IV bob. OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINING FUQAROLAR VA TAShKILOTLAR BILAN MUNOSABATLARI
20-modda. Ommaviy axborot vositalari orqali axborot olish huquqi
Fuqarolar davlat idoralari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar faoliyati haqidagi ishonchli ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali operativ tarzda olish huquqiga egadirlar.
Ommaviy axborot vositalari tegishli davlat idoralari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan kerakli ma’lumotlarni olish huquqiga ega. Davlat idoralari, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar ommaviy axborot vositalariga mavjud ma’lumotlarni va hujjatlar bilan tanishish imkoniyatini beradilar.
So‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortganlik uchun ommaviy axborot vositasi vakili yuqori turuvchi idoraga yoki mansabdor shaxsga, so‘ngra esa O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
21-modda. Muallifning materiallari va xatlaridan foydalanish
Ommaviy axborot vositalarning jurnalistika, adabiyot, san’at va fan asarlaridan foydalanishiga mualliflik huquqiga rioya etilgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Qonunda o‘zga hol ko‘zda tutilgan bo‘lmasa, tahririyat rad etgan materialni ommaviy axborot vositasida majburan e’lon qildirishga hech kim haqli emas.
Mushtariylarning xatlarini e’lon qilish chog‘ida xat mazmuni buzmay qisqartirish va tahrir etishga qo‘yiladi.
22-modda. Raddiya va javob huquqi
Fuqaro yoki tashkilot ommaviy axborot vositasi tahririyatidan e’lon qilingan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va ularning sha’ni hamda qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan ma’lumotlarni rad etishni talab qilishga haqlidir.
Ommaviy axborot vositasida huquqlari va qonuniy manfaatlari poymol qilingan fuqaro yoki tashkilot o‘sha ommaviy axborot vositasida javob e’lon qilishga haqli.
Raddiya yoki javob maxsus ruknda yoki ana shu javobga sabab bo‘lgan maqola bosilgan ayni sahifada ayni harflar bilan — ro‘znomalarga raddiya yoki javob kelgan kundan boshlab bir oy muddat ichida boshqa davriy nashrlarda navbatdagi sonda e’lon qilinadi.
Raddiya yoki javob radio yoki televideniye diktori tomonidan ayni programma va turkumda javob kelgan kundan boshlab bir oy muddat ichida o‘qib eshittirishlari. Javob Bilan chiqish huquqi fuqaroning o‘ziga yoki tashkilotning vakiliga berilishi mumkin.
Javob matnini tahrir qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |