27-modda. Jurnalistlarni vakil qilib tayinlash
Ommaviy axborot vositalari davlat idoralari hamda jamoat birlashmalarining idoralari bilan kelishib, ularning huzuriga o‘z jurnalistlarini vakil qilib tayinlashlari mumkin.
SSR Ittifoqi, ittifoqdosh jumhuriyatlar va chet el ommaviy axborot vositalarining vakillari jumhuriyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan boshqa davlat tashkiloti ruxsati bilan akkreditatsiya qilinishi zarur.
VI bob. OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI TO‘G‘RISIDAGI QONUNLARNI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK
28-modda. Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlikning asoslari
So‘z erkinligini suiiste’mol qilish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, fuqaroning yoki tashkilotning sha’niga hamda qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan ma’lumotlarni tarqatish javobgarlik uchun asos bo‘ladi. Jurnalistlar tomonidan sudga, tergov organlariga ta’sir o‘tkazish amaldagi qonunlarga muvofiq jinoiy, ma’muriy yoki o‘zga javobgarlikka olib boradigan asoslardir.
Belgilangan qoidaga ko‘ra ro‘yxatga olingan ommaviy axborot vositalarining e’lon etilgan maqsad va vazifalarini ado etishini ta’minlash maqsadida ularni ro‘yxatga oluvchi organlar huquqiy ekspertiza o‘tkazib turishi, kasbkorlik yordamini ko‘rsatishi, axborot bilan ta’minlashi lozim.
Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun aybdor deb topilgan davlat va jamoat idoralarining mansabdor shaxslari, shuningdek ommaviy axborot vositasining xabar va maqolalarning mualliflari javobgar bo‘ladilar.
29-modda. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi
Davlat va jamoat idoralarining mansabdor shaxslari tomonidan jurnalistlarning kasbi bilan bog‘liq qonuniy faoliyatni amalga oshirishlariga to‘sqinlik qilinishi, jurnalistlarni axborot tarqatishga yoki tarqatishdan bosh tortishga majbur etish amaldagi qonunlarga muvofiq javobgarlikka olib keladi.
30-modda. Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik va tarqatganlik uchun javobgarlik
Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan yoki ularni chiqarishni yoxud nashr etishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik va tarqatganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
(30-modda O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 6-maydagi 70-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 118-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |