17-modda. Teleko‘rsatuv va radioeshittirish materiallarining saqlanishi
Teleko‘rsatuv, radioeshittirish tahririyatlari eshittirish va ko‘rsatuv materiallari efirga chiqqandan so‘ng bir oy davomida saqlab turishlari, oldindan yozib olmay, efirga beriladigan eshittirishlarni va ko‘rsatuvlarni ro‘yxatga olish daftarini yuritishlari hamda bu daftarda eshittirishning mavzusini, vaqtini, eshittirish yoki ko‘rsatuv boshlangan va tugagan vaqtni, eshittirishni yoki ko‘rsatuvni olib borgan kishining familiyasi va ismini qayd etib qo‘yishlari shart. Bunday eshittirishlarni yoki ko‘rsatuvlarni ro‘yxatga olish daftari unga so‘nggi yozuv kiritilgan kundan boshlab bir yil davomida saqlanadi. Hozirgi zamon nuqtai nazaridan va tarixiy jihatdan muhim deb topilgan materiallar esa tegishli qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq doimiy ravishda saqlanishi kerak.
III bob. OMMAVIY AXBOROTNI TARQATISh
18-modda. Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish tartibi
Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini noshir bevosita o‘zi yoki shartnoma asosida yoxud boshqa qonuniy asoslarda aloqa korxonalari, boshqa tashkilotlar, shuningdek fuqarolar tarqatadilar.
Ommaviy axborot vositalarining mahsulotini nashrga doir ma’lumotlari ko‘rsatilmagan holda tarqatish taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositasi mahsulotining (nashr ma’lumotlari ko‘rsatilgan) har bir ayrim sonini tarqatishga muharrir (bosh muharrir) uni chiqarishga (efirga berishga) ruxsat etganidan keyingina yo‘l qo‘yiladi.
Ommaviy axborot vositasi mahsulotini qonuniy asosda tarqatishga jumladan uning tirajini yoki tirajining bir qismini tortib olish bilan to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida to‘sqinlik qilish bundan mustasno.
19-modda. Rasmiy xabarlar
Davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari tomonidan ta’sis etilgan ommaviy axborot vositalari ana shu idoralarning rasmiy xabarlarini e’lon qilishlari shart.
Tahririyat sud idorasining mazkur ommaviy axborot vositasi orqali e’lon qilish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi bo‘lgan, qonuniy kuchga kirgan qarorini bepul va belgilangan muddatda e’lon qilishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |