelektrik kattaliklarni elektr kattaliklarga o‘zgartiruvchi o‘zgartirgichlar. 1-turdagi o‘zgartirgichlarga masshtabli shunt qarshiligi, qo‘shimcha rezistorlar, kuchlanish bo‘lgichlari, o‘lchash tok va kuchlanish transformatorlari, kuchaytirgichlar va h.k. kiradi. 2-turdagi o‘lchash o‘zgartirgichlariga noelektrik (elektrmas) kattaliklarni (masalan, mexanik, issiqlik, kimyoviy, optik va boshqa turdagi) elektr kattaliklariga (tok, EYK, qarshilik kabi) o‘zgartiruvchi o‘zgartirgichlar datchiklar deb yuritiladi va o‘lchanayotgan kattalikning turiga qarab tegishli nomlarga ega bo‘ladi. Masalan, bosim datchigi, moment datchigi, siljish datchigi, sath datchigi, issiqlik datchigi va h.k. Ta’kidlab o‘tilgan parametrik o‘lchash o‘zgartkichlarida kirishdagi signal (mexanik siljish, bosim, og‘irlik kabi) bo‘lib, chiqishdagi esa faqat elektr signali (elektr qarshiligi, elektr sig‘imi, elektr yurituvchi kuch va boshqalar) bo‘ladi. Transformatorning xayotdagi o‘rni va qo‘llanish sohalari Transformator deb, ikki (yoki undan ko‘p) induktiv bog‘langan chulg‘amlari mavjud bo‘lgan, elektromagnit induksiyasi hodisasi asosida bir (birlamchi) o‘zgaruvchan tok tizimini ikkinchi (ikkilamchi) o‘zgaruvchan tok tizimiga o‘zgartiruvchi statik elektro¬magnit apparatga aytiladi. Vazifasiga ko‘ra transformatorlar umumiy qo‘llanuvchi kuchli transformatorlar va maxsus qo‘llanuvchi transformatorlarga bo‘linadi. Umumiy qo‘llanuvchi kuchli transformatorlar EUL va elektr energiyasini taqsimlashda, hamda xar turdagi elektrotexnik qurilmalarda zarur bo‘lgan kuchlanishni olish uchun qo‘llaniladi. Maxsus qo‘llanuvchi transformatorlar ishchi xossalari va konstruktiv bajarilishi bo‘yicha turli xarakterlari bilan farqlanadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |