Reja: - 1. Milliy til va adabiy til haqida ma’lumot.
- 2. Adabiy til shakllari.
- 3. Xalq shevalari.
- 4. Og‘zaki va yozma adabiy til va uning turlari.
- 5. Qadimgi turkiy til va eski turkiy til .
- 6. Eski o‘zbek adabiy tili va uning shakllanishi
Milliy til va adabiy til haqida ma’lumot. - O‘zbek milliy tili hozirgi o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan barcha kishilarning umumiy va yagona tilidir. U o‘zbek millatining shakllanishi bilan bevosita bog‘liq. O‘zbek millati shakllangunga qadar u urug‘ tili, qabila tili va xalq (elat) tili tarzida yashab, rivojlanib keldi. Qayerda yashashidan qat’i nazar o‘zbek millatiga mansub barcha odamlar tomonidan ishlatiladigan til milliy (umumxalq) o‘zbek tili deb yuritiladi. Milliy til o‘z tarkibiga adabiy til, sheva, so‘zlashuv nutqi, jargonlar, vulgarizm (so‘kish, qarg‘ish so‘zlari), varvarizm (tilda o‘rinsiz ishlatilgan chet so‘zlar), evfemizm (qo‘pol ma’noli so‘zlar o‘rnida qo‘llaniladigan muloyim ma’noli so‘zlar) kabi guruh so‘zlarni qamrab oladi. Milliy til va adabiy til tushunchalari bir xil emas. Milliy til millatning maydonga kelishi bilan paydo bo‘lsa, adabiy til milliy tildan oldin, xalq tili mavjud bo‘lganda ham yuzaga keladi. Milliy tilning ma’lum qoidalarga bo‘ysundirilgan, muayyan qolipga solingan, olimlar, san’atkorlar, mutaxassislar tomonidan ishlov berilgan, doim silliqlashtirilib, mukammallashtirilib boriladigan shakli adabiy til deb ataladi. Adabiy til shu tilda gaplashuvchilarning barchasi uchun tushunarli bo‘lishi kerak.
Adabiy til shakllari. - Umuman, millatning barcha vakillari uchun tushunarli bo‘lish zarurati adabiy tilning yaratilishiga sabab bo‘lgan. Milliy o‘zbek tilida shevalarning ko‘pligi adabiy tilga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga keltirgan. Ayrim tillarda (misol uchun, fin tilida) shevalar kam bo‘lgani uchun adabiy tilga ehtiyoj yo‘q. Rasmiy hujjatlar, badiiy va ilmiy adabiyot, vaqtli matbuot adabiy tilda yaratiladi, ommaviy axborot vositalari adabiy tilda ish ko‘radi. Adabiy tilning og‘zaki va yozma shakllari mavjud. Adabiy tilning og‘zaki shakli nisbatan qadimiy bo‘lib, u nutq tovushlari, urg‘u, ohang kabi fonetik vositalarga asoslanadi. Talaffuzga oid qoida va me’yorlarni orfoepiya belgilab beradi. Adabiy tilning yozma shakli grafik vositalarga asoslanadi. Yozuvga doir qoida va me’yorlarni orfografiya (imlo) va punktuatsiya (ishorat) belgilaydi. Har kuni radio va televideniye orqali turli axborotlarni eshitganingizda, gazeta va jurnallarni o‘qiganingizda, siz mansub bo‘lgan qishloq yoki shahar aholisi gaplashayotgan tilning radio, televideniye, matbuot tilidan ma’lum farq qiladigan tomonlarini payqaysiz. Bundan ko‘rinadiki, hozirgi o‘zbek tilimiz adabiy til va mahalliy xalq shevalarini o‘z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |